Suyuq ammiak tashish uchun moʻljallangan temir yoʻl vagon-sisternalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (127-son)
16.06.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi “Sanoatkontexnazorat” boshligʻi oʻrinbosarining
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan 2009-yil 15-iyuldagi 6-15/13-5551/6-son]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi 323-sonli “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, buyuraman:
1. Suyuq ammiak tashish uchun moʻljallangan temir yoʻl vagon-sisternalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalari tasdiqlansin.
2. Mazkur qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olinganidan soʻng oʻn kun oʻtgach amalga kiritilsin.
Boshliq oʻrinbosari A.N. YuNUSOV
Toshkent sh.,
2009-yil 16-iyun,
127-son
“Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasining 2009-yil 16-iyundagi 127-sonli buyrugʻi bilan “TASDIQLANDI”
SUYuQ AMMIAK TAShISh UChUN MOʻLJALLANGAN TEMIR YOʻL VAGON-SISTERNALARIDAN FOYDALANIShDA XAVFSIZLIK QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 28-sentabrdagi 57-sonli “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi 323-sonli “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tomonidan RH 06-24-17-95 “Suyuq ammiak tashish uchun moʻljallangan temir yoʻl sisternalaridan foydalanishda xavfsizlik texnikasi qoidalari” asosida qayta ishlab chiqildi.
“Suyuq ammiak tashish uchun moʻljallangan temir yoʻl vagon-sisternalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalari” (keyingi oʻrinlarda — Qoidalar) tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar suyuq ammiak vagon-sisternalariga (keyingi oʻrinlarda — sisternalar) suyuqlikni quyish va (yoki) boʻshatish ishlari bajariladigan, shuningdek ularga transport-ekspeditsiya xizmati koʻrsatiladigan barcha korxona va tashkilotlarga joriy etiladi.
Qoidalar suyuq ammiak uchun moʻljallangan avtomobil sisternalari, konteynerlar va ballonlarga joriy etilmaydi.
Mazkur Qoidalar amalga kiritilishi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davkontexnazorat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan RH 06-24-17-95 “Suyuq ammiak tashish uchun moʻljallangan temir yoʻl sisternalaridan foydalanishda xavfsizlik texnikasi qoidalari” oʻz kuchini yoʻqotadi.
I-bob. Umumiy qoidalar
1. Suyuq ammiakni quyish va boʻshatish punktlari (boʻshatish-quyish punktlari) va suyuq ammiak omborlari oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan loyiha hujjatlariga muvofiq qurilishi kerak.
2. Sisternalarda suyuq ammiakni qabul qilish va chiqarish bilan bogʻliq har bir korxonada suyuq ammiakni quyish, boʻshatish, qabul qilish, tekshirish, tayyorlash, ishlov berish, joʻnatish va suyuq ammiakli sisternalar bilan manevrlarni bajarish tartibini belgilovchi maxsus yoʻriqnomalar ishlab chiqilgan boʻlishi kerak.
Suyuq ammiakli sisternalar bilan manevr ishlari korxonalarning kirish yoʻllarida “Temir yoʻllardan texnik foydalanish qoidalari”, “Kirish va ishlarini tashkil etish boʻyicha yoʻriqnomalar” hamda “Temir yoʻl transportida xavfli yuklarni tashishda xavfsizlik qoidalari” talablariga muvofiq bajarilishi kerak.
3. Har qaysi boʻshatish-quyish punktida texnologik reglamentlar, avariyalarni lokallashtirish rejalari ishlab chiqiladi va oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanadi.
Bu hujjatlarda mavjud xavf-xatarlar koʻrsatiladi, ushbu ish joyida ishlayotganlarning majburiyatlari belgilab beriladi, normal foydalanish va avariya vaziyatlaridagi xatti-harakatlar tartibi belgilanadi, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nosozliklar, ularning belgilari va bartaraf etish usullari, shuningdek xavfsiz ish usullari koʻrsatiladi.
Ushbu hujjatlarga uskunalar, quvurlar, qulf-saqlovchi armaturalar, nazorat va himoya asboblari koʻrsatilgan zarur texnologik sxemalar ilova qilinadi. Sxemalarda qulf-saqlovchi armaturalar ularning oʻrnatilgan joylaridagi raqamlariga mos tarzda raqamlanishi kerak.
4. Boʻshatish-quyish punktlarining avariya vaziyatlarini lokallashtirish rejalari 1994-yil 30-sentabrdagi RPA-94 “Portlash-yongʻin xavfi boʻlgan korxonalarda avariya vaziyatlarini lokallashtirish rejalarini ishlab chiqish boʻyicha tavsiyalar” talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
5. Sisternalarni boʻshatish-quyish texnologik jarayonini, quvur va uskunalarning sxemalarini oʻzgartirish zarurati tugʻilganda loyihani ishlab chiqqan loyiha tashkiloti bilan kelishilgan holda texnologik reglamentga oʻz vaqtida tegishli tuzatishlar kiritilishi kerak.
6. Suyuq ammiakni boʻshatish-quyish va tashish jarayonlarida qatnashuvchi har qaysi tashkilotda obyektlar, uskunalardan foydalanish xavfsizligi va suyuq ammiakni sisternadan (ga) boʻshatish-quyish boʻyicha texnologik jarayonlarning xavfsiz olib borilishi ustidan, sisternalarning texnik holati va taʼmirlanishi, ularni tashishni tashkil etish va amalga oshirish ustidan ishlab chiqarish nazorati taʼminlangan boʻlishi kerak.
7. Korxonalarda “Xavfli ishlab chiqarish obyektida sanoat xavfsizligi talablariga rioya qilinishi ustidan ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish va oʻtkazish qoidalari” ga muvofiq ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida nizom (yoʻriqnoma) ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi kerak.
8. Boʻshatish-quyish punktlariga ishga kirayotgan barcha shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 2000-yil 6-iyundagi 300-sonli “Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” gi buyrugʻiga muvofiq dastlabki, keyin davriy tibbiy koʻriklardan oʻtishlari kerak.
9. Ishlab chiqarish travmatizmi holatlari “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi nazoratidagi korxonalar va obyektlarda baxtsiz hodisalarga olib kelmagan avariyalarni texnik jihatdan tekshirish boʻyicha yoʻriqnoma”da koʻzda tutilgan tartibda tekshirilishi va hisobga olinishi kerak.
Korxonalar va obyektlarda baxtsiz hodisalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisida nizom” ga muvofiq hisobga olinishi va tekshirilishi kerak.
10. Sisternalarga ammiak toʻldirish ishlarini bajaradigan tashkilot, sisternalarning soz holati va ishonchliligini, suyuqlikni ularga(dan) quyish.(boʻshatish) va tashish xavfsizligini taʼminlagan holda, sisternalarning normativ-texnik hujjatlar talablariga muvofiq saqlanishi va ulardan foydalanish uchun javobgardir.
II-bob. Xizmat koʻrsatadigan xodimlarga qoʻyiladigan talablar
11. Boʻshatish-quyish punktlaridan foydalanish, suyuq ammiak toʻldirilgan sisternalarni tashish va ularni kuzatish bilan bogʻliq xodimlar xavfsizlik sohasiga doir normativ-texnik hujjatlar bilan oʻrnatilgan tartibda tanishtirilgan boʻlishi kerak.
12. Korxona rahbarlari va mutaxassislarini tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish 2006-yil 16-dekabrdagi RH 003-06 “Oʻzkimyosanoat” DAK korxona va tashkilotlarida ishlovchilar bilan instruktaj oʻtkazish, ularni oʻqitish va bilimlarini tekshirish tartibi toʻgʻrisida nizom” ga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
13. Sisternalarni kuzatuvchi va avariya-qutqaruv brigadalari ammiak gazi bilan ifloslangan muhitda ishlarni olib borish boʻyicha oʻrnatilgan tartibda attestatsiyadan oʻtkazilgan professional yoki shtatdan tashqari avariya-qutqaruv tuzilmalari aʼzolari bilan toʻldirilishi (tashkil etilishi) kerak.
III-bob. Sisternalarga qoʻyiladigan talablar
14. Suyultirilgan ammiak GOST 19433 “Xavfli yuklar. Tasnif va tamgʻalash”ga muvofiq 2-xavflilik sinfiga mansub. Ammiak bosimga moʻljallangan, tepasida boʻshatish-quyish qurilmasi boʻlgan maxsus sisternalarda tashiladi. Sisternaning boʻshatish-quyish qurilmasi sxemasi 1-rasmda keltirilgan.
SISTERNANING BOʻShATISh-QUYISh QURILMASI SXEMASI
1-rasm.
