Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organiga xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi materiallarni taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2223-son)
02.05.2011
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MONOPOLIYADAN ChIQARISh VA RAQOBATNI RIVOJLANTIRISh DAVLAT QOʻMITASINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 2-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2223]
Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi va “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organiga xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi materiallarni taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi huzuridagi Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qoʻmitasi tomonidan 1999-yil 29-dekabrda 13-son bilan tasdiqlangan Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qoʻmitasiga xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishlari va maʼmuriy jarimalar qoʻllash tartibi (roʻyxat raqami 894, 2000-yil 9-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining normativ hujjatlari axborotnomasi, 2000-yil, 3-son);
Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi huzuridagi Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qoʻmitasi tomonidan 2000-yil 5-mayda 18-son bilan tasdiqlangan Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qoʻmitasiga xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishlari va maʼmuriy jarimalar qoʻllash tartibiga 1-son oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar (roʻyxat raqami 894-1, 2000-yil 15-may) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining normativ hujjatlari axborotnomasi, 2000-yil, 9-son).
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi J. ISMAILOV
Toshkent sh.,
2011-yil 16-mart,
3-son
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2011-yil 16-martdagi 3-son qaroriga ILOVA
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organiga xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi materiallarni taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi va “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Qoʻmita deb yuritiladi) va uning hududiy organlariga xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi materiallarni (keyingi oʻrinlarda materiallar deb yuritiladi) taqdim etish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga tatbiq etiladi.
2. Qoʻmita va uning hududiy organlariga taqdim etiladigan materiallarga quyidagilar kiradi:
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlari, zararlari, muddati oʻtgan kreditorlik va debitorlik qarzlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
zarar koʻrib ishlayotgan, iqtisodiy nochor va sanatsiya qilinayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy qodirligi toʻgʻrisida Qoʻmita va uning hududiy organlarining alohida soʻroviga asosan taqdim etiladigan boshqa maʼlumotlar.
II. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi materiallarni taqdim etish
3. Mazkur Nizomning 2-bandida koʻrsatilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar toʻgʻrisidagi materiallar quyidagi tartibda va muddatlarda taqdim etiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va uning hududiy organlari budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha uch oydan ortiq soliq qarziga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar roʻyxatini mos ravishda Qoʻmita va uning hududiy organlariga har chorakda, hisobot choragidan keyingi oyning yigirmanchi kunidan kechiktirmay, mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda elektron koʻrinishda aloqaning telekommunikatsiya kanallari vositasida taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalari chorakda bir marta, davlat statistika ishlari Dasturida belgilangan hajmlarda va muddatlarda, mos ravishda Qoʻmitaga va uning hududiy organlariga “Korxonaning moliyaviy ahvoli toʻgʻrisida”gi davlat statistika hisoboti asosida zarar koʻrib ishlayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar toʻgʻrisida va uch oydan ortiq muddati oʻtgan kreditorlik qarziga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hududlar, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari kesimida elektron koʻrinishda aloqaning telekommunikatsiya kanallari vositasi orqali taqdim etadi;
boshqa statistik maʼlumotlar, davlat statistika ishlari Dasturi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan Qoʻmita va uning hududiy organlariga qonun hujjatlariga muvofiq taqdim etiladi.
4. Davlat soliq xizmati va statistika organlarining rahbarlari Qoʻmita yoki uning tegishli hududiy organiga mazkur Nizomda koʻrsatilgan maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim etish uchun masʼul boʻlgan mansabdor shaxsni tayinlaydi.
5. Ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar mazkur Nizomning 2-bandida koʻrsatilgan materiallarni quyidagi tartibda va muddatlarda Qoʻmita va uning hududiy organlariga elektron koʻrinishda aloqaning telekommunikatsiya kanallari vositasi orqali taqdim etadi:
Qoʻmita qaroriga koʻra sanatsiya qilingan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning sanatsiya rejasini bajarilishi toʻgʻrisidagi axborotni har chorakda, hisobot choragidan keyingi oyning yigirma beshinchi kunigacha;
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2002-yil 27-dekabrdagi 140-sonli “Moliyaviy hisobot shakllari va ularni toʻldirish boʻyicha qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1209, 2003-yil 24-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2003-yil, 1-2-son) bilan tasdiqlangan 1-sonli “Buxgalteriya balansi”, 2-sonli “Moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot” shakllari boʻyicha choraklik (kichik tadbirkorlik subyektlaridan tashqari) va yillik moliyaviy hisobotlarni qonunchilikda belgilangan muddatlarda;
Qoʻmita va uning hududiy organlarining alohida soʻroviga asosan taqdim etiladigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy qodirligi toʻgʻrisida boshqa maʼlumotlarni soʻrov kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kun ichida.
III. Yakuniy qoidalar
6. Qoʻmita yoki uning tegishli hududiy organlariga materiallar taqdim etilmagan yoki oʻz vaqtida taqdim etilmagan taqdirda ushbu materiallarni taqdim etishga masʼul boʻlgan mansabdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
7. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan.
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
2011-yil 15-mart
Davlat statistika qoʻmitasi raisi B. TOʻRAYEV
2011-yil 15-mart
Moliya vaziri R. AZIMOV
2011-yil 15-mart
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organiga xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi materiallarni taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 18-son, 185-modda; 2012-y., 41-42-son, 491-modda; 2013-y., 29-son, 379-modda; 2017-y., 31-son, 790-modda)
