122-modda. Ishni sudda koʻrishga tayyorlash boʻyicha sudyaning harakatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Ishni sudda koʻrishga tayyorlash paytida sudya daʼvo arizasi kelib tushgan kundan boshlab besh kundan kechiktirmay quyidagi harakatlarni amalga oshiradi:
1) ishda ishtirok etish uchun boshqa javobgar yoki uchinchi shaxsni jalb etish masalasini koʻrib chiqadi;
2) ishni yuritish toʻgʻrisida manfaatdor shaxslarni xabardor qiladi;
3) ishda ishtirok etuvchi shaxslarga, boshqa tashkilotlarga, ularning mansabdor shaxslariga muayyan harakatlarni bajarishni, shu jumladan nizoni hal qilish uchun ahamiyatli hujjatlar va maʼlumotlarni taqdim etishni taklif etadi;
4) dalillarning daxldorligi va ularga yoʻl qoʻyilishi mumkinligini tekshiradi;
5) guvohlarni chaqirtiradi;
6) ekspertiza tayinlash masalasini koʻrib chiqadi;
7) boshqa xoʻjalik sudlariga sud topshiriqlarini yuboradi;
8) ishda ishtirok etuvchi shaxslarni chaqirtiradi;
9) taraflarni murosaga keltirish choralarini koʻradi;
10) ishda ishtirok etuvchi tashkilotlar rahbarlarini tushuntirish berish uchun chaqirish masalasini hal qiladi;
11) daʼvoni taʼminlash choralarini koʻradi.
Sudya nizoni toʻgʻri va oʻz vaqtida hal qilishga qaratilgan boshqa harakatlarni ham amalga oshiradi.
