Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini nazorat qilishda qoʻllaniladigan akustik-emission apparatlarga qoʻyiladigan talablarni tasdiqlash haqida (131-son)
26.06.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi “Sanoatkontexnazorat” boshligʻining
Buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan, 2009-yil 29-iyuldagi 6-15/13-5890/6-son]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyul 323-sonli “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E. Shoismatov tomonidan 2007-yil 21 mayda tasdiqlangan Sanoat xavfsizligi sohasidagi meʼyoriy-huquqiy va meʼyoriy texnik hujjatlarni tayyorlash jadvaliga asosan buyuraman:
1. Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini nazorat qilishda qoʻllaniladigan akustik emission apparatlarga qoʻyiladigan talablar tasdiqlansin.
2. Ushbu Talablar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilib, normativ texnik hujjatlar jumlasiga kiritilgach kuchga kiritilsin va koʻpaytirilsin.
Inspeksiya boshligʻi I. XOLMATOV
Toshkent sh.,
2009-yil 26-iyun,
131-son
“Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasining 2009-yil 26-iyundagi 131-sonli buyrugʻi bilan TASDIQLANDI
XAVFLI IShLAB ChIQARISh OBYEKTLARINI NAZORAT QILIShDA QOʻLLANILADIGAN AKUSTIK-EMISSION APPARATLARGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
“Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini nazorat qilishda qoʻllaniladigan akustik-emission apparatlarga qoʻyiladigan talablar” Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 28-sentabrdagi OʻRQ-57-sonli “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi 323-sonli “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqildi.
Mazkur hujjat sinovlar jarayonida akustik-emissiya (AE) apparatlari (apparat vositalari)ning texnik tavsiflari va parametrlarini aniqlashda qoʻllash uchun moʻljallangan. Mazkur hujjat sinovlar jarayonida AE apparatlarining parametrlari va texnik tavsiflarini aniqlash usullari va vositalarini belgilab beradi. Hujjat AE apparatlarining birlamchi va davriy sinovlarida yoki apparatlardagi nosozliklar bartaraf etilgandan keyin qoʻllanilishi lozim.
AE asbobining texnik hujjatlarida ishlab chiqaruvchi tomonidan asbob parametrlarining qiymatlarini aniqlash koʻzda tutilgan hollarda ishlab chiqaruvchi usullari mazkur hujjatda bayon etilgan usullar bilan birgalikda qoʻllanilishi kerak.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Apparatlar nazorat obyektida nuqsonlarning yuzaga kelishi, mavjudligi va ularning rivojlanish jarayonini buzmaydigan akustik-emission nazoratini bajarishda qoʻllaniladigan akustik-elektron qurilmalardan tashkil topadi. Akustik emissiya usuli akustik nazorat turiga mansub boʻlib, maʼlumot olish sxemasiga koʻra passiv usul hisoblanadi. Bu asosiy vazifasi AE signallarni qabul qilish va identifikatsiyalash, ularni kuchaytirish, qayta ishlash, signal parametrlari qiymatlarini ajratish va aniqlash, maʼlumotlarni qayd qilish va taqdim etish boʻlgan apparatlarning strukturasini belgilab beradi.
2. Materiallarning plastik deformatsiyasi va buzilishida akustik-emission jarayon stoxastik (tasodifiy) impulsli jarayon hisoblanadi. Ishchi jismning ishqalanishi va emirilishi uzluksiz AE bilan birga kechadi. AE turi signallarni qayta ishlash usullari, asboblarning ajratiladigan parametrlari va strukturasini belgilaydi.
3. Nisbatan katta dinamik diapazonda ishlash zaruriyati AE apparatlarining oʻziga xos jihati hisoblanadi. Bu kichik amplitudali alohida AE signallarni aniqlashning ahamiyati, shuningdek nisbatan katta amplitudali intensiv impulslar oqimi bilan ajralib turadigan darzlarning jadal rivojlanishida AE signallarni qayd qilish zaruriyatidan kelib chiqadi. Nazorat oʻtkazish paytida AE signallarning dinamik diapazoni 100 dB ga etishi va undan ortiq boʻlishi mumkin.
4. AE usul texnik vositalari obyektlarni nazorat qilish va AE signal parametrlari qiymatlarini aniqlash vositalari hisoblanadi. Ular sertifikatlashtirish sinovlari jarayonida har qaysi AE tizimi (asbobi) uchun aniqlanishi talab etiladigan parametrlar va texnik tavsiflarga ega.
5. Akustik emissiya asboblari blok yoki komponentlari parametrlarining qiymatlari va texnik tavsiflarini nazorat qilish va aniqlash usullari hamda bajarilgan operatsiyalar natijalari hujjatlar bilan rasmiylashtirilishi kerak.
