171-modda. Apellyatsiya instansiyasining qarori
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Apellyatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha qaror qabul qilinib, u barcha sudyalar tomonidan imzolanadi.
Qarorda quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
1) qarorni qabul qilgan xoʻjalik sudining nomi, qaror qabul qilingan sana, ishning tartib raqami, qarorni qabul qilgan sud tarkibi, sud majlisi kotibi, majlisda ishtirok etgan shaxslarning familiyalari va vakolatlari, birinchi instansiyada hal qiluv qarori qabul qilingan sana va hal qiluv qarorini qabul qilgan sudyalarning familiyalari;
2) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi, apellyatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxsning nomi;
3) qabul qilingan hal qiluv qarori mazmunining qisqacha bayoni;
4) hal qiluv qarorining qonuniyligi va asosliligini tekshirish masalasi qoʻyilishiga sabab boʻlgan asoslar;
5) apellyatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan bildirilgan mulohazada bayon qilingan vajlar;
6) majlisda ishtirok etgan shaxslarning tushuntirishlari;
7) ishning xoʻjalik sudi tomonidan aniqlangan holatlari, xoʻjalik sudining shu holatlar toʻgʻrisidagi xulosalariga asos boʻlgan dalillar hamda xoʻjalik sudi u yoki bu dalillarni rad etishiga hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslar asos qilib keltirgan qonun hujjatlarini qoʻllamasligiga sabab boʻlgan vajlar, shuningdek sud qaror qabul qilishda amal qilgan qonun hujjatlari;
8) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilayotganda yoki oʻzgartirayotganda apellyatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining xulosalariga qoʻshilmaganligining sabablari;
9) apellyatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish natijalari boʻyicha xulosalar;
10) sud xarajatlarining taraflar oʻrtasida taqsimlanishi.
Qaror qabul qilingan vaqtidan boshlab qonuniy kuchga kiradi.
Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kunlik muddatda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat orqali yuboriladi yoki tilxat olib topshiriladi, ularning elektron manzillari mavjud boʻlgan taqdirda esa qaror axborot tizimi orqali elektron shaklda yuborilishi mumkin.
Qaror ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) mumkin.
