122-modda. Chet davlatlarning diplomatiya pochtasi va konsullik pochta qoplarini bojxona chegarasi orqali olib oʻtish
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Diplomatiya pochtasi va konsullik pochta qoplaridan iborat yuk donalari yaqqol koʻzga tashlanadigan tashqi belgilarga ega boʻlib, ushbu yuk donalarining xususiyatini aks ettirmogʻi lozim.
Chet davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan diplomatiya pochtasi va konsullik pochta qoplari ochilishi ham, ushlab turilishi ham mumkin emas. Konsullik pochta qopida ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilmagan narsalar bor deb gumon qilish uchun jiddiy asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organining mansabdor shaxslari ishtirokida tegishli chet davlatning vakolatli shaxslaridan konsullik pochta qopini ochishni bojxona organi talab qilishga haqli. Pochta qopini ochishdan bosh tortilgan taqdirda konsullik pochta qopi joʻnatilgan joyiga qaytarib yuboriladi.
Diplomatiya pochtasida faqat diplomatiya hujjatlari va rasmiy foydalanish uchun moʻljallangan tovarlar, konsullik pochta qopida esa faqat rasmiy xat-xabarlar va faqat rasmiy foydalanish uchun moʻljallangan hujjatlar yoki tovarlar boʻlishi lozim.
