44-modda. Bojxona koʻrigidan oʻtkazish
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Tovarlar va transport vositalarini bojxona koʻrigidan oʻtkazish tovarlar va transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib oʻtishning qonuniyligini aniqlash, ularni hisobga olish, boj, soliqlar, yigʻimlar olish, shuningdek olib kirish, olib chiqish va tranzit qilish taqiqlangan tovarlar bojxona chegarasi orqali oʻtishining hamda bojxona hududi orqali tranzit tartibida oʻtishining oldini olish uchun bojxona organlarining mansabdor shaxslari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Tovarlar va transport vositalariga nisbatan vakolatlarga ega boʻlgan shaxslar tovarlar va transport vositalarini koʻzdan kechirish paytida hozir boʻlishga haqlidir, bojxona organlari mansabdor shaxslarining talabiga koʻra esa tekshirish paytida hozir boʻlishlari va bojxona organlarining mansabdor shaxslariga zarur yordam koʻrsatishlari shart.
Tovarlar va transport vositalariga nisbatan vakolatlarga ega shaxs boʻlmagan taqdirda, transport vositasini boshqaruvchi shaxs bojxona maqsadlari uchun vakolatli shaxs deb hisoblanadi.
Tovarlar va transport vositalariga nisbatan vakolatlarga ega boʻlgan shaxslar yoʻqligida bojxona organlari quyidagi hollarda tovarlar va transport vositalarini koʻzdan kechirishga haqli:
ular tovarlar va transport vositalari taqdim etilganidan soʻng oʻn kun oʻtganidan keyin kelmagan boʻlsa;
davlat xavfsizligi, jamoat tartibiga, inson hayoti va sogʻligʻiga, hayvonot va oʻsimliklar, atrof tabiiy muhitga, Oʻzbekiston Respublikasining badiiy, tarixiy va arxeologik boyliklari saqlanishiga xavf mavjud boʻlganda va kechiktirib boʻlmaydigan boshqa holatlarda;
tovarlar xalqaro pochta joʻnatmalari orqali yuborilgan boʻlsa;
tovarlar va transport vositalari ular joylashtirilgan bojxona rejimini buzgan holda bojxona hududida qoldirilgan boʻlsa.
