110-modda. Bojxona toʻlovlarini toʻlashni kechiktirish va boʻlib-boʻlib toʻlash
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Toʻlovchiga bojxona organining qaroriga asosan toʻlovlarni kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati, bojxona toʻlovlarining toʻlanishi ushbu Kodeksning 111-moddasida nazarda tutilgan tartibda taʼminlangan taqdirda, berilishi mumkin.
Bojxona toʻlovlarini toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab ikki oydan oshmasligi lozim.
Kechiktirish va boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilgan taqdirda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda foizlar undiriladi.
Ishlab chiqaruvchi korxonalarga eksport mahsuloti ishlab chiqarish maqsadida foydalaniladigan import qilinayotgan moddiy-texnika resurslari uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha uni toʻlashni foiz undirilmagan holda toʻqson kunlik muddatga kechiktirish imkoniyati beriladi.
Moddiy ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasidagi mikrofirmalar va kichik korxonalarga, fermer xoʻjaliklariga, shuningdek yuridik shaxs maqomidagi dehqon xoʻjaliklariga oʻz ehtiyojlari uchun import qilayotgan uskunalar, xomashyo va moddiy resurslar uchun bojxona toʻlovlari toʻlashni (bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona yigʻimlari bundan mustasno) foiz undirilmagan holda toʻqson kunlik muddatga kechiktirish imkoniyati beriladi.
Bojxona toʻlovlarini toʻlashdan boʻyin tovlayotgan shaxslarga bojxona toʻlovlarini kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilmaydi.
