Azot ishlab chiqarish sanoatida organik ishlab chiqarishlar uchun xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (125-son)
16.06.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosarining
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan 2009-yil 18-iyun 6-15/14-5553/6-son]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi 323-sonli “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, buyuraman:
1. Azot ishlab chiqarish sanoatida organik ishlab chiqarishlar uchun xavfsizlik qoidalari tasdiqlansin.
2. Mazkur qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olinganidan soʻng oʻn kun oʻtgach amalga kiritilsin.
Boshliq oʻrinbosari A.N. YuNUSOV
Toshkent sh.,
2009-yil 16-iyun,
125-son
“Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasining 2009-yil 16-iyuldagi 125-sonli buyrugʻi bilan “TASDIQLANDI”
AZOT IShLAB ChIQARISh SANOATIDA ORGANIK IShLAB ChIQARIShLAR UChUN XAVFSIZLIK QOIDALARI
“Azot ishlab chiqarish sanoatida organik ishlab chiqarishlar uchun xavfsizlik qoidalari” tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 28-sentabrdagi 57-sonli “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi 323-sonli “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq ishlab chiqildi.
Ushbu Qoidalar “Portlash-yongʻin xavfi boʻlgan kimyo, neft-kimyo va neftni qayta ishlash korxonalari uchun umumiy portlash-yongʻin xavfsizligi qoidalari”, qurilish meʼyorlari va qoidalari asosida ishlab chiqildi va azot ishlab chiqarish sanoati organik ishlab chiqarishlarini loyihalash, qurish, qayta taʼmirlash, kengaytirish va texnik qayta jihozlashda rioya qilinishi lozim boʻlgan asosiy xavfsizlik talablarini oʻz ichiga oladi, shuningdek ishlab turgan ishlab chiqarishlar xavfsizligining tavsiya etiladigan texnik darajasini belgilab beradi.
Ushbu Qoidalarda zarur maʼlumotlar boʻlmagan hollarda qoʻshimcha ravishda davlat nazorat organlarining amaldagi meʼyoriy hujjatlariga rioya qilinishi lozim.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu qoidalar quyidagi mahsulotlar ishlab chiqarishlari va tajriba sanoat sexlariga joriy etiladi:
atseton
metanol;
tiomochevina;
karbamid;
uglerod oksidi va dioksidi;
kaprolaktam;
sinil kislota;
tsianli texnik tuzlar;
formalin;
urotropin;
sirka kislotasi;
etilaminlar;
murakkab efirlar;
merkaptanlar;
karbamidformaldegid smolalar va h. k.
2. Komplekt import uskunalar yoki xorijiy litsenziyalar boʻyicha tayyorlangan uskunalar asosida barpo etiladigan ishlab chiqarishlar uchun ularning xavfsizlik darajasi mazkur Qoidalarda belgilangan darajadan past boʻlmasligini taʼminlash choralari belgilangan boʻlishi kerak.
3. Xavfli kimyo-texnologik tizimlar loyihalarini ishlab chiqishda ularning potensial xavfi baholanadi. Ularda aylanadigan portlash xavfi boʻlgan aralashmalarning toifalari va guruhlari, ular joylashgan bino va xonalarning portlash-yongʻin xavfi boʻyicha toifalari, texnologik bloklarning xavflilik boʻyicha toifalari, portlash xavfi boʻlgan zonalarning kattaliklari, Elektr qurilmalarining tuzilishi qoidalari (EQTQ) boʻyicha zonalarning sinflari aniqlanadi.
4. Barcha ishlab turgan va yangi ishga tushirilayotgan ishlab chiqarishlar, sexlar, boʻlinmalar va tajriba-sanoat sexlarida oʻrnatilgan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan texnologik reglamentlar boʻlishi kerak.
5. Barcha ishlab chiqarishlar, boʻlinmalar, uchastkalar va tajriba-sanoat sexlarining har qaysi ish joyida texnologik reglamentlar, ushbu Qoidalar, shuningdek amaldagi meʼyoriy hujjatlar va koʻrsatmalarga muvofiq ishlab chiqilgan ishlarni bexatar olib borish va uskunadan xavfsiz foydalanish boʻyicha yoʻriqnomalar boʻlishi kerak. Yoʻriqnomalar oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanishi kerak.
