Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish va amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (124-son)
16.06.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi “Sanoatkontexnazorat” boshligʻining
Buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan 2009-yil 16-iyul 6-15/12-5550/6-son]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi 323-sonli “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, buyuraman:
1. Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish va amalga oshirish qoidalari tasdiqlansin.
2. Mazkur qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olinganidan soʻng oʻn kun oʻtgach amalga kiritilsin.
Boshliq oʻrinbosari A.N. YuNUSOV
Toshkent sh.,
2009-yil 16-iyun,
124-son
“Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasining 2009-yil 16-iyuldagi 124-sonli buyrugʻi bilan “TASDIQLANDI”
XAVFLI IShLAB ChIQARISh OBYEKTLARIDA IShLAB ChIQARISh NAZORATINI TAShKIL ETISh VA AMALGA OShIRISh QOIDALARI
I bob. Umumiy qoidalar
1. “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish va amalga oshirish Qoidalari” Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 28-sentabrdagi “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi 57-OʻRQ-sonli Qonunining 18-moddasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi 323-sonli “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida ishlab chiqilgan.
Ushbu Qoidalar sanoat xavfsizligi talablariga rioya qilish uchun ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish va amalga oshirish tartibini oʻrnatadi va xavfli ishlab chiqarish obyektlari ekspluatatsiyasini amalga oshiruvchi, tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼiy nazar, barcha yuridik shaxslarga (bundan keyin — ishlab chiqarish nazorati, ishlatuvchi tashkilot tegishli nomlanadi), shuningdek maxsus vakolatga ega davlat tashkiloti yoki qaramogʻida xavfli ishlab chiqarish obyektlari bor boshqa davlat tashkilotlarga tarqatiladi, va ushbu soha faoliyatida oʻzaro aloqalarni tartibga keltiradi.
2. Sanoat xavfsizligi talablari, taqiqlash, cheklashlar va qonunchilik hujjatlarida bor, boshqa majburiy talablar, shuningdek rioya qilinishi sanoat xavfsizligini taʼminlaydigan meʼyoriy-texnik hujjatlarda aksini topgan shartlarni oʻz ichiga oladi.
Potensial xavfli ishlab chiqarish obyektlariga ega korxonalarda ishlarni xavfsiz olib borish boʻyicha qonunchilik va meʼyoriy-texnik hujjatlar talablarga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini Oʻzbekiston Respublikasi “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi taʼminlaydi.
II bob. Ishlab chiqarish nazorati haqida qoidalar
3. Ushbu Qoidalarga asoslanib, har bir foydalanuvchi tashkilot, ishlab chiqarish obyektlarining ixtisosliklarni hisobga olgan holda ishlab chiqarish nazorati haqida Nizomni tayyorlaydi.
Ishlab chiqarish nazorati haqidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi hududiy organlari bilan majburiy kelishilgan holda foydalanuvchi tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi. Foydalanuvchi tashkilotga nisbatan, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasiga boʻysunuvchi nazorat ostidagi tashkilotlar, belgilangan tartibda oʻz vakolatlari doirasida sanoat xavfsizligi sohasida meʼyoriy-huquqiy tartibga solishning ayrim vazifalarini, maxsus ruxsat beriladigan, tekshiruvdagi yoki nazoratdagi vazifalarni bu boʻysunuvchi tashkilotlar bilan Nizom kelishishni amalga oshirish huquqi beriladi.
4. Ishlab chiqarish nazorati — sanoat xavfsizligini boshqarish tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va xavfli ishlab chiqarish obyektlarining (xavfsiz) bexatar ishlashini, shuningdek bu obyektlarda avariyalarni oldini olish va avariya, hamda (noxush hodisa) kengayishiga yoʻl qoʻymaslik va ularning asoratlarini bartaraf etilishiga tayyorgarlikni taʼminlashga, qaratilgan tadbirlar kompleksini oʻtkazish yoʻli bilan foydalanuvchi (ishlatuvchi) tashkilot amalga oshiradi.
5. Ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish va amalga oshirish uchun, foydalanuvchi tashkilot rahbari va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq shunday vazifalar yuklatilgan shaxslar javobgardirlar.
6. “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi oʻzining hududiy inspeksiyalari va boʻysunuvchi tashkilotlari orqali nazorat ostidagi xavfli ishlab chiqarish obyektlarida ishlab chiqarish nazoratini tashkil qilish va amalga oshirish boʻyicha faoliyatni taʼminlaydi.
III bob. Sanoat xavfsizligi talablariga rioya qilish uchun ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish
7. Xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilot, quyidagilarni oʻz ichiga olib sanoat xavfsizligidagi belgilangan talablarni shu jumladan nazoratni tashkil qiladi va amalga oshiradi:
foydalanuvchi tashkilotda sanoat xavfsizligi holati tahlilini tegishli ekspertizasini;
sanoat xavfsizligi holatini yaxshilashga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqishni va atrof muhitga yetkazilayotgan zararning oldini olishni;
qonun hujjatlarida va meʼyoriy-texnik hujjatlarda belgilangan sanoat xavfsizligi talablariga rioya qilishi ustidan nazorat qilishni;
xavfli ishlab chiqarish obyektlarda avariyalarni oldini olishga qaratilgan ishlarni muvofiqlashtirishni va avariyalarning kengayishiga yoʻl qoʻymaslik, hamda ularning asoratlarini bartaraf etishga tayyorgarlikni taʼminlashni;
xavfli ishlab chiqarish obyektlarda ishlatilayotgan texnika moslamalarini zaruriy sinovlarini va texnik koʻriklarini oʻz vaqtida oʻtkazilish, nazorat oʻlchash vositalarini taʼmirlanishi va tekshirilishi nazoratini;
texnologik intizomga rioya qilinishining nazoratini.
Shuningdek, xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilot sanoat xavfsizligida sohasida belgilangan talablar nazoratini muntazam amalga oshirib turishi lozim.
8. Foydalanuvchi tashkilotda ishlab chiqarish nazoratini, tashkilot rahbarining qaroriga asosan, tayinlangan xodim yoki ishlab chiqarish nazorati xizmati amalga oshiradilar.
9. Ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish uchun javobgarlikni quyidagi shaxslarga yuklash tavsiya etiladi:
foydalanayotgan tashkilot rahbari oʻrinbosarlarining bittasiga — agarda xavfli ishlab chiqarish obyektlarida ishlayotgan xodimlar soni 150 tadan kam odam boʻlsa;
maxsus tayinlangan xodimga — agarda xavfli ishlab chiqarish obyektlarida band boʻlgan xodimlar soni 150 tadan 500 ta gacha odam boʻlsa;
ishlab chiqarish nazorati xizmati rahbariga — agarda xavfli ishlab chiqarish obyektlarida band boʻlgan xodimlar soni 500 tadan koʻp odam boʻlsa.
10. Ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish uchun javobgar xodim majburiyatlari va huquqlari, foydalanuvchi tashkilot rahbari tasdiqlagan ishlab chiqarish nazorati haqidagi Nizomda, shuningdek bu ishchi bilan tuzilgan shartnoma (kontrakt)da va lavozim yoʻriqnomasida belgilanadi.
11. Ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish uchun javobgar xodim:
xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi xodimlar tomonidan sanoat xavfsizligi talablariga rioya qilinishi uchun nazorat oʻtkazilishini taʼminlaydi;
foydalanuvchi tashkilot boʻlinmalarida ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish boʻyicha ishlar rejalarini ishlab chiqadi;
sanoat xavfsizligi holatining kompleks va maqsadli tekshirishlarini olib boradi, ish joylarida xavfli omillarni aniqlaydi;
sanoat xavfsizligi holatini tekshirish va ish joylarini attestatsiyadan oʻtkazish natijalari asosida sanoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar rejasini har yili ishlab chiqadi;
avariyalarni va noxush hodisalarni toʻxtatishi va ularning asoratlarini bartaraf qilish boʻyicha chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqilishini tashkil etadi;
xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligi ekspertizasini olib borilishi tayyorgarligi boʻyicha ishlarni tashkil etadi;
avariyalar, noxush hodisalar va baxtsiz holatlarning sabablarini texnik tekshirilishida qatnashadi;
xavfli ishlab chiqarish obyektlarida avariyalar va noxush hodisalar kelib chiqish sabablari tahlilini olib boradi va ularni hisobga olish boʻyicha hujjatlarining saqlanishini amalga oshiradi;
sanoat xavfsizligi sohasida xodimlarning bilimlarini tekshirilishiga tayyorlanishi va oʻtkazilishini tashkil etadi;
yangi texnologiyalarni va yangi asbob-uskunalarni joriy etilishida qatnashadi;
meʼyoriy-huquqiy dalolatnomalarda belgilanayotgan sanoat xavfsizligi talablaridagi oʻzgartirishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, xavfli ishlab chiqarish obyektlari xodimlariga maʼlum qiladi, ushbu hujjatlar bilan xodimlarni taʼminlaydi;
tashkilot rahbariga quyidagi takliflarni kiritadi:
a) sanoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tadbirlarning oʻtkazilishi toʻgʻrisida;
b) sanoat xavfsizligi talablarini buzilishini bartaraf etish toʻgʻrisida;
v) ishchilarning hayoti va sogʻligʻiga xavf soluvchi, sanoat xavfsizligi talablarini buzilishi bilan xavfli ishlab chiqarish obyektlarida amalga oshirilayotgan ishlarni, yoki avariyalarga olib kelishi mumkin boʻlgan, yoki atrof tabiat muhitiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan ishlarni toʻxtatilishi toʻgʻrisida;
g) tegishli malakaga ega boʻlmagan, sanoat xavfsizligi boʻyicha vaqtida tayyorgarlikdan va attestatsiyadan oʻtmagan shaxslarni xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi ishlardan chetlashtirish toʻgʻrisida;
d) sanoat xavfsizligi talablarini buzgan shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida;
sanoat xavfsizligi talablarini taʼminlash boʻyicha boshqa tadbirlarni oʻtkazadi.
12. Ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish uchun javobgar xodim quyidagilarni nazorat qiladi:
sanoat xavfsizligi sohasida faoliyat turlarining litsenziya (ruxsatnoma) shartlarini bajarilishini;
xavfli ishlab chiqarish obyektlarda qurilishini yoki qayta taʼmirlashini, shuningdek sanoat xavfsizligi talablariga rioya qilish qismi boʻyicha xavfli ishlab chiqarish obyektlarida foydalanilayotgan texnik qurilmalarni taʼmirlanishini;
avariyalar, noxush holatlar va baxtsiz hodisalar kelib chiqish sabablarini bartaraf qilinishini;
tegishli xizmatlar tomonidan xavfli ishlab chiqarish obyektlarida qoʻllaniladigan texnik qurilmalarning zarur sinovlarini va texnik tekshiruvini, nazorat oʻlchov vositalari taʼmirini va tekshiruvini oʻz vaqtida oʻtkazilishini;
foydalanayotgan texnik qurilmalarga sanoat xavfsizligi talablariga mos sertifikatlar borligini;
“Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi, uning mintaqaviy organlari va sanoat xavfsizligi masalalari boʻyicha boʻysunuvchi tashkilotlarining koʻrsatmalarini bajarilishini.
13. Ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish uchun javobgar xodim quyidagilarni amalga oshirishi mumkin:
ish vaqtining xohlagan paytida xavfli ishlab chiqarish obyektlariga bemalol kirishi;
foydalanuvchi tashkilotda sanoat xavfsizligi holatini baholash uchun zarur boʻlgan hujjatlar bilan tanishishi;
sanoat xavfsizligi deklaratsiyalarini ishlab chiqishda va qayta koʻrib chiqishda qatnashishi;
xavfli ishlab chiqarish obyektlarida avariyalarni, noxush hodisalarni va baxtsiz holatlarning sabablarini tekshirish boʻyicha komissiya faoliyatida qatnashishi;
sanoat xavfsizligini oshirish boʻyicha tadbirlarni ishlab chiqishda va amalga oshirishda qatnashgan xodimlarni ragʻbatlantirishi toʻgʻrisida takliflarni tashkilot rahbariga kiritishi.
14. Foydalanuvchi tashkilot sanoat xavfsizligi talablariga rioyasi boʻyicha ishlab chiqarish nazoratni tashkil qilish toʻgʻrisida maʼlumotlarni maxsus vakolatga ega davlat organi “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasiga yoki qonunchilikka muvofiq sanoat xavfsizligi sohasida alohida vakolatga ega boʻlgan boshqa davlat organlariga taqdim etadi. Joriy yil rejalari boʻyicha va oʻtgan yil natijalari boʻyicha maʼlumotlar belgilangan muddatlarda taqdim etiladi.
15. Ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish toʻgʻrisida maʼlumotnomada quyidagi maʼlumotlar bor:
joriy yil uchun sanoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tadbirlar rejasi;
sanoat xavfsizligini boshqarish tizimini tashkil etilishi;
ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish uchun javobgar xodimning ismi, sharifi, uning lavozimi, maʼlumoti, mutaxassisligi boʻyicha ish staji, sanoat xavfsizligi boʻyicha oxirgi attestatsiyadan oʻtgan sanasi;
asosiy potensial xavflar manbaini va mumkin boʻlgan avariya asoratlarini yoritgan xolda xavfli ishlab chiqarish obyektlarning soni;
sanoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tadbirlar rejasini bajarilishi, tekshirishlarning natijalari, buzilishlarni bartaraf etilishi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi va tegishli maxsus vakolatga ega davlat organining koʻrsatmalarini bajarilishi;
avariyalar va noxush hodisalarni (mojaro) toʻxtatish va ularning asoratlarini bartaraf etish boʻyicha tadbirlar rejasi;
xavfli ishlab chiqarish obyektini ishlatishda keltiriladigan zarar uchun javobgarlik xavfini sugʻurtalash shartnomasining nusxasi;
xavfli ishlab chiqarish obyektida qoʻllaniladigan va majburiy sertifikatsiyadan oʻtkaziladigan asbob-uskunalarning holati;
xavfli ishlab chiqarish obyektlarni koʻrikdan va sinov nazoratidan oʻtkazilishi;
kelgusi yil uchun nazorat-profilaktika tekshiruvlarni olib borilishining rejasi;
foydalanuvchi tashkilotda xodimlarning avariya vaziyatlaridagi harakatlarga tayyorligini baholash;
xavfli ishlab chiqarish obyektlarda sodir boʻlgan avariya va baxtsiz hodisalar tavsifi, ularning kelib chiqish sabablarining tahlili va qabul qilingan chora-tadbirlar;
sanoat xavfsizligi sohasidagi xavfli ishlab chiqarish obyektlarida ishlarni xavfsiz olib borilishini taʼminlash masalalari boʻyicha band boʻlayotgan rahbarlarni, mutaxassislarni va boshqa xodimlarni bilimlarini tekshirishga tayyorlash va bilimlarini tekshirilishini oʻtkazilishi.
IV bob. Javobgarlik
16. Sanoat xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari va ushbu Qoidalarning talablarini buzilishida aybdor shaxslar, belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
V. Yakuniy qoidalar.
17. Ushbu Qoidalar “Oʻzbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi va “Oʻzkimyosanoat” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
“Oʻzbekneftgaz” MXK Boshqaruv raisi U. NAZAROV
“Oʻzkimyosanoat” DAK Boshqaruv raisi G. IBRAGIMOV
