Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida (PF-2810-son)
13.02.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Mehnatni ragʻbatlantirish va manfaatdorlikni oshirish sohasida boshqaruvni tashkil etish darajasini oshirish va takomillashtirish, aholini ish bilan oqilona taʼminlash, ijtimoiy taʼminot tizimini yaxshilash, erkinlashtirish va iqtisodiy islohotlarni tobora chuqurlashtirish sharoitida ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish, shu asosda aholining farovonligi barqaror yuksalib borishini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va Ijtimoiy taʼminot vazirligi negizida Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasining taklifi qabul qilinsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida Mehnat vazirligi va Ijtimoiy taʼminot vazirligining tegishli hududiy organlari negizida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmalari tashkil qilinsin.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish hududiy bosh boshqarmalari oʻz faoliyatida tegishli hokimliklarga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga hisobot beradilar.
4. Quyidagilar belgilansin:
tumanlar va shaharlarda Bandlikka koʻmaklashish hamda aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari ishlab kelmoqda;
tuman (shahar) Bandlikka koʻmaklashish hamda aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari oʻz faoliyatida tegishli hokimliklarga hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish hududiy bosh boshqarmalariga hisobot beradilar.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan uning vakolati doirasida qabul qilinadigan qarorlar vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, korxona va muassasalar, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari tomonidan ijro etish uchun majburiy hisoblanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
7. Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 13-fevral,
PF-2810-son