6. Zamonaviy AE tizimlarda maʼlumotlarni yigʻish, toʻplash, taqdim etish va tahlil qilishni boshqarish uchun protsessorlar (mini yoki mikrokompyuterlar) va periferiya qurilmalari ishlatiladi. Qoʻllaniladigan AE tizimi hisoblash bloklari mustaqil bloklar — AE apparatlarining nomaxsus qismi sifatida qaraladi. Shuning uchun EHM larni oʻz ichiga olgan AE tizimlarini attestatsiya qilishda hisoblash texnikasi va uning periferiyasi ishlab chiqaruvchilarining tavsiyalaridan foydalanish lozim. Hujjat EHM va uning periferiyasini sinovdan oʻtkazishga joriy etilmaydi.
II bob. Akustik-emission nazorat vositalarining tavsifi
7. AE vositalari murakkabligiga qarab asboblar va tizimlarga ajratiladi. AE asboblari quyidagilarga ajratiladi:
bir kanalli;
ikki kanalli;
toʻrt kanalli;
koʻp kanalli.
8. AE tizimlari apparat vositalari, hisoblash qurilmalari va maxsus dasturiy taʼminot yigʻindisidan tashkil topgan koʻp kanalli murakkab qurilma boʻlib, maxsus protsessorlar, shuningdek universal EHM larni oʻz ichiga oladi.
9. Ishlatiladigan joyiga qarab AE tizimi apparat vositalari quyidagilarga ajratiladi:
laboratoriya apparatlari;
dala apparatlari.
Ishlatish usuliga qoʻra ular quyidagilarga ajratiladi:
statsionar apparatlar;
mobil (harakatlanuvchi texnik vositalarga oʻrnatilgan) apparatlar;
koʻchma apparatlar.
Qoʻllanilish sohasiga koʻra:
universal apparatlar;
ixtisoslashgan apparatlar.
10. Sinflar boʻyicha AE nazorati apparat vositalari AE nazorati paytida olinadigan maʼlumot hajmiga koʻra toʻrtta sinfga ajratiladi:
a) I sinf apparatlar — “Idishlar, apparatlar, qozonlar va texnologik quvurlarning akustik-emission nazoratini tashkil etish va oʻtkazish qoidalari”ga toʻliq muvofiq holda AE manbalarini ajratish, qayta ishlash, taqdim etish va tasniflashni taʼminlovchi apparatlar. I sinf apparatlarga universal AE tizimlari kiradi.
b) II sinf apparatlar — “Idishlar, apparatlar, qozonlar va texnologik quvurlarning akustik-emission nazoratini tashkil etish va oʻtkazish qoidalari”da koʻrsatilgan parametrlarning bir yoki bir nechtasi, lekin koʻpi bilan 25% boʻyicha AE manbalarini ajratish, qayta ishlash, taqdim etish va tasniflashni taʼminlamaydigan apparatlar. II sinf apparatlarga keng sohada qoʻllaniladigan AE asboblari kiradi.
v) III sinf apparatlar — “Idishlar, apparatlar, qozonlar va texnologik quvurlarning akustik-emission nazoratini tashkil etish va oʻtkazish qoidalari”da koʻrsatilgan parametrlarning 25% — 50% boʻyicha AE manbalarini ajratish, qayta ishlash, taqdim etish va tasniflashni taʼminlamaydigan apparatlar. III sinf apparatlarga ixtisoslashgan AE asboblari kiradi.
g) IV sinf apparatlar — “Idishlar, apparatlar, qozonlar va texnologik quvurlarning akustik-emission nazoratini tashkil etish va oʻtkazish qoidalari”da koʻrsatilgan parametrlarning 50% dan ortigʻi boʻyicha AE manbalarini ajratish, qayta ishlash, taqdim etish va tasniflashni taʼminlamaydigan apparatlar. IV sinf apparatlarga tor ixtisosdagi AE asboblari kiradi.
11. Mazkur hujjatda koʻrsatilgan barcha talablar I va II sinf apparatlarga taalluqli.
III bob. Akustik-emissiya apparatlarining tarkibi
12. AE apparatlari tarkibiga quyidagi bloklar kiradi:
AE oʻzgartirgichlar (AEOʻ);
dastlabki va asosiy kuchaytirgichlar;
signallarni identifikatsiyalash va qayta ishlash, AE signallarning parametrlarini ajratish va oʻlchash, maʼlumotlarni qayd qilish va taqdim etish vositalari, shu jumladan boʻsagʻa qurilmalari;
yordamchi parametrlarni oʻlchash vositalari;
kontrollerlar.
AE apparatlari tarkibiga, shuningdek buyurtmachi bilan kelishilgan holda, EHM, akustik oʻzgartirgichlarni mahkamlash qurilmalari, kabel liniyalari, yordamchi fizik kattaliklarni qayd etish datchiklari va foydalanish xususiyatlarini hisobga olgan holda boshqa uskunalar kiritilishi mumkin. AE oʻzgartirgichlarga qoʻyiladigan talablar va ularni kalibrlash usullari “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini nazorat qilish uchun qoʻllaniladigan akustik emissiya oʻzgartirgichlariga qoʻyiladigan talablar”da beriladi.
IV bob. Akustik-emissiya apparatlarining parametrlari va texnik tavsiflari
13. AE apparatlarining ishlashini tavsiflovchi texnik maʼlumotlar asosiy (parametrlar va texnik tavsiflar) va umumiy (parametrlar va texnik tavsiflar)ga ajratiladi.