6. Tasdiqlangan reglament va yoʻriqnomalarsiz, shuningdek ushbu Qoidalardan chetga chiqqan holda yangi obyektlarni foydalanishga qabul qilish, ishlab turgan ishlab chiqarishlar, sexlar, boʻlinmalar va tajriba-sanoat sexlaridan foydalanish ruxsat etilmaydi.
7. Ishlab chiqarish sexlariga ishga kirayotgan ishchilar, xizmatchilar va muhandis-texnik xodimlar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 2000-yil 6-iyundagi 300-sonli “Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga muvofiq dastlabki, keyin davriy tibbiy koʻriklardan oʻtishlari kerak.
8. Ishlab chiqarish sexlariga ishga qabul qilingan, shuningdek boshqa ishga oʻtkazilayotgan barcha shaxslar ichki tartib qoidalari boʻyicha instruktajdan oʻtishlari va “Oʻzkimyosanoat” DAK tarkibidagi korxona va tashkilotlarda ishlovchilar bilan xavfsizlik texnikasi boʻyicha instruktaj oʻtkazish, ularni oʻqitish va bilimlarini tekshirish tartibi” (RH-003)ga muvofiq xavfsiz ish usullari boʻyicha oʻqitilishlari kerak.
Yangi ishga qabul qilingan, shuningdek boshqa ishga oʻtkazilayotgan barcha shaxslar ish joyida stajirovkadan oʻtganlaridan soʻng va bilimlari tekshirilgandan keyingina mustaqil ishlash uchun ruxsat etilishi mumkin.
Stajyor-dublyor ishining davomiyligi ishlab chiqarish va kasbning murakkablik darajasiga qarab korxona rahbari tomonidan belgilanadi, lekin ishlab chiqarishdagi asosiy kasblar uchun bu muddat kamida ikki hafta boʻlishi kerak.
9. Rahbar va muhandis-texnik xodimlar xavfsizlik texnikasi qoidalari, meʼyorlari va yoʻriqnomalari boʻyicha imtihon topshirishlari shart. Imtihonlarni oʻtkazish tartibi “Oʻzkimyosanoat” DAK tarkibidagi korxona va tashkilotlarda ishlovchilar bilan xavfsizlik texnikasi boʻyicha instruktaj oʻtkazish, ularni oʻqitish va bilimlarini tekshirish tartibi” ga muvofiq boʻlishi kerak.
10. Ishlab chiqarish zaruriyatiga bogʻliq olov bilan bajariladigan ishlarni olib borish “Portlash va portlash-yongʻin xavfi boʻlgan obyektlarda olov bilan bajariladigan ishlarni xavfsiz olib borilishini tashkil etish boʻyicha namunaviy yoʻriqnoma” va “Payvandlash va boshqa olov bilan bajariladigan ishlarni olib borishda yongʻin xavfsizligi qoidalari” ga muvofiq rasmiylashtirilishi kerak.
11. Har qaysi portlash va portlash-yongʻin xavfi boʻlgan sex, boʻlinma, uchastka uchun “Portlash-yongʻin xavfi boʻlgan korxonalarda avariyaviy vaziyatlarni lokallashtirish rejalarini ishlab chiqish boʻyicha tavsiyalar”ga muvofiq avariyalarni lokallashtirish rejasi ishlab chiqilgan boʻlishi kerak. Avariyalarni lokallashtirish rejasi bilan tanishtirilmagan va rejaning oʻz ish joyiga taalluqli qismini bilmaydigan shaxslarni ishga qoʻyish taqiqlanadi.
12. Har qaysi korxonada ishlovchilarning sogʻligʻi va hayoti uchun xavf tugʻdiruvchi joylar aniqlangan boʻlishi kerak. Xavfli joylarda tegishli yozuvlar va ogohlantiruvchi belgilar osib qoʻyilgan boʻlishi kerak.
