“110-500 kvli elektr uzatish havo liniyalarida kuchlanish ostida ishlashda xavfsizlik qoidalari”ni tasdiqlash toʻgʻrisida (68-son)
05.04.2010
Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi boshligʻining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2010-yil 3-may 6-24/12-3239/6-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223- modda) muvofiq buyuraman:
1. “110 — 500 kVli elektr uzatish havo liniyalarida kuchlanish ostida ishlashda xavfsizlik qoidalari” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi boshligʻi A. NIMATULLAYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 5-aprel,
68-son
Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi boshligʻining 2010-yil 5-apreldagi 68-son buyrugʻiga ILOVA
110-500 kV elektr uzatish havo liniyalarida kuchlanish ostida ishlashda xavfsizlik
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 1-martdagi 96-son “Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat agentligini elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasiga aylantirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan kuchlanish ostidagi 110-500 kV elektr uzatish havo liniyalarining tok oʻtkazuvchi qismlariga bevosita tegib turib ish bajarilganda elektromagnit maydoni va boshqa yoʻldosh omillar taʼsiridan himoyalash boʻyicha maxsus talablarni belgilab beradi.
I bob. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Qoidalarning talablari kuchlanish ostidagi 110—500 kV elektr uzatish havo liniyasida ish olib boradigan tashkilotlar uchun majburiydir.
Ushbu tashkilotlarda kuchlanish ostidagi elektr uzatish havo liniyasining tok oʻtkazuvchi qismlariga bevosita tegib turib bajariladigan ishlar maxsus tayyorgarlik va attestatsiyadan oʻtgan brigadalar tomonidan amalga oshiriladi.
2. Brigadaning masʼul rahbari elektr xavfsizligi boʻyicha IV guruhdan kam boʻlmagan malakaga ega boʻlishi lozim. Brigadaning qolgan aʼzo (ishchi)lari elektr xavfsizligi boʻyicha III guruh malakasiga ega boʻlishlari mumkin.
3. Kuchlanish ostidagi elektr uzatish havo liniyasida amalga oshiriladigan ishlar Elektr uskunalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga (roʻyxat raqami 1614-son, 2006-yil 18-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil, 33-son, 337- modda) muvofiq belgilanadi.
4. 110-500 kV elektr uzatish havo liniyasining tok oʻtkazuvchi qismlariga bevosita tegib turib kuchlanish ostida ish bajarilishida 50 Hz chastotali elektromagnit maydonlari, tojli razryad vaqtida hosil boʻluvchi elektromagnit nurlanishi, aeroionlashishi, azot oksidlari, shovqindan, elektr maydonida mavjud boʻluvchi sigʻim va impuls toklari boʻlgan zararli omillardan himoyalanish kerak.
5. Ishchilarning tanasidan doimiy oʻtib turuvchi sigʻim toki meʼyor 0,06 mA dan oshmasligi lozim.
6. Ishchilarning tanasidagi elektr maydon kuchlanganligi meʼyoriy miqdor 5 kV/m dan oshmasligi kerak.
7. Ishchilarning tanasiga taʼsir etuvchi magnit maydonining kuchlanish qiymati meʼyori 5,0 A/m dan oshmasligi lozim.
8. Kuchlanish ostidagi elektr uzatish havo liniyasida ishlovchi ishchilar qoʻlining barmoqlari magnit maydonida joylashgan simga tekkanida kaftning ichki qismidagi 5,0 A/m gacha boʻlgan potensial taʼsirida 4 soatgacha ishlashiga ruxsat etiladi.
9. Kuchlanish ostidagi 500 kV elektr uzatish havo liniyasi potensiali taʼsiridagi ish joyida 60 kNz dan 300 MNz gacha chastotali elektromagnit nurlanishi darajasi 15 V/m dan oshmasligi kerak.
10. Elektromagnit nurlanishidan himoyalash uchun 500 kV gacha boʻlgan elektr uzatish havo liniyasida 0,06-3 MNz diapazon uchun elektromagnit nurlanishi 70 V/m, 3-30 Nz diapazon uchun 42 V/m hamda 30-300 MNz diapazon uchun 14 V/m boʻlganda 4 soatgacha ishlashga ruxsat etiladi.
11. Potensial taʼsirida ishlovchi ishchilarning nafas olish organlarini himoyalash uchun aeroionlardan himoyalovchi vositalaridan foydalanilganda 8 soatlik ish kuni davomida elektr uzatish havo liniyasi atrofidagi aeroionlarning cheklangan miqdordagi konsentratsiyasi (bundan keyingi oʻrinlarda ChMK deb yuritiladi) har sm3 da 5000 zaryadlangan zarrachalardan oshmasligi lozim.