AE apparatlarining asosiy parametrlari va texnik tavsiflari — bu nazorat qilinadigan obyektning holatini baholash uchun muhim ahamiyatga ega, AE nazorati amaliyotida tez-tez va adekvat holda ishlatiladigan texnik maʼlumotlardir. Qolgan barcha texnik maʼlumotlar umumiy maʼlumotlar toifasiga kiradi. AE apparatlarining asosiy parametrlari va texnik tavsiflari apparatlarning pasportida koʻrsatilishi kerak va ular attestatsiya obyekti hisoblanadi.
14. AE apparatlarining asosiy parametrlari va texnik tavsiflariga quyidagilar kiradi:
a) kuchaytiruvchi traktning oʻz shovqinlari darajasi, ish;
b) dinamik amplituda diapazoni;
v) ishchi chastotalar diapazoni;
g) amplituda-chastota tavsifi (AChT);
d) AE impulslarni qayta ishlashning maksimal tezligi;
e) apparatlarning kanallari soni;
j) oʻlchanadigan AE signal parametrlarining roʻyxati;
z) AE apparatlarining oʻlchanadigan parametrlari roʻyxati.
15. Quyidagilar AE apparatlarining umumiy parametrlari va texnik tavsiflari hisoblanadi:
a) elektr toki kuchlanishi;
b) isteʼmol qilinadigan quvvat;
v) apparatlarning iqlimiy va texnik ish sharoitlari (namlik, harorat va h. k.);
g) apparatlarning massasi;
d) apparatlar va alohida bloklarning gabarit oʻlchamlari;
e) apparat bloklarining soni.
V bob. Akustik-emissiya apparatlarining parametrlari va texnik tavsiflariga qoʻyiladigan talablar
16. “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi nazorati ostidagi obyektlarni nazorat qilish uchun ishlatiladigan akustik emissiya apparatlarining parametrlari va texnik tavsiflariga quyidagi talablar qoʻyiladi:
a) kuchaytiruvchi trakt oʻz shovqinlari kuchlanishining kuchaytiruvchi trakt kirishiga keltirilgan samarali qiymati (uning kirishining qisqa tutashuv rejimida) 5 μV dan oshmasligi kerak;
b) AE signal amplitudasini oʻlchash dinamik diapazoni kamida 60 dB boʻlishi kerak;
v) apparatlarning ishchi chastotatalari diapazoni 10,0 kHz — 1,0 MHz doirasida boʻlishi kerak. Kesma chastotalarning maksimal chetga chiqishi kesma nominal chastotalarining 10% dan oshmasligi kerak.
Tartib buzilganda ishchi diapazon tashqarisidagi kesma chastotalariga nisbatan oktavadagi (2-marta) kuchsizlanish AE apparatlarning har qaysi kanali boʻyicha, odatda, kamida 30 dB boʻlishi kerak. Amplituda-chastota tavsifining notekisligi ± 3 dB dan oshmasligi kerak.
g) chastotalarning ishchi diapazoni oʻrtacha geometrik chastotada oʻlchanganda AE signal amplitudasining oʻlchov xatoligi ± 2 dB dan oshmasligi kerak.
d) kirishga keltirilgan boʻsagʻa kuchlanishni rostlash diapazoni: 20 dB — 80 dB (kuchaytiruvchi trakt kirishida nisbatan 1 μV), imkoniyat 1 dB;
e) belgilangan boʻsagʻa bilan bir qatorda “oʻzgaruvchan boʻsagʻa” ham qoʻllanilishi mumkin, boʻsagʻa darajasining oʻrtacha kvadrat shovqin darajasi qiymatidan oshishi 10 ÷ 20 dB doirasida tartibga solinishi kerak;
j) apparatlarda AE energiyasi (energetik parametrlari)ni hisoblash bloki boʻlishi kerak;
z) apparatlarning belgilanadigan vaqtinchalik parametrlari (AE impulsining maksimal qiymatini nazorat qilish oraligʻi, impuls davomiyligi, impulsning tugashi): 50 μs ÷ 65 ms;
i) apparatlarda belgilangan boʻsagʻadan oshganda ishga tushadigan yorugʻlik va (yoki) tovush signalizatsiyasi boʻlishi kerak;
k) AE signalning kelib tushishi vaqtini qayd qilishda: imkoniyat koʻpi bilan 1 μs;
l) signal davomiyligini oʻlchash diapazoni: kamida 65 ms, imkoniyat koʻpi bilan 1 μs;
m) chiqishlar (impulsda) sonini oʻlchash diapazoni: kamida 65000, imkoniyat 1;
n) signalning oʻsib borish (maksimal qiymatga etish) vaqtini oʻlchash diapazoni: kamida 65 ms, imkoniyat koʻpi bilan 1 μs;
o) bir kanalli rejimda ishlaganda AE signallarni qayta ishlash tezligi: kamida 1000 1/s;
p) apparatlar AE signallarning birlamchi parametrlarini va ularning bogʻlanishlarini qayd qilish va kamida 10 yilga arxivlashni taʼminlashi kerak;
r) har qaysi kanal boʻyicha akustik-emissiya signallarining birlamchi oʻlchanadigan parametrlarini baholash generator (imitator) tomonidan beriladigan signal parametrlari qiymatlarini apparatlarda oʻlchangan qiymat bilan taqqoslash orqali amalga oshiriladi. Nisbiy xatolik quyidagicha boʻlishi kerak:
vaqtinchalik parametrlar uchun — koʻpi bilan 0,5 % ± 1 μs;
boshqa parametrlar uchun — koʻpi bilan 2 dB.
