7-modda. Asosiy tushunchalar
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Ushbu Kodeksda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
1) tovarlar — har qanday koʻchar mol-mulk, shu jumladan valyuta va valyuta boyliklari, elektr, issiqlik energiyalari va energiyaning boshqa turlari, ushbu moddaning 4-bandida qayd etilgan transport vositalaridan boshqa transport vositalari, intellektual mulk obyektlari;
2) Oʻzbekiston tovarlari — Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tovarlar yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida erkin muomalaga chiqarilgan tovarlar;
3) chet el tovarlari — ushbu moddaning 2-bandida koʻrsatilmagan tovarlar;
4) transport vositalari — yoʻlovchilar va tovarlarni tashish uchun foydalaniladigan vositalar, shu jumladan konteynerlar va boshqa transport uskunalari;
5) tovarlar va transport vositalarini olib oʻtuvchi shaxslar — tovarlar va transport vositalarining mulkdorlari, ularning sotib oluvchilari, egalari yoxud ular bilan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan harakatlarni oʻz nomidan amalga oshirish uchun qonun hujjatlariga muvofiq yetarli boʻlgan boshqacha tarzda ishtirok etuvchi shaxslar;
6) tashuvchi — tovarlarni amalda olib oʻtuvchi yoxud transport vositasidan foydalanish uchun masʼul shaxs;
7) deklarant — tovarlarni olib oʻtuvchi, tovarlar va transport vositalarini oʻz nomidan deklaratsiyalovchi, koʻrsatuvchi va taqdim etuvchi shaxs yoki tovar olib oʻtuvchi shaxs nomidan ish olib borayotgan bojxona brokeri;
8) bojxona chegarasidan olib oʻtish — tovarlar yoki transport vositalarini har qanday usulda, shu jumladan xalqaro pochta joʻnatmalarini yuborish, quvur transportidan hamda elektr uzatish liniyalaridan foydalanish yoʻli bilan bojxona hududiga olib kirish yoki olib chiqish harakatlarini amalga oshirish. Shunday harakatlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
tovarlar yoki transport vositalari bojxona hududiga olib kirilganda, shu jumladan erkin bojxona zonalari va erkin omborlar hududidan olib kirilganda — bojxona chegarasidan amalda oʻtish;
tovarlar yoki transport vositalari bojxona hududidan olib chiqilganda, shu jumladan erkin bojxona zonalari va erkin omborlar hududiga olib chiqilganda — bojxona deklaratsiyasini taqdim etish yoki tovar yoxud transport vositalarini olib chiqish maqsadini amalga oshirishga bevosita qaratilgan oʻzga harakatni bajarish;
9) bojxona nazorati — qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalarga rioya etilishini taʼminlash maqsadida bojxona organlari amalga oshiradigan tadbirlar majmui;
