Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan banklarda inspeksiya (tekshirish) oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2217-son)
14.04.2011
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 14-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2217]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan banklarda inspeksiya (tekshirish) oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan 1999-yil 22-mayda 227-son bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining inspeksiya oʻtkazuvchi tarkibiy boʻlinmalari tomonidan tijorat banklari va ularning filiallarida inspeksiya (tekshirish) oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom” (yangi tahrirda) (roʻyxat raqami 889, 2000-yil 4-fevral) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2011-yil 12-mart,
8/1-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2011-yil 12-martdagi 8/1-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan banklarda inspeksiya (tekshirish) oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) tomonidan banklar, shu jumladan ularning filiallari, bank xizmatlari ofislari hamda bank xizmatlari markazlarida (bundan buyon matnda bank deb yuritiladi) inspeksiya (tekshiruv) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Markaziy bank moliya-bank tizimi barqarorligini saqlab turish, omonatchilar, qarz oluvchilar va kreditorlarning manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash, banklar faoliyatini tartibga solish hamda nazorat qilish borasidagi maqsad va vazifalarini amalga oshirish uchun banklarda inspeksiya (tekshiruv)lar oʻtkazadi.
2. Banklarda inspeksiya (tekshirish) oʻtkazishni Markaziy bank tomonidan inspeksiya (tekshirish) oʻtkazish vakolati berilgan uning tegishli tarkibiy tuzilmasi (bundan buyon matnda tekshirish oʻtkazuvchi tarkibiy tuzilma deb yuritiladi) amalga oshiradi.
3. Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
kompleks inspeksiya qilish (tekshirish) — banklarning haqiqiy moliyaviy ahvolini va bank faoliyatiga xos boʻlgan xavf-xatarlarni bevosita joyiga chiqish orqali oʻrgangan holda ularning faoliyatiga umumiy baho berish maqsadida inspeksiya (tekshirish) oʻtkazilishini koʻzda tutuvchi nazorat turi;
alohida masalalar yuzasidan inspeksiya qilish (tekshirish) — banklarda ayrim bank operatsiyalarini inspeksiya qilish (tekshirish)ni koʻzda tutuvchi nazorat turi;
masofadan nazorat qilish — muammolarni boshlangʻich davrida aniqlash maqsadida banklar tomonidan Markaziy bankka taqdim etiladigan hisobotlar tahlili, shu jumladan, ularning moliyaviy holatining monitoringiga asoslangan nazorat turi;
nazorat tartibidagi inspeksiya qilish (tekshirish) — banklarda tekshirish oʻtkazuvchi tarkibiy tuzilma tomonidan oxirgi inspeksiya (tekshirish)da aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etilishi ahvolini nazorat qilish maqsadida amalga oshiriladigan tekshirish.
4. Tekshirish oʻtkazuvchi tarkibiy tuzilma tomonidan banklar faoliyatini tekshirishning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
banklarni moliyaviy holatiga baho berish, ularning faoliyatida mavjud boʻlgan xavf-xatarlarni, omonatchilar, qarz oluvchilar va kreditorlar manfaatlari himoyasi taʼminlanganligini aniqlash va baho berish;
banklar faoliyatiga xos tavakkalchilikni baholash, iqtisodiy normativlarga rioya qilinishi, ularga belgilangan meʼyorlarning toʻgʻri hisoblanishi ahvolini tekshirish. Bunda tashqi omillarning bank moliyaviy holatiga taʼsirini aniqlash nuqtai nazaridan hamda bank kapitali, aktivlari sifati, boshqaruvi, daromadlari hamda likvidliligini tekshirish;
banklarda buxgalteriya apparatining tuzilishi, buxgalteriya ishi va hujjat aylanishini tashkil etilishi, buxgalteriya hisobining umumiy qoidalariga rioya etilishi, buxgalteriya hisobi va hisobotlarini toʻgʻri yuritilishi va haqqoniyligi, kapital, aktivlar, majburiyatlar, pul oqimi, asosiy vositalar hisobining va balansdan tashqari hisobvaraqlarning buxgalteriya andozalari tamoyillariga mos ravishda yuritilishi hamda bank moliyaviy holatiga foiz stavkasi, chet el valyuta kursi, kredit, likvidlilik, tavakkalchilik va boshqa omillarning taʼsirini alohida tekshirish;
oxirgi inspeksiya (tekshirish) natijalari boʻyicha aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etilishini taʼminlash hamda bank reytingini belgilash yuzasidan takliflar berish;
banklarda ichki nazoratni joriy etish hamda amalga oshirilishi ahvolini tekshirish;
banklar faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga rioya qilinishi ahvolini tekshirish.
5. Tekshirish oʻtkazuvchi tarkibiy tuzilma banklar faoliyatini qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilgan holda tekshiradi.