Oʻlchovlar asbob ishchi chastotalari diapazonining oʻrtacha geometrik chastotasida bajariladi.
s) parametrik kanal parametrlar oʻlchovining dinamik diapazonini kamida 60 dB boʻlishini taʼminlashi kerak;
t) apparatlarda apparat yoki dastur darajasida tayyorlangan yuklanish sikllari sonini hisoblagich boʻlishi tavsiya etiladi;
u) tok kuchlanishi: oʻzgaruvchan tok, kuchlanish 127 V ÷ 220 V;
doimiy tok, kuchlanish 12V ÷ 24V;
f) isteʼmol qilinadigan quvvat: 2,5 kVA gacha.
VI bob. Akustik-emissiya apparatlarining aniqlanadigan parametrlari va texnik tavsiflari
17. AE apparatlarining quyidagi parametrlari va texnik tavsiflari aniqlanishi kerak:
kuchaytiruvchi traktning kirishga keltirilgan oʻz shovqinlari kuchlanishi;
ishchi chastotalar diapazoni;
amplituda-chastota tavsif notekisligi;
signalning ishchi diapazon doirasidan tashqari kuchsizlanishi;
kuchaytiruvchi traktning kuchayish koeffitsiyenti qiymati (zarur hollarda);
AE signal amplitudasini oʻlchashning dinamik diapazoni;
boʻsagʻa darajalar;
AE impulslarini qayta ishlash tezligi;
AE signallarning oʻlchanadigan (hisoblanadigan) AE parametrlari;
AE impulsning amplitudasi, davomiyligi, chiqishlar soni, impulslar soni, AE impulsni etib kelish vaqti.
18. AE signallarning energiyasi apparatlarning texnik hujjatlarida koʻrsatilgan tegishli ifodalar yordamida aniqlanadi.
VII bob. Akustik-emissiya apparatlarini sinashda ularning parametrlarini oʻlchash tartibi
19. AE apparatlarini chiqarishda ishlab chiqaruvchi ularning parametrlari va texnik tavsiflarini oʻlchashi shart.
20. Oʻlchovlar natijalari bayonnomada qayd etilishi kerak.
21. Apparatlarning asosiy parametrlari va texnik tavsiflari ularning texnik pasportida berilgan boʻlishi kerak.
22. Shuningdek, buyurtmachining talabi boʻyicha unga zarur umumiy parametrlar va texnik tavsiflar taqdim etilishi kerak.
23. AE apparatlarning egasi har yil apparatlarning asosiy parametrlari va texnik tavsiflarini oʻlchagan holda ularning nazorat sinovlari (tekshiruvlari)ni oʻtkazishi kerak.
24. Sinovlar potensial xavfli ishlab chiqarishlar va obyektlar uskunalarini nazorat qilish va sinovdan oʻtkazish dasturlari, usullarini ekspertizadan oʻtkazish (xulosa bergan holda) uchun “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasining ruxsatnomasi (litsenziyasi)ga ega boʻlgan ekspertiza tashkilotlari tomonidan bajariladi.
25. AE apparatlarini sinovdan oʻtkazishda operatsiyalarni bajarish ketma-ketligi:
1) AE apparatlari bloklari va uzellarini tashqi koʻzdan kechirish va ularning ishlash qobiliyatini tekshirish.
2) Ishchi chastotalar diapazonini, amplituda-chastota tavsif notekisligini va AE signalning ishchi chastotalar diapazoni doirasidan tashqarida kuchsizlanishini oʻlchash.
3) Kuchaytiruvchi traktning oʻz shovqinlarini aniqlash.
4) Kuchaytiruvchi traktning kuchayish koeffitsiyentlarini oʻlchash.
5) Oʻlchov traktining dinamik amplituda diapazonini oʻlchash.
6) Akustik-emissiyaning oʻlchanadigan birlamchi parametrlarini aniqlash.
26. Apparatlarni ishlab chiqaruvchi ularning barcha parametrlari va texnik tavsiflarini mazkur hujjatning 14, 15, 17, 18-bandlarida belgilangan toʻliq hajmda oʻlchash va aniqlash ishlarini bajaradi. Foydalanuvchi bu operatsiyalarni faqat asosiy parametrlar (14-band) va texnik tavsiflar uchun bajarishi mumkin.
27. AE apparatlari parametrlarini aniqlash operatsiyalari va ularni bajarish tartibiga sinovlar jarayonida aniqlik kiritilishi mumkin.
