Itlarni gijjasizlantirishda prazimekt-plyus preparatini qoʻllash boʻyicha qoʻllanmani tasdiqlash toʻgʻrisida (37-son)
19.03.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi davlat veterinariya bosh boshqarmasi boshligʻining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan texnik qoidalar va normalarga tegishli deb topilgan. 2008-yil 2-aprel 20-15-89/11-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi 03-38-144-sonli Bayoniga muvofiq buyuraman:
1. “Itlarni gijjasizlantirishda prazimekt-plyus preparatini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur Qoʻllanma tasdiqlanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan 2007-yil 14-avgustda tasdiqlangan “Itlarni gijjasizlantirishda prazimekt-plyus preparatini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Boshliq v.v.b. M. YUSUPOV
Toshkent sh.,
2008-yil 19-mart,
37-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining 2008-yil 19-martdagi 37-sonli buyrugʻi bilan “TASDIQLANGAN”
Itlarni gijjasizlantirishda prazimekt-plyus preparatini qoʻllash boʻyicha
Qoʻllanma
I Umumiy maʼlumotlar
1. Prazimekt-plyus (Prazimectum-plus) — keng taʼsir koʻlamiga ega boʻlgan kompleks parazitlarga qarshi preparat. Sinonimlari: prazimek-D, prazikvantel va boshqalar.
2. Preparat oqdan to kulrang-jigarrangacha boʻladi, tarkibida taʼsir etuvchi moddalari sifatida prazikvantel, abamektin va levamizol gidroxlorid mavjud.
3. Chiqarilish shakli — tarkibi 0,050 g prazikvantel, 0,002 g abamektin, 0,038 g levamizol gidroxloriddan iborat massasi 0,5 g va diametri 11 mm boʻlgan tabletkalar.
4. Tabletkalar 10, 25, 50, 100, 200 va 500 donadan polietilen idishlar, shisha flakonlarga, karton qutilarga solinadi yoki blister oʻramlarga 24 va 35 tabletkadan qadoqlanadi.
5. Preparat quruq binoda, bolalar qoʻli yetmaydigan joyda, 25°S dan yuqori boʻlmagan haroratda, “B” roʻyxati boʻyicha saqlanadi.
Preparatning yaroqlilik muddati saqlash shartlariga rioya qilinganda tayyorlangan kunidan boshlab 2 yil.
II Farmakologik xususiyatlari
6. Preparat lentasimon, yassi va yumaloq gijjalarga, sarkoptoid kanalarga va itlarda parazitlik qiluvchi Demodex avlodiga mansub kanalarga nisbatan gijjalarga qarshi va insektoakaritsid faol taʼsirchanlikka ega.
Prazikvantel parazitlarning asab-mushak sinapslaridagi va miofibril membranalaridagi fumaratreduktaza oqsil fermentini bostirib, lentasimon va yassi gelmintlarni falajlantirib va halokatga olib keladi.
Abamektin gammaamino moyli kislota — tormozlanish neyromediatori ishlab chiqishini kuchaytirib, nematod va boʻgʻimoyoqlilarda asab impulslari oʻtkazilishini buzadi, bu esa ularni falajlantirib va halokatga olib keladi.
Levamizol keng koʻlamdagi nematotsid taʼsirga ega va bu taʼsir nematodlarda bir qator ferment sistemalariga toʻsqinlik qilishga asoslangan. Tavsiya etilgan dozalarda immunostimulyator taʼsirchanligiga ega, T-limfotsitlari miqdorini koʻpaytiradi va monotsitlarning fagotsitar faolligini oshiradi, buning natijasida gelmintlar va preparatning taʼsir etuvchi moddalarining organizmga immunosupressiv taʼsiri pasayadi.
Preparat tarkibiga kiruvchi uch komponentning birikmasi, uning taʼsir koʻlamini kengaytirishga imkon yaratadi.
