81-modda. Bojxona rasmiylashtiruvining soddalashtirilgan tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Tabiiy ofatlar, falokatlar, halokatlar yuz berganda zarur boʻladigan tovarlarni, tirik hayvonlar, tez buziladigan tovarlar, radioaktiv materiallar, ommaviy axborot uchun zarur xabarlar va boshqa materiallarni, Oʻzbekiston Respublikasining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatining oliy organlari nomiga yuborilayotgan tovarlarni, shuningdek insonparvarlik yordami sifatida yuborilayotgan tovarlarni va boshqa shunga oʻxshash tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib oʻtishda ularning bojxona rasmiylashtiruvi soddalashtirilgan tartibda va birinchi oʻrinda amalga oshiriladi.
Erkin bojxona zonalari va erkin omborlarga olib kirilayotgan, shuningdek ularning hududidan olib chiqilayotgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
Bojxona rasmiylashtiruvining soddalashtirilgan tartibini qoʻllanish shartlari qonun hujjatlarida belgilanadi.