13. Gaz xavfi boʻlgan joylardagi ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Davtogʻtexnazorat tomonidan 30.09.94 yilda tasdiqlangan “Korxonalarda gaz xavfi boʻlgan ishlarni xavfsiz olib borishni tashkil etish boʻyicha Namunaviy yoʻriqnoma”ga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
14. Ishlab chiqarishdagi jarohatlanish va avariya holatlari oʻrnatilgan tartibda tekshiriladi va hisobga olinadi.
II bob. Hudud, binolar, inshootlar
15. Azot ishlab chiqarish sanoatining organik ishlab chiqarishlari hududini rejalashtirishga qoʻyiladigan umumiy talablar SNiP 11-89 “Sanoat korxonalarining bosh rejalari”, QMQ 3.01.05 “Ishlarni bajarish va qabul qilish qoidalari. Hududni obodonlashtirish”ga muvofiq belgilanadi.
16. Hudud tekis, yogʻin-sochin, eruv va sugʻorish suvlarini chetga chiqarish uchun zarur nishablikda boʻlishi kerak. Transport oʻtadigan yoʻllar va oʻtish joylari qattiq qoplamali va harakatlanish uchun boʻsh boʻlishi kerak. Yoʻllar, transport oʻtadigan yoʻllar va piyodalar yoʻlkalari oʻz vaqtida taʼmirlanishi va qishda qordan tozalanishi, muz qoplagan hollarda esa qum sepilishi lozim. Tunda transport oʻtadigan yoʻllar va oʻtish joylari yoritilishi kerak.
17. Hudud toza holda saqlanishi kerak. Ishlab chiqarishning suyuq va qattiq chiqindilari “Sanoat chiqindilarini inventarizatsiya qilish, tasniflash, omborga joylash va zararsizlantirish sanitariya qoidalari 127-sonli SanQvaMlari talablariga muvofiq foydalanishi kerak (utilizatsiya qilinishi kerak). Axlat, xazon, qurigan oʻtlarni muntazam maxsus ajratilgan joylarga yigʻish va oʻz vaqtida, yongʻin chiqish xavfi boʻlmagan joylarda yoʻq qilinishi kerak.
18. Hududda zararli ishlab chiqarish chiqindilari toʻplanadigan joyni hosil qiluvchi kotlovan yoki oʻralar boʻlmasligi kerak. Hududda joylashgan lyuklar, quduqlar va novlarning usti bekitilgan boʻlishi kerak. Vaqtincha ochiq holdagi lyuklar, quduqlar va novlar tungi paytda yorugʻlik signalizatsiyasi bilan jihozlangan balandligi kamida 1 m boʻlgan toʻsiqlar bilan toʻsilgan boʻlishi kerak.
19. Quduqlari, shuningdek burilish burchaklarida kameralari boʻlmagan yer osti muhandislik tarmoqlarida ularning holatini aniqlash imkonini beradigan tashqi tanitish belgilari boʻlishi kerak.
20. Hududning vertikal tuzilishi yoki maxsus inshootlar (tagliklar, marzalar va h.) avariya vaziyatida toʻkilgan mahsulotlarning bir obyekt uchastkasidan boshqa obyektlarning uchastkalariga tushishiga yoʻl qoʻymasligi, shuningdek toʻkilgan mahsulot va yogʻin-sochinlarni toʻplash va chetga chiqarishni tashkil etishni taʼminlashi kerak.
21. Portlash-yongʻin xavfi boʻlgan muhitli uskunalarni tashqi maydonchalarda oʻrnatishda uskuna germetikligining buzilishi, muhitlarning chiqib ketishi va havoda portlashi bilan bogʻliq sodir boʻlishi mumkin boʻlgan avariyalarni tahlil qilish asosida avariyalarning zanjirli rivojlanishi ehtimolini kamaytiruvchi chora-tadbirlar, shu jumladan xavfli obyektlar oʻrtasidagi oraliqlarni kattalashtirish koʻzda tutilishi kerak.
22. Hududda materiallar, xomashyo, yarim tayyor mahsulotlar, tayyor mahsulotlar va taralarni saqlash uchun maydonchalar qurish yongʻindan muhofaza qilish organlari bilan kelishilishi kerak.