7. Preparat iliq qonli hayvonlar uchun oʻrtacha zaharli, tavsiya etilgan dozalarda yaxshi qabul qilinadi va itlarda qoʻshimcha va ogʻirlashtiruvchi asoratlar chaqirmaydi. Preparat organizmdan siydik va axlat orqali ajraladi.
III Qoʻllash tartibi
8. Prazimekt-plyus davolash va profilaktika maqsadlarida quyidagi invaziyalarda qoʻllaniladi:
tsestodozlarda, Echinococcus granulosus (jinsiy yetilgan), Multiceps multikeps, Taenia hudatigena, Taenia ovis, Taenia pisiformis, Hudatigena taeniaformis, Dipylidium caninum (jinsiy yetilgan va jinsiy yetilmagan), Diphyllobothrium latum, Mesocestoides lineatus tomonidan qoʻzgʻatilgan;
trematodozlarda, Opisthorchis felineus, Paragonimus westermani, Apophallus donicus, Mesostephanus spp. tomonidan qoʻzgʻatilgan;
nematodozlarda, Toxocara canis, Toxascaris leonine, Trichuris vulpis, Ancytostoma caninum, Ancylostoma brasiliense, Uncinaria stenocephala, Strongyloides stercoralis, Dirofilaria immitis, Filaroides osleri va boshqalar qoʻzgʻatgan;
entomozlarda, Linognathus setosus, Ctenocephalides canis, Ctenocephalides felis, Pulex irritans tomonidan qoʻzgʻatilgan;
akapozlapda, Demodex canis, Otodectes cynotis, Sarcoptes canis, Notoedres spp. tomonidan qoʻzgʻatilgan.
9. Prazimekt-plyus itlarga gelmintozlar va araxno-entomozlarni profilaktika qilish uchun ogʻiz orqali 10 kg tana vazniga 1 tabletka miqdorida har chorakda bir marta qoʻllaniladi.
Preparat itlarga davolash maqsadida gelmintlar bilan zararlanishda 10 kg hayvon vazniga 1 tabletkadan ikki marotaba 1 oy oraliq bilan; araxno-entomozlarda 10 kg hayvon vazniga 1 tabletka miqdorida 1 oy oraliq bilan 2 marotaba qoʻllaniladi.
Ogʻirligi 40 kg dan ortiq itlarga bir martada 4 tadan ortiq tabletka berilmaydi.
10. yoshgacha boʻlgan yosh hayvonlarga koʻrsatilgan doza ikkiga boʻlinadi va bir sutka oraligʻida beriladi.
11. Prazimekt plyus kolli, shelti va bobteyl zotidagi itlarga qoʻllanilmaydi. Preparatni 2 haftalikdan kichik kuchukchalarga, urgʻochi itlarga tugʻrukdan 2 hafta avval, shuningdek infeksion kasalliklar bilan ogʻrigan va tuzalayotgan hayvonlarga qoʻllash man etiladi.
III Shaxsiy profilaktika choralari
12. Preparat bilan ishlashda shaxsiy gigiyena va xavfsizlik texnikasining umumiy qoidalariga rioya etish lozim.
IV Noroziliklarni bayon etish tartibi
13. Preparat ushbu Qoʻllanma talablariga muvofiq kelmagan taqdirda, uning qoʻllanilishi toʻxtatilib, bu haqida Oʻzbekiston veterinariya preparatlari davlat ilmiy nazorat laboratoriyasiga quyidagi manzil boʻyicha murojaat qilinadi: 100178, Toshkent sh., A.Yunusov koʻchasi, 1a uy. Tel./faks: 228-76-14, 229-30-47. E-mail: [email protected]. Bir vaqtning oʻzida laboratoriyaga preparatning laboratoriya bilan kelishilgan miqdordagi ochilmagan oʻramlari va preparatning qoʻllanmaga muvofiq kelmasligining toʻliq tavsifi joʻnatiladi.