6. Tekshirish oʻtkazuvchi tarkibiy tuzilmaning banklarda oʻtkazilgan inspeksiya (tekshirish) hisoboti faqat Markaziy bank tomonidan oʻzining tarkibiy boʻlinmalariga banklar faoliyatini nazorat qilish maqsadida beriladi, inspeksiya (tekshirish) hisobotini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda uchinchi shaxslar eʼtiboriga yetkazish hollari bundan mustasno.
7. Banklarda oʻtkazilgan inspeksiya (tekshirish) hisoboti qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tayinlangan taftishlarni hamda moliyaviy hisobotlarning tashqi audit tekshiruvini oʻtkazish majburiyatidan ozod etmaydi.
II. Inspeksiya (tekshiruv)larning turlari, davriyligi va muddati
8. Banklarni inspeksiya qilish (tekshirish) quyidagi turlarga boʻlinadi:
kompleks inspeksiya qilish (tekshirish);
nazorat tartibida inspeksiya qilish (tekshirish);
alohida masalalar yuzasidan inspeksiya qilish (tekshirish).
9. Banklarda kompleks inspeksiya (tekshirish) masofadan nazorat qilish natijalaridan kelib chiqib, Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi qaroriga asosan oʻtkaziladi.
12. Kompleks inspeksiya qilish (tekshirish)lar yoki alohida masalalar yuzasidan inspeksiya qilish (tekshirish)lar davomida aniqlangan xato va kamchiliklarni banklar tomonidan bartaraf etilishi ustidan nazorat tartibida tekshirish masofadan nazorat qilish natijalariga koʻra ilgarigi tekshirishda koʻrsatilgan qoidabuzarliklarning bartaraf etilmaganligi yoki ularning bartaraf etilganligi haqidagi maʼlumotlar taqdim etilmaganligi yoxud haqqoniy boʻlmagan maʼlumotlar taqdim etilganligi aniqlanganda Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi qaroriga asosan oʻtkazilishi mumkin.
14. Quyidagi hollarda alohida masalalar yuzasidan inspeksiya (tekshirish) oʻtkazilishi mumkin:
tijorat banklarining tavakkalchiliklarini baholash natijalari asosida;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarning soʻrovlari asosida;
jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik hujjatlari buzilganligi faktlari toʻgʻrisidagi murojaatlari asosida.
15. Inspeksiya (tekshirish) muddati 30 kalendar kundan oshmasligi lozim. Alohida hollarda inspeksiya (tekshirish) muddati Markaziy bank farmoyishi asosida uzaytirilishi mumkin.
16. Inspeksiya (tekshirish) muddati bank tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalar hajmi, uning boʻlinmalari tarmogʻining kengligini inobatga olgan holda belgilanadi.
IV. Inspeksiya (tekshirish)ni tashkil etish tartibi
20. Banklarda kompleks inspeksiya qilish (tekshirish) Markaziy bankning farmoyishi asosida tayinlanadi.
Bunda banklarni kompleks inspeksiya qilish (tekshirish) Markaziy bankning farmoyishiga ilova qilinadigan tegishli inspeksiya (tekshirish) savolnomasiga muvofiq bank operatsiyalari tanlov asosida amalga oshiriladi.
21. Nazorat tartibidagi va alohida masalalar yuzasidan inspeksiya qilish (tekshirish)lar Markaziy bank yoki uning hududiy Bosh boshqarmalarining farmoyishlari asosida tayinlanadi.
22. Banklarni inspeksiya (tekshirish)dan oʻtkazuvchi tekshiruv guruhining tarkibi va uning rahbari, bajariladigan ishlar hajmi va xususiyati, boʻlinmalar tarmogʻining kengligi inobatga olingan holda Markaziy bank yoki uning hududiy bosh boshqarmalarining farmoyishiga ilova tariqasida tasdiqlanadi.
23. Zarur hollarda inspeksiya (tekshirish) oʻtkazuvchi tekshiruv guruhi tarkibiga banklar va boshqa tashkilotlarning malakali mutaxassislari jalb qilinishi mumkin.
24. Tekshiruv guruhi rahbari ushbu guruhga rahbarlik qiladi, uning ishini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi, tekshiruv guruhi aʼzolarining bilimi va tajribasini hisobga olgan holda, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi.
25. Tekshiruv guruhi rahbari ushbu guruh aʼzolari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarni tahlil qiladi, umumlashtiradi va inspeksiya (tekshirish) hisobotini tuzadi.
