104-modda. Arizaning shakli va mazmuni
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Ariza xoʻjalik sudiga yozma shaklda sudlovga tegishlilikning umumiy qoidalari boʻyicha beriladi. U kreditor yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan imzolanadigan arizaga ishonchnoma ilova qilinadi.
Arizada quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) ariza berilayotgan xoʻjalik sudining nomi;
2) kreditorning, qarzdorning nomi va ularning manzillari;
3) kreditorning qonun hujjatlariga asoslangan talabi;
4) talabga asos boʻlgan holatlar va ularni tasdiqlovchi dalillar;
5) undiriladigan summaning hisob-kitobi, lizing obyekti talab qilib olingan taqdirda esa lizing shartnomasida belgilangan, toʻlanmagan toʻlovlarning lizing beruvchining lizing shartnomasi muddati tugaguniga qadar qolgan davrdagi daromadini chegirib tashlagan holdagi summaning hisob-kitobi;
6) ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati.
Arizada kreditorning yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin.
