Yangi tugʻilgan va oʻsayotgan hayvon va parrandalarning turli kasalliklarini davolash va oldini olishda gentamitsin suvda eruvchi preparat kukunini qoʻllash boʻyicha qoʻllanmani tasdiqlash toʻgʻrisida (32-son)
19.03.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi davlat veterinariya bosh boshqarmasi boshligʻining
Buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan texnik qoidalar va normalarga tegishli deb topilgan. 2008-yil 2-aprel 20-15-89/11-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi 03-38-144-sonli Bayoniga muvofiq buyuraman:
1. “Yangi tugʻilgan va oʻsayotgan hayvon va parrandalarning turli kasalliklarini davolash va oldini olishda gentamitsin suvda eruvchi preparat kukunini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” ilovaga muvofiq tasdiqlansin
2. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur Qoʻllanma tasdiqlanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan 2007-yil 17-avgustda tasdiqlangan “Yangi tugʻilgan va oʻsayotgan hayvon va parrandalarning turli kasalliklarini davolash va oldini olishda gentamitsin suvda eruvchi preparat kukunini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Boshliq v.v.b. M.YUSUPOV
Toshkent sh.,
2008-yil 19-mart,
32-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining 2008-yil 19-martdagi 32-sonli buyrugʻi bilan “TASDIQLANGAN”
Yangi tugʻilgan va oʻsayotgan hayvon va parrandalarning turli kasalliklarini davolash va oldini olishda gentamitsin suvda eruvchi preparat kukunini qoʻllash boʻyicha
QOʻLLANMA
I. Umumiy maʼlumotlar
1. Gentamitsin suvda eruvchi kukuni (Gentamycinum pulvis hidrosolubilis) — faol taʼsir etuvchi modda sifatida gentamitsin antibiotik va vitaminlarga ega boʻlgan kompleks preparat. Sinonimlari: garamitsin, gentabiotik.
2. Tarkibi: gentamitsin sulfat 1,6 g., retinol (vitamin A) 0,100 g., tiamin bromid (vitamin B1) 0,200 g., riboflavin (vitamin V2) 0,050 g., nikotinamid (vitamin RR) 0,460 g., askorbin kislotasi (vitamin S) 0,500 g. va 0,100 gacha boʻlgan toʻldiruvchilar.
3. Tashqi koʻrinishiga koʻra och sariqdan to sariq ranggacha boʻlgan suvda yaxshi eruvchi kukun.
4. Chiqarilish shakli — 100,0, 200,0, 500,0 va 1000,0 g dan banka va polietilen flakonlarga yoki alyudoin folga qogʻozli va aralash materiallardan tayyorlangan paketlarga qadoqlangan kukun.
Preparat quruq binoda, bolalar qoʻli yetmaydigan joyda, 25°S dan yuqori boʻlmagan haroratda, “B” roʻyxati boʻyicha saqlanadi.
Preparatning yaroqlilik muddati saqlash shartlariga rioya qilinganda tayyorlangan kunidan boshlab 2 yil.
II. Farmakologik xususiyatlari
5. Gentamitsin sulfat keng koʻlamdagi mikroblarga qarshi taʼsiri bilan xarakterlanuvchi aminoglikozidlar guruhiga mansub antibiotik.
Koʻpgina grammusbat va grammanfiy mikroorganizmlarga: koʻk yiringli va ichak tayoqchalari, tifoparatifoz va dizenteriya bakteriyalariga, shu jumladan oʻta barqaror stafilokokka nisbatan faol.
Gentamitsin mikrob hujayralariga bakteritsid taʼsir koʻrsatib, koʻpayuvchi hujayralardagi oqsil sintezini bostiradi.
Gentamitsin qabul qilinganda qonda yaxshi soʻrilmaydi, shu omil tufayli uning asosan yangi tugʻilgan va oʻsayotgan hayvonlarning ovqat hazm qilish trakti kasalliklarida mikroblarga qarshi yuqori taʼsirchanligi belgilanadi. Oshqozon-ichak traktidagi mikroblarga qarshi taʼsiri 8—12 soat davomida saqlanib turadi.