26. Tekshiruv guruhining inspeksiya (tekshirish) tayinlangan bank tomonidan mazkur Nizomda belgilangan talablarni oʻz vaqtida yoki umuman bajarmaslik inspeksiya (tekshirish) oʻtkazilishiga qarshilik koʻrsatilgan deb hisoblanadi va bunday holat dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
27. Dalolatnoma tekshiruv guruhi rahbari hamda inspeksiya (tekshirish) tayinlangan bank rahbari, shtat jadvalida bosh buxgalter nazarda tutilgan hollarda bosh buxgalter yoki boshqa xodimlar tomonidan imzolanadi.
Bunda, bank rahbari, bosh buxgalter yoki boshqa xodimlar dalolatnomani imzolashdan bosh tortgan hollarda, dalolatnoma tekshiruv guruhi rahbari va tekshiruv guruhining kamida bir aʼzosi tomonidan imzolanadi.
28. Dalolatnoma ikki nusxada tuziladi va bir nusxasi inspeksiya (tekshirish) tayinlangan bankka maʼlumot uchun, ikkinchisi esa inspeksiya (tekshirish)ni tayinlagan Markaziy bankka yoki uning hududiy Bosh boshqarmasi boshligʻiga tegishli choralar koʻrish uchun topshiriladi.
V. Banklarni inspeksiya (tekshirish)dan oʻtkazuvchi tekshiruv guruhining huquq va majburiyatlari
29. Tekshiruv guruhi quyidagi huquqlarga ega:
inspeksiya (tekshirish) oʻtkazilayotgan bank faoliyati bilan bogʻliq binolarga va xizmat xonalariga erkin kirib chiqish;
avtomatlashtirilgan bank va axborot tizimlaridan zarur maʼlumotlarni tanlash rejimida foydalanish hamda ushbu maʼlumotlarning elektron nusxalarini olish;
inspeksiya (tekshirish) oʻtkazish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan zarur hujjatlarning asl nusxalari va boshqa axborotlarni talab qilish;
bank rahbari va xodimlaridan inspeksiya (tekshirish) oʻtkazish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan zarur har qanday hujjatlarning asl nusxalaridan nusxa olish, lozim boʻlganda esa hujjatlar nusxalarini imzolangan, raqamlangan va tikilgan holda taqdim etilishini talab qilish;
bank rahbari va xodimlari bilan suhbatlar oʻtkazishga, ulardan inspeksiya (tekshirish) davomida paydo boʻladigan masalalar boʻyicha maʼlumotlar va tushuntirishlar olish, shuningdek qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilmaganlik yoki ularni talab darajasida bajarmaslik holatlari yuzasidan yozma tushuntirishlar talab qilish;
inspeksiya (tekshirish) hisobotini bank rahbari yoki xodimlari imzolashdan bosh tortganda yoki uni imzolash asossiz kechiktirilganda tekshiruv guruhi rahbari va aʼzolari tomonidan imzo qoʻyilib, bu haqda Markaziy bank rahbariyatiga bildirishnoma kiritish.
30. Tekshiruv guruhi quyidagilarga majburdir:
inspeksiya (tekshirish) oʻtkazish huquqini beruvchi barcha zarur hujjatlarni taqdim etish;
inspeksiya (tekshirish) davomida tekshirilayotgan bankka uning joriy faoliyatini amalga oshirishiga xalaqit bermaslik;
inspeksiya (tekshiruv) hisobotining bir nusxasini tekshirilayotgan bank ixtiyorida qoldirish;
inspeksiya (tekshirish)ni oʻz vaqtida hamda sifatli oʻtkazilishini taʼminlash;
inspeksiya (tekshirish) davomida oʻzlariga maʼlum boʻlgan bank, tijorat va xizmat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor etmaslik;
tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobiga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yozuv kiritish;
inspeksiya (tekshirish) davomida bankdan foydalanish uchun olingan hujjatlar va mulklarni but saqlanishini hamda inspeksiya (tekshirish) yakunlangandan soʻng qaytarilishini taʼminlash.
Tekshiruv guruhi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ham oʻz zimmasiga olishi mumkin.
VI. Inspeksiya (tekshirish) tayinlangan bankning huquq va majburiyatlari
31. Inspeksiya (tekshirish) tayinlangan bank quyidagi huquqlarga ega:
tekshiruv guruhidan Markaziy bankning tekshirish oʻtkazish toʻgʻrisidagi farmoyishini hamda ularning xizmat guvohnomalarini koʻrsatishni talab qilish va tanishish;
inspeksiya (tekshirish) oʻtkazish uchun asosga ega boʻlmagan shaxslarning inspeksiya (tekshirish) oʻtkazishiga yoʻl qoʻymaslik;
oʻz faoliyatlari inspeksiya qilinishi (tekshirilishi) toʻgʻrisidagi tegishli axborotga ega boʻlish;
inspeksiya (tekshiruv) hisobotining bir nusxasini olish;
qonunda belgilangan tartibda inspeksiya (tekshirish) natijalari ustidan shikoyat qilish.