1 — gazsimon ammiakni uzatish (chiqarish) ventili (gaz ventili); 2 — suyuq ammiakni quyish-boʻshatish ventillari (suyuqlik ventillari); 3 — quyish tugaganligini nazorat qilish va namuna olish ventili; 4 — saqlovchi klapan; 5 — chegaraviy va normal quyilish sathlarini nazorat qilish ventillari; 6 — boʻshatish nazorat naychasidagi bosimni tenglashtirish ventili; 7 — lyuk-tuynuk qopqogʻi; 8 — armaturali lyuk qopqogʻi ustidagi echib olinadigan himoya qalpogʻi; 9 — tezlik klapanlari; 10 — quyish va boʻshatish quvuri; 11 — quvurni mahkamlash qurilmasi; 12 — voronka; 13-6 ventilni ulovchi naycha; 14 — toʻldirish va boʻshatishni nazorat qilish naychalari; 15 — poddon; 16 — lyuk-tuynuk atrofidagi maydoncha.
15. Sisternalar oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan texnik shartlarga muvofiq tayyorlangan boʻlishi kerak.
16. Sisternaning konstruksiyasi amaldagi loyihalash meʼyorlari va 1520 mm izli sisternalarning mustahkamlik boʻyicha hisobiga muvofiq boʻlishi kerak.
Sisterna idishlarining tuzilishi, tayyorlanishi, ularni texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi va muddatlari “Bosim ostida ishlaydigan idishlarning tuzilishi va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalari” talablariga javob berishi kerak.
17. Sisternalarning armaturasini bekituvchi himoya qalpoqlari (saqlovchi klapan, qulf ventillar va manometrotutqich) quyish punkti xodimlari tomonidan qulflash-plombalash qurilmalari (QPQ) bilan plombalangan boʻlishi kerak.
18. Sisternalar idishlarning tuzilishi va ulardan foydalanish xavfsizligi talablarida, bunday tashish turlariga taalluqli meʼyoriy-texnik hujjatlar, shuningdek mazkur Qoidalar talablarida belgilangan rang, farqlash tasmalari va yozuvlarga ega boʻlishi kerak.
19. Har bir sisternaga quyidagilar ilova qilinadi:
yuk vagonining belgilangan shakldagi pasporti;
bosim ostida ishlaydigan idish (sisterna idishi) ning pasporti. Unga quyidagilar ilova qilinadi: saqlovchi klapan pasporti va uning oʻtkazish qobiliyati hisobi; saqlovchi klapan prujinasining pasporti (sertifikati), saqlovchi membrana pasporti (uni oʻrnatishda), boʻshatish-quyish ventillari pasporti, qulf-saqlovchi armaturani sinovdan oʻtkazish dalolatnomalari, idishdan foydalanish boʻyicha yoʻriqnoma, saqlovchi klapandan foydalanish boʻyicha yoʻriqnoma;
yangi tayyorlangan sisternalar uchun — sisterna konstruksiyasining suyuq ammiakni tashish xavfsizligini taʼminlash talablariga muvofiqligi sertifikati, shuningdek sisterna idishlaridan foydalanish boʻyicha oʻrnatilgan tartibda berilgan ruxsatnoma.
IV-bob. Sisternalarni saqlash, ularga xizmat koʻrsatish va taʼmirlashga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
20. Sisterna egasi (keyingi oʻrinlarda — yuk joʻnatuvchi korxona) sisternalarning soz holatda saqlanishi va ularning xavfsiz ish sharoitlarini taʼminlaydi.
21. Korxona sisternalarni kapital va depo taʼmirlash uchun ixtisoslashgan taʼmirlash tashkilotiga oʻz vaqtida joʻnatilishini taʼminlashi kerak. Rejaviy taʼmirlash turlarini oʻtkazish davriyligi meʼyoriy-texnik hujjatlarda belgilanadi.
Sisternalarni taʼmirlash hajmlari va usullari yuk vagonlarini kapital va depo taʼmirlash boʻyicha meʼyoriy-texnik hujjatlarda belgilanadi.
22. Sisterna idishini taʼmirlash, uni texnik koʻrikdan oʻtkazish, shuningdek sisternalarni depo va zavod taʼmirlarini oʻtkazish ishlarini ular mahsulotdan boʻshatilib, soʻngra yuvilgandan va havo bilan tozalangandan keyingina bajarishga ruxsat etiladi.
Sisternalarni depo va kapital taʼmirlash uchun taʼmirlash tashkilotlariga joʻnatishda sisternalarni joʻnatayotgan korxona tomonidan tashish hujjatlariga sisterna idishining degazatsiya qilinganligi va yuvilganligi hamda qulf-saqlovchi armaturaning holati toʻgʻrisida maʼlumotnoma ilova qilinadi.
Qulf-saqlovchi armatura sisterna idishi degazatsiya qilingandan keyingina taʼmirlash va sinovdan oʻtkazish uchun echib olinishi mumkin.
Qulf-saqlovchi armatura echib olingandan keyin lyuk-tuynuk qopqogʻidagi tuynuk bekitilishi kerak.
23. Rejaviy taʼmirlashdan chiqqan sisternalar oʻrnatilgan tartibda qabul qilib olinadi.
Payvandlash ishlari qoʻllanilgan holda taʼmirlangan sisternalar “Bosim ostida ishlaydigan idishlarning tuzilishi va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalari” talablariga muvofiq qabul qilib olinadi.
24. Sisterna idishi ichida bajariladigan ishlar gaz xavfi boʻlgan ishlar jumlasiga kiradi va ular ishlab chiqarishning oʻziga xos jihatlari va mahalliy sharoitlarni hisobga olgan holda “Gaz xavfi boʻlgan ishlarni xavfsiz bajarilishini tashkil etish boʻyicha namunaviy yoʻriqnoma” talablariga muvofiq bajarilishi kerak.
Sisterna idishlarini texnik koʻrikdan oʻtkazish va qulf-saqlovchi armaturani taʼmirlash.
25. Sisterna idishlari foydalanishga kiritilgunga qadar, shuningdek foydalanish jarayonida davriy va oʻrnatilgan tartibda navbatdan tashqari texnik koʻrikdan oʻtkazilishi kerak.
Sisterna idishlarini foydalanishga kiritishdan oldin birlamchi texnik koʻrikdan oʻtkazish, bosim ostida ishlaydigan idish pasportiga tegishli yozuvlarni qayd etgan holda, ishlab chiqaruvchi tashkilot tomonidan bajarilishi kerak. Sisterna idishlarini texnik koʻrikdan oʻtkazish hajmi, usullari va davriyligi “Bosim ostida ishlaydigan idishlarning tuzilishi va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalari” talablariga javob berishi kerak.
26. Foydalanishga kiritilgunga qadar sisterna “Bosim ostida ishlaydigan idishlarning tuzilishi va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalari” talablariga muvofiq “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasining hududiy organlarida sisternaning joylashgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlishi kerak.
27. Sisterna idishlarini davriy texnik koʻrikdan oʻtkazish “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi tomonidan berilgan sanoat xavfsizligi ekspertizasini bajarish uchun ruxsatnoma (litsenziya)ga ega tashkilotlarning mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.
Sisterna idishlarini texnik koʻrikdan oʻtkazish paytida aniqlangan nuqsonlar taʼmirlash xizmati xodimlari tomonidan bartaraf etilishi kerak.
Texnik koʻrik natijalari, sisterna idishining ruxsat etilgan foydalanish parametrlari va navbatdagi texnik koʻrik muddatini koʻrsatgan holda, bosim ostida ishlaydigan idish pasportida qayd etilishi kerak.
28. Sisterna idishlari quyidagi holatlarda navbatdan tashqari texnik koʻrikdan oʻtkazilishi kerak:
agar sisterna 12 oydan ortiq ishlatilmagan boʻlsa;
agar sisterna idishi demontaj qilingan va boshqa ramaga oʻrnatilgan boʻlsa;
agar sisternadagi shishlar yoki ezilgan joylarni tekislash, shuningdek avariyadan keyin bosim ostida ishlaydigan elementlarni payvandlash yoki kavsharlash yordamida uni taʼmirlash yoki tiklash ishlari bajarilgan boʻlsa;
sisterna idishi devoriga himoya qoplamasi surishdan oldin;
sisternalarning texnik holati va ulardan foydalanish ustidan nazorat qilish boʻyicha masʼul shaxs yoki “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi inspektorining talabi boʻyicha.
29. Qulf-saqlovchi va nazorat armaturasi kamida ikki yilda 1-marta taftish qilinishi va sinovdan oʻtkazilishi kerak. Xuddi shunday muddatda saqlovchi membranalar (agar ular boʻlsa) almashtirilishi kerak.
Boʻshatish-quyish ventillari echib olinishi, koʻzdan kechirilishi va 3,0 MRa (30 kgf/cm2) ortiqcha bosim ostida mustahkamligi boʻyicha gidravlik sinovdan oʻtkazilishi kerak.
Qulf ventillari zatvorlarining zichligi va saqlovchi klapanlar 2,0 MRa (20 kgf/cm2) bosim ostida gidravlik sinovdan oʻtkazish yoʻli bilan nazorat qilinadi va ular A sinfdan past boʻlmasligi kerak.
Saqlovchi klapan prujinasi barcha oʻramalari toʻliq qisilgunga qadar siqilishi, bunda qoldiq deformatsiyalar boʻlmasligi kerak. Saqlovchi klapan korxonada ishlab chiqilgan va tasdiqlangan yoʻriqnoma boʻyicha sinovdan oʻtkaziladi va rostlanadi.