12. Kuchlanish ostidagi 500 kV gacha boʻlgan elektr uzatish havo liniyasidan 0,1-1 m uzoqlikda dioksid va azot oksidi konsentratsiyasi sakkiz soatlik ish kuni uchun belgilangan ChMK 2 mg/m3 dan oshmasligi kerak.
13. Kuchlanish ostidagi 500 kV gacha boʻlgan elektr uzatish havo liniyasida ishlovchi ishchilarning 8 soatlik ish kuni davomida shovqinning cheklangan miqdordagi darajasi 80 dB dan oshmasligi kerak.
II bob. HIMOYa VOSITALARI
14. Elektr uzatish havo liniyalari potensiali ostida ishlovchi ishchilar asosiy himoya vositasi hisoblangan yozgi mavsumda EP-1 yoki EP-4(yo), qishki mavsumda EP-3 yoki EP-4(q) hamda EI-2 rusumli shaxsiy ekranlovchi komplektlar bilan taʼminlangan boʻlishi kerak. Shaxsiy ekranlovchi komplektga qoʻyiladigan talablarning texnik tavsifi mazkur Qoidalar ilovasining 1 -jadvaliga muvofiq belgilanadi.
15. Shaxsiy ekranlovchi komplekt elektr uzatish havo liniyasi potensiali taʼsirida ishlovchi ishchilarni elektr maydoni va unga yoʻldosh omillar, elektromagnit maydoni, aeroionlashish kabi faktorlar darajasini pasaytirib, himoya qilinishini taʼminlashi lozim.
16. Shaxsiy ekranlovchi komplektning himoyalash xususiyatlari kamida uch yil davomida oʻzgarmasdan saqlanishi kerak.
17. Shaxsiy ekranlovchi komplekt yopiq ekranlangan doirani (xususiy Faradey katagini) hosil qilishi lozim.
18. Shaxsiy ekranlovchi komplektning elementlari kurtka, kombinezon, kaska ustiga yopingʻich, yuz uchun ekran, qoʻlqop, paypoq, poyabzallardan (teridan tikilgan botinka, rezina etik, rezina kalish) iborat boʻlishi kerak.
19. Shaxsiy ekranlovchi komplektining elementlari elektr oʻtkazgich materiallardan tayyorlanishi va bir-biri bilan belbogʻlar va (yoki) kontakt tugmachalar orqali ulanishi, shuningdek ulagich, poyabzal va qoʻlqoplarda knopkali ulagichlar oʻrnatilishi lozim.
20. Kurtka, kombinezon va kaska yopingʻichi toʻqimali ekranlovchi materialdan tayyorlanishi va mustahkam kontaktga ega boʻlishi hamda kurtka va kombinezonlarning astari boʻlishi shart.
21. Shaxsiy ekranlovchi komplekt qisqichi bor oʻtkazgich sim bilan taʼminlanishi kerak.
22. Shaxsiy ekranlovchi komplektning yuz uchun ekrani koʻrishning 20 foizdan ortiq toʻsmaydigan elektr oʻtkazuvchi toladan toʻr koʻrinishida tayyorlanishi lozim.
23. Qoʻlqop va paypoqlar shaxsiy ekranlovchi komplekt tayyorlangan material tolalaridan tayyorlanishi hamda ular bilan birga paxta tolali pataklar boʻlishi kerak.
24. Etik va kalishlar elektr oʻtkazuvchi rezinadan tayyorlanishi kerak. Botinkaning elektr oʻtkazuvchi tagcharmi va ekranlovchi materialdan tagligi boʻlishi kerak.
25. Shaxsiy ekranlovchi komplektdan foydalanishda quyidagi talablar bajarilishi shart:
shaxsiy ekranlovchi komplektning elementlaridan birgalikda foydalanish va ular bir-biri bilan galvanik ulanishi;
foydalanilgan shaxsiy ekranlovchi komplektdan unga kimyoviy ishlov berilgandan keyin foydalanish uchun ruxsat berilishi;
sinov natijalari va tashqi koʻrinishi boʻyicha yaroqsiz holga kelib, uning xususiyatlarini tiklashning iloji boʻlmaganda almashtirilishi.
26. Shaxsiy ekranlovchi komplektning tanaffussiz ishlash vaqti tashqi muhit haroratidan kelib chiqib, ruxsat etilgan ishlash davomiyligi interpolatsiya yoʻli bilan ushbu Qoidalar ilovasining 2-jadvaliga muvofiq aniqlanadi.
