146-modda. Hal qiluv qarorining qonuniy kuchga kirishi
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Xoʻjalik sudining hal qiluv qarori qabul qilingandan keyin bir oylik muddat oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining hal qiluv qarori qabul qilingan paytdan kuchga kiradi.
Apellyatsiya shikoyati berilgan taqdirda hal qiluv qarori, agar u bekor qilinmasa, apellyatsiya instansiyasi qaror chiqargan paytdan qonuniy kuchga kiradi.
Xoʻjalik sudining hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin ijro etiladi.
Davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining hujjatlarini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorlari, shuningdek kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi ajrimlar darhol ijro etiladi.
