Sogʻin sigirlar, qoʻy va echkilarning mastitlarini davolashda linkomast (konyulali shpritslar) preparatini qoʻllash boʻyicha qoʻllanmani tasdiqlash toʻgʻrisida (57-son)
19.03.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi davlat veterinariya bosh boshqarmasi boshligʻining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan, 2008-yil 2-aprel 20-15-89/11-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi 03-38-144-sonli bayoniga muvofiq buyuraman:
1. “Sogʻin sigirlar, qoʻy va echkilarning mastitlarini davolashda linkomast (konyulali shpritslar) preparatini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur Qoʻllanma tasdiqlanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan 2007-yil 14-sentabrda tasdiqlangan “Sogʻin sigirlar, qoʻy va echkilarning mastitlarini davolashda linkomast (konyulali shpritslar) preparatini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Boshliq v.v.b. M. YUSUPOV
Toshkent sh.,
2008-yil 19-mart,
57-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining 2008-yil 19-martdagi 57-sonli buyrugʻi bilan “TASDIQLANGAN”
Sogʻin sigirlar, qoʻy va echkilarning mastitlarini davolashda linkomast (konyulali shpritslar) preparatini qoʻllash boʻyicha
Qoʻllanma
I. Umumiy maʼlumotlar
1. Linkomast (Lincomast) — tarkibida faol taʼsir etuvchi moddalari sifatida linkomitsin gidroxlorid, gentamitsin sulfat, prednizolon atsetat va yordamchi komponentlari mavjud boʻlgan kompleks preparat.
2. Tashqi koʻrinishiga koʻra oʻziga xos hidli, oqdan och-sariq ranggacha boʻlgan malhamsimon massa.
3. Linkomast 8 grammli, tarkibida 250 mg linkomitsin gidroxlorid, 80 mg gentamitsin sulfat, 5 mg prednizolon atsetat boʻlgan konyulali shpritslarga qadoqlanadi.
4. Preparat quruq, quyosh nurlaridan himoyalangan, bolalarning qoʻli yetmaydigan joyda, 25°S haroratda saqlanadi.
Preparatning yaroqlilik muddati saqlash shartlariga rioya qilinganda tayyorlangan kunidan boshlab 2 yil.
II. Farmakologik xususiyatlari
5. Linkomitsin va gentamitsin patogen mikroorganizmlarga Str. agalactiae, Str. dysgalactiae, Str. uberis, Staph, aureus, E. coli, Corinebact. pyogenes, Mycoplasma bovigenitalium va boshqalarga nisbatan faol.
6. Prednizolon atsetat yalligʻlanishga qarshi taʼsirga ega.
III. Qoʻllash tartibi
7. Linkomast sigirlar, urgʻochi buyvollar, qoʻy va echkilarning sut berish davridagi linkomitsin va gentamitsinga taʼsirchan patogen mikroorganizmlar qoʻzgʻatgan oʻtkir klinik va subklinik mastitlarni davolash uchun qoʻllaniladi.
8. Oʻtkir klinik mastitlarda preparat sut bezlaridagi avval suti butunlay sogʻib olingan va antiseptik ishlov berilgan elinning zararlangan qismiga quyidagi dozalarda yuboriladi: sigirlarga — bitta konyulali shprits, qoʻy va echkilarga — shprits tarkibining 1/3 qismidan to 1/2 qismigacha. 12 soatdan soʻng elinning zararlangan chorak qismi sogʻib tashlanadi va preparat batamom sogʻayguncha qaytadan qoʻllaniladi (3 kundan 5 kungacha).
9. Sut berish davridagi subklinik va surunkali mastitlarda preparat yuqorida koʻrsatilgan dozalarda sigir, qoʻy va echkilar elinining zararlangan choragiga, kechqurun sutni sogʻib olingandan keyin qoʻllaniladi. Ertasiga ertalabki sogʻishdan keyin preparat yana yuboriladi va ushbu muolaja kun davomida har 3-4 soatda takrorlanadi. Bir sutkadan soʻng kechqurun preparatni yana qaytadan qoʻllaniladi.
10. Davolash davrida va preparat soʻnggi marta qoʻllanilgandan keyin 72 soat davomida sutni (elinning sogʻlom qismlaridan sogʻilgan) isteʼmol qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Elinning kasallangan qismidagi sutni alohida idishga sogʻib olinadi va yaroqsizlantiriladi, sogʻlom qismidan sogʻilgan sutni qaynatib, soʻngra hayvonlarga beriladi.
Hayvonlarni soʻyishga preparat qoʻllanilgandan 2 kun oʻtgach ruxsat etiladi. Belgilangan muddatdan avval soʻyilgan goʻshtdan goʻshtxoʻr hayvonlarga yemish sifatida yoki goʻsht suyak uni ishlab chiqarishda foydalaniladi.
IV. Ehtiyotkorlik choralari
11. Sensibilizatsiya holatlari roʻy bermasligi uchun preparatni teri va shilliq pardalarga tegishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.
V. Noroziliklarni bayon etish tartibi
12. Preparat ushbu Qoʻllanma talablariga muvofiq kelmagan taqdirda, uning qoʻllanilishi toʻxtatilib, bu haqida Oʻzbekiston veterinariya preparatlari davlat ilmiy nazorat laboratoriyasiga quyidagi manzil boʻyicha murojaat qilinadi: 100178, Toshkent sh., A.Yunusov koʻchasi, 1a uy. Tel./faks: 228-76-14, 229-30-47. E-mail: [email protected]. Bir vaqtning oʻzida laboratoriyaga preparatning laboratoriya bilan kelishilgan miqdordagi ochilmagan oʻramlari va preparatning qoʻllanmaga muvofiq kelmasligining toʻliq tavsifi joʻnatiladi.
