126-modda. Xoʻjalik sudining majlisi
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Ish xoʻjalik sudining majlisida koʻriladi. Xoʻjalik sudining majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilishi mumkin.
Majlisga raislik qiluvchi sudya:
1) xoʻjalik sudining majlisini ochadi va qanday ish koʻrilishini eʼlon qiladi;
2) ishda ishtirok etuvchi shaxslar, xoʻjalik sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari majlisga kelganligini, ularning vakolatlarini, majlisga kelmagan shaxslar tegishli ravishda xabardor qilinganliklarini hamda ular kelmaganligining sabablari toʻgʻrisida qanday maʼlumotlar borligini tekshiradi;
3) sud tarkibini eʼlon qiladi, prokuror, ekspert, sud majlisi kotibi, tarjimon sifatida kimlar ishtirok etayotganligini maʼlum qiladi hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning rad qilish huquqini tushuntiradi;
4) kelgan guvohlarni soʻroq qilish boshlanguncha ularni majlis zalidan chiqarib yuboradi;
5) ishda ishtirok etuvchi shaxslarga hamda xoʻjalik sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilariga ularning protsessual huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi;
6) tarjimonni bila turib notoʻgʻri tarjima qilganlik uchun, ekspertni bila turib notoʻgʻri xulosa berganlik yoki xulosa berishdan bosh tortganlik uchun, guvohlarni bila turib yolgʻon koʻrsatuv berganlik va koʻrsatuv berishdan bosh tortganlik yoki boʻyin tovlaganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantiradi;
7) majlisni olib borish va dalillarni tekshirish tartibini belgilaydi;
8) majlisga rahbarlik qilib, ish uchun ahamiyatli holatlar aniqlanishini taʼminlaydi;
9) majlisda tegishli tartibni taʼminlash choralarini koʻradi.
Majlis zalida hozir boʻlganlar yozma qaydnomalar qilish, stenogramma olib borish va ovoz yozib olish huquqiga ega. Sud majlisini kinoga va fotosuratga olish, videotasvirga olish, shuningdek radio va televideniye orqali koʻrsatishga ishni koʻrayotgan sudning ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.
