961-modda. Dastlabki deklaratsiyalash
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Tovarlarni dastlabki deklaratsiyalash ularni bojxona hududiga yetib kelguniga qadar deklaratsiyalash boʻlib, u deklarantning xohishiga koʻra qoʻllanilishi mumkin.
Agar bojxona maqsadlari uchun tovarning kuzatuv hujjatlaridan foydalanilishi kerak boʻlsa, dastlabki bojxona deklaratsiyasiga ushbu hujjatlarning deklarant tomonidan tasdiqlangan koʻchirma nusxalari ilova qilinadi va, zarurat boʻlganda, bojxona organi tovarlar bojxona hududiga yetib kelganidan keyin koʻchirma nusxalarda koʻrsatilgan maʼlumotlarni hujjatlarning aslidagi maʼlumotlar bilan taqqoslaydi.
Tovarlar bojxona hududiga yetib kelguniga qadar ularni tekshirish tugatilganidan va hisoblangan bojxona toʻlovlari toʻlanganidan keyin, dastlabki bojxona deklaratsiyasidan bojxona operatsiyalari tovarlariga qoʻllash uchun zarur boʻlgan yagona hujjat sifatida foydalaniladi, bundan deklaratsiya bojxona rasmiylashtiruvi uchun barcha zarur maʼlumotlarni oʻz ichiga olmagan va (yoki) hujjatlar toʻliq hajmda taqdim etilmagan hollar mustasno.
Dastlabki bojxona deklaratsiyasi, agar ushbu deklaratsiyada koʻrsatilgan tovarlar deklaratsiyani qabul qilgan bojxona organiga deklaratsiya qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻttiz kalendar kun ichida taqdim etilmasa, u topshirilmagan deb hisoblanadi.
