112-modda. Daʼvo arizasining shakli va mazmuni
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Daʼvo arizasi xoʻjalik sudiga yozma shaklda beriladi. U daʼvogar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Daʼvo arizasida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) ariza berilayotgan xoʻjalik sudining nomi;
2) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi, ularning pochta manzillari;
3) agar daʼvo baholanishi lozim boʻlsa, daʼvoning bahosi;
4) daʼvo talablariga asos boʻlgan holatlar;
5) daʼvo talablarining asoslarini tasdiqlovchi dalillar;
6) undiriladigan yoki nizolashilayotgan summaning hisob-kitobi;
7) daʼvogarning qonun hujjatlarini dalil qilib keltirgan talablari, daʼvo bir necha javobgarga nisbatan taqdim etilganda esa — ularning har biriga qoʻyilgan talablar;
8) nizoni javobgar bilan sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, agar bu shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa;
9) ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati.
Daʼvo arizasida daʼvogarning yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin.
Daʼvo arizasida, agar nizoni toʻgʻri hal qilish uchun zarur boʻlsa, boshqa maʼlumotlar ham, shuningdek daʼvogarda mavjud iltimosnomalar koʻrsatiladi.