Banklar qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
32. Inspeksiya (tekshirish) tayinlangan bank quyidagilarga majbur:
tekshiruv guruhiga inspeksiya (tekshirish) oʻtkazish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish;
tekshiruv guruhiga amaliy yordam koʻrsatish uchun biriktiriladigan xodimlarni tayinlash;
inspeksiya (tekshirish) oʻtkazish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan zarur hujjatlarning asl nusxalari va boshqa axborotlarni berish;
inspeksiya (tekshirish) oʻtkazish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan zarur har qanday hujjatlarning asl nusxalaridan nusxa berish, lozim boʻlganda esa hujjatlar nusxalarini imzolangan, raqamlangan va tikilgan holda taqdim etish.
Banklar qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ham oʻz zimmalariga olishlari mumkin.
VII. Inspeksiya (tekshirish) natijalarini rasmiylashtirish
33. Bankda oʻtkazilgan inspeksiya (tekshiruv) natijasi inspeksiya (tekshirish) hisobotida aks ettiriladi.
34. Inspeksiya (tekshirish) hisoboti uch nusxada tuzilib, ularning har biri tekshiruv guruhi rahbari va aʼzolari, inspeksiya (tekshirish) oʻtkazilgan bank rahbari, shuningdek shtat jadvalida bosh buxgalter nazarda tutilgan hollarda bosh buxgalter tomonidan imzolanadi.
35. Inspeksiya (tekshirish) oʻtkazilgan bank rahbari va (yoki) bosh buxgalteri inspeksiya (tekshirish) hisobotini imzolashni rad etgan taqdirda, ularning bu haqdagi asoslantirilgan fikr va eʼtirozlari bayon etilgan tushuntirish xati taqdim etilishi shart.
36. Inspeksiya (tekshirish) hisobotini bank rahbari va (yoki) bosh buxgalteri tomonidan imzolashning rad etilishi inspeksiya (tekshirish) hisobotini Markaziy bank yoki uning hududiy Bosh boshqarmasiga taqdim etilmasligiga asos boʻlmaydi.
37. Markaziy bank yoki uning hududiy Bosh boshqarmasi imzolanmagan inspeksiya (tekshirish) hisobotini koʻrib chiqish jarayonida bank rahbari va (yoki) bosh buxgalteri tushuntirish xatida keltirilgan asoslangan fikr va eʼtirozlarni inobatga olishi shart.
38. Markaziy bankning farmoyishi asosida oʻtkazilgan banklardagi inspeksiya (tekshirish) hisoboti quyidagilarga taqdim etiladi:
inspeksiya (tekshirish) oʻtkazilgan bankka — inspeksiya (tekshirish) davomida aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf qilish hamda ularga kelgusida yoʻl qoʻyilmasligini taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun;
Markaziy bankning Banklarda oʻtkazilgan tekshirish hisobotlarini koʻrib chiquvchi ishchi organiga — inspeksiya (tekshirish) natijasi boʻyicha aniqlangan xato va kamchiliklarni kelib chiqish sabablarini oʻrganish, ularni bartaraf qilish hamda kelgusida takrorlanmaslik choralarini koʻrish boʻyicha tegishli qaror qabul qilish uchun;
Markaziy bankning tekshirish oʻtkazuvchi tarkibiy tuzilmasiga maʼlumot uchun.
39. Markaziy bankning tegishli hududiy Bosh boshqarmasining farmoyishi asosida oʻtkazilgan inspeksiya (tekshirish) oʻtkazilgan filial, bank xizmatlari ofisi yoki bank xizmatlari markaziga inspeksiya (tekshirish) hisoboti quyidagilarga taqdim etiladi:
banka — inspeksiya (tekshirish) davomida aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf qilish hamda ularga kelgusida yoʻl qoʻyilmasligini taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun;
Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmasiga — oʻtkazilgan tekshirishlar natijalarini koʻrib chiquvchi ishchi organ yigʻilishida xato va kamchiliklarni kelib chiqish sabablarini muhokama qilish, ularni bartaraf qilish hamda kelgusida takrorlanmaslik choralarini koʻrish uchun;
Markaziy bankning tekshirish oʻtkazuvchi tarkibiy tuzilmasiga maʼlumot uchun.
40. Inspeksiya (tekshirish) oʻtkazish davomida banka zudlik bilan tegishli choralar qoʻllanilishini taqozo qiladigan holatlar aniqlanganda, tekshiruv guruhi tomonidan inspeksiya (tekshirish) muddati tugashini kutmagan holda oraliq dalolatnoma tuziladi va Markaziy bankka taqdim etiladi.
VIII. Yakuniy qoida
41. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