Tezlik klapanlari va boʻshatish-quyish quvurlarining ulanishi sifati texnik koʻrik paytida tekshiriladi.
30. Sisterna idishini tashqi va ichki koʻzdan kechirish paytida undagi nuqsonlarni aniqlash va bartaraf etish “Bosim ostida ishlaydigan idishlarning tuzilishi va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalari” talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Sisterna idishini unda nuqsonlar boʻlmaganda yoki ular bartaraf etilgandagina gidravlik sinovdan oʻtkazish ruxsat etiladi.
31. Sisterna idishi qulf armatura oʻrnatilgan holda gidravlik sinovdan oʻtkazilishi kerak. Saqlovchi klapan texnologik tiqin bilan almashtirilishi kerak.
Gidravlik sinovlar xavfsizlik talablariga javob beradigan sinov stendida oʻtkazilishi kerak. Sisterna idishida bosim koʻpi bilan minutiga 0,5 MRa (5 kgf/cm2) tezlikda 2,5 MRa (25 kgf/cm2) gacha oshiriladi, idish 5 minut davomida bunday bosim ostida ushlab turiladi va bosim 2,0 MRa (20 kgf/cm2) miqdoridagi ishchi bosimgacha kamaytiriladi, shundan keyin tashqi tomondan koʻzdan kechiriladi.
Gidravlik sinov paytida kuchaytiruvchi nakladkaning nazorat tuynugi ochiq boʻlishi kerak. Sisterna idishini suv bilan toʻldirganda uning yuqori qismidan havoning toʻliq chiqib ketishi taʼminlanishi lozim.
32. Agar tashqi koʻzdan kechirish paytida payvand choklarida va asosiy metallda uzilish, suv sirqishi, tomchilar, terlash alomatlari, shuningdek koʻzga tashlanadigan qoldiq deformatsiyalar va manometrda bosimning pasayishi aniqlanmasa, sisterna idishi gidravlik sinovdan oʻtgan hisoblanadi.
33. Asosiy flanetsga va sisterna ramasidagi metall taxtachaga sisterna idishida oʻtkazilgan va navbatdagi oʻtkaziladigan texnik koʻrik sanalari zarb usuli yordamida tushiriladi.
Qulf-saqlovchi armaturaga taʼmirlash tashkilotining shartli raqami hamda oʻtkazilgan va navbatdagi taʼmirlash (koʻrikdan oʻtkazish) sanalari koʻrsatilgan metall taxtacha mahkamlab qoʻyiladi.
Qulf-saqlovchi armaturaning barcha yangi tayyorlangan detallarida ishlab chiqaruvchi tashkilotning tovar belgisi tushirilgan tamgʻa va sifat sertifikatlari boʻlishi kerak.
34. Qulf ventillari, saqlovchi klapanlarning yangi oʻrnatilayotgan korpuslari va ularning prujinalari konstruktorlik hujjatlariga muvofiq tamgʻalangan, ularga belgilangan shakldagi texnik pasportlar (sertifikatlar) rasmiylashtirilgan boʻlishi kerak. Qulf-saqlovchi armaturaning sertifikatlari va sinov dalolatnomalari sisterna idishining hujjatlari bilan birgalikda saqlanadi. Bundan tashqari, dalolatnomalarning bir nusxasi armaturani texnik koʻrikdan oʻtkazgan tashkilotda saqlanishi, ikkinchisi esa sisterna idishining texnik oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi xabarnomaga ilova qilinishi kerak.
35. Korxonada qulf-saqlovchi armaturani koʻzdan kechirish, taftish qilish, taʼmirlash, gidravlik sinovlardan oʻtkazishni, saqlovchi membranalarni oʻrnatishni (agar ular boʻlsa), saqlovchi klapanlarni rostlash va ularning sozligini tekshirishni, tegishli dalolatnomalar tuzib va oʻtkazilgan ishlar toʻgʻrisida taʼmirlash jurnallarida va texnik holati toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarda qayd etgan holda, hisobga olish tashkil etilgan boʻlishi kerak. Bosim ostida ishlaydigan idishning pasportiga qulf-saqlovchi armaturani almashtirilganligi, saqlovchi membranani oʻrnatilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritilishi kerak. Oʻrnatilgan saqlovchi membranalarning pasportlari saqlovchi klapanlarning pasportlari va ularni taftish qilish, taʼmirlash va rostlash dalolatnomalari bilan birga saqlanishi kerak.
Ishlarni hisobga olish, hujjatlarni rasmiylashtirish va ularni saqlash tartibi korxona buyrugʻi bilan belgilanadi.
36. Sisternalarni boʻshatish-quyish quvurlariga ulash uchun sharnir-richagli qurilmalar (stenderlar) yoki 2,0 MRa (20 kgf/cm2) ishchi bosimga moʻljallangan shlanglar ishlatilishi kerak. GOST 18698 “Tekstil karkasli bosimli rezina shlanglar. Texnik shartlar” boʻyicha minus 34° S dan plyus 50° S gacha haroratda ammiak muhitiga chidamli tekstil karkasli rezina shlanglardan, GOST 6286 “Metall toʻqimali armaturalanmagan yuqori bosimga moʻljallangan rezina shlanglar. Texnik shartlar” boʻyicha metall toʻqimali rezina shlanglardan va aviatsiya texnikasi uchun moʻljallangan germetik metall shlanglardan foydalanish ruxsat etiladi.
37. Shlang va stenderlar ishlatishdan oldin va foydalanish jarayonida davriy tarzda (ularga doir standartlar yoki texnik shartlarda belgilangan kafolatlangan ishlash resursining yarmidan keyin) koʻzdan kechirilishi va ikki barobar bosim — 4,0 MRa (40 kgf/cm2) ostida gidravlik sinovdan oʻtkazilishi kerak.
38. Har gal sisternaga suyuqlik quyish (boʻshatish) dan oldin ulanadigan shlang va stenderlar tashqi koʻzdan kechirilishi hamda sisternaning barcha ajraluvchi ulanmalarining germetikligi tekshirilishi kerak. Shikastlanish belgilari boʻlgan shlang va stenderlar almashtirilishi kerak.
39. Rezina shlanglarning uchlarida sisterna flanetslari va quvurlarga ulanish uchun metall uchliklar (shtutserlar) boʻlishi kerak.
Uchliklar shlanglarga xomutlar yordamida mahkamlanishi kerak. Ularni simlar bilan mahkamlash ruxsat etilmaydi. Shtutserlarning yon yuzasidagi rezina metall bilan tutashgan joyda shlangning shtutserdan sirpanib chiqib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan halqa ariqchalar boʻlishi kerak.
40. Boʻshatish-quyish quvurlariga ulanadigan har bir shlang va stenderga inventar raqami berilishi kerak. Raqam birkaga oʻyib tushirilishi, birka esa shlang yoki stenderga mahkamlanishi va plombalanishi kerak. Raqamni yuvilmaydigan boʻyoq bilan tushirish ruxsat etiladi. Birkada, inventar raqamdan tashqari, gidravlik sinovda ishlatilgan bosim miqdori va navbatdagi sinov muddati oʻyib tushiriladi. Bunday birkasi (yozuvi) boʻlmagan, shuningdek gidravlik sinov muddati oʻtgan shlang va stenderlardan foydalanish ruxsat etilmaydi.
41. Har qaysi boʻshatish-quyish punktida shlang va stenderlarni hisobga olish jurnali yuritilib, unda ularni koʻzdan kechirish va sinovdan oʻtkazish natijalari qayd etiladi (1-ilova).
42. Suyuq ammiakni tashish uchun moʻljallangan sisternalardan boshqa yuklar uchun va ombor sifatida foydalanishga ruxsat etilmaydi. Istisno hollarda, boshqa yuklarni tashish uchun ruxsatnoma ishlab chiqaruvchi zavodning texnik asoslari asosida “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan holda ruxsat etiladi.
43. Tegishli normativ-texnik hujjatlarda belgilangan meʼyoriy foydalanish muddatlari tugagan sisternalarni ishlatishga ruxsat etilmaydi. Sisternalardan foydalanishni davom ettirishga tegishli ruxsatnoma (litsenziya)ga ega ekspertiza tashkilotlari tomonidan berilgan sanoat xavfsizligi ekspertizasi ijobiy xulosalari asosida oʻrnatilgan tartibda ruxsat beriladi.
