Rieltorlik tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalarini tasdiqlash haqida (2257-son)
24.08.2011
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKINI BOSHQARISH DAVLAT QOʻMITASI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BOSH PROKURATURASI HUZURIDAGI SOLIQ, VALYUTAGA OID JINOYATLARGA VA JINOIY DAROMADLARNI LEGALLASHTIRISHGA QARSHI KURASHISH DEPARTAMENTINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 24-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2257]
Oʻzbekiston Respublikasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-y., 9-son, 160-modda), Qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti qaror qiladilar:
1. Rieltorlik tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat Qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi raisi v.b. A. ABDUXAKIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 8-avgust,
01/19-18/04-son
Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshligʻi v.b. B. ZILYAYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 8-avgust,
27-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi va Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining 2011-yil 8-avgustdagi 01/19-18/04, 27-sonli qaroriga ILOVA
Rieltorlik tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar rieltorlik tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadida ichki nazoratni tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllangan:
benefitsiar mulkdor — pirovard natijada mulk huquqiga ega boʻladigan yoki mijozni aniq nazorat qiladigan jismoniy shaxs, shu jumladan, uning manfaatlari yoʻlida pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiya amalga oshirilayotgan yuridik shaxs;
ichki nazorat — maxsus vakolatli davlat organiga xabar qilinishi lozim boʻlgan operatsiyalarni aniqlash boʻyicha rieltorlik tashkilotlarining faoliyati;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatlar — Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish boʻyicha moliyaviy choralarni ishlab chiqish guruhining (FATF) rasmiy bayonotlarida xalqaro moliyaviy tizimga xavf tugʻdiruvchi hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish tizimlarida strategik kamchiliklari mavjud deb belgilangan davlatlar va hududlar;
mijozni identifikatsiyalash — mijozni lozim darajada tekshirish maqsadida, ular topshirgan hujjatlar asosida rieltorlik tashkilotlari tomonidan mijozlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aniqlash;
benefitsiar mulkdorni identifikatsiyalash — rieltorlik tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan taʼsis hujjatlari (ustav va (yoki) taʼsis shartnomasi, nizom) asosida mulk va boshqaruv tuzilmasini oʻrganish orqali yuridik shaxs boʻlgan mijozning mulkdori yoki uni nazorat qiluvchi shaxsni aniqlash;
mijoz — koʻchmas mulk obyektlariga va ularga boʻlgan huquqlarga doir bitimlar tuzish bilan bogʻliq xizmatlarni koʻrsatish toʻgʻrisida ogʻzaki yoki yozma ravishda shartnoma tuzmoqchi boʻlgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
mijozni lozim darajada tekshirish — mijozning va qaysi shaxslar nomidan ish koʻrayotgan boʻlsa, oʻsha shaxslarning shaxsini hamda vakolatlarini tekshirish, taʼsis hujjatlari asosida mulk va boshqaruv tuzilishini oʻrganish orqali benefitsiar mulkdorni identifikatsiyalash, mijoz tomonidan amalga oshiriladigan amaliy ish munosabatlari va operatsiyalarni, ularning bunday mijoz va uning faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga muvofiqligini tekshirish maqsadida doimiy asosda oʻrganish;
xabar qilinishi lozim boʻlgan operatsiyalar — ichki nazoratni oʻtkazish davomida rieltorlik tashkilotlari tomonidan shubhali deb topilgan sodir etilayotgan va tayyorlanayotgan pul mablagʻlari va boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalar;
shubhali operatsiya — pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq, tayyorlash, sodir etish jarayonida boʻlgan yoki sodir etib boʻlingan, mazkur Qoidalarda belgilangan mezonlardan kelib chiqib, rieltorlik tashkilotlarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va (yoki) ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish maqsadida amalga oshirilganligi toʻgʻrisida shubha paydo boʻlgan operatsiya;
tavakkalchilik — mijozlar tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish maqsadida operatsiyalarni amalga oshirish tavakkalchiligi;
maxsus vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti;
yuqori mansabdor shaxslar — chet davlatning qonun chiqaruvchi. ijro etuvchi, maʼmuriy yoki sud organida, shu jumladan harbiy tuzulmalarida yoxud xalqaro tashkilotda doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat boʻyicha tayinlanadigan yoki saylanadigan, tashkiliy-boshqaruv vazifalarini bajaruvchi va yuridik ahamiyatga ega boʻlgan harakatlarni sodir etishga vakolatli shaxslar, shuningdek chet davlat korxonalarining yuqori martabali rahbarlari, chet davlatning taniqli siyosatchilari va siyosiy partiyalarining taniqli aʼzolari (shu jumladan sobiq);
yuqori mansabdor shaxslarga yaqin boʻlgan shaxslar — yuqori mansabdor shaxslar bilan ijtimoiy va kasbiy jihatdan bevosita bogʻliq boʻlgan jismoniy shaxslar;
operatsiyalarni toʻxtatib turish — mijozning topshiriqnomalari ijrosini toʻxtatib turish;
terrorchilik faoliyatida ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxs — terrorchilik faoliyatida ishtirok etayotgan yoxud ishtirok etishda gumon qilinayotgan, terrorchilik faoliyatini amalga oshirayotgan yoxud amalga oshirishda gumon qilinayotgan tashkilotning bevosita yoki bilvosita mulkdori boʻlgan yoxud uni nazorat qilayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs, shuningdek terrorchilik faoliyatida ishtirok etayotgan yoxud ishtirok etishda gumon qilinayotgan jismoniy shaxsning yoxud tashkilotning mulkidagi yoki nazorati ostidagi yuridik shaxs;
ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxs — Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan tan olingan, ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishini oldini olishga qaratilgan BMT Xavfsizlik Kengashining rezolyutsiyalari hamda boshqa xalqaro-huquqiy hujjatlari bilan belgilangan jismoniy yoki yuridik shaxs;
Roʻyxat — terrorizmga, ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi davlat organlari va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa vakolatli organlaridan taqdim etilayotgan maʼlumotlar, shuningdek, chet davlatlarning vakolatli organlari va xalqaro tashkilotlaridan rasmiy kanallar orqali taqdim etilayotgan maʼlumotlar asosida maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tuzilgan terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslarning roʻyxati.
ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish — yadroviy, kimyoviy, biologik va boshqa turdagi ommaviy qirgʻin qurolini, bunday qurolni yaratishda foydalanilishi mumkinligi ayon boʻlgan materiallarni hamda uskunalarni yaratish, ishlab chiqarish, olish, toʻplash, saqlash, oʻtkazish, foydalanish maqsadida har qanday mablagʻ-vositalarni, resurslarni berish yoki yigʻish, boshqa xizmatlar koʻrsatish;
uchinchi tomon — Oʻzbekiston Respublikasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasida koʻrsatilgan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar;
yuridik shaxs tashkil etmagan chet el tuzilmasi — chet davlatning qonunchilik hujjatlariga muvofiq yuridik shaxs tashkil etmagan holda tashkil etilgan va oʻz ishtirokchilarining (paychilarning, ishonch bildiruvchilarning yoki boshqa shaxslarning) yoxud boshqa benefitsiarlarning manfaatlarini koʻzlab daromad (foyda) olishga qaratilgan faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan tashkiliy tuzilma (fondlar, sherikliklar, shirkatlar, trastlar, jamoaviy investitsiyalar va (yoki) ishonchli boshqaruvning boshqa shakllari).
