Elektron kutubxona toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni hamda axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlarida va kutubxonalarda toʻliq matnli elektron axborot-kutubxona resurslari fondini yaratish reja-jadvalini tasdiqlash haqida (198-son)
05.07.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2011 — 2015-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari negizida axborot-kutubxona va axborot-resurs xizmatlari koʻrsatishni sifat jihatidan rivojlantirishni davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 23-fevraldagi PQ-1487-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Elektron kutubxona toʻgʻrisidagi namunaviy nizom 1-ilovaga muvofiq;
axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlarida hamda kutubxonalarda toʻliq matnli elektron axborot-kutubxona resurslari fondini yaratish reja-jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi:
bir oy muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Namunaviy nizom asosida idoraviy mansub axborot-kutubxona muassasalarining kutubxona fondlari tarkibi va maqsadidan kelib chiqqan holda ular tarkibida faoliyat koʻrsatuvchi elektron kutubxona toʻgʻrisidagi nizomlarni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlarida hamda kutubxonalarda ushbu qaror bilan tasdiqlangan toʻliq matnli elektron axborot-kutubxona resurslari fondini yaratish reja-jadvalining oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 5-iyul,
198-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 5-iyuldagi 198-son qaroriga 1-ILOVA
Elektron kutubxona toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Namunaviy nizom axborot-kutubxona muassasalari elektron kutubxonasining vazifasi va tashkiliy asosini belgilaydi.
2. Elektron kutubxona axborot-kutubxona muassasasi tarkibida faoliyat koʻrsatadi.
3. Elektron kutubxona elektron shaklda taqdim etilgan, koʻp foydalaniladigan tarzda taqsimlangan turli axborot-kutubxona resurslarini toʻplash, saqlash va ulardan foydalanishni amalga oshiradi.
4. Elektron kutubxonadan foydalanish qoidalari axborot-kutubxona muassasasi rahbari tomonidan belgilanadi.
II. Elektron kutubxonaning vazifalari va funksiyalari
5. Elektron kutubxonaning asosiy vazifalari:
kitobxonlarga taqdim etish qiyin boʻlgan yoki cheklangan axborot-kutubxona resurslaridan foydalanishni taʼminlash;
faqat elektron shaklda mavjud boʻlgan axborot-kutubxona resurslaridan foydalanishni taʼminlash;
katta hajmli axborot bilan ishlashda foydalanuvchilarga shart-sharoitlar yaratish;
xizmat koʻrsatishning sifati va tezkorligini oshirish, foydalanuvchilarga elektron kutubxonaning axborot-kutubxona resurslarini taqdim etish hisobiga axborot-kutubxona muassasalari xizmatlari roʻyxatini kengaytirish;
kutubxona texnologiyalarini modernizatsiya qilish;
elektron kutubxonaning axborot-kutubxona resurslarini jahon axborot makoniga integratsiyalash;
elektron axborot-kutubxona resurslarini uzoq muddat saqlash.
6. Elektron kutubxonaning asosiy funksiyalari:
maʼlumotlar bazasini yaratish uchun maʼlumotlarni toʻplash va qayta ishlash;
toʻliq matnli hujjatlarni koʻchirishning kengaytirilgan imkoniyatlari bilan birgalikda izlashning kuchli tizimini yaratish;
axborot-kutubxona resursini elektron shaklda raqamlash;
axborot-kutubxona resurslarining elektron shakli holatini axborot va telekommunikatsiya texnologiyalaridagi oʻzgarishlarga moslashtirishni taʼminlash;
boshqa axborot-kutubxona muassasalarining elektron kutubxonalari tarmogʻiga ulanishini taʼminlash;
xodimlar va foydalanuvchilarni elektron kutubxonalardan foydalanish qoidalariga oʻqitish.
III. Elektron kutubxonaning axborot-kutubxona fondini shakllantirish
7. Elektron kutubxonaning axborot-kutubxona fondi quyidagilar hisobiga toʻldiriladi:
xarid qilish (kitob savdosi tashkilotlari, nashriyotlar va elektron nashrlar va hujjatlarni yetkazib beruvchi tashkilotlar, shu jumladan tijorat tashkilotlari orqali hamda axborot resurslariga ega boʻlgan xususiy shaxslardan);
obuna boʻlish (davriy nashrlarni tarqatadigan tashkilotlar orqali);
ayirboshlash (xalqaro va kutubxonalararo kitob ayirboshlash yoʻli bilan);
bepul olish, shu jumladan nashrlar va boshqa axborot-kutubxona resurslarini hadya sifatida qabul qilish (oʻzining elektron axborot-kutubxona resurslari, taʼlim muassasalarining fakultetlari, kafedralari va boshqa boʻlinmalari materiallari).
