1921-modda. Nazorat tartibida protest keltirish toʻgʻrisidagi ariza
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar nazorat tartibida protest keltirish toʻgʻrisidagi arizani ushbu Kodeksning 193-moddasida koʻrsatilgan mansabdor shaxslarga berishga haqli.
Nazorat tartibida protest keltirish toʻgʻrisidagi ariza mazmunan ushbu Kodeks 177-moddasining birinchi qismi talablariga muvofiq boʻlishi lozim. Arizaga sudning hal qiluv qarori nusxasi, agar ish apellyatsiya, kassatsiya tartibida ham koʻrib chiqilgan boʻlsa, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlarining qarorlari nusxalari ham ilova qilinadi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismi talablariga rioya qilinmagan taqdirda nazorat tartibida protest keltirish toʻgʻrisidagi ariza qaytariladi.
Sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran uch yil oʻtgandan keyin berilgan nazorat tartibida protest keltirish toʻgʻrisidagi ariza koʻrib chiqilmaydi.
Nazorat tartibida protest keltirish toʻgʻrisidagi ariza bir oylik muddatda, ish talab qilib olinadigan va tekshiriladigan hollarda esa ikki oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqilishi kerak.
Protest keltirish uchun asoslar boʻlmaganda ariza bergan shaxsga arizani qanoatlantirmasdan qoldirish sabablari koʻrsatilib, yozma javob berilishi lozim.
