Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkni sertifikatlash mexanizmini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (136-son)
16.05.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Chet el investitsiyalari toʻgʻrisida”, “Boj tarifi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi korxonalarga beriladigan qoʻshimcha ragʻbatlantirish omillari va imtiyozlar toʻgʻrisida” 1996-yil 30-noyabrdagi PF-1652-son Farmonini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining tuzilmasini maqbullashtirish va uning faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 31-dekabrdagi PQ-2463-son qarorini, Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida tashqi savdo faoliyatini erkinlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1998-yil 31-martdagi 137-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkni sertifikatlash tartibini takomillashtirish hamda qonun hujjatlari normalarining bir xil qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkni aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 16-may,
136-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 16-maydagi 136-son qaroriga ILOVA
Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkni aniqlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkni aniqlash tartibini belgilaydi.
2. Oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkka sertifikatning yoʻqligi ariza beruvchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilikda nazarda tutilgan umumiy tartibda amalga oshiriladigan olib kelishni cheklashga asos hisoblanmaydi.
II. Asosiy tushunchalar
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinadigan mol-mulkka sertifikat olish uchun murojaat qilgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxona;
xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxona — belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan, qonunchilikda belgilangan mezonlarga javob beradigan korxona;
oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkka sertifikat (keyingi oʻrinlarda sertifikat deb ataladi) — mahsulotlar ishlab chiqarish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatishning texnologik jarayonida foydalanish uchun olib kelinayotgan mol-mulkning ishlatilishini tasdiqlaydigan hujjat, shu jumladan, elektron shaklda;
oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulk (keyingi oʻrinlarda mol-mulk deb ataladi) — mahsulotlar ishlab chiqarish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatishning bevosita texnologik jarayonida foydalanish uchun ariza beruvchi tomonidan olib kelinadigan moddiy boyliklar va ashyolar jami;
tovarga ilova qilinadigan hujjat (invoys va transport yuk xati) — yukni joʻnatuvchi yoki yetkazib beruvchi tomonidan yuklangan yoki tashiladigan tovar bilan birgalikda yuboriladigan, tovarning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kelinganligi holatini tasdiqlaydigan hujjatlar;
ishlab chiqarish — moddiy va/yoki boshqa boyliklar — mahsulotlar, ishlar va xizmatlarni yaratish jarayoni;
texnologik jarayon — mahsulotlar ishlab chiqarish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish uchun izchil bajariladigan operatsiyalar jami;
vakolatli organ — belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar;
ekspert — zimmasiga ishlab chiqarish ekspertizasini oʻtkazish, ekspertiza dalolatnomasini yoki ekspert xulosasini rasmiylashtirish va sertifikat tayyorlash funksiyalari yuklangan vakolatli organning vakili;
ishlab chiqarishni ekspertizadan oʻtkazish — ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda ariza beruvchining ishlab chiqirishini ekspert tartibida tekshirish.
III. Oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkni aniqlash tartibi
4. Sertifikat vakolatli organ tomonidan quyidagi talablarga rioya qilingan holda beriladi:
mol-mulkdan bevosita ishlab chiqarish jarayonida foydalanish;
ariza beruvchining ishlab chiqarish maydonida (shu jumladan ijaraga olingan maydonda) uning xodimlari tomonidan ishlab chiqarishning asosiy texnologik jarayonlari amalga oshirilishi;
oʻzining (shu jumladan ijaraga olingan) asosiy va aylanma mablagʻlaridan, shu jumladan jalb etilgan moliyaviy resurslardan foydalanish.
41. Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkka ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq sertifikat beriladi.
5. Agar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilikda oʻzgacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa, quyidagilar ishlab chiqarishning texnologik jarayoniga tegishli boʻlmaydi:
mol-mulkni maydalash;
mol-mulkni navlarga ajratish;
mol-mulkni qayta oʻrash;
qadoqlash yoki oʻrash;
mol-mulkni aralashtirish;
yuqorida koʻrsatib oʻtilgan operatsiyalarning ikkitasini yoki undan ortigʻini birga qoʻshib olib borish.
IV. Sertifikat olish uchun ariza berish
6. Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkka sertifikat olish uchun ariza beruvchi ishlab chiqarish amalga oshiriladigan joy boʻyicha vakolatli organga ushbu Nizomga 1a-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha YIDXP, “Yagona darcha” BAT yoki vakolatli organning rasmiy veb-sayti (keyingi oʻrinlarda — elektron tizim) orqali arizani (soʻrovnoma) elektron shaklda toʻldiradi.
7. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
ariza beruvchining rahbari va ishlab chiqarish uchun masʼul shaxs tomonidan tasdiqlangan oʻzining yoki ijaraga olingan mavjud binolar va asbob-uskunalar (mahsulotlar ishlab chiqarishda ishlab chiqarish quvvati koʻrsatilgan holda), shuningdek ishlab chiqarishda foydalaniladigan mehnat resurslari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladigan ishlab chiqarish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ariza beruvchining rahbari va ishlab chiqarish uchun masʼul shaxs tomonidan tasdiqlangan ishlab chiqariladigan mahsulot birligiga sarf normasi (xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar hamda komponentlar va hokazolar import qilingan taqdirda), shuningdek 12 oy uchun mol-mulkka boʻlgan ehtiyoj hisob-kitobi;
ariza beruvchining rahbari va ishlab chiqarish uchun masʼul shaxs tomonidan tasdiqlangan ishlab chiqarishning texnologik jarayoni tavsifi;
import kontrakt nusxasi yoki uning asosida mol-mulk yetkazib beriladigan boshqa hujjat;
mol-mulk Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kelinganligi toʻgʻrisida davlat bojxona xizmati organlari belgisi qoʻyilgan tovarga ilova qilinadigan hujjat nusxasi.
Ariza beruvchi tomonidan texnologik asbob-uskunalar va ularga ehtiyot qismlar olib kelingan taqdirda, shuningdek ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish uchun mol-mulk olib kelingan taqdirda ishlab chiqariladigan mahsulot birligiga sarf normasi oʻrniga olib kelinadigan mol-mulkning zarurligi asoslangan, shuningdek olib kelinadigan texnologik asbob-uskunalar va ularga ehtiyot qismlar, shuningdek ularning vazifasi, oʻrnatiladigan joyi yoki almashtirilishi tavsiflangan xat taqdim etiladi.
Vakolatli organ sertifikat berish uchun boshqa vakolatli organlarda mavjud boʻlgan zarur hujjatlar va axborotlarni belgilangan tartibda oʻzaro axborot hamkorligi yoʻli bilan, shu jumladan elektron tarzda mustaqil ravishda oladi, ushbu bandda nazarda tutilgan hujjatlar va axborotlar bundan mustasno.
8. Sertifikat olish uchun taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning ishonchliligi uchun ariza beruvchi javob beradi.
9. Toʻliq boʻlmagan hajmda taqdim etilgan hujjatlar koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
10. Sertifikat olish uchun berilgan ariza tushgan kunidan boshlab 3 ish kuni mobaynida koʻrib chiqiladi. Ariza beruvchidan qoʻshimcha maʼlumotlar olish zarur boʻlganda arizalarni koʻrib chiqish muddati 5 ish kunigacha uzaytiriladi.
11. Ariza beruvchi ariza berilgandan keyin 2 ish kuni mobaynida ekspertning ekspertiza oʻtkazish uchun ishlab chiqarish amalga oshiriladigan joyga kirishini taʼminlashga majburdir.
V. Sertifikat berish
12. Ekspert taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi va hujjatlarda yetarli zarur maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda olib kelinadigan mol-mulkdan ishlab chiqarishning texnologik jarayonida foydalanish uchun shart-sharoitlar mavjudligini aniqlash uchun ishlab chiqarish joyining oʻzida ariza beruvchining ishlab chiqarishini ekspertizadan oʻtkazadi, ushbu Nizomning 7-bandiga muvofiq taqdim etilgan hujjatlardan kelib chiqib olib kelinadigan mol-mulkdan foydalanishning taxminiy muddatini aniqlaydi.
13. Ishlab chiqarish ekspertizasining natijalari ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiq boʻlgan taqdirda ekspert tomonidan ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha ekspertiza dalolatnomasi tuziladi.
14. Quyidagi hollarda:
ushbu Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan hujjatlardan birortasida sertifikat olish uchun zarur maʼlumot yoʻq boʻlganda;
taqdim etilgan hujjatlarda buzilgan maʼlumotlar mavjudligi aniqlanganda;
ariza beruvchining ishlab chiqarishini ekspertizadan oʻtkazish uchun ekspertning ishlab chiqarish amalga oshiriladigan joyga qoʻyilishi taʼminlanmaganda;
ushbu Nizomning 4 va 17-bandlari talablariga rioya qilinmaganda;
ushbu Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan hollarda sertifikat berishning rad etilishi yuzasidan, ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha rad etish sabablari koʻrsatilgan holda ekspert xulosasi rasmiylashtiriladi.
Ariza va hujjatlarda imlo va texnik xatolarga yoʻl qoʻyilgan holatlar hamda ayrim hujjatlarning yetishmasligi aniqlanganda, ariza beruvchiga ularni toʻgʻirlab berish uchun besh ish kuniga qadar imkoniyat beriladi. Bunda arizani koʻrib chiqish muddati ariza beruvchi tomonidan xatolarni bartaraf etish va/yoki yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish vaqtida toʻxtatib turilishi mumkin.
Boshqa asoslar boʻyicha sertifikat berishning rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Hujjatlarni takroriy koʻrib chiqishda vakolatli organ tomonidan ekspert xulosasida ilgari bayon qilinmagan yangi mulohazalar taqdim etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunda agar oldingi mulohazalar ishlab chiqarish joyiga chiqmasdan koʻrsatilgan boʻlsa, yangi mulohazalar taqdim etilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Rad etilganda ekspert rad etish sabablarini bartaraf etish uchun ariza beruvchiga 20 kun muddat bergan holda ekspert xulosasini rasmiylashtiradi. Ushbu holatda hujjatlar ariza beruvchi tomonidan koʻrsatilgan muddat mobaynida takroran taqdim etilgan taqdirda ariza koʻrib chiqilganligi uchun toʻlov undirilmaydi.
