Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PF-4354-son)
24.08.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda bozor iqtisodiyotining asosi boʻlgan xususiy mulk ustuvorligini mustahkamlaydigan barqaror qonunchilik bazasi yaratilganini qayd etish zarur. Oʻrta mulkdorlar sinfini shakllantirish, mamlakat iqtisodiyotini barqaror yuksaltirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi daromadini oshirishning muhim omili boʻlgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish boʻyicha qulay ishbilarmonlik muhiti hamda ishonchli huquqiy kafolatlar yaratildi.
Natijada soʻnggi oʻn yilda yalpi ichki mahsulot tarkibida kichik biznes ulushi 31,1 foizdan 52,5 foizga oʻsdi, ushbu sohada bandlik darajasi iqtisodiyot tarmoqlarida ish bilan band aholi umumiy sonining 49,7 foizidan 74,5 foizigacha oshdi. Aholi daromadlarining 47 foizdan ziyodi tadbirkorlik faoliyatidan tushgan daromadlar hissasiga toʻgʻri keladi.
“Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturiga muvofiq, joriy yilda tadbirkorlik faoliyatini keng rivojlantirish uchun yanada qulay biznes muhitni yaratish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilindi.
Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash tartibi sezilarli darajada soddalashtirildi hamda bu jarayon yanada ochiqlik kasb etdi. Roʻyxatga olish uchun davlat boji stavkasi ikki barobarga qisqartirildi. Ishchilarning yillik oʻrtacha soni 100 kishigacha koʻpaytirilgan kichik korxonalar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxati sezilarli darajada kengaytirildi. Kichik biznes subyektlarini davlat xaridlari jarayoniga keng miqyosda jalb qilish mexanizmi ishlab chiqildi va joriy etildi.
Davlat va nazorat idoralarining korxonalar moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashuvini keskin kamaytirish hamda tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiy erkinligi va huquqlarini sezilarli ravishda kengaytirish boʻyicha choralar qabul qilindi. Yangi tashkil qilingan kichik korxonalar va mikrofirmalarni rejali soliq tekshiruvlaridan ozod etish muddati ikki yildan uch yilga uzaytirildi. Soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlayotgan, shuningdek, ishlab chiqarishning barqaror oʻsish surʼatlari va rentabelligini taʼminlayotgan kichik tadbirkorlik subyektlarida uch yil davomida soliq tekshiruvlarini oʻtkazish taqiqlandi.
Tijorat banklarining kapitallashuv darajasi oshmoqda, kichik biznes subyektlarini, ayniqsa, ularning yuqori texnologik uskunalar xarid qilishi uchun imtiyozli kreditlash mexanizmi takomillashtirildi.
Shu bilan birga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan, tadbirkorlik faoliyati erkinligini cheklayotgan bir qator muammolar hal etilmay qolmoqda.
Tadbirkorlik subyektlarining davlat, soliq va nazorat idoralari, tijorat banklari bilan oʻzaro munosabatlarini aniq belgilab beradigan maʼmuriy reglament toʻliq ishlab chiqilmagan. Ochiqligi taʼminlanmagan koʻplab ruxsat berish tartiblari hamon saqlanib qolmoqda. Nazorat idoralarining tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashish holatlari uchramoqda. Kichik biznes mahsulotlarini hududiy va jahon bozorlariga olib chiqish boʻyicha amaliy mexanizm yaratilmagan.
Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash, bozor islohotlarini liberallashtirish va chuqurlashtirish yoʻlidan jadal harakat qilish, tadbirkorlikka koʻproq erkinlik berish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiq va gʻovlarni bartaraf etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mamlakat iqtisodiyotidagi roli va ulushini oshirish, eksport salohiyatini rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, tijorat banklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklarining muhim vazifalari deb hisoblansin:
kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi ortiqcha byurokratik toʻsiq va gʻovlarga barham berish, davlat boshqaruvi funksiyalarini qisqartirish va tadbirkorlikka koʻproq erkinlik berish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish, davlat boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshirilayotgan turli ruxsat berish meʼyorlari hamda cheklash tartiblarini keskin qisqartirish;
tadbirkorlik faoliyati subyektlarining davlat boshqaruvi idoralari, soliq va nazorat tuzilmalari bilan oʻzaro munosabatlarida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, hisobotlar tizimi hamda moliya, soliq va statistika idoralariga hisobotlarni topshirish mexanizmini ularni elektron tizim boʻyicha taqdim etishga bosqichma-bosqich oʻtish orqali tubdan soddalashtirish;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga soliq, bojxona hamda boshqa toʻlovlar boʻyicha tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish va uning samaradorligini oshirishga koʻmaklashadigan qoʻshimcha imtiyoz hamda preferensiyalar berish;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining tijorat banklari bilan oʻzaro hamkorlik mexanizmini yanada takomillashtirish va soddalashtirish, tadbirkorlik subyektlariga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, ularga ajratilayotgan kreditlar, birinchi navbatda, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishga, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilishga va texnologik yangilashga yoʻnaltiriladigan uzoq muddatli kreditlar hajmini koʻpaytirish;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatda keng ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqishga koʻmaklashish, eksport shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish jarayonini hamda umuman bojxona maʼmuriyatchiligini soddalashtirish va liberallashtirish.
