Xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi korxonalarga beriladigan qoʻshimcha ragʻbatlantirish omillari va imtiyozlar (PF-1652-son)
30.11.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasining “Xorijiy sarmoyalar va xorijiy sarmoyadorlar faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq hamda eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosadigan mahsulot ishlab chiqaradigan, shuningdek respublika iqtisodiyotiga sarmoya qoʻyadigan xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi ishlab chiqarish korxonalari barpo etilishini hamda ularning samarali faoliyat koʻrsatishini ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki, 1998-yilning 1-aprelidan boshlab quyidagi shartlarga javob beradigan yangidan tashkil etiladigan korxonalar boʻlgan xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi korxonalar jumlasiga kiradi:
korxonaning nizom jamgʻarmasi 400 million soʻmdan kam boʻlishi mumkin emas;
xorijiy sarmoyalar ulushi korxona nizom jamgʻarmasining kamida 15 foizini tashkil etishi zarur.
Yangi tashkil etilayotgan korxonalar mazkur shartlarga javob bermagan taqdirda xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi korxonalar jumlasiga kirmaydi.
2. Shu narsa belgilab qoʻyilsinki, yuqorida koʻrsatilgan shartlarga muvofiq boʻlgan hamda xoʻjalik faoliyatidan tushadigan jami mablagʻning 60 foizdan koʻprogʻi nizom faoliyatida ularning oʻzlari ishlab chiqarayotgan mahsulot va (yoki) koʻrsatayotgan servis xizmati ulushiga toʻgʻri keladigan xorijiy, shuʼba va qoʻshma korxonalar xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi ishlab chiqarish korxonalari jumlasiga kiradi.
3. Ushbu Farmon qabul qilingunga qadar roʻyxatga olingan xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi korxonalar uchun hozir amalda boʻlgan soliq imtiyozlari belgilangan muddat tugaguncha saqlab qolinsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, 1997-yilning 1-yanvaridan boshlab xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi ishlab chiqarish korxonalari jumlasiga kirmaydigan yangidan tashkil etilayotgan xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi korxonalarga nisbatan amaldagi va qoʻshimcha ravishda joriy etilayotgan soliq imtiyozlari tatbiq qilinmaydi.
6. Belgilab qoʻyilsinki, xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi korxonalarning ustav jamgʻarmalarini taʼsis hujjatlarida koʻzda tutilgan miqdorlarda shakllantirishning oxirgi muddati hukumatning ayrim qarorlarida boshqa narsa koʻzda tutilmagan boʻlsa, korxona davlat roʻyxatidan oʻtgan paytdan boshlab bir yildan oshmasligi kerak.
7. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari va meʼyoriy hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 30-noyabr,
PF-1652-son
