Oʻzbekiston Respublikasi kema qatnaydigan suv yoʻllaridan foydalanish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (3-son)
12.04.2010
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining
QARORI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan texnik qoidalar va normalarga tegishli deb topilgan, 2010-yil 3-may 6-24/12-3595/6-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 221-modda) 71-moddasiga asoslanib Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi qaror qiladilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasi kema qatnaydigan suv yoʻllaridan foydalanish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻi A. ABDUVALIYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 12-aprel,
3-son
Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi N. UMAROV
Toshkent sh.,
2010-yil 12-aprel,
2-son
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z. RUZIYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 12-aprel,
4-son
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining 2010-yil 12-apreldagi 3, 2 va 4-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi kema qatnaydigan suv yoʻllaridan foydalanish
QOIDALARI
I bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar suv yoʻllarini kema qatnaydigan suv yoʻllari qatoriga kiritish, kema qatnaydigan suv yoʻllari gabaritlariga, kemalarni, sollarni va boshqa suzuvchi vositalarni oʻtkazish uchun moʻljallangan koʻpriklarning ustunlari oraliqlariga boʻlgan meʼyorlar va texnik talablarni oʻrnatadi.
2. Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan, suv yoʻllari texnika uchastkalari, suv obyektlaridan xoʻjalik yoki boshqa faoliyat bilan shugʻullanayotgan tashkilotlar, koʻpriklar, aloqa, elektr oʻtkazish liniyalari va quvurlarni suv havzalari ustidan oʻtkazishni loyihalashtiruvchi tashkilotlar tomonidan qoʻllaniladi.
3. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy terminlar va tushunchalar ishlatiladi: kemachilik — kemalardan foydalanib yoʻlovchilarni, bagajni, yuklarni va pochta joʻnatmalarini tashish, kemalarni, sollarni va boshqa suzuvchi obyektlarni shatakka olish, qidiruv ishlarini oʻtkazish va foydali qazilmalarni qazish, baliqchilik va boshqa ovchilik ishlari, qurilish, yoʻl, gidrotexnik, suv osti texnik va boshqa ishlarni, kemalarni lotsman kuzatuvi, qutqaruv operatsiyalari, suv obyektlarini muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish, ularni ifloslanishdan va chiqindilardan muhofaza qilish, choʻkkan mulkni chiqarib olish, sanitariya va boshqa nazorat ishlari, ilmiy tekshirish ishlarini oʻtkazish, oʻquv, fizkultura, madaniyat va boshqa maqsadlarda foydalaniladigan suv yoʻllaridagi faoliyat;
kema qatnaydigan suv yoʻli — kema va boshqa suzuvchi vositalarining qatnovi uchun tayyorlangan va navigatsiya jihozlari bilan taʼminlangan, joylarda va xaritada belgilangan suv yoʻli;
navigatsiya davri (navigatsiya) — iqlim sharoitlari yoki flotning haqiqiy tashish ishlari uchun mumkin boʻlgan vaqt oraligʻi;
suv yoʻli — kemachilik uchun yaroqli boʻlgan daryolar, koʻllar, suv omborlari va kanallar;
suv sathi — suv obyektlaridagi suvning shartli gorizontal tekisligi bilan yuzasi balandligining solishtirmasi;
suv yoʻllarida kemachilikni tartibga soluvchi organlar —Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi;
fizikaviy navigatsiya — suv yoʻlining muzdan toʻliq tozalanishidan boshlab turgʻun muzlagunga qadar boʻlgan vaqt oraligʻi;
II bob. Suv yoʻllarini kema qatnaydigan suv yoʻli qatoriga kiritish
1-§. Daryolarning kemachilik xarakteristikasi
4. Daryolarning kemachilik xarakteristikasi quyidagilar hisoblanadi: daryoning oʻlchamlari (uzunligi, eni, chuqurligi, egri-bugriligi);
suv sathi va uning davriy oʻzgarishi, suv oqimining tezligi, suvning miqdori;
oʻzan koʻndalang kesimining morfometrik koʻrsatkichlari (koʻndalang kesim maydoni, oʻrtacha chuqurligi, gidravlik radiusi);
yon tomondan boʻylama koʻrinishi, pasayishi, qiyaligi.
5. Daryoning uzunligi daryoning boshidan oʻzani boʻylab quyilish joyigacha boʻlgan masofa bilan aniqlanadi. Daryo uzunligi (L)ning daryo boshidan oʻzani boʻylab quyilish joyigacha toʻgʻri chiziq (1) boʻyicha nisbati egri-bugrilik koeffitsiyenti (k) deb ataladi:
k=L/l
Bu koeffitsiyent birdan ortiq, egri-bugri daryolar uchun esa ikki va undan ortiq qiymatda boʻladi.