V-bob. Sisternalarni koʻzdan kechirish va ularni toʻldirishga tayyorlash
44. Suyuq ammiak bilan toʻldirishdan oldin har qaysi sisternaning holati tekshirilishi kerak.
Quyidagi hollarda sisternaga suyuq ammiak quyish taqiqlanadi:
agar sisternani depo, kapital taʼmirlash yoki armaturani profilaktik taʼmirlash, sisterna idishini texnik oʻtkazish muddatlarigacha 15 sutkadan kam qolgan boʻlsa;
agar gardishi yoki tubi shikastlangan boʻlsa (darzlar, ezilgan joylar, shaklining sezilarli oʻzgarishi va h. k.);
agar saqlovchi, qulf va nazorat boʻshatish-quyish armaturasi nosoz boʻlsa;
agar idishning rangi (boʻyogʻi), farqlovchi tasmalari, tamgʻasi, yozuvlari va trafaretlari boʻlmasa yoki ular qoniqarsiz ahvolda boʻlsa;
agar saqlovchi klapanning oldida oʻrnatilgan membrana nosoz boʻlsa, uning tamgʻasi boʻlmasa;
qulf-saqlovchi armaturaning himoya qalpogʻi boʻlmasa yoki nosoz boʻlsa;
agar sisternada ammiak oʻrnida boshqa mahsulot borligi aniqlansa;
agar boʻshatish-quyish estakadasida texnik nosozliklar mavjud boʻlsa (sisternaga suyuqlik quyish uchun moʻljallangan shlang yoki stenderlar shikastlangan, shlanglar, stenderlar yoki qulf-saqlovchi armaturani koʻrikdan oʻtkazish muddatlari oʻtgan, temir yoʻl, elektr simlari va h. k. lar nosoz);
agar boʻshatish-quyish quvurlarida manometrlar yoʻq, nosoz yoki tekshirilmagan boʻlsa.
45. Transport boʻlinmasidan olib kelingan sisternalarni toʻldirish uchun qoʻyishdan oldin ular boʻsh holatda texnik koʻzdan kechirishdan oʻtkaziladi. Sisternalarni texnik koʻzdan kechirishdan oʻtkazish natijalari va ularning toʻldirish uchun yaroqliligi vagon xoʻjaligi xodimlari tomonidan sisternaning texnik holati toʻgʻrisidagi guvohnoma raqamini koʻrsatgan holda belgilangan shakldagi maxsus kitobga qayd etiladi.
Texnik koʻzdan kechirishdan oʻtkazilmagan va suyuq ammiak tashish uchun yaroqli deb topilmagan sisternalarni toʻldirish uchun qoʻyishga ruxsat etilmaydi.
46. Yuk joʻnatuvchi korxona har bir sisterna boʻyicha quyidagilarni tekshirishi kerak:
koʻrikdan oʻtkazish muddatlariga rioya qilinganligi, tashqi holati, himoya qalpoqlari, narvonlarning mavjudligi va sozligi, sisternalarni koʻzdan kechirish va taʼmirlash muddatlariga rioya qilinganligi, ularning boʻyogʻi, yozuvlari va trafaretlarining mosligi va holati.
Sisternalarni tekshirish natijalari maxsus kitobga qayd etilishi kerak. Bunda toʻldirish uchun yaroqli sisternalarga ularning ammiak bilan toʻldirish uchun yaroqliligi toʻgʻrisida korxona transport boʻlinmasining xulosasi tuzilishi kerak (2-ilova, 1-shakl). Xulosaning bir nusxasi transport boʻlinmasida qoladi, ikkinchisi esa quyish-toʻkish punktiga topshiriladi.
47. Boʻshatish-quyish punktida sisternalarni tekshiruvchi masʼul shaxslar olib kelingan sisternalarning raqamlarini sisternani ammiak bilan toʻldirish uchun yaroqliligi toʻgʻrisida korxona transport boʻlinmasining xulosasida koʻrsatilgan raqamlar bilan solishtirishi, shundan keyin har qaysi sisterna boʻyicha quyidagilarni tekshirishlari kerak:
kapital va depo taʼmirlash muddatlari;
sisterna idishini texnik koʻrikdan oʻtkazish muddatlari, boʻyogʻi va tamgʻasining holati;
echib olingan qalpoqning holati va undagi qulf-saqlovchi qurilmalarning butligi;
saqlovchi klapandagi plombaning butligi, saqlovchi membrana (agar u oʻrnatilgan boʻlsa) va manometr tutqichining sozligi, qulf-saqlovchi armaturaning tashqi holati va boʻyogʻi, uni navbatdagi taʼmirlash va gidravlik sinovdan oʻtkazish muddatlari, flanetsli ulanmalarning holati;
ventil zatvorlari mexanizmlarining sozligi. Buning uchun tiqinni olmasdan ventillar navbati bilan bir maromda ochib koʻriladi;
nazorat ventilini ochish yoʻli bilan sisternada ammiak qoldigʻi borligi.
48. Agar sisterna idishi ichida 0,0049 MRa (0,05 kgf/cm2) ortiqcha bosim boʻlsa, sisterna degazatsiya punktiga yuborilishi kerak.
49. Agar sisternada begona mahsulot borligi aniqlansa, u degazatsiya qilish va yuvish uchun vagon va sisternalarni tayyorlash punktiga yuborilishi kerak.
Degazatsiya va (yoki) yuvishdan qaytgan sisterna qaytadan tekshiriladi.
50. Suyuqlik quyishdan oldin sisterna idishi gazsimon ammiak bilan 1,6 — 2,0 MRa (16 — 20 kgf/cm2) bosim ostida presslanishi kerak. Bu ish amaldagi boshqaruv tuzilmasi va mavjud texnik imkoniyatlardan kelib chiqqan holda korxona buyrugʻi bilan belgilangan boʻlinma tomonidan korxonaning texnik rahbari tasdiqlagan va zarur xavfsizlik choralari koʻzda tutilgan yoʻriqnoma boʻyicha bajarilishi kerak.
51. Koʻzdan kechirish va presslash natijalari boʻshatish-quyish punkti xodimlari tomonidan sisternalarni toʻldirishdan oldin koʻzdan kechirish jurnaliga qayd etilishi kerak. Jurnalda quyidagilar koʻrsatiladigan grafalar boʻlishi kerak:
sisternaning temir yoʻl raqami;
sisternaning roʻyxat raqami;
sisterna boʻyogʻining mosligi;
yozuv va trafaretlarning mavjudligi;
navbatdagi texnik koʻrik muddati;
qulf armaturasining holati;
saqlovchi klapanning holati;
uch pozitsiyali sath oʻlchagichning holati;
idish va armatura gazsimon ammiak bilan presslangan bosim (kgf/cm2);
bosim oʻlchangan manometr raqami;
aniqlangan nosozliklar;
toʻldirish punkti tomonidan bartaraf etilgan nuqsonlar;
yaroqlilik toʻgʻrisida xulosa;
koʻzdan kechirilgan va sinovdan oʻtkazilgan sana;
sisternani toʻldirish uchun qabul qilib olgan masʼul shaxsning imzosi.
Bunda toʻldirish uchun yaroqli sisternalarga sisternaning ammiak bilan toʻldirish uchun yaroqliligi toʻgʻrisida boʻshatish-quyish punktining xulosasi tuzilishi kerak (3-ilova, 2-shakl).
52. Sisternadan xavfsiz foydalanishga yoʻl qoʻymaydigan nuqsonlar aniqlanganda sisternaning ammiak bilan toʻldirish uchun yaroqliligi toʻgʻrisidagi xulosaga tegishli yozuvlar qayd etiladi va sisterna nuqsonlar roʻyxati bilan birgalikda ularni bartaraf etish uchun yuboriladi. Korxona sisternadagi shikastlar va nuqsonlarni muntazam tahlil qilishi va ularning yuzaga kelishini oldini olish choralarini koʻrishi kerak.
VI-bob. Suyuq ammiakni sisternalarga quyish
53. Sisternaga quyilayotgan ammiakning chegaraviy sathi avtomatik toʻldirish tizimi tomonidan nazorat qilinishi va sisternalardagi uch pozitsiyali sath oʻlchagichlarni ochish orqali tekshirilishi kerak. Uchtadan koʻp boʻlmagan sisternalar bir vaqtda toʻldirilayotganda sath nazorati faqat uch pozitsiyali sath oʻlchagichlar yordamida amalga oshiriladi.
54. Suyuq ammiakni quyish boʻyicha barcha operatsiyalar ammiak ombori yoki boʻshatish-quyish punktining texnologik reglamentiga muvofiq bajarilishi kerak.
55. Ammiakni ortiqcha bosim ostida ishlaydigan saqlash joylaridan sisternalarga quyish saqlash joyi va sisternadagi bosimlar oʻrtasida farq hosil qilish orqali siqib chiqarish yoki nasoslar bilan haydash yordamida amalga oshirilishi mumkin. Bunda sisternadan siqib chiqarilayotgan va qisman qaynash hisobiga hosil boʻlayotgan gazsimon ammiak muntazam chetga chiqarilishi kerak. Sisternadagi bosimni undan gazsimon ammiakni soʻrib olib boʻshayotgan saqlash joyiga yuborish yoki ishlab chiqarishda foydalanish uchun (gazgolderga, kondensatsiyalash qurilmasiga, ammiakli suv tayyorlash uchun va h. k.) muntazam chetga chiqarish yoʻli bilan pasaytirish mumkin.