2. Belgilansinki, tadbirkorlik faoliyati subyektlarining barcha darajadagi davlat boshqaruvi idoralari, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari, tijorat banklari bilan oʻzaro munosabatlarida tadbirkorlar huquqlari ustuvorligi prinsipiga amal qilinadi, yaʼni unga muvofiq, meʼyoriy-huquqiy hujjatlardagi bartaraf etib boʻlmaydigan barcha ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlar foydasiga talqin etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonun hujjatlariga ularda tadbirkorlar huquqlari ustuvorligi prinsipini belgilashni koʻzda tutuvchi oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni puxta ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga taqdim etsin.
4. 2011-yilning 1-oktabridan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar soliqni hisobga olish joyidagi soliq organiga yozma, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali xabarnoma yuborib, soliq auditi natijalari boʻyicha qoʻshimcha hisoblangan soliqlar summalarini, shuningdek moliyaviy sanksiyalarni tekshiruv materiallarini koʻrib chiqish natijalari yuzasidan soliq organi tomonidan qabul qilingan qaror kuchga kirgan kundan eʼtiboran olti oy mobaynida teng ulushlarda toʻlashga haqli.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Moliya vazirligi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi bilan birgalikda barcha kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini 2014-yilning oxirigacha soliq va moliyaviy hisobotlarni topshirishning elektron tizimiga bosqichma-bosqich oʻtkazishni taʼminlasin.
6. Markaziy bank, Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasi, tijorat banklarining tadbirkorlik subyektlariga nisbatan bank faoliyatining yanada ochiqligini oshirish va liberallashtirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari qabul qilinsin:
tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining kelishilgan hajmda kreditlar ajratish haqidagi arizalarini koʻrib chiqish muddatini uch bank kunidan oshmaydigan muddat bilan cheklash;
xoʻjalik subyektlari tomonidan savdo va servis sohasida xarid qilinadigan tovar (ish, xizmat)lar uchun korporativ plastik kartalaridan foydalangan holda toʻlovlarni amalga oshirishda toʻlov terminallari cheklarini birlamchi buxgalterlik hujjatlariga tenglashtirish;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga bank muassasalariga naqd pul tushumini mustaqil topshirish huquqini berish.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasi, tijorat banklari bilan hamkorlikda bir oy muddatda xalqaro moliya tuzilmalari, xorijiy jamgʻarmalar va banklar bilan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklari tomonidan yangi texnologik uskunalar xarid qilish uchun beriladigan kreditlarning garov bilan qoplanmagan qismi boʻyicha taʼminotni taqdim etish uchun Tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha kafolatlash fondini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Xoʻjalik subyektlari oʻrnatilgan texnologik uskunalarga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha respublika hududiga olib kelinadigan ehtiyot va butlovchi qismlar uchun 2016-yilning 1-yanvarigacha bojxona toʻlovlarini (bojxona rasmiylashtirish yigʻimlari bundan mustasno) toʻlashdan ozod etilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin:
yuridik shaxslar uchun soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash bilan bogʻliq boʻlmagan sanksiyalarni bekor qilish, ayni paytda takroriy qonunbuzarlikka yoʻl qoʻygan xoʻjalik subyektlarining mansabdor shaxslarining maʼmuriy javobgarligini ikki barobarga oshirish;
bojxona nazorati muddatini uch yil bilan cheklash, shuningdek, tovarlar bojxona nazoratidan oʻtkazilgandan bir yil keyin, bojxona toʻlovlarini qoʻshimcha hisoblashni taqiqlash.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida taklif kiritsin.
13. Ushbu Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 24-avgust,
PF-4354-son