23. Yongʻin oʻchirish jihozlaridan tez foydalanish uchun sharoit yaratish maqsadida birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari tungi paytda yoritiladigan maxsus yongʻin oʻchirish shit (post)larida oʻrnatilishi kerak. Koʻrinadigan joylarda yongʻin oʻchiruvchilarni chaqirish tartibi toʻgʻrisidagi oʻyma andazalar (qoliplar) osilgan boʻlishi kerak.
24. Ishlab chiqarish binolari va xonalarining hajmiy-rejalashtirish va konstruktiv yechimlari Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan qurilish meʼyorlari va qoidalariga muvofiq boʻlishi kerak.
Bu talablarda hudud va ishlab chiqarish xonalaridan ratsional foydalanish, uskunalardan xavfsiz foydalanish va texnologik jarayonlarni tashkil etish, ishlovchilarni zararli mehnat sharoitlari taʼsiridan muhofaza qilish, ishlab chiqarish xonalari va ish joylarini sanitariya-gigiyena meʼyorlari va qoidalariga muvofiq saqlash, sanitariya-maishiy xonalar tashkil etish koʻzda tutilgan boʻlishi kerak.
25. Portlash-yongʻin xavfi boʻlgan bino va inshootlarning yongʻin-texnik tasnifi, ularning konstruksiyaviy va hajmiy-rejalashtirish yechimlariga qoʻyiladigan yongʻinga qarshi umumiy talablar ShNK 2.01.02 “Bino va inshootlarning yongʻin xavfsizligi” boʻyicha belgilanadi.
26. A va B toifali xonalarni yertoʻla va devorning pastki qalinroq qismi qavatlarda joylashtirish ruxsat etilmaydi.
27. Portlash-yongʻin xavfi boʻlgan va kimyoviy xavfli ishlab chiqarish bino va inshootlarining konstruktiv yechimlari yongʻin yoki avariya sodir boʻlganda ularda ishlayotgan insonlarni evakuatsiya qilish imkoniyatini taʼminlashi kerak. Bu esa ShNK 2.01.02 talablari boʻyicha belgilanadi.
28. Evakuatsiya chiqish joylarining zarur miqdori eng koʻp ishchi ishlaydigan smenada ishlovchilar soni va eng chetdagi ish joyidan yaqin atrofdagi evakuatsiya chiqish joyigacha yoʻl qoʻyiladigan masofaga qarab, odamlar evakuatsiya qilinadigan xonaning hajmi, toifasi va olovga chidamliligi va ushbu joydan evakuatsiya qilinadigan odamlar oqimining zichligidan kelib chiqqan holda, SNiP 2.09.02. “Ishlab chiqarish binolari” boʻyicha aniqlanadi.
29. Turli portlash-yongʻin, yongʻin va zaharlanish xavfi boʻlgan texnologik jarayonlar bajariladigan uchastkalarni avariyalarning xavfi yuqori boʻlgan uchastkalardan xavf kam boʻlgan uchastkalarga tarqalishini, bir uchastkadagi xavflarning boshqa uchastkalardagi xodimlarga taʼsirini oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilingan hollarda bitta xonada joylashtirish ruxsat etiladi.
30. Binoda portlash xavfi boʻlgan xonalar portlash xavfi boʻlmagan xonalar bilan bir qatorda joylashtirilganda, portlash xavfi boʻlgan xonalar bino qavatida tashqi toʻsiqning imkon qadar kattaroq yuzasiga ega boʻlishi koʻzda tutilishi kerak. Koʻp qavatli (koʻpi bilan 5 qavatli) binolarda portlash xavfi boʻlgan xonalar yuqori qavatda, binoning yon (ensiz) qismida joylashgan boʻlishi kerak.
31. Yonuvchan chang hosil boʻlishi bilan bogʻliq jarayonlar amalga oshiriladigan, avariya tufayli portlash sodir boʻlganda xonalarning portlashga chidamliligi taʼminlanadigan darajadan ortiq bosim hosil qiladigan miqdorda yonuvchan gazlar va tez alangalanadigan suyuqliklar ishlatiladigan yoki saqlanadigan xonalarni bevosita bir vaqtning oʻzida 50 dan ortiq odam boʻlishi moʻljallangan xonalar ostida joylashtirish ruxsat etilmaydi.
