21-modda. Rad qilish toʻgʻrisidagi arizani hal qilish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Rad qilish toʻgʻrisida arz qilingan taqdirda, xoʻjalik sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning fikrini eshitishi, shuningdek agar rad qilinishi talab etilayotgan shaxs tushuntirish berishni xohlasa, uni eshitishi kerak.
Ishni yakka oʻzi koʻrayotgan sudyani rad qilish masalasini xoʻjalik sudining raisi yoki sud hayʼatining raisi hal qiladi.
Ish hayʼatda koʻrilayotganda sudyani rad qilish toʻgʻrisidagi masala rad qilinishi talab etilayotgan sudya ishtirokisiz xoʻjalik sudi tarkibi tomonidan hal qilinadi. Rad qilishni yoqlab va unga qarshi berilgan ovozlar soni teng boʻlib qolsa, sudya rad qilingan hisoblanadi.
Bir necha sudyani yoki ishni koʻrayotgan sud tarkibini butunlay rad qilish masalasi shu sudning toʻliq tarkibida, oddiy koʻpchilik ovoz bilan hal qilinadi.
Prokuror, ekspert, sud majlisi kotibi va tarjimonni rad qilish masalasini ishni koʻrayotgan sud hal qiladi.
Rad qilish masalasini koʻrish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi.