6. Suv oqimlari yoki suv havzalaridagi suvning sathi suvning yuzasi balandligi bilan oʻlchanadi. Suvning miqdori quyidagicha xarakterlanadi:
suvning lahzali yoki sekundli sarfi (Q m3/s) va daryoning koʻndalang kesimi boʻylab uni bir sekundda oqib oʻtadigan suv miqdori bilan. Daryoda suv sathining koʻtarilishi bilan uning lahzali sarfi oshadi;
daryoning oqimi miqdori va daryo oʻzanining koʻndalang kesimi boʻylab uni maʼlum bir oraligʻida (sutka, oy, yil) oqib oʻtadigan suv miqdori bilan.
7. Kema qatnaydigan suv yoʻllarining gabarit oʻlchamlari daryolarning kemachilik xarakteristikasidan kelib chiqib belgilanadi.
8. Kemachilik sharoitlari kema qatnaydigan suv yoʻlining gabarit oʻlchamlari (chuqurligi, eni, aylanish radiusi) hamda koʻprik ustunlari oraligʻi, aloqa va elektr oʻtkazish liniyalari simlarining balandligi bilan belgilanadi.
Bunda kema qatnaydigan suv yoʻllarining garantiyalangan gabariti boʻlib kema qatnaydigan suv yoʻli qismida kemachilik uchun aniqlangan suv sathining eng kichik belgilangan gabariti hisoblanadi.
9. Suv yoʻllarining tartibga keltirilgan qismida kema qatnaydigan suv yoʻllarining garantiyalangan gabarit oʻlchamlari suv omborlaridagi suv sathining normalashtirilgan belgisi boʻyicha aniqlanadi.
10. Suv obyektlarida doimiy koʻprik qurish davrida kema qatnaydigan suv yoʻllarining belgilangan gabarit oʻlchamlari hisobga olinishi lozim.
11. Kema oʻtkazishga moʻljallangan koʻprik ustunlari oraligʻida koʻprik elementlari, uning jihozlari hamda navigatsiya jihozlari boʻlmasligi shart.
12. Kema oʻtkazishga moʻljallangan koʻprik ustunlari oraligʻi ular kemalar harakatini siqib qoʻymasligi uchun kema qatnaydigan suv yoʻlining asosiy oʻzanida joylashtiriladi.
13. Kemachilik sharoitlari va suv yoʻllarining har biriga koʻprik osti gabaritlarining ruxsat etilgan meʼyorlari ushbu Qoidalarning 1-ilovasiga asosan belgilanadi.
14. Kemalarni oʻtkazishga moʻljallangan koʻprik ustunlari oraligʻining kattaligi suvning mejen sathi davrida hisobga olinishi shart.
15. Koʻprik osti gabaritining balandligi kemachilik uchun belgilangan suvning mejen sathi davrida hisoblanadi.
Fizikaviy navigatsiya davrining qisqarishi mumkin boʻlgan davri, kun:
t = Tk / 100
bunda,
t — fizikaviy navigatsiyaning qisqarish muddati;
T— suv yoʻli uchastkasining fizikaviy navigatsiya davomiyligi, kun;
k — maxsus koeffitsiyent.
16. Suv obyektlari ustidan oʻtuvchi aloqa va elektr oʻtkazish liniyalari simlaridan suv yuzasigacha boʻlgan eng kam masofa, ushbu uchastkada foydalanilayotgan flotning gabaritlariga qarab belgilanishi shart.
17. Suv obyektlarida kemachilik sharoitlarini belgilashda shamol-toʻlqini asosiy faktorlardan biri boʻlib hisoblanadi va shamol-toʻlqindan kelib chiqib, suv obyektlarining razryadlari “L” — yengil, “R”— daryo, “O”— koʻl, “M”— dengiz etib belgilanadi.
2-§. Meʼyorlar va texnik talablar
18. Kema qatnaydigan suv yoʻllarining garantiyalangan chuqurligi (eni), transport va texnik flotidan foydalanilishiga qarab klasslarga boʻlinadi. Kema qatnaydigan suv yoʻllarining klasslarga boʻlinishi (keyingi oʻrinlarda klass deb yuritiladi) ushbu Qoidalarning 2-ilovasiga muvofiq belgilanadi.
19. Suv yoʻllari garantiyalangan kema qatnaydigan suv yoʻli gabaritlariga qarab uchastkalarga boʻlinadi. Agar suv yoʻli uchastkasi garantiyalangan va oʻrtacha navigatsiya chuqurligi boʻyicha turli klasslarga tegishli boʻlsa, u holda uni bu klasslarning yuqorirogʻiga kiritish lozim.
20. Kema qatnaydigan suv yoʻlining garantiyalangan gabaritlari belgilanmagan suv yoʻllari uchastkasida keyinchalik suv koʻp davrda transport floti ishlatilishi koʻzda tutilayotgan boʻlsa, suv yoʻlining klassi oʻrtacha navigatsiya chuqurligi boʻyicha belgilanishi kerak.