27. Shaxsiy ekranlovchi komplektning texnik holatini tekshirish undan tashish, saqlash va foydalanish jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nosozliklarni aniqlash uchun amalga oshiriladi.
28. Shaxsiy ekranlovchi komplektning texnik holatini tekshirish quyidagi holatlarda bajarilishi lozim:
foydalanishdan oldin;
kuchlanish ostidagi 500 kB gacha boʻlgan elektr uzatish havo liniyasiga har bir koʻtarilishdan oldin, shuningdek foydalanish vaqtidan qatʼi nazar, davriy ravishda har chorakda 1-marta;
kimyoviy tozalash va taʼmirlashdan keyin;
saqlash jarayonida 6 oyda 1-marta.
Davriy tekshirish natijalari himoya vositalarining saqlanishi va hisobga olinishi haqidagi jurnalga kiritilishi lozim.
29. Shaxsiy ekranlovchi komplektning texnik holatini tekshirish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
tashqi koʻrikdan oʻtkazish;
oʻzgarmas tokka qarshiligini oʻlchash;
kurtka, kombinezon va poyabzallar materialining holati, choklari butunligi, kontakt chiqishlari va ulagichlari, shuningdek poyabzalning tagligini tekshirish.
30. Shaxsiy ekranlovchi komplektlarning elementlari, poyabzal bundan mustasno, oʻzgarmas tokka qarshiligi chiqish kuchlanishi 10 V dan koʻp boʻlmagan ommetr bilan alohida oʻlchanadi. Poyabzalning oʻzgarmas tokka qarshiligini 500 yoki 1000 V kuchlanishli megoommetrda oʻlchanadi.
31. Qoʻlqop va paypoqlarning qarshiligi chiqish kuchlanishi 10 V dan yuqori boʻlmagan kuchlanishli ommetr bilan oʻlchashda qoʻlqoplarning kurtka yengi bilan ulanadigan chiqishi va har bir barmogʻining uchi oʻrtasidagi qarshilik, paypoqda uning yuqori qismi va uchi orasidagi qarshilik aniqlanadi. Aniqlovchi sifatida eng katta oʻlchangan qiymat tanlab olinadi.
32. Shaxsiy ekranlovchi komplektni foydalanishga tayyorlashda quyidagi talablar bajarilishi lozim:
a) shaxsiy ekranlovchi komplekt elementlarining quyidagicha ulanishi:
kurtka yoqasidagi chiqish kaska ustidagi yopingʻichining chiqishi bilan;
kurtkaning yon choklari kombinezon ustki qismi chiqishi bilan;
kurtkaning yengidagi chiqishlar qoʻlqopning chiqishlari bilan;
kombinezonning etagidagi chiqishlar poyabzalning chiqishlari bilan;
yuz uchun ekranning chiqishi kurtka kapyushonining chiqishi bilan;
b) ishchilarning shaxsiy ekranlovchi komplektlarining elementlari ulanishining toʻgʻriligi va mustahkamligi masʼul rahbar tomonidan tekshirilishi;
v) quyidagi holatlarda ishlash taqiqlanadi:
shaxsiy ekranlovchi komplekt elementlari nosoz boʻlsa;
ulagich yoki tugmachali ulagich uzilgan boʻlsa;
poyabzal tagcharmi ajralgan boʻlsa yoki uning ajralayotganligiga gumon boʻlsa;
shaxsiy ekranlovchi komplektning texnik holati tekshirilmagan boʻlsa.
33. Shaxsiy ekranlovchi komplektni kiyib ish bajarishda quyidagi talablarga rioya etilishi kerak:
elektr uzatish havo liniyasi potensiali taʼsirida ish bajarilganda ekranlovchi komplekt ishchilar kabinasi (aravachasi) bilan bevosita galvanik ulanishi. Bunda texnologik uskunalar va ekranlovchi komplektlar potensialining teng taqsimlanishi taʼminlanishi kerak;
ishchining elektr uzatish havo liniyasiga koʻtarilishidan oldin shaxsiy ekranlovchi komplekt sim potensialini koʻchiruvchi shtanga bilan va komplekt potensialini texnologik uskunaga koʻchiruvchi shtanga bilan ulanishi;
sim potensialini shtanga yordamida koʻchirish sim va ekranlovchi komplekt orasida uchqunli razryad paydo boʻlmasligiga imkon beradigan masofada amalga oshirilishi;
220 kV va undan yuqori kuchlanishli elektr uzatish havo liniyasi tayanchi yoki traversida boʻlgan ishchilar tayanchdan izolatsiyalangan chaqmoqdan himoyalovchi trossga 1m dan kam masofaga yaqin kelmasligi;
ish jarayonida shaxsiy ekranlovchi komplektning ulovchi kontaktlarida nosozliklar, choklarida ochiq joylar yoki boshqa nosozliklar aniqlansa, ish toʻxtatilishi va ishchi yerga tushirilishi, nosoz shaxsiy ekranlovchi komplekt esa taʼmirlanishi yoki boshqa ishga yaroqligiga almashtirilishi.