2. Rieltorlik tashkilotlarida ichki nazoratning maqsadi quyidagilardan iborat:
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga yoʻnaltirilgan koʻchmas mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni samarali aniqlash va oldini olish;
rieltorlik tashkilotlarini qasddan yoki qasddan boʻlmagan jinoiy faoliyatga jalb qilinishiga yoʻl qoʻymaslik;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga oid tavakkalchiliklarni aniqlash, ularni baholash, hujjatlashtirish va kamaytirish;
rieltorlik tashkilotlari tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari hamda koʻchmas mulk oldi-sotdisi bilan bogʻliq operatsiyalarni rasmiylashtirish va amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa hujjatlar talablariga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlash.
3. Rieltorlik tashkilotlarida ichki nazoratning vazifalari quyidagilardan iborat:
qonunchilik hujjatlari va mazkur Qoidalarga muvofiq mijozlarni lozim darajada tekshirish choralarini amalga oshirish;
benefitsiar mulkdorlarni identifikatsiyalash, ularning shaxsini tekshirish va koʻchmas mulk oldi-sotdisi faoliyatini amalga oshirishda foydalaniladigan pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkning kelib chiqishini aniqlash boʻyicha mumkin boʻlgan chora-tadbirlar qoʻllash;
mazkur Qoidalarning 21-bandida belgilangan mezonlar asosida shubhali operatsiyalarni aniqlash;
ichki nazoratni amalga oshirish davomida aniqlangan va xabar qilinishi lozim boʻlgan shubhali operatsiyalar haqidagi axborotlar (hujjatlar)ni maxsus vakolatli davlat organiga oʻz vaqtida taqdim etish;
Roʻyxatga kiritilgan shaxslar ishtirokidagi koʻchmas mulk oldi-sotdisi boʻyicha operatsiyalarni hamda boshqa bitimlarni toʻxtatib turish va toʻxtatib turilgan kunning oʻzida bunday operatsiyalar haqida maxsus vakolatli davlat organini xabardor qilishi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq boʻlgan maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash;
koʻchmas mulk oldi-sotdisi bilan bogʻliq faoliyat toʻgʻrisidagi axborotni, shuningdek identifikatsiyalash maʼlumotlarini va mijozlarni lozim darajada tekshirishga doir materiallarning qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlar mobaynida saqlanishini taʼminlash;
rieltorlik tashkilotlari rahbariyatini tegishli qarorlar qabul qilish uchun zarur boʻlgan ishonchli axborot va materiallar bilan tezkor va muntazam taʼminlab borish;
shubhali operatsiyalarning amalga oshirilishi yoki amalga oshirishga urinishlar, shubhali operatsiyalarni amalga oshirgan mijozlar bilan bogʻliq shaxslar (rahbarlar, taʼsischilar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish, shuningdek qonunchilik hujjatlariga muvofiq bunday axborotni davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro ayirboshlash;
soʻrovnomalar boʻyicha mijozlar bazasidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorchilik faoliyatini moliyalashtirishga va (yoki) ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish bilan bogʻliq boʻlgan shaxslarni aniqlash;
rieltorlik tashkilotlari faoliyati doirasida tavakkalchiliklarni aniqlash, baholash, hujjatlashtirish va kamaytirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni koʻrish;
yuqori mansabdor shaxslar, ularning oila aʼzolari hamda yuqori mansabdor shaxslarga yaqin boʻlgan shaxslar amalga oshirayotgan operatsiyalarini chuqur monitoring qilish;
Roʻyxat bilan solishtirish orqali operatsiya ishtirokchilari orasida terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslarni aniqlash.
II. Ichki nazorat tizimini tashkil etish
4. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish uchun ichki nazoratini tashkil etish maqsadida rieltorlik tashkilotlarda ushbu Qoidalarga rioya etilishi uchun rahbar yoki uning oʻrinbosari darajasida masʼul shaxs (bundan buyon matnda masʼul shaxs deb yuritiladi) tayinlanadi.
Rahbar oʻrinbosari darajasidagi masʼul shaxs bevosita rahbarga hisobdor hamda oʻz harakatlarini amalga oshirishda tashkilotning boshqa boʻlinmalaridan mustaqil hisoblanadi.
Masʼul shaxs Oʻzbekiston Respublikasining rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikni hamda xalqaro standartlarni bilishi lozim.
41. Har bir rieltorlik tashkiloti qonunchilikka hamda ushbu Qoidalarga asosan quyidagilarni oʻz ichiga olgan ichki qoidalarni ishlab chiqishi, tasdiqlashi va amalga kiritishi lozim:
masʼul shaxsga qoʻyiladigan talablar, uning maqsadi va vazifalari;
masʼul shaxsning rieltorlik tashkilotining boshqa xodimlaridan mustaqilligini taʼminlash usullari;
masʼul shaxsning rahbariyat bilan, shu jumladan xorijdagi filial va vakolatxonalar (agar boʻlsa) bilan oʻzaro munosabatlari;
masʼul shaxsning funksiyalarini amalga oshirish uchun zarur axborotni olish huquqi, shuningdek rieltorlik tashkiloti, shu jumladan chet eldagi filiallar va vakolatxonalar (agar boʻlsa) xodimlarining bunday axborotni taqdim etish masalalari boʻyicha hamkorlik qilish majburiyati;
masʼul shaxsning qonunchilik va ichki hujjatlar talablari buzilishlarini oʻrganish huquqi;
masʼul shaxsning malakasini oshirib borish boʻyicha talablar;
maxsus vakolatli davlat organining qoʻshimcha maʼlumotlarni taqdim etish haqidagi soʻrovlarni va mijozlarning pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni toʻxtatib turish haqidagi talabnomasini oʻz vaqtida bajarish boʻyicha choralar;
masʼul shaxs tomonidan maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytidagi shaxsiy kabinetni yuritish tartibi;
tavakkalchiliklarni aniqlash, baholash, monitoring qilish, boshqarish, kamaytirish va hujjatlashtirish boʻyicha tegishli choralarni koʻrish tartibi;
mijozlarni lozim darajada tekshirish, shu jumladan, mijozlarni va ularning benefitsiar mulkdorlarini identifikatsiyalash tartibi;
shubhali operatsiyalarni aniqlash hamda shubhali operatsiyalar toʻgʻrisidagi xabarlarni tayyorlash va ularni maxsus vakolatli davlat organiga yuborish tartibi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va (yoki) ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish maqsadida texnologik yutuqlardan foydalanilishining oldini olishga qaratilgan choralar;
yuqori mansabdor shaxslar, ularning oila aʼzolari hamda yuqori mansabdor shaxslarga yaqin boʻlgan shaxslar amalga oshirayotgan operatsiyalarini chuqur monitoring qilish tartibi;
tavakkalchilikning yuqori darajasi toifasiga kiritilgan mijozlarning hisobini yuritish va monitoring qilish hamda bunday mijozlar operatsiyalarini monitoring qilish tartibi;
qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa qoidalar.
