Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutini Buxoro yuqori texnologiyalar muhandislik-texnika institutiga aylantirish toʻgʻrisida (213-son)
25.07.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 20-maydagi PQ-1533-son qarorini bajarish yuzasidan, bozor iqtisodiyotining zamonaviy talablariga javob beradigan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni yanada takomillashtirish, shuningdek respublika ishlab chiqarish va qayta ishlash tarmoqlarining yuqori texnologiyalar sohasidagi kadrlar resurs bazasini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti Buxoro yuqori texnologiyalar muhandislik-texnika institutiga aylantirilsin.
2. Quyidagilar Buxoro yuqori texnologiyalar muhandislik-texnika institutining asosiy vazifalari etib belgilansin:
neft-gaz, toʻqimachilik va yengil sanoat tarmoqlari uchun texnologik mashina va asbob-uskunalar, neft-gaz sanoati mashina va jihozlari, neft hamda neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish va boshqarish, radioelektron asbob-uskunalar va tizimlar yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash;
institut faoliyatining asosiy ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan amaliy ilmiy-tadqiqot ishlarini roʻyobga chiqarish uchun zamonaviy ilmiy-tadqiqot bazasini shakllantirish;
umumtexnika va texnika taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, oʻquv jarayonini ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish faoliyati bilan chuqur integratsiyalash;
yoshlarni milliy, vatanparvarlik va fidoiylik gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, maʼnaviy boy, har tomonlama kamol topgan, mustaqil dunyoqarashga va mustaqil fikrlashga ega boʻlgan shaxsni tarbiyalash.
3. Buxoro yuqori texnologiyalar muhandislik-texnika institutining oʻquv jarayonini tashkil etishni takomillashtirish, professor-oʻqituvchilar tarkibini toʻldirish va zarur moddiy-texnika bazasini yaratish chora-tadbirlari dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Davlat test markazi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda har yili Buxoro yuqori texnologiyalar muhandislik-texnika institutiga oʻqishga qabul qilish kvotalarini shakllantirishda tarmoqlarning mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojini hisobga olgan holda oliy taʼlim muassasasining tegishli sohalariga muvofiq mutaxassislar tayyorlash yoʻnalishlarini nazarda tutsin;
bir oy muddatda Buxoro yuqori texnologiyalar muhandislik-texnika institutining ustavini va tuzilmasini belgilangan tartibda tasdiqlasin;
2011/2012 oʻquv yili boshlangungacha Buxoro yuqori texnologiyalar muhandislik-texnika institutining taʼlim yoʻnalishlari va ixtisosliklari boʻyicha oʻquv rejalari hamda dasturlarini davlat taʼlim standartlariga muvofiq tasdiqlasin;
2012/2013 oʻquv yilidan boshlab yuqori texnologiyalar sohasida tasdiqlangan asosiy taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha magistrlar tayyorlashni tashkil etish uchun tegishli oʻquv-laboratoriya bazasi va ilmiy-pedagog xodimlar bilan mustahkamlash chora-tadbirlarini koʻrsin;
Buxoro yuqori texnologiyalar muhandislik-texnika institutining sohasi oʻzgarganligini hisobga olgan holda uning muhandis-pedagog kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash istiqbol rejasini tasdiqlasin.
5. Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga kadrlarning boshqa asosiy buyurtmachilari bilan birgalikda institutning oʻquv-ishlab chiqarish va laboratoriya bazasini tashkil qilish va mustahkamlashda koʻmaklashish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 25-iyul,
213-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-iyuldagi 213-son qaroriga ILOVA
Buxoro yuqori texnologiyalar muhandislik-texnika institutining oʻquv jarayonini tashkil etishni takomillashtirish, professor-oʻqituvchilar tarkibini toʻldirish va zarur moddiy-texnika bazasini yaratish chora-tadbirlari
dasturi
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 12-dekabrdagi 325-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 50-son, 515-modda)