32. Avariya tufayli havoga tarqalganda xona ichida inson hayoti uchun xavfli konsentratsiyalar hosil qiladigan miqdordagi zaharli moddalar ishlatilishi bilan bogʻliq ishlab chiqarishlar joylashgan bino va xonalar uchun evakuatsiya chiqish joylari soni, ONTP-24 “Xona va binolarning portlash-yongʻin va yongʻin xavfi boʻyicha toifasini aniqlash” boʻyicha ularning toifasidan qatʼiy nazar, A va B toifali bino va xonalar uchun belgilangan miqdorda koʻzda tutiladi.
33. Xonalar va tashqi qurilmalardagi portlash xavfi boʻlgan zonalarda yonuvchan aralashma hosil qiladigan manbalarning boʻlmasligini taʼminlash talablari ushbu zonalar va aralashmalarning tasnifi boʻyicha, “Elektr qurilmalarining tuzilishi qoidalari” (EQTQ)ning 7.3-bobiga muvofiq belgilanadi.
34. Portlash xavfi boʻlgan, shuningdek zaharli moddalar ajralib chiqishi mumkin boʻlgan xonalarning hajmiy-rejalashtirish yechimlari ishlab chiqarish xonalariga boshqa toifali portlash xavfi boʻlgan va zaharli moddalarning kirish imkoniyatiga yoʻl qoʻymasligi kerak. Xonalar oʻrtasidagi eshiklarda, shuningdek koridorlarga va zina maydonchalariga chiqish joylarida muntazam qoʻshimcha havo kiradigan bino tomining gumbaz qilib ishlangan qismi darvozalar (tambur-shlyuzlar) boʻlishi kerak.
35. Maishiy xonalarga, ularning soni, joylashishiga qoʻyiladigan talablar; ishlab chiqarish jarayonlarining guruhini aniqlash QMQ 2.09.04 “Korxonalarning maʼmuriy va maishiy binolari” talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
36. Portlash-yongʻin xavfi boʻlgan va zararli ishlab chiqarishlarda ishlovchilarga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan maʼmuriy va maishiy xonalar, odatda, alohida joylashgan bino (blok)larda joylashtirilishi lozim. Maʼmuriy va maishiy xonalarning bosh rejadagi joylashuvida ularning sanoat obyektlaridagi portlashga mustahkamligi hisobga olinishi kerak. Ularning konstruksiyasi va portlash xavfi boʻlgan obyektlargacha masofa ushbu obyektlarda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan portlash zarb toʻlqini hosil qilgan ortiqcha bosim taʼsiridan xonalardagi odamlarning xavfsizligi taʼminlanishini hisobga olgan holda qabul qilinishi tavsiya etiladi. Bunda binoning yon (ensiz) devori, imkon qadar, eng xavfli obyekt tomonga qaragan boʻlishi kerak.
37. Alohida ishlab chiqarish xodimlariga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan bufetlar, oshxonalar, doʻkonlar va shu singari boshqa xonalarni, agar ular ushbu ishlab chiqarishning portlash va kimyoviy xavf boʻlgan obyektlari qarama-qarshi tomoniga qaragan devorlar yonida joylashgan boʻlsa, maʼmuriy-maishiy bloklar tarkibiga kiritilishi ruxsat etiladi.
38. Maʼmuriy va maishiy xonalarning ustida va ostida portlash-yongʻin xavfi boʻlgan mahsulotli texnologik uskunalarni oʻrnatish va quvurlar oʻtkazish ruxsat etilmaydi.
39. Turli toifali xonalardan odamlarni evakuatsiya qilish uchun moʻljallangan zina xonalari A va B toifali xonalar tomonidan muntazam qoʻshimcha havo kiradigan bino tomining gumbaz qilib ishlangan qismi darvozalar (tambur-shlyuzlar) bilan izolatsiyalanishi lozim.
40. Portlash xavfi boʻlgan ishlab chiqarish xonalaridan bino tomining gumbaz qilib ishlangan qismi darvozalariga (tambur-shlyuzlarga) oʻtiladigan eshiklarning olovga chidamlilik chegarasi kamida EI 30 boʻlishi va yongʻin xavfi katta boʻlgan xonalardan yongʻin xavfi kamroq boʻlgan xonaga chiqish yoʻnalishida ochilishi kerak.
