Yagona soliq toʻlovining eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan yagona soliq toʻlovini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida (2203-1-son)
23.08.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 23-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2203-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 52 (I)-son), Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 232-modda) 7-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 24-dekabrdagi PQ-1449-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 52-son, 513-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2011-yil 2-fevraldagi 5, 4, 2011-4-son qarori (roʻyxat raqami 2203, 2011-yil 3-mart) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 9-son, 93-modda) bilan tasdiqlangan Yagona soliq toʻlovining eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan yagona soliq toʻlovini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 26-iyul,
44-son
Iqtisodiyot vaziri R. GULYAMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 26-iyul,
7-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 26-iyul,
2011-23-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2011-yil 26-iyuldagi 44, 7, 2011-23-son qaroriga ILOVA
Yagona soliq toʻlovining eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan yagona soliq toʻlovini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. YSTning eng kam miqdorini hisoblab chiqarishda yuridik shaxslar tomonidan mulk huquqi, egalik qilish huquqi, foydalanish huquqi yoki ijara huquqi asosida foydalaniladigan yer uchastkalari hisobga olinadi, bundan quyidagilar mustasno:
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 280-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq soliq solish obyekti sifatida qaralmaydigan yer uchastkalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 282-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq soliq solinmaydigan yer uchastkalari;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga asosan tenglik asosida diplomatik vakolatxonalarni joylashtirish uchun berilgan yer uchastkalari.
Yer uchastkasidan bir nechta yuridik shaxs birgalikda foydalanganda YSTning eng kam miqdori soliq toʻlovchi tomonidan foydalanilayotgan yer uchastkasi maydoniga toʻgʻri keluvchi ulushdan kelib chiqib hisoblab chiqarilgan yer soligʻi summasidan hisoblanadi.
Agar alohida bino bir nechta yuridik shaxs balansida turgan boʻlsa, YSTning eng kam miqdori soliq toʻlovchi balansida turgan xonalar maydoniga mutanosib ravishda hisoblab chiqarilgan yer soligʻi summasidan kelib chiqib hisoblanadi.
Agar yuridik shaxs tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun binoni yoki binoning bir qismini ijaraga olsa, YSTning eng kam miqdori mazkur yuridik shaxs tomonidan ijaraga olingan xonalar maydonidan kelib chiqib hisoblanadi. Agar yuridik shaxs koʻp qavatli binoning bir qismini ijaraga olsa, YSTning eng kam miqdori bino egallagan umumiy yer maydoni va mazkur yuridik shaxs tomonidan ijaraga olingan xonalarga toʻgʻri keluvchi ulushdan kelib chiqib hisoblanadi. Bunda mazkur yuridik shaxsga mazkur bandning soliq solinadigan bazadan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 282-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq soliq solinmaydigan yer uchastkalarini chiqarib tashlash qismida amal qilishi tatbiq etilmaydi”.
2. 1-ilova mazkur oʻzgartirishlarning ilovasiga muvofiq tahrirda bayon etilsin.
Yagona soliq toʻlovining eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan yagona soliq toʻlovini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlarga ILOVA
“Yagona soliq toʻlovining eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan yagona soliq toʻlovini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Kamaytiruvchi koeffitsiyentlar
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 34-35-son, 354-modda)
