Granulin ® (eritma) preparatini veterinariyada qoʻllash boʻyicha qoʻllanmani tasdiqlash toʻgʻrisida (50-son)
19.03.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi davlat veterinariya bosh boshqarmasi boshligʻining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2008-yil 2-aprel 20-15-89/11-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi 03-38-144-sonli bayoniga muvofiq buyuraman:
1. “Granulin® (eritma) preparatini veterinariyada qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur Qoʻllanma tasdiqlanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan 2007-yil 14-sentabrda tasdiqlangan “Granulin® (eritma) preparatini veterinariyada qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Boshliq v.v.b. M. YUSUPOV
Toshkent sh.,
2008-yil 19-mart,
50-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining 2008-yil 19-martdagi 50-sonli buyrugʻi bilan “TASDIQLANGAN”
Granulin® (eritma) preparatini veterinariyada qoʻllash boʻyicha
Qoʻllanma
I. Umumiy maʼlumotlar
1. Granulin® eritmasi — 100 ml tarkibida faol taʼsir etuvchi moddalari sifatida — 0,37 g etakridin laktat, 0,37 g akriflavin xlorid, 0,74 g metiltionin xlorid, 2,22 g salitsil kislotasi va yordamchi komponentlari sifatida kanakunjut moyi, 96 % li etanol, tozalangan suvli preparat.
2. Preparat tashqi koʻrinishiga koʻra, plastmassa flakonlarga 200 ml dan qadoqlangan, toʻq-yashil rangli suyuqlik.
3. Granulin® eritmasi xona haroratida (15—25°S), yorugʻlik tushmaydigan, bolalar qoʻli yetmaydigan joyda saqlanadi.
Preparatning yaroqlilik muddati saqlash shartlariga rioya qilinganda tayyorlangan kunidan boshlab 5 yil.
II. Farmakologik xususiyatlari
4. Preparat tarkibidagi akridin boʻyoqlari, asosan grammusbat mikroorganizmlarga nisbatan antiseptik taʼsir koʻrsatadi. Salitsil kislotasi yaralarning granulatsiyasi va epitelizatsiyasini tezlashtiradi hamda keratoplastik taʼsir koʻrsatadi, yalligʻlantiruvchi taʼsirlarni kamaytiradi.
III. Qoʻllash tartibi
5. Granulin® eritmasi yangi infeksiyalangan jarohatlarda, dekubital jarohat va yaralarda, ekzema va dermatitlarda, hoʻllanuvchi jarohat va yaralarda, tuyoq fistulalarida qoʻllaniladi.
6. Preparat sirtga qoʻllaniladi.
Eritma avval xirurgik ishlov berilgan, jarohatlangan joylarga har kuni yoki kunora surtiladi. Hoʻllanib turuvchi yara va ekzemalarda jarohatlangan qismni dastlab yuviladi va quritiladi.
7. Qarshi koʻrsatmalar. Preparat tarkibiga kiruvchi komponentlarga oʻta taʼsirchanlik.
8. Qoʻshimcha asoratlar. Akriflavin shilliq pardalarga qoʻllanganda kuchsiz qoʻzgʻatuvchi taʼsirga ega. Yuqori konsentratsiyalarda qoʻllanilganda (5%) nekroz, toʻqimalarning boʻyalishi va fotosensibilizatsiyani chaqirishi mumkin.
9. Hayvonlarni soʻyish va chorvachilik mahsulotlaridan foydalanishga cheklovlarsiz yoʻl qoʻyiladi.
IV. Maxsus ehtiyotkorlik choralari
10. Preparat, uning qoldiqlari va oʻrami atrof muhitga zarar yetkazmaydi.
V. Noroziliklarni bayon etish tartibi
11. Preparat ushbu Qoʻllanma talablariga muvofiq kelmagan taqdirda, uning qoʻllanilishi toʻxtatilib, bu haqida Oʻzbekiston veterinariya preparatlari davlat ilmiy nazorat laboratoriyasiga quyidagi manzil boʻyicha murojaat qilinadi; 100178, Toshkent sh., A.Yunusov koʻchasi, 1a uy. Tel./faks: 228-76-14, 229-30-47. E-mail: [email protected]. Bir vaqtning oʻzida laboratoriyaga preparatning laboratoriya bilan kelishilgan miqdordagi ochilmagan oʻramlari va preparatning qoʻllanmaga” muvofiq kelmasligining toʻliq tavsifi joʻnatiladi.
