13-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi toʻgʻrisida (768-XII-son) · Sana: 10.12.1992 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek Oʻzbekistonda turgan boshqa shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini hurmat qilishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi toʻgʻrisidagi qonunchiligini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 10-dekabr,
№ 768-XII
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi
Serquyosh, hur oʻlkam, elga baxt, najot,
Sen oʻzing doʻstlarga yoʻldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!
Oltin bu vodiylar — jon Oʻzbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
Bagʻri keng oʻzbekning oʻchmas iymoni,
Erkin, yosh avlodlar senga zoʻr qanot!
Istiqlol mashʼali, tinchlik posboni,
Haqsevar, ona yurt, mangu boʻl obod!
Oltin bu vodiylar — jon Oʻzbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