Ichki qoidalar mazkur Qoidalar va boshqa qonunchilik hujjatlarining talablariga muvofiq boʻlishi hamda aniqlangan tavakkalchiliklar va ularning bahosidan kelib chiqib tuzilishi kerak. Ichki qoidalar, ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar rieltorlik tashkiloti rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
42. Ilgari sud tomonidan iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar, boshqaruv tartibiga qarshi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga bogʻliq boʻlgan jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar masʼul shaxs etib saylanishi mumkin emas.
43. Rieltorlik tashkilotlarining nazorati ostida yoki ahamiyatli taʼsiri doirasida bitta yoki bir nechta pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar boʻlgan taqdirda, ichki qoidalar ushbu tashkilotlar tomonidan guruhiy yondashuv asosida ishlab chiqilishi va quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va (yoki) ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish bilan bogʻliq tavakkalchiliklarni boshqarish va mijozlarni lozim darajada tekshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni almashish qoidalari va tartib-taomillari;
komplayens nazoratni, auditni va (yoki) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va (yoki) ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish funksiyalarini guruh darajasida taʼminlash, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va (yoki) ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadlari uchun zarur boʻlgan hollarda filiallardan va shuʼba korxonalardan ularning mijozlari, moliyaviy hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning olinishini taʼminlash;
maxfiylik va maʼlumotlardan foydalanishni yetarli darajada himoya qilish.
44. Quyidagi shaxslar rieltorlik tashkilotining rahbari, taʼsischisi, benefitsiar mulkdori boʻlishi mumkin emas:
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatlarda doimiy yashovchi, vaqtincha turgan yoki roʻyxatdan oʻtgan shaxslar;
iqtisodiy jinoyatlar, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya va boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar.
5. Rieltorlik tashkilotlarining ichki nazorat tizimi ularning faoliyat koʻrsatish xususiyatlari, faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, mijozlar va ularning operatsiyalari bilan bogʻliq mijozlar bazasi va tavakkalchilik darajasini hisobga olgan holda tashkil etiladi.
6. Rieltorlik tashkilotlari har yili 10-yanvarga qadar pochta aloqasi vositalari yoki elektron shaklda mazkur Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) tayinlangan masʼul shaxs haqida va ushbu Qoidalar talablariga rioya etilishi toʻgʻrisida maʼlumotlarni taqdim etishlari shart.
Masʼul shaxs oʻzgargan taqdirda, bu haqda rieltorlik tashkiloti besh ish kuni mobaynida Agentlikni xabardor qilishi lozim.
7. Agentlik har yili yanvar oyining 20-sanasidan kechiktirmay rieltorlik tashkilotlarining masʼul shaxslari haqida maʼlumotlarni maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etadi. Hisobot yili davomida masʼul shaxslar oʻzgargan taqdirda, bu haqda Agentlik rieltorlik tashkilotlardan oʻzgarishlar haqida tasdiqlovchi hujjatlar olgan kunidan boshlab besh ish kuni mobaynida qoʻshimcha ravishda maxsus vakolatli davlat organini xabardor qiladi.
8. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadida masʼul shaxs quyidagi vazifalarni bajaradi:
mazkur Qoidalarga muvofiq ichki nazoratni va mijozlarni lozim darajada tekshirishni joriy etishni va amalga oshirishni tashkillashtiradi;
rieltorlik tashkiloti faoliyatiga xos jihatlaridan kelib chiqib, ichki nazoratni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va rahbariyatga tasdiqlashga kiritadi;
mijozlarning ichki nazoratni amalga oshirish davomida aniqlangan shubhali operatsiyalari va xatti-harakatlari toʻgʻrisidagi xabarlarning maxsus vakolatli davlat organiga oʻz vaqtida yuborilishini, shuningdek maxsus vakolatli davlat organining qoʻshimcha axborot taqdim etish toʻgʻrisidagi soʻrovlarining bajarilishini taʼminlaydi;
ichki nazorat tizimini tashkil etish boʻyicha va Agentlik, maxsus vakolatli davlat organining vakolatli vakillari, shuningdek tashkilotning ichki audit xizmati xodimlari va tashqi auditorlar tomonidan olib borilgan tekshiruvlar davomida rieltorlik tashkiloti faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha monitoringni amalga oshiradi;
mazkur Qoidalar ichki nazorat dasturlarini amalga oshirish jarayonining maxfiyligini taʼminlaydi.
9. Masʼul shaxs ichki nazoratni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
oʻz tashkilotining rahbarlari va xodimlaridan ichki nazoratni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan tashkiliy-boshqaruv, buxgalteriya va boshqa hujjatlarni talab qilib olish;
ichki nazoratni amalga oshirish maqsadida olingan hujjatlardan nusxa koʻchirish, tashkilotning elektron maʼlumotlar bazalari, mahalliy hisoblash tarmoqlari va avtomatlashtirilgan kompyuter tizimlaridagi fayllar va boshqa yozuvlardan nusxalar olish;
xabar qilinishi lozim boʻlgan operatsiyalarga nisbatan kelgusidagi xatti-harakatlar boʻyicha rahbariyatga takliflar kiritish (shu jumladan, mijoz yoki operatsiya toʻgʻrisida qoʻshimcha axborot olish yoki mavjud axborotni tekshirish maqsadida oʻtkazilayotgan operatsiyani toʻxtatish boʻyicha).
10. Masʼul shaxs ichki nazoratni amalga oshirishda quyidagilarga majburdir:
ichki nazoratni amalga oshirish davomida olingan hujjatlarning saqlanishi va qaytarilishini taʼminlash;
mijozlarni lozim darajada tekshirishni amalga oshirish;
benefitsiar mulkdorlarni identifikatsiyalash chora-tadbirlarini koʻrish;
shubhali operatsiyalar aniqlanganda, belgilangan tartibda maxsus vakolatli davlat organiga maʼlumot berish;
olingan maʼlumotning maxfiyligiga rioya qilish;
mijozlardan ish munosabatlarining maqsadi va koʻzlangan xususiyati, shuningdek zarur hollarda pul mablagʻlarining kelib chiqish manbai toʻgʻrisida soʻrash;
mijozni lozim darajada tekshirish materiallariga qoʻshib qoʻyiladigan yaqqol iqtisodiy mohiyatga ega boʻlmagan, mijozning taʼsis hujjatlarida yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnomasida nazarda tutilgan maqsad va faoliyat turlariga toʻgʻri kelmaydigan barcha operatsiyalar boʻyicha lozim darajada tekshirish natijalari va xulosalarini yozma ravishda qayd etish;
identifikatsiyalashni yakunlash imkoni boʻlmaganda yoki lozim darajada tekshirish natijalariga koʻra, mijoz bilan amaliy ish munosabatlarini oʻrnatish maqsadga muvofiq emasligini koʻrsatib turadigan maʼlumotlar olinganda, mijoz bilan bitim tuzishni rad etish.
