It va mushuklarning sestodozlarida azinoks preparatini qoʻllash boʻyicha qoʻllanmani tasdiqlash toʻgʻrisida (40-son)
19.03.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi davlat veterinariya bosh boshqarmasi boshligʻining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2008-yil 2-aprel 20-15-89/11-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi 03-38-144-sonli Bayoniga muvofiq buyuraman:
1. “It va mushuklarning tsestodozlarida azinoks preparatini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur Qoʻllanma tasdiqlanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan 2007-yil 14-sentabrda tasdiqlangan “It va mushuklarning tsestodozlarida azinoks preparatini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Boshliq v.v.b. M. YUSUPOV
Toshkent sh.,
2008-yil 19-mart,
40-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining 2008-yil 19-martdagi 40-sonli buyrugʻi bilan “TASDIQLANGAN”
It va mushuklarning tsestodozlarida azinoks preparatini qoʻllash boʻyicha
QOʻLLANMA
I. Umumiy maʼlumot
1. Azinoks-it va mushuklarni gijjasizlantirish uchun dori vositasi.
2. 1 tabletka preparat tarkibida 0,05-prazikvantel (azinoks), shuningdek qoʻshimcha komponentlardan glyukoza va kartoshka kraxmali bor.
It va mushuklar uchun Azinoks tarkibida gen-injeneriya-modifikatsiyalangan organizmlar mavjud emas.
3. Preparat yassi, oq rangli, oʻyiqli vazni 0.5 gr boʻlgan tabletkalar.
4. Preparat laminatsiyalangan blistyerlar, karton qadoqlarda 3 yoki 6 ta tabletkadan qilib ishlab chiqariladi.
Har bir blister preparat nomi, ishlab chiqaruvchi korxona, seriya raqami va yaroqlilik muddati koʻrsatilib qadoqlanadi.
Har bir isteʼmol oʻrami birligida quyidagilar koʻrsatiladi; tayyorlovchi korxona nomi, uning tovar belgisi, manzili, preparat nomi, TSh belgisi, preparat tarkibi, miqdori, seriya raqami, nazorat raqami, tayyorlangan vaqti, yaroqlilik muddati (sana, oy, yil ), saqlash shartlari, qoʻllash usuli hamda quyidagi yozuvlar “Hayvonlar uchun”.
Preparat salqin, quruq joyda 10 — 25 °S dan yuqori boʻlmagan haroratda “B” roʻyxati boʻyicha saqlanadi.
Preparatning yaroqlilik muddati saqlash qoidalariga rioya qilgan holda, ishlab chiqarilgan sanadan boshlab 3 yil.
II. Farmakologik xususiyatlari
5. Preparat tarkibiga kiruvchi prazikvantel keng koʻlamda barcha rivojlanish stadiyalaridagi lentasimon gijjalarga, shu jumladan Echinococcus granulosus, Echinococcus multilocularis, Mesocestoides spp., Taenia spp., Dipylidium caninum, Diphyllobothrium latum larni falajlantirish taʼsiriga ega.
Preparatning taʼsir etish mexanizmi fumaratreduktazalarni yoʻqotish bilan hujayralarning oʻtkazish xususiyati buziladi, mushak innervatsiyasi yuzaga keladi, oqibatda gijjalar falajlanib oʻladi.
Prazikvantel oshqozon-ichak yoʻllarida tezda soʻriladi, uning eng yuqori konsentratsiyasi 30—60 daqiqada qon plazmalariga yetadi. Asosan organizmdan siydik orqali 24 soat davomida chiqadi.
6. It va mushuklar uchun Azinoks preparati tavsiya etilgan dozalarda kam zararli moddalar toifasiga kiradi (zararligi boʻyicha 4 sinf), va embrion zaharlanishiga, teratogen va sensibilik taʼsir etmaydi.
Barcha zotli va yoshdagi it va mushuklarga yaxshi taʼsir etadi.
III. Qoʻllash tartibi
7. Azinoks preparati it va mushuklarning tsestodozlarini (teniidozlar, dipilidioz, exinokokkozlar, difillobotrioz, mezotsestodoz) oldini olish va davolash uchun qoʻllaniladi.
8. Preparat yakka holda, bir marotaba oz miqdorda ertalabki ovqat bilan yoki majburan 10 kg tirik vaznga 1 tabletkadan beriladi.
9. Vazni 5 kg dan kam boʻlgan mushuk va itlarga, 1 ta tabletkani 10 ml suvda suspenziya holatigacha eritiladi va shu zahoti ignasiz shprits orqali 1 ml 1 kg tirik vazn hisobida suvli suspenziya beriladi.
Oldindan och qoldirish yoki surgi dori vositalari qoʻllash talab qilinmaydi.
10. Profilaktika maqsadida it va mushuklarni har chorakda yuqorida koʻrsatilgan dozalarda gijjasizlantiriladi.
11. Ushbu Qoʻllanmaga muvofiq preparat qoʻllanilganda hech qanday asoratlar kuzatilmaydi.
Yakka holdagi hayvonlarning prazikvantel preparatiga allergik reaksiyalari kuzatilganda hayvonlarga preparat berish toʻxtatiladi.
12. 4 haftalik yoshgacha boʻlgan it va mushuk bolalariga preparat qoʻllanilmaydi.
13. Azinoks preparati berilganda asoratlar kuzatilganda preparatning ushbu seriyasi berilishi toʻxtatiladi.
IV. Xavfsizlik choralari
14. Azinoks preparati bilan ishlaganda veterinariya preparatlari bilan ishlash qoidalariga rioya qilgan holda umumiy shaxsiy gigiyena va texnika xavfsizligiga rioya qilish kerak.
15. Yaroqlilik muddati oʻtgan preparat qoʻllanilmaydi.
16. Preparat bolalardan ehtiyot qilgan holda saqlanishi kerak.
V. Noroziliklarni bayon etish tartibi
17. Preparat ushbu Qoʻllanma talablariga mos kelmagan holda uning qoʻllanilishi toʻxtatiladi va 100178 Toshkent shahar A.Yunusov 1a uyda joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi davlat veterinariya preparatlari ilmiy-nazorat laboratoriyasiga xabar qilinadi. Tel./faks: 228-76-14, 391-30-47. E-mail: [email protected]. Shu bilan birgalikda preparatning ushbu qoʻllanmaga muvofiqligini tasdiqlash uchun laboratoriyaga ochilmagan preparat yuboriladi.