Suyuq ammiakni quyish va gazsimon ammiakni chetga chiqarishning konkret sxemasi loyihada koʻzda tutilishi va texnologik reglamentda belgilanishi kerak.
Ammiak bugʻlarini atmosferaga chiqarish ruxsat etilmaydi.
Suyuq ammiakni temir yoʻl sisternasiga quyishning prinsipial sxemasi 2-rasmda keltirilgan.
SUYuQ AMMIAKNI TEMIR YOʻL SISTERNASIGA QUYIShNING PRINSIPIAL SXEMASI
2-rasm.
1 — sisterna; 2 — sisternadagi suyuq ammiak uchun ventil; 3 — sisternadagi gazsimon ammiak uchun ventil; 4 — sisterna ventillarini quvurlarga ulash uchun elastik rezina shlanglar; 5 — quvurlardagi qulf ventillar; 6 — quvurlardagi manometrlar.
56. Sisternalarga suyuq ammiak quyish bilan bogʻliq operatsiyalarni faqatgina sisternalar koʻzdan kechirilgandan keyin va sisternaning ammiak bilan toʻldirish uchun yaroqliligi toʻgʻrisida xulosa (3-ilova, 2-shakl) rasmiylashtirilgandan soʻng boshlash mumkin.
57. Sisternalarga suyuq ammiak quyish operatsiyasini boshlashdan oldin toʻldirish uchun qoʻyilgan sisternalarning raqamlari transport boʻlinmasining xulosasida (2-ilova, 1-shakl) koʻrsatilgan raqamlar bilan solishtirilishi, sisternaning ammiak bilan toʻldirish uchun yaroqliligi toʻgʻrisida boʻshatish-quyish punktining rasmiylashtirilgan xulosasi mavjudligiga ishonch hosil qilinishi, boʻshatish-quyish ventillaridagi tiqinlar olib tashlanishi, shlanglar patrubkalarga ulanishi hamda shlanglarning patrubkalarga ishonchli mahkamlanganligi, quvurlar va sisternadagi flanetsli ulanmalarning holati tekshirilishi kerak. Quyishni boshlagunga qadar shlang sisternaga germetik mahkamlanganligini tekshirish uchun u kollektordan gazsimon ammiak bilan toʻldirilishi kerak.
58. Atmosfera bosimiga yaqin bosim ostida ishlaydigan izotermik saqlash joylaridan minus 33,3° S va undan yuqori haroratli suyuq ammiak sisternalarga faqat nasoslar yordamida quyilishi mumkin. Bunda ammiakni quyish uchun suyuqlik ventillarini toʻliq ochishdan oldin sisterna quyiladigan ammiak haroratiga yaqin haroratgacha sovutilishi kerak. Sovutish ehtiyotkorlik bilan, bugʻlanish uchun tanaffuslar qoldirib, sisternadagi gazsimon ammiak bosimini nazorat qilgan holda sisternaga kollektordan uncha koʻp boʻlmagan miqdorda suyuq ammiak yuborish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
59. Sisternaga suyuqlik quyish jarayonini suyuq ammiak quvurida bosim manbasi (saqlash joyi, nasos va h. k.) hosil qiladigan bosimning miqdori maksimal darajada boʻlganda sisternaning gaz ventilini ochish yoʻli bilan (orqali) undagi mumkin boʻlgan optimal bosimni saqlagan holda bajarish tavsiya etiladi.
Quyish vaqtini qisqartirish uchun sisternaga suyuqlikni undagi mavjud ikkita suyuqlik ventili orqali quyish tavsiya etiladi. Buning uchun har bir quyish nuqtasi suyuq ammiak kollektoriga ulangan ikkita shlang (stender) bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
Sisternadagi bosim keskin tushganda (yaʼni gaz quvuri orqali katta miqdorda gaz chiqarilganda) sisternaning gaz quvurida oʻrnatilgan tezlik klapani yopilishi, yaʼni bu quvur bekilib qolishi mumkin. Bunday hollarda quvur-otvodda shlang (stender) yaqinida oʻrnatilgan ammiak yuborish ventilini bekitib sisternaga suyuq ammiak yuborishni kamaytirish lozim.
60. Uch pozitsiyali sath oʻlchagich bilan nazorat naychalari yordamida sisternaning toʻlishini nazorat qilish uchun quyish paytida vaqti-vaqti bilan normal sathni (hajmning 83%) aniqlash ventilini ochib turish lozim. Undan gaz chiqqandan to suyuqlik chiqqunga qadar quyish davom ettirilishi kerak. Quyish tugagandan keyin sisterna hajmining 85% ga toʻgʻri keladigan yuqori chegaraviy sathini aniqlash nazorat ventilini ochish kerak. Undan gaz chiqishi sath yoʻl qoʻyiladigan chegarada ekanligini, suyuqlik chiqishi esa sisterna toʻlib ketganligini bildiradi.
Agar quyilgan ammiak sathi sisterna hajmining 83 — 85% chegarasida boʻlsa, sisternaga suyuqlik quyish darhol toʻxtatilishi lozim.
61. Sisterna toʻlib ketgan hollarda ortiqcha ammiak zudlik bilan toʻkib olinishi, buning uchun har bir quyish punktida tegishli idish va quvurlar koʻzda tutilgan boʻlishi kerak. Bu maqsad uchun ammiak quyish quvurlari va ombor saqlash joylaridan foydalanish mumkin. Sisterna toʻlib ketganda ortiqcha ammiakni boshqa soz holatdagi sisternaga quyib olish ruxsat etiladi.
Ortigʻi bilan toʻldirilgan sisternalarni yuk tashuvchiga berishga ruxsat etilmaydi.
Sisternaga 239,8 K (minus 33,3° S) haroratli ammiak quyilgandagina ularning yuk koʻtarish qobiliyatidan toʻliq foydalanish (ammiak massasi sisternada oʻrnatilgan nazorat naychalari yordamida sath boʻyicha aniqlanganda) mumkin. Harorat 239,8 K (minus 33,3° S) dan yuqori boʻlganda ammiakning zichligi pasayishi tufayli sisternalarni nominal yuk koʻtarish darajasigacha toʻldirib boʻlmaydi.
62. Bir vaqtning oʻzida bir nechta sisternaga ammiak quyish operatsiyasi sisternalarga alohida-alohida quyishdagi singari bajarilishi kerak. Sisternalardagi bosim ularni gazsimon ammiak kollektori yordamida birlashtirish yoʻli bilan tenglashtirilganda quyish jarayoni gazsimon kollektorlarning otvodlarida oʻrnatilgan ventillar yordamida tartibga solinishi lozim.
63. Sisternalarga suyuq ammiak quyish, odatda, avtomatlashtirilgan boʻlishi kerak.
Avtomatlashtirilgan holda bir vaqtda bir nechta sisternaga quyishda suyuqlik normal sathga etganda sisternani avtomatik ravishda uzish individual tarzda bajarilishi kerak.
Avtomatlashtirilgan quyish jarayoni tugagandan keyin shlanglarni uzishdan oldin sisternadagi mavjud uch pozitsiyali sath oʻlchagich ventillarini ochish yoʻli bilan har bir sisternaga quyilgan ammiak sathi tekshirilishi lozim.
64. Sisternalarga ammiak toʻldirish ishlarini bajaradigan korxona jurnal yuritishi, unda quyidagi grafalar boʻlishi kerak:
toʻldirilgan sana;
vagona-sisternaning raqami;
sisterna idishining roʻyxat raqami;
sisterna idishining sigʻimi, m3;
mahsulotning nomi.
65. Sisternalarni toʻldirish tugagandan keyin va ular toʻgʻri toʻldirilganligi tekshirilgandan soʻng:
boʻshatish-quyish, tenglashtirish va nazorat ventillari bekitilishi;
quyish shlanglari (stenderlar) uzilishi;
qulf-saqlovchi armaturaning germetikligi tekshirilishi;
boʻshatish-quyish, tenglashtirish va gaz ventillari tiqin bilan bekitilishi;
nazorat va drenaj ventillari shtutserlarining tiqinlari burab qoʻyilishi;
armatura himoya qalpogʻi bilan bekitilishi, u mahkamlanishi va qulf-plomba qurilmasi bilan plombalanishi kerak.
Sisternaga quyilgan mahsulotning massasi temir yoʻl tarozisida aniqlanadi.
66. Quyish va toʻldirilgan sisternalarni koʻzdan kechirish natijalari ammiak toʻldirilgan sisternani topshirish dalolatnomasida (4-ilova, 3-shakl), shuningdek sisternalarni toʻldirish jurnalida qayd etilishi kerak. Topshirish dalolatnomasining bir nusxasi transport boʻlinmasiga qaytarilishi, ikkinchi nusxasi esa topshirish dalolatnomalari jildiga tikilishi va ushbu jild roʻyxatida qayd etilishi kerak.
67. Boʻshatish-quyish punkti tomonidan toʻldirilgan sisternani topshirish dalolatnomasi transport boʻlinmasiga topshirilgandan keyin ushbu boʻlinma xodimlari sisternani yana koʻzdan kechirishlari va koʻzdan kechirish natijalarini maxsus jurnalda qayd etishlari kerak.