16. Ekspertiza dalolatnomasi asosida vakolatli organ tomonidan mazkur Nizomga 4-ilovaga muvofiq shaklda sertifikat rasmiylashtiriladi va QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilib, sertifikatlar elektron tizimiga kiritiladi.
17. Sertifikat invoysga muvofiq tuzilgan kontrakt doirasida respublika hududiga olib kelingan mol-mulk hajmiga (soniga) rasmiylashtiriladi. Sertifikat mol-mulk Oʻzbekiston Respublikasi davlat chegarasidan oʻtgan kundan boshlab 12 oydan kechikmay berilishi mumkin.
18. Sertifikat 12 oydan ortiq boʻlmagan muddatga beriladi.
Berilgan sertifikatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish zarurati tugʻilgan hollarda, uning oʻrniga yangi sertifikat olish maqsadida Nizom talablari asosida yangi ariza bilan murojaat qilinadi.
VII. Oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkni sertifikatlash boʻyicha xarajatlar va xizmatlarga haq toʻlash
21. Ekspertizani oʻtkazish va sertifikatni rasmiylashtirish xarajatlarini ariza beruvchi toʻlaydi.
22. Sertifikat berishga ariza koʻrib chiqilganligi uchun ariza beruvchi tomonidan vakolatli organga murojaat qilingan sanada Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida (QQSni hisobga olmaganda) toʻlov toʻlanadi.
YIDXP orqali kelib tushgan sertifikat olish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish uchun yigʻim summasining:
11,25 foizi — YIDXP orqali davlat xizmatlarini koʻrsatganlik uchun, shuningdek, 0,5 foizi Yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlari koʻrsatganlik uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga;
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
qolgan qismi — vakolatli organning bank hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Ariza beruvchi xizmatdan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi. Bunday hollarda yoki vakolatli organ tomonidan talabgorga sertifikatni berish rad etilgan taqdirda, toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
VIII. Yakunlovchi qoidalar
23. Oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkning sifati uchun ariza beruvchi javob beradi.
24. Ekspertiza toʻgʻri oʻtkazilganligi va sertifikat berilganligi uchun ekspert va sertifikatni imzolaydigan vakolatli organning mansabdor shaxsi javob beradi.
26. Davlat bojxona xizmatining bojxona organlari Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga muvofiq oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun bojxona bojidan ozod etiladigan mol-mulk olib kelgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar reyestrini hamda berilgan imtiyozlarning hisobini yuritadi.
28. Vakolatli organning ekspert xulosasi yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkni aniklash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkka sertifikat berish
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Chora-tadbirlar Bajarish muddatlari 1-bosqich Ariza beruvchi Sertifikat olish uchun ushbu Nizomga 1a-ilovaga muvofiq elektron shaklda YIDXP, “Yagona darcha” BAT yoki vakolatli organning rasmiy veb-sayti orqali arizani (soʻrovnoma) elektron shaklda toʻldiradi, zarur boʻlgan hujjatlarni ilova qiladi. Xohishiga koʻra 2-bosqich YIDXP, “Yagona darcha” BAT yoki vakolatli organning rasmiy sayti Ariza YIDXP, “Yagona darcha” BAT yoki vakolatli organning rasmiy veb-sayti orqali vakolatli organga kelib tushadi. real vaqt rejimida 3-bosqich Vakolatli organ 1. Ekspert taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi va hujjatlarda yetarli zarur maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda, olib kelinadigan mol-mulkdan ishlab chiqarishning texnologik jarayonida foydalanish uchun shart-sharoitlar mavjudligini aniqlash uchun ishlab chiqarish joyining oʻzida ariza beruvchining ishlab chiqarishini ekspertizadan oʻtkazadi. 2. Ishlab chiqarish ekspertizasining natijalari ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiq boʻlgan taqdirda, ekspert tomonidan ekspertiza dalolatnomasi tuziladi. Aks holda Nizomning 14-bandiga muvofiq ekspert xulosasi rasmiylashtiriladi. Ikki ish kunida 4-bosqich Vakolatli organ Ekspertiza dalolatnomasi asosida vakolatli organ tomonidan sertifikat mazkur Nizomga 4-ilovaga muvofiq elektron shaklda QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilib rasmiylashtiriladi. Bir ish kunida
Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkni aniklash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1a-ILOVA
(1a-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-dekabrdagi 696-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2022-y., 09/22/696/1072-son — 2023-yil 8-martdan kuchga kiradi)
Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkni aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
(2-ilova matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-dekabrdagi 696-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2022-y., 09/22/696/1072-son — 2023-yil 8-martdan kuchga kiradi)
Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkni aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
(3-ilova matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-dekabrdagi 696-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2022-y., 09/22/696/1072-son — 2023-yil 8-martdan kuchga kiradi)
Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkni aniklash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
(4-ilova matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-dekabrdagi 696-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2022-y., 09/22/696/1072-son — 2023-yil 8-martdan kuchga kiradi)