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish boʻyicha oʻz tavakkalchiliklarini aniqlash va baholash boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni koʻrish, ushbu tavakkalchiliklarni hujjatlashtirish va ularni kamaytirish chora-tadbirlarini koʻrish.
Masʼul shaxs qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
11. Operatsiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar zarurat tugʻilgan taqdirda operatsiya tafsilotlarini qayta tiklash mumkin boʻlgan tarzda rasmiylashtirilishi lozim.
111. Rieltorlik tashkilotlari mijozlarga koʻchmas mulkni sotish va (yoki) sotib olish bilan bogʻliq toʻlovlarni bank kartalari va (yoki) elektron toʻlov tizimlaridan foydalangan holda naqdsiz shaklda amalga oshirish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida axborot beradi, shuningdek, boshqa hisob-kitob shakllaridan foydalanish bilan bogʻliq xavflar haqida ogohlantiradi.
12. Xodimlarning soʻnggi yangiliklarga, jumladan, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishning, terrorizmni moliyalashtirishning va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishning zamonaviy usullari, uslublari va yoʻnalishlari haqidagi axborotga ega boʻlishlarini taʼminlash hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasidagi qonunchilik hujjatlari va majburiyatlarning barcha jihatlarini aniq tushuntirib berish maqsadida rieltorlik tashkilotlari Agentlik bilan kelishilgan holda masʼul xodimlarni doimiy ravishda qayta tayyorgarlikdan oʻtkazishlari shart.
13. Rieltorlik tashkilotlari har yili 1-fevralgacha jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishga oid faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni Agentlikka taqdim etadilar.
III. Mijozlarning tegishli tekshiruvi
14. Rieltorlik tashkilotlari:
ish munosabatlari oʻrnatilganda;
koʻchmas mulk oldi-sotdisi bitimlarini amalga oshirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilganda;
bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari miqdoridan ortiq boʻlgan bir martalik operatsiyalar amalga oshirilganda;
olib borilayotgan operatsiyalarning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish maqsadlariga aloqador ekanligiga har qanday shubha mavjud boʻlganda;
identifikatsiyalash uchun avval olingan maʼlumotlarning asliyligi va ishonchliligiga shubhalar mavjud boʻlganda mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻradilar.
Mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha chora-tadbirlar sotuvchi hamda sotib oluvchiga nisbatan, shuningdek avvaldan mavjud boʻlgan mijozlarga nisbatan ham oʻtkazilishi lozim.
Agarda operatsiyaning taraflaridan biri jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatlarda yoxud offshor hududlarda doimiy yashayotgan, turgan yoki roʻyxatga olingan shaxs boʻlganda rieltorlik tashkilotlar mijozlarni lozim darajada tekshirishning kuchaytirilgan chora-tadbirlarini koʻrishlari lozim.
141. Mijozni lozim darajada tekshirishning kuchaytirilgan chora-tadbirlariga quyidagilar kiradi:
mijoz haqida qoʻshimcha maʼlumotlar (faoliyat turi, aktivlar miqdori, ochiq maʼlumotlar bazasi orqali olish mumkin boʻlgan maʼlumot va boshqalar) olish va mijoz yoki benefitsiar mulkdor boʻyicha maʼlumotlarni yanada tezroq yangilab borish;
mijozdan uning pul mablagʻlari manbalari yoki moliyaviy holatining manbasi haqida maʼlumot olish;
rejalashtirilgan yoki oʻtkazilgan operatsiyalarning sabablari toʻgʻrisida maʼlumotlar olish;
qoʻshimcha tekshirishni talab qiladigan operatsiyalar (bitimlar) xususiyatini aniqlash hamda tekshirishlarning soni va ketma-ketligini oshirish yoʻli bilan ish munosabatlarining kuchaytirilgan monitoringini amalga oshirish.
142. Mijozni lozim darajada tekshirish boʻyicha koʻriladigan chora-tadbirlar quyidagilarni oʻz ichiga olishi shart:
tegishli hujjatlar asosida mijozning va u qaysi shaxslar nomidan ish koʻrayotgan boʻlsa, oʻsha shaxslarning shaxsini hamda vakolatlarini tekshirish;
mijozning benefitsiar mulkdorini identifikatsiyalash;
mijoz tomonidan amalga oshiriladigan amaliy ish munosabatlari va operatsiyalarni ularning bunday mijoz va uning faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga muvofiqligini tekshirish maqsadida doimiy asosda oʻrganish oʻtkazish.
Mijozni lozim darajada tekshirish boʻyicha yuqorida koʻrsatib oʻtilgan choralarni koʻrish bilan birga, mijoz yoki benefitsiar mulkdor sifatida qatnashayotgan yuqori mansabdor shaxslarga nisbatan rieltorlik tashkilotlari:
yuqori mansabdor shaxsning mavqeyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tekshirish va oʻtkazilayotgan operatsiyadagi pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulkni manbalarini aniqlash boʻyicha oqilona choralarni koʻrishi;
yuqori mansabdor shaxs bilan amaliy ish munosabatlariga faqatgina rieltorlik tashkilotlarining rahbariyati ruxsati bilan kirishishi;
amaliy ish munosabatlarini monitoring qilib borishi lozim.
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga aloqasi borligi haqida asoslantirilgan shubhalar mavjud boʻlganda, mijozni lozim darajada tekshirish boʻyicha choralar amalga oshirayotganligi oshkor boʻlishi mumkin boʻlgan hollarda, ushbu mijozga nisbatan mijozni lozim darajada tekshirish boʻyicha choralar amalga oshirmasdan maxsus vakolatli davlat organiga shubhali operatsiya haqida xabar yuborilishiga yoʻl qoʻyiladi.
143. Rieltorlik tashkilotlari mazkur Qoidalarning 142-bandi ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirgan uchinchi tomonlarning lozim darajada tekshirish natijalariga ishonishlari mumkin. Mazkur hollarda mijozlarni lozim darajada tekshirish natijalari boʻyicha soʻnggi javobgarlik rieltorlik tashkilotlarining zimmasida qoladi. Bunda rieltorlik tashkilotlari:
mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha identifikatsiyalash maʼlumotlari va boshqa tegishli hujjatlar nusxalarini soʻrov asosida darhol olish imkoniyatiga ega boʻlishiga;
uchinchi tomon mazkur Qoidalar asosida ishlashiga ishonch hosil qilishi kerak.
