1558-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza ushbu Kodeksda nazarda tutilgan qoidalarga binoan sudya tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Sudya ishni hakamlik muhokamasi tarafining iltimosnomasiga binoan sud muhokamasiga tayyorlayotganda ijro varaqasi soʻralayotgan ish materiallarini hakamlik sudidan ushbu Kodeksda dalillarni talab qilib olish uchun nazarda tutilgan qoidalarga binoan talab qilib olishi mumkin.
Xoʻjalik sudi hakamlik muhokamasi taraflarini sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi. Sud majlisining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan mazkur shaxslarning kelmaganligi ishni koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi.
Xoʻjalik sudi ishni sud majlisida koʻrib chiqayotganda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni rad etish uchun ushbu Kodeksning 1559-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjudligi yoki mavjud emasligini bayon qilingan talablar va eʼtirozlarni asoslash uchun sudga taqdim etilgan dalillarni tekshirish yoʻli bilan aniqlaydi.
Xoʻjalik sudi ishni sud majlisida koʻrib chiqayotganda hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishga yoxud hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta koʻrib chiqishga haqli emas.
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza ushbu Kodeks 1551-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan xoʻjalik sudining ish yurituvida boʻlsa, mazkur hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza koʻrib chiqilayotgan xoʻjalik sudi hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqishni qarzdorning iltimosnomasiga binoan keyinga qoldirishi mumkin.