34. Shaxsiy ekranlovchi komplektni saqlash va taʼmirlashda quyidagi talablar bajarilishi lozim:
quruq, isitiladigan xonalardagi maxsus shkaflarda agressiv muhit taʼsiridan saqlanishi;
shaxsiy ekranlovchi komplekt davriy ravishda tozalanishi (quruq kimyoviy tozalashga ruxsat etiladi, yuvish taqiqlanadi);
shaxsiy ekranlovchi komplekt elementlarining tashqi koʻrinishini yaxshilash va elektr oʻtkazuvchanligini tiklash maqsadida taʼmirlanishi (taʼmirlash vaqtida ekranlovchi materialni oddiy materialga almashtirish taqiqlanadi).
35. Shaxsiy ekranlovchi komplektni elektr oʻtkazuvchanligini qayta tiklash maqsadida taʼmirlashga ruxsat etilmaydi.
36. Shaxsiy ekranlovchi komplektning biror qismini koʻchirish va kontakt ulagichlarga ilib qoʻyish taqiqlanadi.
37. Elektr uzatish havo liniyasida ishlaydigan ishchilar uchun shaxsiy ekranlovchi komplektdan tashqari qoʻshimcha himoya vositalari talab etilmaydi.
38. Yerda ishlovchi ishchilar ish kuni davomida ekranlovchi komplektlarsiz ishlashlariga ruxsat etiladi.
39. Ishchilarning ekranlovchi komplektlarining elementlari ulanishi toʻgʻriligi va mustahkamligi masʼul rahbar tomonidan tekshirilishi shart.
III bob. MEHNAT MUHOFAZASI BOʻYIChA ChORA-TADBIRLAR
40. Kuchlanish ostidagi 110-500 kV elektr uzatish havo liniyasida ish olib boradigan tashkilotlar tomonidan mehnat muhofazasi boʻyicha texnik, davolash-profilaktik va sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari belgilanishi lozim.
41. Texnik chora-tadbirlarda kuyidagilar nazarda tutilishi kerak:
110-500 kV elektr uzatish havo liniyasida ishlovchi bir ishchining ish kuni davomida potensial taʼsirida boʻlish davomiyligini 4 soat bilan chegaralash, bunda ishchilarni vaqti-vaqti bilan almashtirib turish;
kuchlanish ostida ishlashni elektr uzatish havo liniyasining minimal yuklamali davrida tashkil etish;
potensial taʼsirida ishlovchi ishchilarni shamol esadigan tomonidan joylashtirish;
ish bajarish texnologiyasi boʻyicha ishchi bevosita simga tegib turib ishlashi boʻyicha belgilangan vaqt davomiyligini cheklash;
uchqunli razryad davomiyligini kamaytirish uchun potensialning tez koʻchirilishini taʼminlash.
42. Davolash-profilaktik va sogʻlomlashtirish chora-tadbirlarida quyidagilar nazarda tutilishi kerak:
psixofiziologik uslublarning tavsiyalari asosida kuchlanish ostida ishlovchi shaxslarni psixofiziologik koʻrsatkichlari boʻyicha kasbiy tanlash;
ishchilarning dastlabki va davriy tibbiy koʻrigi;
masʼul rahbar tomonidan ish boshlanishidan oldin har bir ishchining sogʻligʻi haqidagi subyektiv shikoyatlarini, kasallik, mastlik yoki karaxtlik sindromining tashqi alomatlarini tekshirish;
dam olish xonalarini, sport-sogʻlomlashtirish komplekslarini jihozlash;
ishlarni bajarishda fiziologik va biologik nazorat qiluvchi texnik vositalardan foydalanish.
IV bob. YAKUNIY QOIDA
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzbekenergo” davlat aksionerlik kompaniyasi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri I.A. IKROMOV
“Oʻzbekenergo” DAK boshqaruvi raisi B.M. TEShABOYEV
“Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi I.M. XOLMATOV
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D.N. JAHONGIROVA
Mazkur “110—500 kV elektr uzatish havo liniyalarida kuchlanish ostida ishlashda xavfsizlik Qoidalari” Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan ham kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV
110-500 kV elektr uzatish havo liniyalarida kuchlanish ostida ishlashda xavfsizlik qoidalariga ILOVA