Mazkur bandning yuqorida koʻrsatilgan talablaridan biriga rioya qilinmagan taqdirda, rieltorlik tashkilotlari mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha chora-tadbirlarni mustaqil ravishda amalga oshirishlari kerak.
Rieltorlik tashkiloti mijoz bilan ish munosabatlariga kirishish toʻgʻrisidagi qarorni oʻz tavakkalchiliklaridan kelib chiqib, mustaqil ravishda qabul qiladi hamda foydalanuvchini lozim darajada tekshirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga haqli.
15. Mijozlarni lozim darajada tekshirish, koʻchmas mulk oldi-sotdisi boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish paytidagi barcha bosqichlarda olib borilishi lozim.
Binefitsar mulkdorni aniqlash uchun rieltorlik tashkiloti mijoz boshqa mijoz nomidan harakat qilayotganligini aniqlashi kerak va undan keyin mijoz kimning nomidan ish koʻrayotgan boʻlsa, uni identifikatsiyalash hamda shaxsini lozim darajada tekshirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishi shart.
Mijoz yoki benefitsiar mulkdorni identifikatsiyalash bilan bir qatorda ularning qonunchilik hujjatlariga muvofiq taqdim etiladigan hujjatlaridan foydalangan holda ularning operatsiyalarni amalga oshirishga boʻlgan vakolatlari tekshirilishi shart.
16. Mijoz — jismoniy shaxsni identifikatsiyalash uning shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi yoxud ularning oʻrnini bosadigan hujjat) asosida amalga oshiriladi. Agar jismoniy shaxs yakka tartibdagi tadbirkor boʻlsa, uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi ham oʻrganilishi lozim.
17. Mijoz — yuridik shaxsni identifikatsiyalashda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani, tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan yeri, rahbarlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek taʼsis hujjatlarida koʻrsatilgan boshqa maʼlumotlar tekshirilishi lozim.
Mijoz yuridik shaxsni yanada batafsilroq oʻrganish uchun:
mijozning taʼsis hujjatlari (roʻyxatdan oʻtkazilgan barcha oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar bilan) va mijozning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi hujjatlarning rasmiylashtirilishiga;
mijozning boshqaruv organlarining tuzilishi va ularning vakolatlariga;
mijozning roʻyxatdan oʻtkazilgan ustav fondining (kapitalining) miqdoriga;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa kerakli maʼlumotlarga alohida eʼtibor berilishi lozim.
171. Mijoz — yuridik shaxsni va uning benefitsiar mulkdorini identifikatsiyalash mazkur Qoidalarning 2-ilovasida nazarda tutilgan axborot asosida amalga oshiriladi.
Identifikatsiya natijasi familiyasi, ismi va otasining ismini koʻrsatgan holda masʼul xodim tomonidan alohida jurnalga kiritiladi.
18. Rieltorlik tashkilotlari mijoz tomonidan taqdim etilayotgan axborotni:
davlat organlari va boshqa tashkilotlardan mijoz haqida olingan maʼlumotlardan foydalanish;
mijozning ishchanlik obroʻsi toʻgʻrisidagi axborotni toʻplash;
boshqa erkin foydalanish mumkin boʻlgan axborot manbalari orqali tekshirishga majburdir.
Mijozlarni lozim darajada tekshirish natijasida olingan maʼlumotlar ahamiyati va tavakkalchiliklardan kelib chiqqan holda hamda mijoz maʼlumotlarida oʻzgarishlar boʻlganda, yiliga kamida bir marotaba yangilanishi lozim.
19. Yuridik va jismoniy shaxslarni identifikatsiyalash jarayonida benefitsiar mulkdorlarni identifikatsiyalash boʻyicha, shu jumladan, mijoz mol-mulkining tuzilishini oʻrganish yoʻli bilan, asoslangan va zarur chora-tadbirlar qoʻllanishi lozim.
20. Rieltorlik tashkilotlari quyidagi hollarda mijozga operatsiyalarni amalga oshirishni rad etadi:
mijozni lozim darajada tekshirish choralarini qoʻllash imkoni boʻlmaganda;
identifikatsiyalashni tugatish imkoni boʻlmagan yoki lozim darajada tekshirish natijalari boʻyicha u bilan ishga oid munosabatlarni oʻrnatish maqsadga muvofiq emasligini koʻrsatuvchi maʼlumotlar olingan holda;
atayin notoʻgʻri boʻlgan hujjatlar taqdim etilganda yoki qonunchilik hujjatlariga muvofiq soʻraladigan hujjatlar taqdim etilmaganda;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Mijozlarga rad etilgan hollarda rieltorlik tashkilotlari maxsus vakolatli davlat organiga xabar yuborishlari kerak.
III1. Tavakkalchilik darajasini aniqlash va baholash
201. Rieltorlik faoliyatini amalga oshirayotgan tashkilot mijozlar tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish maqsadida operatsiyalarni amalga oshirilishida tavakkalchilik darajasini (bundan buyon matnda tavakkalchilik darajasi deb yuritiladi) aniqlash, baholash va kamaytirish chora-tadbirlarini koʻrishi shart.
Tavakkalchilik darajasi mijoz taqdim etgan axborot asosida, amalga oshiradigan operatsiyalar turlari, mazkur Qoidalarda belgilangan mezonlar, mijozni lozim tarzda tekshirish natijalari hamda boshqa kerakli maʼlumotlarni hisobga olgan holda masʼul xodim tomonidan har yili aniqlanadi va baholanadi.
Tavakkalchiliklarni baholash natijalari yozma ravishda rasmiylashtirilishi hamda maxsus vakolatli davlat organi yoki Agentlikka taqdim etilishi lozim.
202. Tavakkalchilikning yuqori darajasi toifasiga rieltorlik tashkiloti avvaldan quyidagi mezonlarga ega boʻlgan mijozlarni tegishli deb topish va ularga nisbatan kuchaytirilgan eʼtiborni qaratishi lozim:
Roʻyxatga kiritilgan shaxslar yoxud Roʻyxatga kiritilgan shaxsning nazoratidagi shaxslar yoki Roʻyxatga kiritilgan tashkilotning bevosita yoxud bilvosita mulkdori yoki nazorat qiluvchi shaxslar;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatda yoxud offshor hududda doimiy yashayotgan, turgan yoki roʻyxatga olingan shaxslar;
norezidentlar;
joylashgan joyi taʼsis yoki roʻyxatga olish hujjatlarida koʻrsatilgan maʼlumotlardagi manzilga toʻgʻri kelmaydigan tashkilotlar va yakka tartibdagi tadbirkorlar;
faoliyat davri moliyaviy yilning bir choragidan oshmaydigan tashkilotlar va yakka tartibdagi tadbirkorlar;
haqiqiy egasi ushbu bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan shaxs boʻlgan tashkilotlar;
muntazam ravishda (ketma-ketligi uch oy mobaynida ikki martadan ortiq) shubhali operatsiyalarni amalga oshirayotgan mijozlar;
yuqori mansabdor shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va yuqori mansabdor shaxslarga yaqin shaxslar;
mijozni lozim darajada tekshirish imkoniyati mavjud boʻlmagan dasturiy majmualardan foydalanuvchi mijozlar;
offshor hududlarda hisobvaraqqa ega boʻlgan rezident va norezidentlar;
haqiqatda joylashgan joyi taʼsis yoki roʻyxatga olish hujjatlarida koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiq boʻlmagan tashkilotlar va yakka tartibdagi tadbirkorlar;
masʼul xodimda asosli shubha uygʻotadigan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshiruvchi boshqa shaxslar.
