118-modda. Chet davlat diplomatiya vakolatxonasining diplomatiya agenti uchun boj imtiyozlari
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Diplomatiya vakolatxonasining diplomatiya agentlari (diplomatiya jamoasining boshligʻi va aʼzolari), shuningdek ular bilan birga yashaydigan va Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlmagan oila aʼzolari oʻzlarining shaxsiy foydalanishiga moʻljallangan tovarlarni, shu jumladan roʻzgʻorni bir qadar butlab olishga kerakli tovarlarni bojxona chegarasidan bojxona toʻlovlaridan ozod etilgan holda olib oʻtishning belgilangan tartibiga rioya qilib Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirishlari va Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqishlari mumkin, saqlaganlik uchun, belgilangan joylardan tashqarida va bojxona organlarining belgilangan ish vaqtidan tashqari vaqtda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazganlik uchun olinadigan toʻlovlar bundan mustasno.
Koʻrsatilgan shaxslarning shaxsiy yuki unda shaxsiy foydalanish uchun moʻljallanmagan tovarlar yoki olib kirish va olib chiqish qonun hujjatlarida yoki xalqaro shartnomalarda taqiqlangan yoxud karantin va boshqa maxsus qoidalar bilan tartibga solinadigan tovarlar bor deb taxmin qilishga yetarli asoslar mavjud boʻlgan taqdirda bojxona koʻrigidan oʻtkazishdan ozod qilinmaydi. Bunday tekshiruv faqat diplomatiya agenti yoki uning vakolatli vakili ishtirokida oʻtkaziladi.