VIII bob. Sinov shartlari
28. AE apparatlar sinovlarini oʻtkazishda quyidagi shartlar bajarilishi kerak:
xonadagi havoning harorati 20 ± 5° S;
havoning nisbiy namligi 65 ± 15%;
atmosfera bosimi 100 ± 4 kRa (750 ± 30 mm Hg);
elektr tarmogʻidagi kuchlanish 220 ± 4,4 V;
elektr tarmogʻidagi chastota 50 ± 0,5 Hz.
29. Apparatlarni sinovdan oʻtkazishdan oldin barcha asboblar yerga ulanishi kerak.
30. Apparatlar jamlamasi bilan ishlaganda “Elektr qurilmalarining tuzilishi qoidalari” (EQTQ), “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari” (TFQ), “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda xavfsizlik texnikasi qoidalari” (XTQ)ga muvofiq xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilinishi kerak.
IX bob. Akustik-emissiya apparatlarini sinovdan oʻtkazishda qoʻllaniladigan texnik vositalar. Sinovlarni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish
31. AE apparatlari sinovlarini oʻtkazishda jadvalda keltirilgan asbob va uskunalardan foydalanish tavsiya etiladi. Asboblarning taxminiy turlari va asosiy parametrlari koʻrsatilgan.
32. Sinovlarni oʻtkazishdan oldin ishlab chiqaruvchi tomonidan yetkazib berilayotgan apparatlarga oid “Texnik tavsif va foydalanish boʻyicha yoʻriqnoma”ga muvofiq apparatlarni soz holatga keltirish boʻyicha tayyorgarlik ishlari bajarilishi kerak.
X bob. Akustik-emission apparatlarning parametrlarini oʻlchash
§ 1. Umumiy talablar
33. Apparatlarning parametrlari va texnik tavsiflarini oʻlchash ishlarini bajarishdan oldin apparatlar mexanik shikastlarni bartaraf etish yoki ularning elektr parametrlarga koʻrsatadigan taʼsirini baholash maqsadida ularni aniqlash uchun tashqi koʻrikdan oʻtkazilishi lozim.
34. Apparatlarning 17, 18-bandlarda koʻrsatilgan asosiy parametrlari va texnik tavsiflari majburiy tarzda oʻlchanishi shart. Bunda AE asbobi koʻrsatkichlarining nazorat qilishda foydalaniladigan AE signal parametrlari uchun dinamik diapazoni va xatoliklari, shu jumladan quyidagi parametrlar, baholanishi lozim:
amplituda;
davomiylik;
oʻsib borish vaqti (jamlama tarkibiga kiruvchi AE oʻzgartirgichlar bilan birgalikda yoki elektron AE imitator yordamida oʻlchanadi);
energiya, yoki energetik parametrlar;
AE impulslarning etib kelish vaqtini oʻlchash diapazoni va xatoliklari (AE manba koordinatalarini aniqlash maqsadida);
summar hisob;
hisob tezligi;
impulslar soni;
faollik.
35. AE apparatlarida asosiy parametrlarni oʻlchashni taʼminlovchi chiqishlar boʻlishi kerak.
36. Oʻtkazilgan sinovlar natijalari boʻyicha hisobot va bayonnoma tuziladi.
§ 2. Chastota tavsifi va chastota mintaqalarini aniqlash
37. Oʻlchov sxemasi 1-rasmda berilgan. U oldindan kuchaytirgich, filtrlar, asosiy kuchaytirgich, ulovchi kabellarni oʻz ichiga oladi.
1-rasm.
38. Kesma chastotalari oʻrtasida joylashgan va amplituda-chastota tavsifi qiymatlari uning oʻrtacha geometrik chastotadagi qiymatiga nisbatan 3 dB ga kam boʻlgan soha asbob (tizim) elektron qismining ishchi chastotalari diapazoni hisoblanadi. Apparatlarning texnik hujjatlarida koʻrsatilgan asbob oʻtkazish mintaqasining yuqori va pastki chastotalari oʻrtacha geometrik qiymatiga teng chastota (fsg) oʻrtacha geometrik (OʻG) chastota hisoblanadi. U quyidagi formula yordamida hisoblanadi:
bu yerda ƒH — kesmaning nominal pastki chastotasi, ƒH — kesmaning nominal yuqori chastotasi.
39. Asbobning amplituda-chastota tavsifi (AChT)ni oʻlchashda oʻlchov generatorining rostlash chastotasi AE asbobi OʻG chastotasi qiymatiga teng qiymatda oʻrnatiladi. Generatorning kuchlanish amplitudasi kuchaytirgich zoʻriqmaydigan darajaga keltiriladi. Generator chastotasi AE asbobining kuchaytirgich trakti chiqishidagi amplituda OʻG chastota miqdoriga nisbatan 3 dB ga kamaygunga qadar kamaytirib boriladi. Hosil boʻlgan chastota AE asbobi (tizimi) ishchi chastotalarining pastki chastotasi hisoblanadi. AE asbobi (tizimi) ishchi chastotalarining yuqori chastotasi ham shu singari oʻlchanadi.
