112-modda. Bojxona toʻlovlarini undirish va javobgarlik choralari
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Ushbu Kodeksga muvofiq toʻlanmagan bojxona toʻlovlari bojxona organi tomonidan soʻzsiz tartibda undiriladi, tovarlarni notijorat maqsadlarida olib oʻtadigan jismoniy shaxslardan undiriladigan toʻlovlar bundan mustasno boʻlib, ular qonun hujjatlarida belgilangan tartibda undiriladi.
Bojxona toʻlovlarini qoʻshib hisoblash tovarlar chiqishiga ruxsat berilgan paytdan eʼtiboran bir yil mobaynida amalga oshirilishi mumkin. Bunda yuridik shaxslar bojxona organiga xabarnoma yuborib, tekshiruvlar natijalari boʻyicha qoʻshimcha hisoblangan bojxona toʻlovlari summalarini, shuningdek moliyaviy sanksiyalar summalarini toʻlashni undirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran olti oy mobaynida teng ulushlarda amalga oshirishga haqli.
Qarzdorlik vaqti uchun oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun boqimanda summasining 0,033 foizi miqdorida soʻzsiz tartibda penya undiriladi. Tadbirkorlik subyekti tomonidan ortiqcha toʻlangan summalarga teng boʻlgan qarzdorlik summasiga penya hisoblab chiqarilmaydi. Penya miqdori tadbirkorlik subyektining bojxona toʻlovlari boʻyicha qarzdorlik summasidan koʻp boʻlishi mumkin emas
Bojxona toʻlovlarini toʻlashdan boʻyin tovlangan yoki toʻlovchida pul mablagʻlari boʻlmagan taqdirda undiruv qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