68. Toʻldirilgan sisternalarni temir yoʻl xizmatiga topshirilishi oʻrnatilgan talablarga muvofiq rasmiylashtiriladi.
69. Joʻnatilayotgan har qaysi ammiak partiyasiga ammiakning amaldagi texnik shartlar talablariga javob beradigan sifatini tasdiqlovchi pasport (sertifikat) ilova qilinishi kerak.
Ammiak pasporti, namuna olish va tahlil usullari davlat standartlari talablariga muvofiq boʻlishi kerak. Saqlash joylaridan ammiakni tahlil qilish uchun namuna olinadigan joylar texnologik reglamentda belgilanishi kerak.
VII-bob. Sisternalardan suyuq ammiakni boʻshatish
70. Suyuq ammiak toʻldirilgan sisternalar keltirilganligi toʻgʻrisida xabar olgan tashkilot ularni oʻrnatilgan talablarga muvofiq qabul qilib olishi shart. Topshirish-qabul qilish operatsiyalarida quyidagilar tekshiriladi:
sisternaning haqiqiy raqamining yukxat va yuk pasporti (sertifikati)da koʻrsatilgan raqamga mosligi;
sisterna idishida shikastlanishlar (ezilgan joylar, darzlar va h. k.) yoʻqligi, bunday shikastlanishlar aniqlanganda yuk tashuvchi tashkilot maʼmuriyatidan oʻrnatilgan shakldagi texnik dalolatnoma talab etilishi kerak;
sisternaning himoya qalpogʻida qulf-saqlovchi qurilmalarning borligi va butligi.
71. Sisternani qabul qilib olayotganda quyidagilar tekshirilishi lozim:
qulf-saqlovchi armaturaning sozligi;
temir yoʻl tarozisida tortish yoʻli bilan sisterna idishiga quyilgan ammiak ogʻirligining yukxat va pasport (sertifikat)da koʻrsatilgan ogʻirlikka mosligi.
Agar sisterna idishiga quyilgan mahsulot ogʻirligi yukxat va pasport (sertifikat)da koʻrsatilgan ogʻirlikka toʻgʻri kelmasligi aniqlansa, tekshirish natijalari boʻshatish-quyish va nazorat armaturasining texnik holatini koʻrsatgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
72. Agar olib kelingan sisternada boshqa mahsulot yoki ammiakni xavfsiz boʻshatishga yoʻl qoʻymaydigan nuqsonlar borligi aniqlansa, tashkilot nuqsonlarni bartaraf etish va sisternani boʻshatish imkoniyatini taʼminlash masalalarini hal qiladi.
Ammiak toʻldirilgan nuqsonli sisternalar zudlik bilan boʻshatilishi kerak.
73. Olib kelingan ammiakli sisternalarni koʻzdan kechirish, boʻshatish va ularni yuk joʻnatuvchiga qaytarish uchun buyruq bilan tegishli malakaga ega doimiy masʼul shaxslar tayinlanadi.
74. Boʻshatish uchun keltirilgan suyuq ammiakli sisternalarni boʻshatish mumkinligi toʻgʻrisida xulosa berishdan oldin yuk tashuvchi tomonidan tayinlangan masʼul shaxs sisternalarni koʻzdan kechirishi va ular ammiak bilan toʻldirilganligiga ishonch hosil qilishi kerak. Zarur hollarda, boʻshatish uchun olib kelingan sisternalar partiyasidan tahlil uchun ammiak olinadi. Sisternalarni koʻzdan kechirish va ularni boʻshatish mumkinligi toʻgʻrisida xulosa berish natijalari ikki nusxada koʻzdan kechirish va boʻshatish dalolatnomasida qayd etilishi kerak (5-ilova).
75. Boʻshatish operatsiyalari boshlangunga qadar boʻshatish uchun tayyorlangan sisternalarning raqamlari koʻzdan kechirish va boʻshatish dalolatnomasida boʻshatish ruxsat etilgan sisternalarning raqamlari bilan solishtirilishi kerak. Shlang (stender)lar ulangunga qadar tiqinlar olinishi, keyin boʻshatish shlang (stender)lari ulanishi, ularning patrubka (flanets)larga ishonchli ulanganligi tekshirilishi, shlang (stender) larni ulab quvurlardagi flanetsli ulanmalarning toʻgʻri tortilganligi va boʻshatish tizimiga gazsimon ammiak toʻldirib uning germetikligi tekshirilishi kerak. Shundan keyin boʻshatish ventilini toʻliq ochishga ruxsat etiladi.
76. Agar sisternani boʻshatish paytida ammiak chiqayotganligi aniqlansa yoki avariya vaziyati yuzaga kelsa, zudlik bilan tegishli choralar qabul qilinishi zarur.
77. Bitta yoki bir nechta sisternadan suyuq ammiakni boʻshatish gazsimon ammiak yoki azot bilan siqish, shuningdek nasoslar bilan haydash orqali amalga oshirilishi mumkin.
Sisternani boʻshatish jarayonini tezlashtirish uchun undagi mavjud ikkita suyuqlik ventili orqali quyib olish lozim. Boʻshatish-quyish punkti boʻshatish quvuriga ulangan kamida ikkita shlang (stender) bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
78. Sisternalarni boʻshatish jarayoni, odatda, avtomatlashtirilgan boʻlishi kerak.
79. Sisternalarni boʻshatish maksimal tezlikda bajarilishi va sisternaning suyuqlik quvurlaridagi tezlik klapanlari bekilib qolmasligi uchun suyuqlik ventillari yordamida tartibga solinishi kerak.
Sisterna va qabul qilish rezervuari oʻrtasidagi bosimlarning optimal farqi sisternada bosimni oshirish yoki qabul qilish rezervuarida bosimni kamaytirish orqali saqlab turilishi kerak. Bunda sisterna idishidagi bosim 2,0 MRa (20 kgf/cm2)dan oshmasligi kerak.
Ushbu holatda maksimal tezlik deyilganda sisternaning tezlik klapanlari bekilib qolmaydigan, lekin sarfning sal koʻpayishi ularning bekilishiga olib keladigan ammiakni boʻshatish tezligi tushuniladi. Boʻshatish paytida bunday tezlik boʻshatish quvuridagi ventilni tezlik klapanining bekilish momentigacha (klapanning egarga keskin urilishi eshitiladi) asta-sekin ochish yoʻli bilan belgilanadi. Keyin suyuqlik ventili 0,25 — 0,5 oborotga bekitiladi.
Temir yoʻl sisternasidan suyuq ammiakni boʻshatishning prinsipial sxemasi 3-rasmda keltirilgan.
TEMIR YOʻL SISTERNASIDAN SUYuQ AMMIAKNI BOʻShATIShNING PRINSIPIAL SXEMASI
3-rasm.
1 — sisterna; 2 — gazsimon ammiak uchun ventil; 3 — suyuq ammiak uchun ventil; 4 — sisterna ventillarini quvurlarga ulash uchun elastik rezina shlanglar; 5 —manometrlar; 6 — quvurlardagi qulf ventillari; 7 — boʻshatish paytida bosim hosil qilish uchun sisternaga gazsimon ammiak yuborish va boʻshatilgandan keyin sisternadagi bosimni kamaytirish uchun moʻljallangan quvur; 8 — suyuq ammiak uchun qabul qilib olish idishi; 9 — idishning qabul qilish ventillari.
80. Sisternalar guruhi (oʻnta va undan ortiq)dan ammiak nasoslar yordamida haydalganda boʻshatish quvurida sisternalar va nasoslar oʻrtasida suyuq ammiak resiveri boʻlishi kerak. Resiverning sigʻimi koʻpi bilan 1 soatda boʻshatiladigan ammiak miqdorining 25% ni tashkil etishi, lekin 100 tonnadan oshmasligi kerak.
81. Boʻshatish paytida sisternalarning ularda boʻshatish bosimini saqlagan holda boʻshatilishi taʼminlanishi kerak.
82. Boʻshatishni tugatish momenti uch pozitsiyali sath oʻlchagichning nazorat ventilini ochish orqali belgilanishi lozim. Ventildan gaz chiqishi sisternaning toʻliq boʻshatilganligini, suyuqlik chiqishi esa boʻshatish tugamaganligini koʻrsatadi. Notoʻgʻri aniqlash natijasiga yoʻl qoʻymaslik uchun nazorat ventilini ochishdan oldin nazorat ventili naychasida va sisternaning gaz boʻshligʻida bosimni tenglashtirish ventili 1-2 sekundga ochilishi lozim. Toʻliq boʻshatilmagan va bosimi 0,049 MRa (0,5 kgf/cm2)dan past boʻlgan sisternani qaytarish taqiqlanadi.
