138-modda. Hal qiluv qarorining mazmuni
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Xoʻjalik sudi hal qiluv qarorini Oʻzbekiston Respublikasi nomi bilan qabul qiladi.
Xoʻjalik sudining hal qiluv qarori kirish, bayon, asoslantiruvchi va xulosa qismlaridan iborat boʻladi.
Hal qiluv qarorining kirish qismida uni qabul qilgan xoʻjalik sudining nomi, sud tarkibi, sud majlisi kotibi, ishning tartib raqami, ish koʻrilgan sana va joy, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi, nizo predmeti, majlisda hozir boʻlgan shaxslarning familiyalari va vakolatlari koʻrsatiladi.
Hal qiluv qarorining bayon qismida daʼvo arizasining, uning yuzasidan bildirilgan mulohazaning, boshqa tushuntirishlarning, ishda ishtirok etuvchi shaxslar arizalarining qisqacha bayoni ifodalanishi lozim.
Hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida ishning xoʻjalik sudi tomonidan aniqlangan holatlari, xoʻjalik sudining bu holatlar toʻgʻrisidagi xulosalariga asos boʻlgan dalillar va xoʻjalik sudi u yoki bu dalillarni rad qilishiga hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslar asos qilib keltirgan qonun hujjatlarini qoʻllamasligiga sabab boʻlgan vaj, shuningdek sud hal qiluv qarorini qabul qilishda tayangan qonun hujjatlari koʻrsatilishi lozim.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida har bir daʼvo talabini qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi xulosalar boʻlishi lozim.
Ishda bir necha daʼvogar va javobgar ishtirok etayotgan boʻlsa, qarorda nizo ulardan har biriga nisbatan qanday hal qilingani koʻrsatiladi.
Dastlabki daʼvoni va qarshi daʼvoni toʻla yoki qisman qanoatlantirganda hal qiluv qarorining xulosa qismida daʼvolarni oʻzaro hisobga olish natijasida undirilishi lozim boʻlgan summa koʻrsatiladi.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida ishda ishtirok etuvchi shaxslar oʻrtasida sud xarajatlarining qanday taqsimlanishi, hal qiluv qarori ustidan shikoyat berish muddati va tartibi koʻrsatiladi.
Agar xoʻjalik sudi hal qiluv qarorini ijro etish tartibini belgilasa yoki uning ijrosini taʼminlash choralarini koʻrsa, bu toʻgʻrida hal qiluv qarorida koʻrsatiladi.