21. Agar suv yoʻllari uchastkalari kemachilik uchun yaroqli boʻlsa, lekin aniq istiqbolda transport flotidan foydalanish koʻzda tutilmasa, ularni VII klassga kiritish lozim.
22. Suv yoʻli klassi oʻzidan quyida joylashgan suv yoʻlidan baland boʻlishi mumkin emas, kema qatnaydigan suv yoʻllarining garantiyalangan gabarit chuqurliklari (eni) quyidan yuqori oqim boʻylab kattalashishi yoki mahalliy tashuvlar tranzit tashuvlarga qaraganda rivojlangan boʻlishi hollari bundan mustasno.
23. Kema qatnaydigan suv yoʻllarining oʻrtacha navigatsiya va garantiyalangan chuqurliklari kemalarning suv sigʻimiga qarab belgilanishi lozim.
24. Suv yoʻllarida klassni tasdiqlash suv obyektining asosiy koʻrsatkichlari aks etgan hujjatlar va boshqa kema qatnaydigan suv yoʻllari gabaritlarini belgilab beruvchi tegishli hujjatlar asosida kemachilikni tartibga soluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladi.
3-§. Fizikaviy navigatsiyani aniqlash
25. Fizikaviy navigatsiyaning (T) kunlik davomiyligini aniqlash uchun 10 yildan kam boʻlmagan davrning oʻrtacha arifmetik qiymati hisoblanadi.
Belgilangan suv yoʻli klassi suvning kemachilik uchun ruxsat etiladigan kunlik davomiyligi quyidagi formula bilan hisoblanadi
bunda,
K — fizikaviy navigatsiya davomiyligining ruxsat etilgan kamayish koeffitsiyenti, yaʼni 5 — I va IV klasslar uchun, 6 — II va III klasslar uchun, 3 — V klass uchun, 2 — VI va VII klasslarga teng qabul qilingan.
Gidrometrologiya kuzatuvlari maʼlumotlari boʻyicha barcha kuzatuv yillari uchun suv toshqinlarining oʻtishi (N=/(f grafigi tuziladi va shu boʻyicha (I) bir kunda yanada baland koʻtariladigan suv sathi (N) aniqlanadi. Olingan qiymat (N) pasayish tartibida joylashtiriladi va ularning har biri uchun empirik oʻsish ehtimoli quyidagi formula boʻyicha foizda aniqlanadi:
Bunda,
m — suv sathi belgilanishining tartib raqami;
n — gidrometrologiya kuzatuvlari oʻtkazilgan yillar soni.
III bob. Kema qatnaydigan suv yoʻllaridan foydalanish
26. Kema qatnaydigan suv yoʻllaridan foydalanish va ularda profilaktika ishlarini oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 25-fevraldagi 106-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Ichki suv transporti Ustaviga muvofiq amalga oshiriladi.
27. Kema qatnaydigan suv yoʻllarining holatini nazorat qilish suv yoʻllarida kemachilikni tartibga soluvchi organlar tomonidan davriy ravishda, navigatsiya davrida kamida ikki marta tekshirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
28. Kemalarning gabaritlari (uzunligi, eni, suv usti borti, suvga botishi) va ularning tezligi kema qatnaydigan suv yoʻlining texnik koʻrsatkichlariga muvofiq boʻlishi shart. Kema qatnaydigan suv yoʻllarida barcha kemalarning ostidagi minimal suv zaxirasi 150 200 mm ni tashkil etishi lozim.
IV bob. Navigatsiya jihozlaridan foydalanish
29. Kema qatnaydigan suv yoʻllarining navigatsiya jihozlari kemalarning xavfsiz suzishi va suv yoʻllaridagi sunʼiy inshootlarning saqlanishi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki kema yoʻllarida suzish qoidalariga (roʻyxat raqami 769, 1999-yil 9-iyul) muvofiq taʼminlashi shart.
30. Qirgʻoq va suzuvchan belgilardagi navigatsiya jihozlari boʻlgan chiroqlar koʻrinish cheklangan davrlarda ishlashi lozim.
31. Navigatsiya jihozlaridan kemalarni bogʻlash, kemalar yoki suzuvchi vositalarni tortib chiqarish uchun foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
V bob. Qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik
32. Ushbu Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi kema qatnaydigan suv yoʻllaridan foydalanish qoidalariga 1-ILOVA
Koʻprik osti gabaritlarining ruxsat etilgan meʼyorlari
* Ushbu ustunda belgilangan formulaning tasnifi:
b — koʻprik ustunlari oraligʻining eng baland qismidagi oʻlchami;
Vs — koʻprik ustunlari oraligʻining oʻrtacha oʻlchami.
Oʻzbekiston Respublikasi kema qatnaydigan suv yoʻllaridan foydalanish qoidalariga 2-ILOVA
Kema qatnaydigan suv yoʻllarining klasslarga boʻlinishi
