79-modda. Bojxona rasmiylashtiruvini oʻtkazish uchun namunalar va nusxalar olish
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Bojxona rasmiylashtiruvini oʻtkazish uchun bojxona organlari, ularning ruxsati bilan esa tovarlarga nisbatan vakolatlarga ega boʻlgan shaxslar va davlat nazoratini amalga oshiruvchi boshqa organlar bojxona nazorati ostida turgan tovarlardan ularni tekshirish (ekspertiza qilish) uchun namunalar va nusxalar olishga haqlidirlar.
Tovarlarga nisbatan vakolatlarga ega boʻlgan shaxslar namunalar va nusxalar olish vaqtida hozir boʻladilar va bojxona organlarining mansabdor shaxslariga yordam koʻrsatadilar, shuningdek namunalar va nusxalarni tekshirish natijalari bilan tanishadilar.
Tovarlarga nisbatan vakolatlarga ega boʻlgan shaxsning tashabbusi bilan bojxona organlari tomonidan tovarlardan namunalar va nusxalar olish, shuningdek namunalar va nusxalarni tekshirish natijasida yuzaga kelgan xarajatlarni ana shu shaxs toʻlaydi.
Namunalar va nusxalar olish tartibi, ularni tekshirish va tasarruf etish muddatlari, shuningdek tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
