Xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi konvensiya (Gaaga, 1961-yil 5-oktabr) qoidalarini amalga oshirish choralari toʻgʻrisida (PQ-1566-son)
05.07.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi konvensiya (Gaaga, 1961-yil 5-oktabr) qoidalarini amalga oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasida apostil qoʻyish vakolatiga ega boʻlgan organlar etib belgilansin:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari — tegishli hududdagi adliya organlari va muassasalaridan hamda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlarga;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi — sudlardan chiqadigan rasmiy hujjatlarga;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi — prokuratura, tergov va surishtiruv hamda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlarga;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi — oʻrta maxsus, professional, oliy taʼlim va oliy taʼlimdan keyin taʼlim hamda kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash taʼlim tashkilotlari tomonidan berilgan rasmiy hujjatlarga;
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi — maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari tomonidan berilgan rasmiy hujjatlarga;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi — boshqa barcha rasmiy hujjatlarga.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Konvensiya depozitariysi — Niderlandiya Tashqi ishlar vazirligiga apostil qoʻyish vakolatiga ega boʻlgan organlar haqida bildirishnoma yoʻllasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:
Apostil qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 5-iyul,
PQ-1566-son
