193-modda. Bojxona haqidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jazo berish toʻgʻrisidagi qarorni ijroga qaratish
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Jazo berish toʻgʻrisidagi qaror barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ijro etilishi majburiydir hamda agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, u chiqarilgan paytdan eʼtiboran ijro etilishi lozim.
Jazo berish toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat qilingan yoki protest keltirilgan taqdirda, qaror, shikoyat yoki protest qanoatlantirmay qoldirilganidan keyin ijro etilishi lozim.
Jazo berish toʻgʻrisidagi qaror uni ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun ushbu Kodeksda belgilangan muddat oʻtganidan keyin majburiy ijro ettirilishi lozim.
Jazo berish toʻgʻrisida qaror chiqargan bojxona organi uni mustaqil ravishda yoxud moliya organi, banklar yoki boshqa kredit muassasalariga qarorni ijroga qaratish toʻgʻrisida xabarnoma yuborish orqali yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda majburiy tarzda ijroga qaratadi. Jazo berish toʻgʻrisidagi qaror boʻyicha undirish toʻliq amalga oshirilgach, u ijro etilgani haqida belgi qoʻyilib, bojxona organiga qaytariladi.
Agar yuridik shaxslarga va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxslarga jazo berish toʻgʻrisidagi qaror chiqarilgan kunidan eʼtiboran bir yil ichida ijroga qaratilmagan boʻlsa, u ijro etilmaydi.
Shikoyat berilishi yoki protest keltirilishi munosabati bilan qarorning ijrosi toʻxtatib turilgan taqdirda, muddatning oʻtishi ular koʻrib chiqilguniga qadar toʻxtatib turiladi.
