Kavsh qaytaruvchi hayvonlarning fassiollyoz kasalligini davolash va oldini olishda supertrem suspenziya preparatini qoʻllash boʻyicha qoʻllanmani tasdiqlash toʻgʻrisida (38-son)
19.03.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi davlat veterinariya bosh boshqarmasi boshligʻining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2008-yil 2-aprel 20-15-89/11-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi 03-38-144-sonli Bayoniga muvofiq buyuraman:
1. “Kavsh qaytaruvchi hayvonlarning fassiollyoz kasalligini davolash va oldini olishda supertrem suspenziya preparatini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur Qoʻllanma tasdiqlanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan 2007-yil 14-avgustda tasdiqlangan “Kavsh qaytaruvchi hayvonlarning fassiollyoz kasalligini davolash va oldini olishda supertrem suspenziya preparatini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Boshliq v.v.b. M. YUSUPOV
Toshkent sh.,
2008-yil 19-mart,
38-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining 2008-yil 19-martdagi 38-sonli buyrugʻi bilan “TASDIQLANGAN”
Kavsh qaytaruvchi hayvonlarning fassiollyoz kasalligini davolash va oldini olishda supertrem suspenziya preparatini qoʻllash boʻyicha
Qoʻllanma
I Umumiy maʼlumotlar
1. Supertrem suspenziya (Supertrem suspensio) — tarkibida ikkita faol taʼsir etuvchi moddasi: albendazol va triklabendazol, shuningdek toʻldiruvchilari boʻlgan gijjalarga qarshi preparat. Sinonimi: fazineks.
2. Preparat tashqi koʻrinishiga koʻra quyuq, oq rangli, qaymoqsimon, nordon taʼmli suyuqlik.
3. Chiqarilish shakli:
1 ml tarkibida 0,1 g albendazol, 0,05 g triklabendazol va yordamchi moddalari boʻlgan suspenziya.
4. Preparat polietilen bankalarga, shisha flakonlarga yoki polimer idishlarga 10, 20, 50, 100, 200, 500 va 1000 ml dan qadoqlanadi.
5. Preparat quruq binoda, bolalar qoʻli yetmayditan joyda, 25°S dan yuqori boʻlmagan haroratda, B roʻyxati boʻyicha saqlanadi. Muzlatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Preparatning yaroqlilik muddati saqlash shartlariga rioya qilinganda tayyorlangan kunidan boshlab 2 yil.
II. Farmakologik xususiyatlari
6. Preparatning taʼsir mexanizmi glyukoza, mikrotubulyar funksiya oʻtkazish jarayonlarini buzish va gijjalardagi fumaratreduktaza faolligini pasaytirishdan iborat, bu esa ularni halok boʻlishga olib keladi.
7. Preparat hayvonlar uchun kam zaharli, tavsiya etilgan dozalarda mahalliy qoʻzgʻatuvchi va sensibillovchi xususiyatlarga ega emas.
8. Organizmdan axlat bilan (taxminan 95%), buyrak orqali (taxminan 2—5%) ajraladi.
III. Qoʻllash tartibi
9. Supertrem — keng taʼsir koʻlamiga ega gijjalarga qarshi preparat, Fasciola Hepatica, Dicrocoelium lanseatium ning hayvon organizmidagi parazitlar rivojlanishining barcha bosqichlariga qarshi taʼsirchan. Shu bilan bir vaqtda preparat oshqozon-ichak va oʻpka nematodlariga (Bunostomum spp., Cooperia spp., Dictyocaulidae spp., Haemonchus spp., Ostertagia spp., Strongiloides spp., Trichostrongylus spp., Trichuris spp., va boshq.), tsestodlarning baʼzi turlariga (Avitellina centripumctata, Moniezia expansa, Moniezia benedebia, Thysaniezia giardi va boshqalar) qarshi faol.
10. Preparatni fassiolezga qarshi davolash va profilaktika maqsadida individual ravishda avvaldan ochlik diyetasisiz va boʻshashtiruvchi vositalarsiz qoʻllaniladi. Preparatni invaziyaning dastlabki bosqichlarida (boquv davrining boshlanishi) qoʻllash maqsadga muvofiq.
11. Yirik shoxli molga preparat suv bilan birga 10ml/10 kg hayvon vazniga beriladi.
12. Mayda shoxli molga preparat ichga suv orqali 0,75-1,0 ml/ 10 kg tana vazniga dozasida qoʻllaniladi
13. Preparatni qoʻllashda ushbu Qoʻllanmaga koʻra qoʻshimcha va ogʻirlashtiruvchi asoratlar kuzatilmaydi.
14. Suspenziyani urgʻochilarga urugʻlantirishning birinchi oyida, urchitish davrida, shuningdek infeksion kasalliklar bilan kasallangan va oriqlagan hayvonlarga qoʻllash tavsiya etilmaydi.
15. Hayvonlarni soʻyishga degelmintizatsiyalashdan soʻng kamida 14 kun oʻtgach ruxsat etiladi.
Sutni isteʼmol qilishga preparat qoʻllanilgandan 4 kun oʻtgach ruxsat etiladi.
Belgilangan muddatdan avval soʻyilgan goʻsht va sutdan goʻshtxoʻr hayvonlarga yemish sifatida yoki goʻsht suyak uni ishlab chiqarishda foydalaniladi.
IV. Shaxsiy profilaktika choralari
16. Preparat bilan ishlashda shaxsiy gigiyena va xavfsizlik texnikasining umumiy qoidalariga rioya etish lozim.
V. Noroziliklarni bayon etish tartibi
17. Preparat ushbu Qoʻllanma talablariga muvofiq kelmagan taqdirda, uning qoʻllanilishi toʻxtatilib, bu haqida Oʻzbekiston veterinariya preparatlari davlat ilmiy nazorat laboratoriyasiga quyidagi manzil boʻyicha murojaat qilinadi: 100178, Toshkent sh., A.Yunusov koʻchasi, 1a uy. Tel./faks: 228-76-14, 229-30-47. E-mail: [email protected]. Bir vaqtning oʻzida laboratoriyaga preparatning laboratoriya bilan kelishilgan miqdordagi ochilmagan oʻramlari va preparatning qoʻllanmaga muvofiq kelmasligining toʻliq tavsifi joʻnatiladi.