8. Elektron kutubxonaning axborot-kutubxona fondi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
axborot-kutubxona muassasasi fondlarida mavjud boʻlgan barcha axborot-kutubxona resurslari toʻgʻrisida axborot mavjud boʻlgan elektron katalog;
elektron nashrlar va hujjatlarni yetkazib beruvchi turli tashkilotlardan olingan elektron nashrlar va hujjatlar;
axborot-kutubxona maʼlumotlar bazasi;
darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari;
davriy nashrlar;
bosma nashrlarning elektron versiyalari, shu jumladan axborot-kutubxona muassasasi nashrlarining elektron versiyalari;
axborot-kutubxona resurslarini elektron shaklga oʻtkazish jarayonida axborot-kutubxona muassasasi tomonidan tashkil etiladigan ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-taʼlim, madaniy-tarixiy va oʻquv xususiyatiga ega boʻlgan elektron axborot-kutubxona resurslari.
IV. Elektron axborot-kutubxona resurslarini tayyorlash va qayta ishlashga qoʻyiladigan umumiy talablar
9. Elektron axborot-kutubxona resurslari axborot-kutubxona faoliyati sohasida maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tavsiya etilgan formatlarga muvofiq tayyorlanishi va arxivlashtirilishi kerak.
10. Elektron axborot-kutubxona resurslari istalgan elektron manbalarda qabul qilinadi. Internet (Intranet) tarmogʻida elektron axborot-kutubxona resursi joylashganligini koʻrsatuvchi havolani (tarmoqli manzil) keltirishga yoʻl qoʻyiladi.
11. Elektron axborot-kutubxona resurslari manbalari va resurslarning oʻzi kompyuter viruslaridan xoli boʻlishi kerak.
12. Elektron axborot-kutubxona resurslarini elektron kutubxonaga uzatish ilova qilinadigan hujjat asosida axborot-kutubxona muassasasining tegishli tarkibiy boʻlinmasi tomonidan amalga oshiriladi.
13. Elektron axborot resurslari va elektron kutubxonaga qabul qilingan materiallar axborot, kutubxona va nashriyot ishi boʻyicha standartlar tizimiga (AKNIST) hamda Oʼz DSt 1214:2009 va 1215:2009 davlat standartlariga muvofiq qayta ishlanadi.
14. Maʼlumotlarni qayta ishlash texnologiyasiga doir masalalar axborot-kutubxona muassasasining ichki tartibga solish hujjatlari bilan tartibga solinadi.
V. Elektron axborot-kutubxona resurslarini joylashtirish va saqlash
15. Elektron axborot-kutubxona resurslari axborot-kutubxona muassasalarining serverlarida joylashtiriladi.
16. Elektron axborot-kutubxona resurslarini saqlash quyidagicha amalga oshiriladi:
axborot manbalaridagi lokal elektron axborot-kutubxona resurslari axborot-kutubxona fondida saqlanadi;
axborot manbalarining har xil turlarida olingan elektron axborot-kutubxona resurslari axborot-kutubxona muassasasining serverlarida joylashtiriladi va saqlanadi;
lokal va tarmoq axborot-kutubxona resurslari sifatida foydalaniladigan elektron axborot-kutubxona resurslari serverlarda joylashtiriladi va saqlanadi. Axborot-kutubxona resurslari maʼlumotlarining majburiy nusxasi axborot-kutubxona fondida axborot manbalarida saqlanadi;
oʻchirilgan elektron axborot-kutubxona resurslari huquq egasi boʻlgan tashkilotlarning serverlariga joylashtiriladi.
17. Elektron axborot-kutubxona resurslarini saqlash, zararli dasturiy taʼminlashdan va ruxsat berilmagan nusxa koʻchirishdan himoya qilish tarmoqning umumiy xavfsizlik mexanizmlari bilan taʼminlanadi.
VI. Elektron kutubxona faoliyatini tashkil etish
18. Elektron kutubxona ishiga rahbarlik qilish axborot-kutubxona muassasasi rahbari tomonidan amalga oshiriladi.
19. Axborot-kutubxona muassasasi rahbari:
elektron kutubxona ishini muvofiqlashtiradi;
elektron kutubxona ishini tashkil etadi, rejalashtiradi va nazorat qiladi, boshqa axborot-kutubxona muassasalarining elektron kutubxonalari bilan oʻzaro hamkorlikni amalga oshiradi;
elektron kutubxona ishi uchun masʼul boʻlgan xodimlarning malakasini va kasbiy saviyasini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
20. Elektron kutubxona ishini axborot bilan, huquqiy va moddiy-texnik taʼminlash axborot-kutubxona muassasasining tarkibiy boʻlinmalari uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
VII. Elektron kutubxonaning axborot-kutubxona resurslarini yaratish, ulardan foydalanish va ularni taqdim etish
21. Elektron kutubxonaning axborot-kutubxona resurslarini yaratish, ulardan foydalanish va ularni taqdim etish “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 5-iyuldagi 198-son qaroriga 2-ILOVA
Axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlarida hamda kutubxonalarda toʻliq matnli elektron axborot-kutubxona resurslari fondini yaratish
REJA-JADVALI
* Reja-jadvalni amalga oshirish boʻyicha xarajatlar “Elektron kutubxonalarni shakllantirish va integratsiyalashtirilgan axborot-kutubxona tarmogʻini yaratish” loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy hisob-kitobi (DTIHK) asosida aniqlashtiriladi va ularga tuzatishlar kiritiladi.