40. Kuchaytiruvchi traktning chiqish signali oʻrtacha kvadrat qiymat voltmetri bilan oʻlchanadi. Signal kattaligi avtomat tarzda yoki qoʻlda yozib boriladi. Kuchlanishlar shkalasini detsibelda (dB) berish tavsiya etiladi. Chastota shkalasi chiziqli yoki logarifm koʻrinishida berilishi mumkin.
41. Ishchi chastotalar diapazonini aniqlash uchun spektr analizatori va svipgenerator yoki oq shovqin manbai ishlatilishi mumkin. Oq shovqin generatori ishlatilganda u kirishga ulanadi, spektr analizatori esa chastota tavsifini yozib olish uchun chiqishga ulanadi.
§ 3. Kuchayishni oʻlchash
42. Kuchayishning umumiy koeffitsiyenti 1-rasmda keltirilgan sxema yordamida oʻlchanishi lozim. Oʻlchov generatori ishchi chastotaga oʻrnatiladi. Zoʻriqish natijasida natijalarning buzilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun generator amplitudasi qiymati asbobning dinamik diapazoni doirasida belgilanadi. Generatorga ulangan voltmetr koʻrsatkichi 1 V qiymatga qoʻyiladi. Attenyuatorda kutilayotgan umumiy kuchayishga nisbatan kattaroq qiymat belgilanadi. Shundan keyin voltmetr asbobning chiqishiga ulanadi. Attenyuator voltmetrdagi qiymatni 1 V ga keltirgan holda rostlanadi. Umumiy kuchayish attenyuator koʻrsatkichlari qiymatlarining farqiga teng boʻladi.
§ 4. Dinamik diapazonni oʻlchash
43. Boʻsagʻa qurilmasi yoki komparator blok boʻlmagan asbobning dinamik diapazoni — bu zoʻriqish nuqtasidagi signal oʻrtacha kvadrat qiymatining shovqinlar oʻrtacha kvadrat qiymatiga nisbatidir. Shovqin tavsiflarini aniqlash va signalning zoʻriqish nuqtasini nazorat qilish uchun ossillografdan foydalaniladi.
44. Dinamik diapazon detsibellarda quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
bu yerda UCK — chiqish kuchlanishining oʻrtacha kvadrat qiymati, Ush — chiqish shovqinining oʻrtacha kvadrat qiymati.
Boʻsagʻa qurilmasiga ega apparatlar uchun dinamik diapazon — bu buzilmagan signal maksimal qiymatining boʻsagʻa minimal qiymati darajasiga nisbatidir. Dinamik diapazonni aniqlash uchun quyidagi ifoda ishlatiladi:
bu yerda: D — asbob (tizim)ning dinamik diapazoni, umax — eng katga amplitudali signallar buzilmagan holda oʻtadigan boʻsagʻa qiymati, Thmin — kirishda signal boʻlmagan holda sekundiga 1 tadan kam chiqish qayd qilinadigan boʻsagʻa qiymati.
45. Asbob (tizim) kuchaytiruvchi traktining oʻz shovqinlari darajasi asbob (tizim) kirishining qisqa tutashuvi rejimida oʻlchanishi lozim. Oʻrtacha kvadrat kuchlanish asbobning chiqishi (Uvix)da oʻlchanadi.
46. Zoʻriqish 1-rasmda koʻrsatilgani singari oʻzgartirgichni sinusoidal signal generatori bilan almashtirish orqali oʻlchanadi. Chastota qiymati asbob oʻtkazish mintaqasining oʻrtacha geometrik chastotasi sifatida tanlanadi. Generator kuchlanishi 1 Vga teng boʻlgan quloch qiymatiga keltiriladi va ossillograf Uoss. koʻrsatkichi boʻyicha nazorat qilinadi. Oldindan kuchaytirgichga berilayotgan signal amplitudasi asbobning chiqishi (Uvix)dagi kuchlanish amplitudasi tegishli kirish signali qiymatidan 2 dBga kam darajaga etgunga qadar attenyuator yordamida oshiriladi.
Izoh: AE asbobning dala sharoitida oʻlchangan dinamik diapazoni tashqi shovqinlar va navodkalar (tashqi, shuningdek asbobning raqamli bloklari ishlaganda yuzaga keladigan) taʼsiri natijasida laboratoriya sharoitida olingan dinamik diapazondan ancha farq qilishi mumkin.
§ 5. Signallarga qayta ishlov berish tezligini oʻlchash
47. AE signallarga ishlov berishning chegaraviy tezligi koʻp hollarda asbob oʻlik vaqt bilan aniqlanadi. Asbob oʻlik vaqt asbobning konstruksiyasi va maʼlumotlarni qayta ishlashning qabul qilingan tizimiga qarab oʻzgaruvchan va oʻzgarmas komponentdan tashkil topgan boʻlishi mumkin. Oʻlik vaqt qayta ishlash vaqti va blokirovka vaqtini oʻz ichiga oladi. Qayta ishlash vaqti asbobning konstruksiyasi bilan belgilanadi va impulslarning qayta ishlanadigan parametrlari soniga bogʻliq boʻladi. Operator boshqarishi mumkin boʻlgan blokirovka vaqti yangi impuls qabul qilingunga qadar vaqtinchalik ushlanishni belgilash uchun ishlatiladi.
