46-modda. Tovarlar, transport vositalari, binolar va boshqa joylarni bojxona qiyoslashidan oʻtkazish
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Bojxona nazorati ostida boʻlgan hujjatlar, tovarlar, transport vositalari, binolar va boshqa joylarni bojxona qiyoslashidan oʻtkazish ularga plombalar, muhrlar qoʻyish, raqamli, harfiy va boshqa markalar bosish, qiyoslash belgilarini qoʻyish, shtamplar bosish, namunalar va nusxalar olish, tovarlar va transport vositalarini taʼriflash, ularning chizmalarini tayyorlash, masshtabli tasvirlar, fotosuratlar, illyustratsiyalar tayyorlash, tovarlarga ilova qilingan va boshqa hujjatlardan hamda oʻzga qiyoslash vositalaridan foydalanish orqali taʼminlanadi.
Qiyoslash vositalari faqat bojxona organlari tomonidan yoki ularning ruxsati bilan oʻzgartirilishi, olib tashlanishi yoki yoʻq qilinishi mumkin, tovarlar va transport vositalarining yoʻq boʻlib ketishi, ularga qayta tiklab boʻlmaydigan darajada putur yetkazilishi yoki ularning jiddiy buzilishi xavfi tugʻilgan hollar bundan mustasno. Qiyoslash vositalari oʻzgartirilganligi, olib tashlanganligi yoki yoʻq qilinganligi toʻgʻrisida bojxona organlariga darhol maʼlum qilinadi va bunday xavf mavjud boʻlganligini isbotlovchi dalillar taqdim etiladi.
