2011/2012 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarida abituriyentlarning test sinovlarini oʻtkazish sanasini 2011-yil 1-avgustdan 2-avgustga koʻchirish toʻgʻrisida (221-son)
28.07.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2011/2012 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga qabul toʻgʻrisida” 2011-yil 4-iyuldagi PQ-1564-son qaroriga muvofiq hamda respublika oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun hujjat topshirgan abituriyentlar soni koʻpayganligi munosabati bilan, shuningdek ularning har tomonlama tayyorgarlik koʻrishi va 2011/2012 oʻquv yili kirish test sinovlarini oʻtkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2011/2012 oʻquv yilida respublikaning barcha oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarning test sinovlarini oʻtkazish sanasi 2011-yil 1-avgustdan 2-avgustga koʻchirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, oʻz tasarrufida oliy taʼlim muassasalariga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda test sinovlarini oʻtkazish sanasi koʻchirilganligi toʻgʻrisida barcha abituriyentlarni xabardor qilishni tashkil etish va test sinovlarini 2011-yil 2-avgustda talab darajasida oʻtkazish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha zarur tezkor va kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri B.Y. Xodiyev, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori B.M. Ismoilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 28-iyul,
221-son