83. Boʻshatish tugagandan keyin, sisternadagi bosimni kamaytirmasdan, quyidagi operatsiyalar bajarilishi kerak:
qulf ventillar yordamida sisternani boʻshatish-quyish quvurlaridan uzish, shlang (stender)larni drenaj kollektoriga boʻshatish va ularni uzish;
armatura, flanetsli va rezbali ulanmalarning germetikligini, saqlovchi membrananing butligini (agar u boʻlsa) tekshirish va ventillarga tiqin oʻrnatish;
sisterna armaturasini himoya qalpogʻi bilan bekitish, uni qulf-plomba qurilmasi bilan plombalash.
84. Qulf-saqlovchi armaturani qalpoqlar bilan bekitish va ularda qulf-plomba qurilmalarini oʻrnatish ishlari faqat vakolatli shaxsning ruxsati bilan va uning ishtirokida bajarilishi, u esa armatura, tiqin va qalpoqlarni nazorat koʻzdan kechirishi, saqlovchi membrananing (agar u boʻlsa) butligini tekshirishi kerak. Qalpoqlari plombalangan sisternalar zudlik bilan ular roʻyxatdan oʻtkazilgan stansiyaga qaytarilishi kerak.
Sisternalar joʻnatishdan oldin koʻzdan kechirilgandan keyin sisternalarni koʻzdan kechirish va boʻshatish dalolatnomasi rasmiylashtiriladi (5-ilova). Dalolatnoma ikkita nusxada tuzilishi, ulardan biri boʻshatish-quyish punktida qoldirilishi, ikkinchisi esa sisterna bilan birga transport boʻlinmasiga yuborilishi kerak.
VIII-bob. Sisternalarni toʻldirish va boʻshatishga qoʻyiladigan qoʻshimcha talablar
85. Ammiak quyish yoki boʻshatish uchun qoʻyilgan sisternalar ishonchli ulangan va rels yoʻllariga tormoz boshmoqlari bilan mahkamlangan, stryelkalar esa boʻshatish (quyish) yoʻliga boshqa poyezd kirish ehtimoliga yoʻl qoʻymaydigan holatda oʻrnatilgan boʻlishi kerak. Stryelkalarni bunday holatda oʻrnatish imkoni boʻlmaganda bunday ehtimolga yoʻl qoʻymaydigan boshqa tadbirlar koʻzda tutilishi lozim. Temir yoʻllarda “Temir yoʻllardan texnik foydalanish qoidalari”ga muvofiq oʻtish taqiqlanganligi toʻgʻrisida ogohlantiruvchi statsionar belgilar oʻrnatiladi.
86. Tayyorgarlik va boʻshatish-quyish operatsiyalari lokomotiv oʻtish taqiqlanganligi toʻgʻrisidagi belgidan oʻtib ketgandan keyingina bajarilishi mumkin.
87. Tayyorgarlik boʻshatish-quyish operatsiyalarini bajarish paytida sisternalar yaqinida bu ishga aloqador boʻlmagan kishilarning turishi taqiqlanadi. Bu zonani maxsus oʻrab olish talab etilmaydi.
88. Sisternalardan ammiakni boʻshatish va ularga quyish paytida rels yoʻllari yerga ulangan boʻlishi kerak.
89. Tayyorgarlik operatsiyalarini bajarish paytida sisternalarga oʻrnatiladigan osma koʻprikchalar va maydoncha toʻsiqlarining sozligiga, qish paytida esa muz yoʻqligiga ishonch hosil qilish kerak.
90. Sisterna armatura lyukining himoya qalpogʻini ochayotgan ishchida ehtiyot kamari boʻlishi, uning sisterna metall konstruksiyalariga mahkamlanishi ishchini tushib ketishdan saqlashi, lekin ammiak otilib uning zudlik bilan chetga chiqishiga imkon berishi kerak.
91. Sisterna armatura lyukining himoya qalpoqlari ochilgandan keyin ularning siqilib qolishi va tushib ketishiga yoʻl qoʻymaslik uchun mahkamlanishi kerak.
92. Ammiakni quyish (boʻshatish) chogʻida uzoq davom etadigan (0,5 soatdan ortiq) tanaffuslar paytida sisternani kommunikatsiyalarga ulangan holda qoldirish taqiqlanadi. Uzoq davom etmaydigan tanaffuslarda shlanglarning ikkala uchidagi ventillarni bekitish va ularni uzmasdan bosimini drenaj ventil orqali kamaytirishning oʻzi yetarli hisoblanadi.
93. Tashqi koʻzdan kechirish, ammiakni quyish va boʻshatish, sisternalarning germetikligini tekshirish, shlanglar va armaturani ulash va uzish, suyuq ammiak kommunikatsiyalaridagi ulanmalarni tortish va ajratish bilan bogʻliq barcha operatsiyalar avariya vaziyatlarini lokallashtirish rejasi talablariga muvofiq yakka tartibda himoyalanish vositalari bilan bajarilishi kerak.
94. Sisternalar yonidagi, kompressor (nasos) xonalari va omborxona yoki boʻshatish-quyish punktining boshqa ish joylaridagi operatorlar bir-birlari, smena boshligʻi (ustasi) va maxsus avariya-qutqaruv tuzilmasi navbatchisi bilan ishonchli aloqa vositalari bilan taʼminlanishlari kerak.
95. Mazkur Qoidalarning VI va VII boblarida koʻzda tutilgan quyish va boʻshatish operatsiyalari paytida bosimni, sisterna idishidagi manometrni (gidravlik sinovlarda bosimni nazorat qilish uchun moʻljallangan) echib olib, boʻshatish-quyish quvurlarida oʻrnatilgan manometrlar orqali nazorat qilishga ruxsat etiladi.
IX-bob. Sisternalarni degazatsiya qilish va yuvish
96. Suyuq ammiakni tashish uchun moʻljallangan sisterna idishlarini yuvish va ichini tozalash ishlari “Gaz xavfi boʻlgan ishlarni xavfsiz bajarishni tashkil etish boʻyicha namunaviy yoʻriqnoma” talablariga rioya qilgan holda maxsus jihozlangan punktlarda bajarilishi kerak.
97. Sisterna idishlarini degazatsiya qilish va (yoki) yuvish ishlari ularni texnik koʻrikdan oʻtkazishdan oldin, ularda begona mahsulot borligi aniqlanganda, sisterna idishi ichida ishlarni bajarish zaruriyati tugʻilganda taʼmirlashdan oldin amalga oshirilishi kerak.
98. Yuvishdan oldin sisterna idishi ammiakdan toʻliq boʻshatilishi, azot bilan tozalanishi (ammiakning qoldiq miqdori koʻpi bilan 20 mg/m3 ufxf) yuvilgandan keyin degazatsiya qilinishi kerak.
99. Sisterna idishini yuvish ishlari, odatda, qulf-saqlovchi armaturani taʼmirlash bilan birgalikda bajarilishi lozim. Bunda unga texnik xizmat koʻrsatilishi va gidravlik sinovdan oʻtkazilishi, saqlovchi klapan esa maxsus stendda 2,05 — 2,3 MRa (20 — 23 kgf/cm2)ga teng ochish bosimida rostlanishi kerak.
100. Sisterna idishini ichki koʻzdan kechirish, uning qulf-saqlovchi armaturasini tekshirish va gidravlik sinovdan oʻtkazish, shuningdek saqlovchi klapanini rostlash natijalari tegishli dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilishi, bu dalolatnomalar sisternalarning pasportlari bilan birga saqlanishi kerak.
X-bob. Boʻshatish-quyish operatsiyalari paytida va yoʻlda sisternalar bilan bogʻliq nosozliklar va avariya vaziyatlarini lokallashtirish va bartaraf etish boʻyicha tadbirlar
Ishlovchilarning himoya vositalari va shaxsiy gigiyenasi
101. Sisternalarni boʻshatish va toʻldirish paytida avariya vaziyatlari yuzaga kelganda zudlik bilan ularni lokallashtirish boʻyicha tegishli choralar koʻrilishi lozim.
Sisternalarni boʻshatish va toʻldirish paytida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan avariya vaziyatlaridagi xatti-harakatlar tartibi avariya vaziyatlarini lokallashtirish va bartaraf etish rejalarida belgilangan boʻlishi kerak.
102. Agar yongʻin sodir boʻlib, uning issiqlik taʼsiri sisternaning xavfli qizishiga olib kelishi mumkin boʻlsa, u xavfsiz joyga olib oʻtilishi, buning imkoni boʻlmaganda esa xavf bartaraf etilgunga qadar uning ustidan koʻp miqdorda suv quyilishi kerak.
103. Boʻshatish-quyish punkti xodimlari:
ammiak va azotning oʻziga xos belgilarini, ularning inson organizmiga taʼsiri xavfini;
yakka tartibda himoyalanish vositalaridan foydalanishni;
jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam koʻrsatishni bilishlari kerak.
104. Gaz xavfi boʻlgan joylarda — sisternalarning xizmat koʻrsatish maydonchalarida, osma koʻprikchalarda, boʻshatish (quyish) estakadalarida, shuningdek sisterna idishlarining ichida bajariladigan ishlar “Gaz xavfi boʻlgan ishlarni xavfsiz bajarishni tashkil etish boʻyicha namunaviy yoʻriqnoma”ga muvofiq oʻrnatilgan tartibda amalga oshirilishi kerak.
