165-modda. Apellyatsiya shikoyatidan voz kechish. Protestni chaqirib olish
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Apellyatsiya shikoyati bergan shaxs qaror chiqarilgunga qadar undan voz kechishga haqli.
Sud shikoyatdan voz kechishni ushbu Kodeks 40-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha rad etib, ishni apellyatsiya tartibida koʻrib chiqishga haqli.
Protest keltirgan prokuror, shuningdek yuqori turuvchi prokuror sud majlisi boshlanguncha protestni chaqirib olishga haqli. Protest chaqirib olingani haqida ishda ishtirok etuvchi shaxslar xabardor qilinadi.
Sud shikoyatdan voz kechishni qabul qilsa yoki protest chaqirib olinsa, agar hal qiluv qarori ustidan boshqa shaxslar shikoyat qilmagan boʻlsa, apellyatsiya instansiyasida ish yuritishni tugatadi.
Xoʻjalik sudi apellyatsiya instansiyasida ish yuritishni tugatganligi toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