203. Mijoz tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalarning tavsifi oʻzgarishiga qarab, rieltorlik tashkiloti zarur boʻlganda u bilan ishlash boʻyicha tavakkalchilik darajasini qayta koʻrib chiqishi lozim.
Rieltorlik tashkilotlari barcha murakkab, gʻayrioddiy yirik operatsiyalarga, shuningdek aniq iqtisodiy yoki qonuniy maqsadga ega boʻlmagan operatsiyalarni amalga oshirishning gʻayrioddiy sxemalariga kuchaytirilgan eʼtibor qaratilishi kerak.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot rieltorlik tashkiloti rahbariyatiga taqdim etilishi lozim.
204. Rieltorlik tashkiloti jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish yoki ommaviy qirgʻin tarqatishni moliyalashtirish maqsadida texnologik yutuqlardan foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha chora-tadbirlarni koʻrishlari kerak. Bu maqsadlarda rieltorlik tashkiloti:
xizmatlarning yangi turlari va yangi ish amaliyoti ishlab chiqilishi;
yangi hamda amaldagi xizmat turlarida yangi yoki rivojlanayotgan texnologiyalardan foydalanish natijasida vujudga kelishi mumkin boʻlgan tavakkalchilik darajasini aniqlash va baholashlari lozim.
Bunday tavakkalchilikning baholanishi xizmatlarning yangi turlari, yangi ish amaliyotining ishga tushirilishi yoxud yangi yoki rivojlanayotgan texnologiyalarni foydalanishga tushirishdan avval oʻtkazilishi lozim.
Rieltorlik tashkiloti bunday tavakkalchiliklarni monitoring qilish va ularni kamaytirish uchun tegishli chora-tadbirlarni koʻrishlari zarur.
205. Chet el rieltorlik tashkilotlarining alohida boʻlinmalari (agar mavjud boʻlganda) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishda ular joylashgan mamlakat talablariga rioya qilishlari lozim, mazkur talablar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari talablaridan farq qilgan taqdirda, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlarni qoʻllashi lozim.
Rieltorlik tashkilotlari oʻzlarining xorijdagi alohida boʻlinmalaridan mazkur ajratilgan boʻlinmalar joylashgan mamlakat qonunchilik hujjatlaridagi taqiqlar tufayli jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha tegishli tadbirlarni amalga oshirish mumkin boʻlmagan holatlar toʻgʻrisida Agentlikka va maxsus vakolatli davlat organiga xabar berishi shart.
Rieltorlik tashkilotlari oʻzlarining chet eldagi alohida boʻlinmalari agarda ular joylashgan mamlakatning qonunchilik hujjatlarida rieltorlik tashkilotining ichki qoidalariga nisbatan yengilroq ichki nazorat choralari belgilangan boʻlsa, ular jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishda rieltorlik tashkilotining ichki qoidalariga rioya qilishlari kerak.
206. Agentlik yiliga kamida bir marta, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik oʻzgargan taqdirda, rieltorlik tashkilotlari faoliyatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tavakkalchilik darajasini oʻrganadi.
IV. Xabar qilinishi lozim boʻlgan shubhali operatsiyalarni aniqlashning mezonlari va tartibi
21. Quyidagi hollarda koʻchmas mulk oldi-sotdisi bilan bogʻliq operatsiya shubhali deb topilishi mumkin:
mijoz tomonidan zarurat tufayli soʻralayotgan, shu jumladan, ishonch bildiruvchi (agar mijoz ishonchli vakil sifatida ish yuritayotgan boʻlsa) haqidagi maʼlumotlarni taqdim etishning sababsiz rad etilishi;
mijozning amalga oshirilayotgan bitimga nisbatan maxfiylik masalalari bilan ortiqcha tashvishlanishi;
mijozning xizmat koʻrsatishning foydaliroq shartlariga nisbatan eʼtiborsiz boʻlishi, shuningdek mijoz tomonidan ayni turdagi xizmatlar koʻrsatishdagi oddiy toʻlovdan farq qiladigan yuqori mukofotning taklif qilinishi;
mijozning operatsiyalari yaqqol iqtisodiy mohiyatga ega boʻlmaganligi, mijozning taʼsis hujjatlarida yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnomasida nazarda tutilgan maqsad va faoliyati turlariga toʻgʻri kelmasligi;
bitimga mijoz faoliyatiga toʻgʻri kelmaydigan qoʻshimchalar va oʻzgarishlar kiritilishi;
operatsiyani amalga oshirishda mijoz talabi bilan qilayotgan asoslanmagan shoshma-shosharlik;
mijoz tomonidan avval kelishilgan operatsiyaga (bitimga) bevosita uning amalga oshirilishidan oldin koʻproq, ayniqsa, pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk harakati yoʻnalishiga taalluqli oʻzgartirishlar kiritilishi;
mijoz haqidagi maʼlumotning mavjud emasligi, shuningdek koʻrsatilgan bogʻlanish maʼlumotlari, xususan, pochta va elektron manzili, telefon raqamlari va elektron kanal maʼlumotlari boʻyicha mijoz bilan aloqa oʻrnatish imkoniyatining yoʻqligi;
maʼlumotlar va hujjatlar taqdim etilishining mijoz tomonidan asossiz kechiktirilishi yoki mijoz tomonidan tekshirib boʻlmaydigan maʼlumotning taqdim etilishi;
mijoz tomonidan bitim ishtirokchilari haqida bila turib yolgʻon axborot va notoʻgʻri maʼlumotlarning taqdim etilishi;
amalga oshirish maqsadi qonunchilik hujjatlari bilan oʻrnatilgan nazorat jarayonlaridan bosh tortish deyishga asos boʻladigan operatsiyalar yoki bitimlarning koʻp marotaba yuritilganligining aniqlanishi;
mijozning oldi-sotdi shartnomasida koʻchmas mulkning bahosini haqiqiy bahosidan oshirib koʻrsatish xohishi;
mijozning shartnoma boʻyicha bozor amaliyotidan oʻzgacha va nostandart hamda qiyin boʻlgan toʻlov sxemasi orqali hisob-kitob qilish taklifi;
mijoz tomonidan qasddan koʻchmas mulk obyekti uchun hisob-kitoblarni amalga oshirishda, birja (yarmarka)larning hisob-kitob-kliring palatalarida mavjud yakka tartibdagi foydalanuvchilar raqamlaridagi yigʻilib qolgan legitim mablagʻlardan foydalanilishi;
davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab, yangi tashkil boʻlganiga 3 oy boʻlmagan yuridik shaxs tomonidan operatsiya amalga oshirilgan kunda bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravaridan oshiq boʻlgan bahoda koʻchmas mulk sotib olinganda;
koʻchmas mulk oldi-sotdisi shartnomasida koʻrsatilgan oluvchi va sotuvchi yuridik shaxslar bir-biriga oʻzaro aloqador boʻlsa (taʼsischilari, rahbarlari, roʻyxatdan oʻtgan manzillari bitta boʻlsa va h.k.);
identifikatsiyalashni yakunlashning imkoni boʻlmasligi yoki lozim darajada tekshirish natijalariga koʻra, mijoz bilan amaliy ish munosabatlarini oʻrnatish maqsadga muvofiq emasligini koʻrsatib turadigan maʼlumotlarning olinishi.
