10%-li va 20%-li kofein benzoat inyeksion eritmasini veterinariyada qoʻllash boʻyicha qoʻllanmani tasdiqlash toʻgʻrisida (54-son)
19.03.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi davlat veterinariya bosh boshqarmasi boshligʻining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan, 2008-yil 2-aprel 20-15-89/11-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi 03-38-144-sonli bayoniga muvofiq buyuraman:
1. “10%-li va 20%-li kofein benzoat inyeksion eritmasini veterinariyada qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur Qoʻllanma tasdiqlanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan 2005-yil 14-fevralda tasdiqlangan “10%-li va 20%-li kofein benzoat inyeksion eritmasini veterinariyada qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Boshliq v.v.b. M. YUSUPOV
Toshkent sh.,
2008-yil 19-mart,
54-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining 2008-yil 19-martdagi 54-sonli buyrugʻi bilan “TASDIQLANGAN”
10%-li va 20%-li kofein benzoat inyeksion eritmasini veterinariyada qoʻllash boʻyicha
Qoʻllanma
I. Umumiy maʼlumotlar
1. 10%-li va 20%-li natriy kofein-benzoat eritmasi dorivor vositalar uchun shisha massasidan yasalgan 10ml li flakonlarga hamda 100, 200 i 400 ml li qon va qon oʻrnini bosadigan moddalarga moʻljallangan shisha butilkalarga qadoqlangan rangsiz, tiniq suyuqlikdan iborat.
2. Flakonlar va butilkalarda TSh 64-15368831-06:2007 ning 1.4.1 bandi talablariga muvofiq ravishda etiketka boʻlishi kerak. Preparat oʻrab joylashtirilgan gofrirlangan karton yashiklarda TSh 64-15368831-06:2007 ning 1.4.2 bandi talablariga muvofiq boʻlgan etiketka boʻlishi kerak.
3. Shikastlangan flakonlar va butilkalardan foydalanishga ruxsat etilmaydi.
4. Dorivor preparatnint yaroqlilik muddati saqlash shartlariga rioya qilingan taqdirda (quyosh nurlari tik tushishidan himoyalangan holda, plyus 25°S gacha haroratdagi binoda) ishlab chiqarilgan kundan boshlab uch yil.
II. Farmokologik xossalari
5. Dorivor preparatnint faol taʼsir etuvchi moddasi boʻlib antifeinlarga tegishli boʻlgan natriy kofein-benzoati hisoblanadi. Antifeinlarning eng muhim xususiyati — bu nafas markazini qoʻzgʻatish bilan bir paytda oliy miya qobigʻi markazlarini tinchlantirish qobiliyatidir. Bu xususiyat ogʻir operatsiyani oʻtkazgan hayvonlarni davolashda, shuningdek ular bolalaganda homila asfiksiyasi hollarida ushbu preparatni muvaffaqiyatli qoʻllash imkoniyatini beradi.
III. Preparatdan foydalanish tartibi
6. Natriy kofein benzoatini davolash va profilaktika maqsadlarida qoʻllanishi keng va turli-tuman. Natriy kofein benzoati kichik dozalarda bosh miya qobigʻi, tomirli harakat markazini stimulatsiyalash, shuningdek yurak faoliyatini yaxshilash, yurakdagi impulslarning qoʻzgʻaluvchanligi va oʻtkazuvchanligini bosish, bezgakda organizm umumiy holatini tiklash maqsadlarida qoʻllaniladi. Ushbu preparat veterinariyada yakka holda, shuningdek boshqa moddalar bilan kombinatsiyada rezistentlikning pasayishi, yurak faoliyatining zaiflashishi bilan kuzatiladigan yuqumli va yuqumsiz kasalliklarda keng qoʻllaniladi. Miokardit, miodistrofiya, miodegeneratsiyalarda glyukoza bilan birga qabul qilinadi. Natriy kofein-benzoati yirik shoxli mollarda ichaklarning spastik holati va tugʻish parezida qoʻllanilganda yaxshi natijalar koʻrsatgan.
Natriy kofein benzoati kichik dozalarda hayvonlarning turli toksinlar taʼsiriga turgʻunligini va organizmning immunologik faolligini koʻtaradi.
Preparatning, bir karrali davolash dozalari (g larda) hayvonlarga teri osti orqali yuboriladi:
otlarga: 2,0 — 5,0;
yirik shoxli mollarga: 3,0 — 5,0;
mayda shoxli mollarga: 0,5 — 2,0;
choʻchqalarga: 0,5 — 2,0;
itlarga: 0,1 — 0,3.
7. Hayvonlar veterinar vrachning doimiy kuzatuvida boʻlishi kerak.
8. Natriy kofein benzoatini kompensatsiyalanmagan yurak poroklarida, miodegeneratsiyalarda, periferik tomirlar paralichida qoʻllash mumkin emas.
Maksimal terapevtik dozalar baʼzi hollarda yurak faoliyatini kuchaytirishi va xatto reflektor qoʻzgʻaluvchanlikni koʻtarishi mumkin, baʼzi hayvonlarda esa xuddi shu dozalar hech qanday jiddiy fiziologik siljishlarni qoʻzgʻamaydi.
9. Preparat hayvonlarga kiritilgandan soʻng, yirik shoxli mollarning goʻshti va sutini, qoʻyning goʻshtini 7 kun, choʻchqaning goʻshtini 5 kun, tovuq goʻshtini 7 kun davomida isteʼmol qilishga ruxsat etilmaydi.
IV. Maxsus ehtiyotkorlik choralari
10. Preparat qoʻllanilayotgan paytda dorivor veterinariya preparatlari bilan ishlashning shaxsiy gigiyena va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilish kerak.
V. Noroziliklarni bayon etish tartibi
11. Preparat ushbu Qoʻllanma talablariga muvofiq kelmagan taqdirda, uning qoʻllanilishi toʻxtatilib, bu haqida Oʻzbekiston veterinariya preparatlari davlat ilmiy nazorat laboratoriyasiga quyidagi manzil boʻyicha murojaat qilinadi: 100178, Toshkent sh., A.Yunusov koʻchasi, 1a uy. Tel./faks: 228-76-14, 229-30-47. E-mail: [email protected]. Bir vaqtning oʻzida laboratoriyaga preparatning laboratoriya bilan kelishilgan miqdordagi ochilmagan oʻramlari va preparatning qoʻllanmaga muvofiq kelmasligining toʻliq tavsifi joʻnatiladi.