105. Yoʻlda yuzaga kelgan avariya vaziyatlarini lokallashtirish va bartaraf etish tartibi oʻrnatilgan talablar boʻyicha belgilanadi.
106. Korxonada yoʻlda uzib qoʻyilgan sisterna nosozliklarini bartaraf etish, avariya vaziyatlarini lokallashtirish va bartaraf etish uchun koʻchma avariya-qutqaruv brigadalari tayyorlanishi va tashkil etilishi kerak.
Koʻchma avariya-qutqaruv brigadasi tarkibiga rahbarning buyrugʻi bilan malakali, oʻqitilgan va oʻrnatilgan tartibda attestatsiyadan oʻtkazilgan avariya-qutqaruv boʻlinmasi xodimlari tayinlanadi.
107. Koʻchma avariya-qutqaruv brigadasi korxonaning vakolatli vakili rahbarligi ostida yoʻlda poyezddan uzib qoldirilgan sisternalarning nosozliklari va avariyalarni bartaraf etish ishlarini bajarishi kerak. Korxonaning vakolatli vakili sisterna nosozliklarini bartaraf etish va unga ishonib topshirilgan brigada aʼzolari xavfsizligi uchun javobgar hisoblanadi.
108. Sisternaning yurish qismi, uni ramaga mahkamlash elementlari, rama, tormoz va avtoulanish asboblaridagi nosozliklarni bartaraf etish temir yoʻl xodimlarining vazifalariga kiradi va bu ishlar sisternalarning egasi boʻlgan yoki sisternalarni toʻldirgan korxona koʻchma brigadasi tomonidan bajarilmasligi kerak.
109. Sisterna uzib qoldirilgan stansiyaga kelishi bilan brigada rahbari stansiya boshligʻi bilan bogʻlanishi va undan avariya yuzaga kelgan sisternadagi nosozliklarning xususiyatlari va koʻchma brigada etib kelgunga qadar temir yoʻl xodimlari tomonidan koʻrilgan choralar toʻgʻrisida tegishli maʼlumotlarni olishi kerak.
110. Agar sisterna shikastlangan boʻlsa, masalan, payvand choklarida darzlar, gardish, tub va bosim ostida ishlaydigan boshqa elementlar ochiq shikastlanganda, oʻt oʻchirish komandasi chaqirilishi va ammiak toʻkilgan joyga uning katta qismi suvda erishi va hududga tarqalmasligi uchun koʻp miqdorda suv sepilishi kerak. Bu odatda, koʻchma brigada etib kelgunga qadar temir yoʻl xodimlari tomonidan bajarilishi kerak. Koʻchma brigada rahbarining vazifasiga qabul qilingan birinchi navbatdagi choralarning yetarliligini tekshirish va ammiak chiqishini bartaraf etish mumkinligini aniqlash kiradi.
111. Sisterna lyuk-tuynugining shikastlangan gardishidan suyuqlikning chiqishi metall xomutlar bilan tortib rezina plastir yopishtirish yoʻli bilan bartaraf etilishi lozim. Boshqa hollarda sisterna toʻliq boʻshagunga qadar turgan joyida qoldirilishi, ammiak toʻkilgan joyga koʻp miqdordagi suv quyilishi kerak. Bunda hosil boʻlgan ammiakli suvni yigʻish va uning umumiy foydalanishdagi suv havzalariga tushishini oldini olish choralari koʻrilishi lozim.
112. Lyuk-tuynuk, armatura, manometr tutqichining ajraluvchi ulanmalaridan ammiak chiqayotganligi aniqlanganda, shuningdek armatura zatvori zich bekilmaganda yoki armatura ochiq shikastlanganda koʻchma brigada mavjud vositalar yordamida ammiak chiqishini bartaraf etishi kerak. Bunda quyidagi operatsiyalar bajarilishi kerak:
flanetsli tiqinni olib tashlab sisternaning gaz ventilini sekin-asta ochish yoʻli bilan sisternadagi bosimni kamaytirish;
ajraluvchi ulanmalarni qoʻshimcha tortish yoʻli bilan ulardan ammiak chiqishini bartaraf etish;
shikastlangan armaturani koʻchma brigada komplektidagi armatura bilan almashtirish yoki shikastlangan qistirma yoki salnik tiqmasini almashtirish (soz armaturada);
barcha flanetsli va rezbali ulanmalar va salniklarning toʻgʻri tortilganligini tekshirish (flanetslarning qiyshayishi va qistirmalarning surilishi, flanetsli ulanmalarda boltlar sonining toʻliq boʻlmasligi va h. k. ruxsat etilmaydi);
sisternadagi ventillarni bekitish, almashtirilgan armaturaning, shuningdek lyuk-tuynuk, manometr tutqichi va qolgan armaturalarning ajraluvchi ulanmalari germetikligini tekshirish;
almashtirilgan ventillar va sisternaning gaz ventiliga tiqinlar oʻrnatish, bu ulanmalarning germetikligini tekshirish.
Izoh: sisternadagi bosimni kamaytirayotganda ehtiyot boʻlish kerak. Chunki sisternada ammiakning qaynashi oqibatida, ayniqsa yoz vaqtida sisternada bosim yuqori boʻlganda, suyuq ammiak sisternaning gaz ventili orqali atmosferaga otilib chiqishi mumkin. Ventilning chiqish teshigi doim kuzatib turilishi lozim. Unda suyuq ammiak (atmosferadagi suv bugʻlariga qoʻshib hosil boʻlgan oq bulut) paydo boʻlishi bilan gaz ventili bekitilishi kerak. Bu esa sisternada bosimning oshishi va ammiakning qaynash intensivligi kamayishiga olib keladi.
113. Qish paytida tashqaridagi havo harorati 239,8 K (minus 33,3° S) boʻlganda germetikni tekshirish talab etilmaydi. Chunki sisternadagi bosim atmosfera bosimidan yuqori boʻlmaydi; ammiak chiqishi bartaraf etilgandan keyin sisterna idishida ortiqcha bosimsiz belgilangan joyga joʻnatilishi kerak. Tashqaridagi havo harorati 239,8 K (minus 33,3° S)dan yuqori boʻlganda ammiak oqishi bartaraf etilgandan keyin germetiklik har 2-3 soatda tekshirilishi kerak.
114. Sisternadan ammiak oqishini bartaraf etishda band boʻlgan ishchilar himoya kiyimi va protivogazlarda boʻlishlari va imkon qadar ammiak oqqan joyning shamol esadigan tomonida turishlari kerak.
115. Sisternadan ammiak oqishini bartaraf etishda band boʻlgan ishchilar, agar ammiak oqqan joyning shamolga teskari tomonida ishlash zarur boʻlsa, izolatsiyalovchi protivogazlardan foydalanishlari shart.
116. Ammiak teriga tekkanda shikastlangan joy tez va koʻp miqdorda suv bilan yuvilishi, keyin esa tibbiy yordamga murojaat qilinishi kerak.
117. Ammiak bilan zaharlanganda jabrlanuvchi zudlik bilan toza havoga olib chiqilishi, kisloroddan nafas oldirilishi va tez tibbiy yordam chaqirilishi kerak. Engil zaharlanganda jabrlanuvchiga sodali iliq sut berish tavsiya etiladi.
XI. Javobgarlik
118. Mazkur Qoidalarni, lavozim yoʻriqnomalarini buzganlikda aybdor deb topilgan shaxslar yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarliklarning xususiyati va ularning oqibatlariga qarab Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida koʻzda tutilgan tartibda intizomiy, maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
XII bob. Yakuniy qoidalar
119. Ushbu Qoidalar “Suyuq ammiakni olib yurish uchun temiryoʻl vagon-sisternalardan foydalanishda xavfsizlik qoidalari” Oʻzbekiston yoqilgʻi-energetika kompleksi, kimyo sanoati va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Markaziy kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi IIV yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi va “Oʻzkimyosanoat” Davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston yoqilgʻi-energetika kompleksi, kimyo sanoati va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Markaziy Kengashining raisi A.X. GʻULOMOV
OʻzR IIV yongʻin xavfsizligi Bosh boshqarmasi boshligʻi A.I. ISLOMOV
“Oʻzkimyosanoat” DAK Boshqaruvi raisi Gʻ.I. IBRAGIMOV
Suyuq ammiak tashish uchun moʻljallangan temir yoʻl vagon-sisternalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga 1-ilova (tavsiyaviy)
Suyuq ammiak tashish uchun moʻljallangan temir yoʻl vagon-sisternalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga 2-ilova (tavsiyaviy)
Suyuq ammiak tashish uchun moʻljallangan temir yoʻl vagon-sisternalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga 3-ilova (tavsiyaviy)
Suyuq ammiak tashish uchun moʻljallangan temir yoʻl vagon-sisternalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga 4-ilova (tavsiyaviy)
Suyuq ammiak tashish uchun moʻljallangan temir yoʻl vagon-sisternalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga 5-ilova (tavsiyaviy)