48. Pasportda koʻrsatilgan barcha parametrlar oʻlchanishini hisobga olgan holda tizimning oʻlik vaqtini oʻlchash ishlari elektron AE imitator yordamida quyidagicha bajariladi:
a) elektron imitator chiqishidan muayyan davomiylikka ega (masalan, 100 μs) va toʻldirish chastotasi asbobning oʻrtacha geometrik chastotasiga teng boʻlgan radioimpuls yuboriladi. Takrorlanish chastotasi qayd qilinadigan impulslar chastotasi barcha parametrlar uchun imitatorning takrorlash chastotasiga teng boʻlishi hisobidan tanlanadi;
b) imitator impulslarining takrorlanish chastotasi kuzatilayotgan takrorlanish chastotasi imitator chastotasiga toʻgʻri kelmay qolgunga qadar oshiriladi;
v) ushbu kattalik maksimal takrorlanish chastotasi sifatida qayd etiladi.
49. Oʻlik vaqt (Tm) quyidagi formula yordamida aniqlanadi:
Tm = (1/Fu) -Tu,
bu yerda Tu — imitator impulsi davomiyligi, Gʻu — imitator impulslarining takrorlanish chastotasi.
§ 6. Boʻsagʻa darajasini oʻlchash
50. AE asboblarda AE impulsni qayd qilish paytida AE signali amplitudasining boʻsagʻa darajasidan oshishi tamoyili qoʻllaniladi. Bu daraja oʻzgarmas va oʻzgaruvchan (avtomatik) boʻlishi mumkin.
51. Oʻzgarmas boʻsagʻa darajasini oʻlchash quyidagicha amalga oshiriladi (1-rasm):
AE asbobi kirishiga generator (imitator)dan attenyuator orqali impuls signal yuboriladi;
attenyuatorning chiqishi (asbobning kirishi)da asbob tomonidan signallar qayd qilina boshlaydigan signal amplitudasi qayd qilinadi;
asbobning kirishida taʼsir koʻrsatadigan signal amplitudasi, attenyuatorning boʻlinish koeffitsiyentini hisobga olgan holda, boʻsagʻa kuchlanishi sifatida qabul qilinadi;
boʻsagʻa kuchlanishi asbobning butun chastotalar mintaqasi boʻylab oʻlchanishi lozim, chunki aniqlashning boʻsagʻa tamoyilidan foydalanuvchi signallarni qayta ishlash bloklari chastotaga nisbatan sezgir boʻladi.
§ 7. AE signallarning informativ parametrlarini oʻlchash tavsiflarini tekshirish
52. AE parametrlar bogʻlanishlarining chiziqlilik chegaralari ularni AE tizimlar yordamida qayd qilish paytida elektron AE imitatortlardan foydalangan holda oʻlchanadi. Elektron AE imitator (buning uchun zarur oʻlchovlarni taʼminlovchi standart asboblar toʻplami ishlatilishi mumkin) impuls amplitudasi, davomiyligi, oʻsib borish vaqti va uning nisbiy kelib tushish vaqtini tartibga solishni taʼminlashi kerak. AE imitator impulsining energiyasi (yoki energetik parametri) apparatlarning texnik hujjatlarida keltirilgan ifodalar yordamida hisoblanadi.
Shuningdek, AE signallarning informatsion parametrlari apparatlar jamlamasi tarkibiga kiruvchi AEOʻ bilan birgalikda oʻlchanishi mumkin. Bunda AE signallarining akustik imitatorlari ishlatilishi kerak.
53 Har qaysi parametr uchun chegaralar yoki dinamik diapazon va bogʻlanishlar chiziqliligi, shu jumladan amplituda, davomiylik va oʻsib borish vaqtini quyidagicha hisoblash tavsiya etiladi:
a) AE imitator AE tekshiriladigan kanalning kirishiga ulanadi;
b) AE tizim nazorat qilinadigan parametrni yozib olish va chiqarishga rostlanadi;
v) avval oʻzgaradigan parametrlarning qiymatlari asbob pasporti boʻyicha tegishli parametr diapazoni (logarifmik shkalada keltirilgan) oʻrtasiga keltiriladi;
g) har qaysi parametrning yuqori chegaralarini oʻlchash uchun kirishda uning qiymati teng pogʻonalar (masalan, 6 dB) bilan oshirib boriladi va ushbu parametrning kuzatilayotgan kattaligi qayd qilinadi. Uning qiymati kirishdagi qiymatdan 16r-bandda koʻrsatilgan xatolik kattaligida farq qilgunga qadar oʻzgartirish davom ettiriladi;
d) har qaysi parametrning pastki chegaralarini oʻlchash uchun 53g-bandda koʻrsatilgan tarzda rostlanadi. Faqat bunda kirishda parametr qiymati kamaytiriladi.