Vitamin A-organizmga umumiy (sistemali) taʼsir koʻrsatib, oʻsish va rivojlanishning meʼyorda boʻlishini taʼminlab turadi. Vitamin A asab, epitelial hujayralarining yashashi va suyaklar oʻsishi uchun zarur. Boʻy oʻsishi va jinsiy funksiyalarni yoʻlga quyadi.
V kompleksidagi vitaminlar—organizmning turli funksiyalariga faol taʼsir koʻrsatadi, modda almashinuvi va nerv-reflektor regulatsiyasiga taʼsiri orqali, ular turli patologik jarayonlarda ijobiy natijalarga olib keladi, uglevodorodlar, oqsil va yogʻlar almashinuvini yaxshilaydi. Achitish-tiklanish jarayonlariga taʼsir koʻrsatadi. V kompleksidagi gipovitaminozlarning rivojlanishidan saqlaydi.
Nikotin kislotasi—ovqat hazm qilish traktining suyuqlik ajratib chiqarish faoliyatini oshiradi, jigar faoliyatini va bosh miyaning qon bilan taʼminlanishini yaxshilaydi.
Vitamin S—organizmning turli funksiyalariga taʼsir etadi: kapillyarlarning oʻtkazuvchanligi, suyak toʻqimalarining oʻsishi va rivojlanishi, noxush taʼsirlarga qarshi immunobiologik taʼsirchanlikni kuchaytiradi, buyrak usti bezining gormonlari mahsulotini barqarorlashtiradi, toʻqimalarning yangilanishiga imkon yaratadi.
6. Preparat organizmdan asosan axlat va siydik orqali ajraladi.
III. Qoʻllash tartibi
7. Preparat quyidagi maqsadlarda:
hayvon va parrandalarning kasalliklarini oldini olish va mahsuldorligini oshirishda;
davolash maqsadida asosan yangi tugʻilgan va oʻsayotgan hayvonlardagi gentamitsinga taʼsirchan va boshqa antibiotiklarga chidamli mikroorganizmlar qoʻzgʻatgan ovqat hazm qilish trakti kasalliklari buzoqlar, choʻchqa bolalari kolibakteriozlari, salmonellezlarida, joʻjalarning pullorozlarida, joʻjalardagi pulloroz va kolibakteriozning aralash infeksiyalari va boshqa kasalliklarda qoʻllaniladi.
8. Qoʻllash usuli: ichimlik suvi bilan ichiriladi (parrandalarga), suv yoki sut bilan soʻrgʻich, butilka, suv xoʻrakka solib ichiriladi yoki hayvon va parranda ozuqasiga qoʻshib (yoki eritilgan holatda) beriladi. Davolash kursi 5—7 kun. Sutkalik dozasi quyidagicha:
9. Preparatni buyrak faoliyatining buzilishi qoʻshilgan ichak kasalliklarining ogʻir gemorragik hollarida qoʻllanilmaydi.
10. Hayvonlarni soʻyishga preparat soʻnggi marta qoʻllanilgandan soʻng kamida 10 kun oʻtgach ruxsat etiladi.
Belgilangan muddatdan avval soʻyilgan goʻsht va olingan tuxumdan goʻshtxoʻr hayvonlarga yemish sifatida yoki goʻsht suyak uni ishlab chiqarishda foydalaniladi.
IV. Shaxsiy profilaktika choralari
11. Preparat bilan ishlashda shaxsiy gigiyena va xavfsizlik texnikasining umumiy qoidalariga rioya etish lozim.
V. Noroziliklarni bayon etish tartibi
12. Preparat ushbu Qoʻllanma talablariga muvofiq kelmagan taqdirda, uning qoʻllanilishi toʻxtatilib, bu haqida Oʻzbekiston veterinariya preparatlari davlat ilmiy nazorat laboratoriyasiga quyidagi manzil boʻyicha murojaat qilinadi: 100178, Toshkent sh., A. Yunusov koʻchasi, 1a uy. Tel./faks: 228-76-14, 229-30-47. E-mail: [email protected]. Bir vaqtning oʻzida laboratoriyaga preparatning laboratoriya bilan kelishilgan miqdordagi ochilmagan oʻramlari va preparatning qoʻllanmaga muvofiq kelmasligining toʻliq tavsifi joʻnatiladi.