Ichki qoidalar bilan shubhali operatsiyalarni qoʻshimcha mezonlari belgilanishi mumkin.
Rieltorlik tashkilotlari maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda Agentlik tomonidan ishlab chiqiladigan va tavsiyaviy xarakterga ega boʻlgan uslubiy qoʻllanmalar asosida shubhali operatsiyalarni dastlabki aniqlash indikatorlari tizimini yoʻlga qoʻyishlari mumkin.
22. Operatsiyani shubhali deb tan olish har bir aniq holatda ushbu Qoidalar bilan oʻrnatilgan shubhalilik mezonlaridan foydalangan holda oʻtkaziladigan kompleks tahlil asosida, shuningdek mijoz shaxsi, uning obroʻsi, amaliy ish munosabatlarining xususiyati, bitimning asoslari, maqsadlari, hajmi va turi, uni amalga oshirish usuli bilan hamda shubhali operatsiyani toʻgʻri aniqlash uchun ahamiyatli boʻlgan boshqa holatlar asosida aniqlanadigan tavakkalchilik xavfiga bogʻliq ravishda amalga oshiriladi.
23. Rieltorlik tashkilotlari operatsiyalarni amalga oshirishda ularning ishtirokchilari identifikatsiya maʼlumotlarini Roʻyxat bilan solishtirishlari shart.
Pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalar kechiktirilmasdan va oldindan xabar qilinmasdan toʻxtatilishi lozim, agarda:
mijoz yoki operatsiya qatnashchilaridan birining barcha identifikatsiya maʼlumotlari Roʻyxatga kiritilgan shaxsning maʼlumotlari bilan toʻliq mos kelsa;
operatsiya qatnashchilaridan biri Roʻyxatga kiritilgan shaxs nomidan yoki uning topshirigʻiga binoan faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa;
operatsiyani amalga oshirishda foydalanayotgan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk toʻliq yoki qisman Roʻyxatga kiritilgan shaxsga tegishli boʻlsa;
operatsiya qatnashchisi boʻlgan yuridik shaxs Roʻyxatga kiritilgan jismoniy yoki yuridik shaxsning mulkida yoki nazorat ostida boʻlsa.
Roʻyxatga kiritilgan shaxsning operatsiyasi toʻxtatib turilganda rieltorlik tashkiloti maxsus vakolatli davlat organiga bu haqida xabar yuborishi lozim.
Rieltorlik tashkilotlari toʻxtatilgan operatsiyani oʻtkazishni tiklashni Terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar roʻyxatiga kiritilgan shaxslarning operatsiyalarini toʻxtatib turish, pul mablagʻlarini yoki boshqa mol-mulkini ishga solmay toʻxtatib qoʻyish, ishga solmay toʻxtatib qoʻyilgan mol-mulkidan foydalanishga ruxsat berish va operatsiyalarini tiklash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda (roʻyxat raqami 3327, 2021-yil 19-oktabr) belgilangan tartibda amalga oshiradi.
231. Operatsiyaning taraflaridan biri jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatda doimiy yashayotgan, turgan yoki roʻyxatga olingan shaxs boʻlsa, bunday operatsiya maxsus vakolatli davlat organiga xabar qilinishi kerak.
24. Mijozning operatsiyasi shubhali deb topilgandan soʻng, masʼul shaxs mijozga nisbatan kelgusidagi xatti-harakatlar haqida qaror qabul qiladi, jumladan:
shubhali operatsiya toʻgʻrisida maxsus vakolatli davlat organiga xabar berish haqida;
mijoz bilan operatsiya oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratish haqida;
qonunchilik hujjatlari yoki u bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq mijoz bilan munosabatlarni toʻxtatish haqida.
25. Shubhali operatsiya haqidagi xabar rieltorlik tashkiloti tomonidan shubhali operatsiya aniqlangan kundan keyin bir ish kunidan kechiktirmay, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-iyundagi 402-son qarori bilan tasdiqlangan Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq maʼlumotlarni taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq maxsus vakolatli davlat organiga beriladi.
Shubhali operatsiyalarga taalluqli har bir maʼlumot haqidagi axborot masʼul shaxs tomonidan qogʻoz va (yoki) elektron koʻrinishda yuritiladigan maxsus jurnallarga kiritiladi.
26. Rieltorlik tashkilotlari tegishli operatsiyadan shubhani tasdiqlovchi yoki olib tashlovchi har qanday maʼlumotni maxsus vakolatli davlat organiga kechiktirmay topshirishlari zarur.
V. Ichki nazoratni amalga oshirish natijasida olingan axborot va hujjatlarni rasmiylashtirish, saqlash, maxfiyligini taʼminlash
27. Maxsus vakolatli davlat organiga xabar qilinishi lozim boʻlgan operatsiyalar boʻyicha qonunchilik hujjatlariga va mazkur Qoidalarga muvofiq quyidagilar rasmiylashtiriladi:
operatsiya turi va uni amalga oshirishning asoslari;
operatsiyani amalga oshirish sanasi va summasi;
operatsiyani amalga oshiruvchi jismoniy yoki yuridik shaxsni indentifikatsiyalash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar;
operatsiyani topshirigʻi boʻyicha va nomidan amalga oshirilayotgan jismoniy yoki yuridik shaxsni indentifikatsiyalash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar;
ushbu shaxs nomidan operatsiyani amalga oshiruvchi jismoniy yoki yuridik shaxsning vakilini (ishonchli vakilini) indentifikatsiyalash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar;
pul mablagʻlari va boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalar boʻyicha qabul qiluvchi va uning vakilini indentifikatsiyalash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar.