54. AE signal energiyasi (energetik parametri) qiymati AE asbobi (tizimi)da ishlatiladigan usul boʻyicha hisoblanadi.
Energiyani hisoblash uchun quyidagi aniq ifodadan foydalanish tavsiya etiladi:
(1)
bu yerda Z — signal energiyasi hisoblanadigan zanjir impedansi (toʻliq qarshilik), u- signalning lahzalik qiymati. Energiya Joul (J)da beriladi. Quyidagi soddalashtirilgan ifodalar yordamida aniqlanadigan energiya va energetik parametrlardan foydalanish ruxsat etiladi:
E' = ku2m (2)
bu yerda im — impuls amplitudasi, k = e2/8V, e — natural logarifmlar asosi, V- AE oʻzgartirgichlarni oʻlchashda ishlatiladigan pasayish (AEOʻ impuls tasvifining pasayishi). Oʻlchami (V2 s).
(3)
bu yerda tm — impulsning davomiyligi (toʻgʻri burchakli radioimpulsni kalibrlash uchun qoʻllanilganda). Parametr oʻlchami (V s).
55. Koʻp kanalli elektron AE imitator tizimlar lokatsiyasining aniqligini tekshirish uchun qoʻllanilishi mumkin:
a) AE tizimi undan foydalanish boʻyicha koʻrsatmaga muvofiq manba lokatsiyasiga tayyorlanadi;
b) koʻp kanalli elektron AE imitator imitatsiya signallarining tegishli kanallarga yuborilishini taʼminlaydigan holda AE tizimiga ulanadi;
v) obyekt imitatsiyasi uchun tovush tezligi tanlanadi va imitatsiya qilinayotgan AE manba turgan joydan har qaysi antenna panjarasi oʻzgartirgichiga tarqalish vaqti hisoblanadi;
AE oʻzgartirgichlar holatini imitatsiya qilish uchun signallarning nisbiy etib kelish vaqtini modellashtirgan holda imitatorda tarqalish vaqtlaridagi farq kiritiladi;
g) displeyda paydo boʻlgan dastlabki imitatsiya signallariga toʻgʻri keladigan AE imitatorlari manbalarining koordinatalari qayd etiladi;
qoʻshni nuqta uchun T ning yangi qiymatlari hisoblanadi va kiritiladi;
imitatsiya manbaining kiritilgan va displeyda aks etgan holatlari oʻrtasidagi farq yozib olinadi;
ushbu AE imitatsiya manbalarining bunday pogʻonali siljishi manbaning displeydagi holati uning berilgan holatidan 10%ga yoki tizim ishlab chiqaruvchisi tomonidan belgilangan kattalikda farq qilgunga qadar antenna panjarasi markazidan chiziq (nur) boʻylab uzoqlashgan holda davom ettiriladi;
ishlab chiqaruvchi tomonidan berilgan tizimning texnik hujjatlarida belgilangan kattalikka nisbatan manba lokatsiyasi chiziqliligidagi xatolik baholanadi;
d) manbalarning lokatsiya koʻrsatkichlarini sinovdan oʻtkazish jarayoni panjara markazidan simmetriya oʻqi boʻylab turli yoʻnalishlarda yoʻnalgan ikki yoki undan ortiq (panjara simmetriyasiga qarab) nurlar uchun takrorlanishi kerak;
e) manbalarning lokatsiya jarayonini tizimning har qaysi koʻp kanalli panjarasi uchun takrorlash tavsiya etiladi.
XI bob. Oʻlchov natijalarini rasmiylashtirish
56. Apparatlar jamlamasini metrologik attestatsiyadan oʻtkazish natijalari boʻyicha hisobot hujjatlari rasmiylashtiriladi. Ularning tarkibiga bayonnoma, xulosa, sertifikat kiritilishi mumkin.
57. Attestatsiyadan oʻtkazilgan har qaysi apparatlar jamlamasiga sertifikat rasmiylashtiriladi va pasportiga qayd etiladi.
58. Foydalanish uchun yaroqsiz topilgan har qaysi apparatlar jamlamasiga xabarnoma beriladi.
XII bob. Yakuniy qoidalar
59. Ushbu “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini nazorati uchun foydalanadigan akustik-emission apparaturaga Talablar” “Oʻzbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati va “Oʻzkimyosanoat” Davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
“Oʻzbekneftgaz” MXK Boshqaruvi Raisi S. NAZAROV
Navoiy kon-metallurgiya kombinati DK Bosh direktori K.S. SANAKULOV
“Oʻzkimyosanoat” DAK Boshqaruvi Raisi G. I. IBRAGIMOV
Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini nazorat qilishda qoʻllaniladigan akustik-emission apparatlarga qoʻyiladigan talablarga 1-ILOVA
Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini nazorat qilishda qoʻllaniladigan akustik-emission apparatlarga qoʻyiladigan talablarga 2-ILOVA
Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini nazorat qilishda qoʻllaniladigan akustik-emission apparatlarga qoʻyiladigan talablarga 3-ILOVA
