54-modda. Bojxona omborlari va erkin omborlar
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Bojxona omborlari va erkin omborlar — tovarlarni bojxona nazorati ostida saqlashga moʻljallangan, maxsus ajratilgan va jihozlangan binolar yoki boshqa joylardir. Boshqa tovarlarga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan yoki alohida shart-sharoitlarda saqlanishi talab etiladigan tovarlar faqat maxsus moslashtirilgan omborlarga joylashtirilishi lozim.
Bojxona ombori Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxsi yoxud bojxona organi tomonidan taʼsis etiladi.
Erkin ombor Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxsi tomonidan taʼsis etiladi.
Bojxona omborlari saqlash sharoitlariga koʻra tovarlarni vaqtincha saqlash va (yoki) bojxona ombori rejimlarida saqlash uchun moʻljallangan boʻladi.
Bojxona omborlari foydalanish mumkinligi jihatidan har qanday shaxslar foydalanishi uchun ochiq boʻlishi hamda muayyan shaxslar, qoida tariqasida, ombor egalari foydalanishi uchun moʻljallangan yopiq omborlar boʻlishi mumkin.
Bojxona omborlari va erkin omborlarni ochish tartibi hamda ularga qoʻyiladigan talablar qonun hujjatlarida belgilanadi.
