12-modda. Transport vositalarini olib oʻtish
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan, shu jumladan tovar sifatida olib oʻtiladigan transport vositalari bojxona organlari belgilaydigan joylarda toʻxtatiladi. Bu talab bajarilmagan taqdirda, bojxona organlari transport vositalarini qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda majburlab toʻxtatishga haqli.
Transport vositalarini toʻxtatib turish muddati va joyi bojxona organlari tomonidan tashuvchi bilan birgalikda aniqlanadi. Transport vositalarini toʻxtatib turish muddati bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi manfaatlariga zid tarzda qisqartirilishi mumkin emas.
Transport vositalarini toʻxtatib turish joylaridan joʻnatib yuborish bojxona organining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Transport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan oʻtish joyi va vaqti tashuvchi tomonidan tegishli bojxona organi bilan kelishib olinadi.