28. Rieltorlik tashkilotlari koʻchmas mulk bilan bogʻliq operatsiyalar toʻgʻrisidagi axborotni, shuningdek mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha identifikatsiyalash materiallarini va maʼlumotlarini shu jumladan, ish yozishmalarini, oʻtkazilgan har qanday tahlil natijalarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan, lekin operatsiya amalga oshirilganidan yoki mijoz bilan munosabatlar toʻxtatilganidan keyin besh yildan kam boʻlmagan muddatlar mobaynida saqlashlari shart.
29. Rieltorlik tashkilotlari jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq boʻlgan axborotdan erkin foydalanishni cheklaydilar, uning tarqalib ketmasligini taʼminlaydilar hamda yuridik va jismoniy shaxslarga, ularning operatsiyalari haqida maxsus vakolatli davlat organiga maʼlumot berilganligi toʻgʻrisida axborot berishga haqli emaslar.
Rieltorlik tashkilotlari ichki nazorat funksiyalarini amalga oshirish jarayonida olingan axborotni oʻz xodimlari tomonidan oshkor qilmaslikni (shaxsiy maqsadlari yoxud uchinchi shaxslar manfaatlari uchun foydalanilmasligini) taʼminlaydilar.
291. Masʼul xodimning faoliyatida foydalanilgan barcha hujjatlar (Agentlik va maxsus vakolatli davlat organi bilan yozishmalari, shu jumladan yuborilgan xabarlarning qogʻozdagi va elektron nusxalari, mijozlarning qogʻozdagi va elektron anketalari, jurnallar va h.k.)dan foydalanilishini cheklash maqsadida, bunday hujjatlar va ularning roʻyxati bevosita maxsus jihozlangan xonada yoki yonmaydigan va muhrlanadigan seyfda ushbu xodim tomonidan saqlanishi lozim.
292. Hujjatlarning elektron shakllari dasturiy usulda arxivlashtirilishi, elektron axborot tashuvchi uskunalarga yozib qoʻyilishi hamda masʼul xodim tomonidan ularning roʻyxati bilan birgalikda yonmaydigan va muhrlanadigan seyfda saqlanishi zarur.
293. Mijozlarni lozim darajada tekshirish natijasida olingan maʼlumotlar ahamiyati va tavakkalchiliklardan kelib chiqqan holda hamda mijoz maʼlumotlarida oʻzgarishlar boʻlganda, biroq mijoz tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirishni va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishni amalga oshirish tavakkalchiligi rieltorlik tashkilotlar tomonidan yuqori baholanganda yiliga kamida bir marotaba, boshqa hollarda ikki yilda kamida bir marotaba yangilanishi lozim.
VI. Yakunlovchi qoidalar
30. Mazkur Qoidalar talablariga rioya etilishi ustidan monitoring va nazorat Agentlik tomonidan maxsus vakolatli davlat organi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
31. Mazkur Qoidalar, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha boshqa hujjatlar rieltorlik tashkilotlarining barcha xodimlariga yetkazilishi lozim.
311. Rieltorlik tashkilotlari ichki va tashqi vaziyatlarning oʻzgarishini inobatga olgan holda, tijorat banki ichki nazorat tizimini doimiy ravishda monitoring qiladi va samaradorligini baholab boradi, shuningdek samarali ishlashini taʼminlash uchun zaruratga qarab uni mustahkamlaydi.
Rieltorlik tashkilotida ichki audit xizmati mavjud boʻlgan taqdirda, ichki nazorat faoliyati samaradorligini monitoring qilish ushbu xizmat tomonidan amalga oshiriladi.
312. Yuridik shaxsni tashkil etmagan chet el tuzilmalariga nisbatan ushbu Qoidalar bilan yuridik shaxslar uchun oʻrnatilgan talablar qoʻllaniladi.
32. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlari buzilganligi hollarini yashirishda, shuningdek mazkur Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Rieltorlik tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga 1-ILOVA
Rieltorlik tashkiloti masʼul xodimi va ichki qoidalarning amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi
MAʼLUMOTLAR __________________________________________________ (rieltorlik tashkiloti nomi)
1.Masʼul shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi, telefon raqami2.Masʼul shaxs etib tayinlanganligi toʻgʻrisidagi buyruq sanasi va raqami3.Sudlanganligi yoki sudlanmaganligi toʻgʻrisida maʼlumot4.Rieltorlik tashkiloti tomonidan oʻtgan yil uchun koʻrsatilgan xizmatlar summasi toʻgʻrisida maʼlumot5.Rieltorlik tashkiloti tomonidan oʻtgan yil uchun koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha tuzilgan shartnomalar soni toʻgʻrisida maʼlumot6.Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazoratni taʼminlash boʻyicha rieltorlik tashkiloti tomonidan tasdiqlangan hujjat nomi va sanasi7.Rieltorlik tashkilotining masʼul shaxsi va xodimlarining doimiy ravishda qayta tayyorgarlikdan oʻtkazilishini amalga oshirish toʻgʻrisidagi maʼlumot8.Maxsus vakolatli davlat organiga yuborilgan xabarlar soni9.Rieltorlik xizmatlarini koʻrsatish rad etilgan mijozlar soni (rad etish sababi)
Rieltorlik tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga 2-ILOVA
Mijoz va uning benefitsiar mulkdorini identifikatsiyalashda zarur boʻlgan
MAʼLUMOTLAR
1.Toʻliq, shuningdek davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasida koʻrsatilgan boʻlsa, qisqartirilgan nomi2.Davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomada koʻrsatilgan maʼlumotlar (sana, raqam, roʻyxatga oluvchi organ nomi)3.Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami4.Joylashgan joyi (pochta manzili, filiallar va vakolatxonalar mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar)5.Mijoz va benefitsiar mulkdorni amaliy ish munosabatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar6.Litsenziyalanishi lozim boʻlgan faoliyat turlarini amalga oshirish uchun mavjud boʻlgan litsenziyalar toʻgʻrisida maʼlumotlar (faoliyat turi, litsenziyaning raqami va berilgan sanasi, kim tomonidan berilganligi, amal qilish muddati)7.Mijoz vakili shaxsining identifikatsiyasi (pasport, ID-karta yoki unga tenglashtirilgan hujjatlar asosida) hamda vakolatlarini tekshirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar8.Mijozning taʼsischilari (aksiyadorlari, ishtirokchilari) haqidagi hamda ularning ustav fondi (kapitali)dagi ulushlari, benefitsiar mulkdorini identifikatsiyalash (shaxsini va yashash joyini aniqlash, yuqori mansabdor shaxs, uning oila aʼzosi yoki unga yaqin shaxs ekanligi toʻgʻrisida belgi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar9.Roʻyxatga olingan va toʻlangan ustav fondi (kapitali) miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar10.Mijozning boshqaruv organlari (yuridik shaxsning boshqaruv organlarining tuzilmasi va shaxsiy tarkibi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar11.Bogʻlanish maʼlumotlari (telefon raqamlari, elektron pochta, veb-sayt (agar mavjud boʻlsa)12.Ichki qoidalar bilan aniqlangan boshqa maʼlumotlar