41. Binolarning zina xonalarida ishchi, ombor va boshqa maqsadlardagi xonalarni joylashtirish, sanoat quvurlarini, tez alangalanadigan (TAS) va yonuvchan (YoS) suyuqlik quvurlarini oʻtkazish, boshqaruv elektr shitlari va h. ni oʻrnatish taqiqlanadi.
42. Portlash xavfi boʻlgan xonalarning poli tekis, tirqishlarsiz, oʻyiqlarsiz va mahalliy qabariqlarsiz, uchqun chiqarmaydigan va korroziyaga chidamli boʻlishi, QMQ 2.03.13 “Pollar” ga muvofiq qurilgan boʻlishi kerak.
43. Portlash xavfi boʻlgan va portlash xavfi boʻlmagan xonalar oʻrtasidagi ichki devorlar gazni oʻtkazmaydigan darajada zich holda qurilishi kerak. Devor suvogʻi va choklarining holati sinchkovlik bilan kuzatib borilishi va ulardagi shikastlar zudlik bilan tuzatilishi lozim.
44. Binolarning tomidagi statsionar yongʻin zinalari, shuningdek yonmaydigan materiallardan yasalgan toʻsiqlar soz holatda saqlanishi kerak.
45. Agar portlash xavfi boʻlgan xonalarda metall zinalar va maydonchalar boʻlsa, uchqun hosil boʻlishiga qarshi chora-tadbirlar qabul qilinishi (ularning ustiga poʻlat predmetlar tushishiga yoʻl qoʻymaslik, zina va maydonchalarning sirtini uchqun chiqarmaydigan materiallar bilan qoplash) kerak. Maydonchalar 150 mm balandlikdagi yaxlit toʻsiqlar bilan toʻsilishi lozim.
46. Ishlab chiqarish, yordamchi binolar va omborxonalarning yonadigan konstruksiyalariga yongʻindan himoyalovchi moddalar bilan ishlov berilishi, ular yongʻindan himoyalovchi boʻyoq yoki moy bilan himoyalanishi kerak.
III bob. Zavodning ichki yoʻllari, transport oʻtadigan yoʻllar va kirish yoʻllari
47. Portlash-yongʻin xavfi boʻlgan ishlab chiqarishlarga ega sanoat korxonalaridagi yoʻllar, transport oʻtadigan yoʻllar va kirish yoʻllariga qoʻyiladigan talablar SNiP P-89 “Sanoat korxonalarining bosh rejalari” va SNiP 2.05.07. “Sanoat transporti” boʻlimlariga muvofiq belgilanadi.
48. Zavodning ichki avtomobil yoʻllari A va B toifali binolar va portlash xavfi boʻlgan inshootlardan kamida 12 m masofada joylashgan boʻlishi kerak.
49. Zavodning ichki avtomobil yoʻllari chetidan yongʻinga qarshi suv quvurlari, aloqa, signalizatsiya, tashqi yoritish tarmoqlari va elektr kabellarini oʻtkazish ruxsat etiladi.
50. Texnologik qurilmalar, omborxonalar va quyish qurilmalari joylashgan hududlarda tez alangalanadigan va yonuvchan suyuqliklarning avtomobil yoʻliga toʻkilishini oldini olish uchun yoʻl qatnov qismining rejaga olish belgilari, odatda, tutash hududning rejaga olish belgilaridan, yoʻl poyi chetidan hisoblagan holda, kamida 0,3 m baland boʻlishi kerak.
51. Avtomobil yoʻllari ustidan turli qurilmalar (quvurlar, estakadalar, tortqilar, galereyalar va h. k.) oʻtkazilgan joylarda, agar yuklangan avtomobilning eng baland qismi va inshoot osti oʻrtasidagi masofa kamida 1 m ni tashkil etsa, qatnov qismi ustidan erkin balandlik kamida 5 m boʻlishi kerak.
52. Temir yoʻllarda koʻrsatkich koʻrsatkichlari yoritilmaydigan stryelkalardan foydalanish ruxsat etiladi.
Koʻrsatkich oʻrnatilgan joyda tashqi yoritish yoritkichlari yordamida hosil qilinadigan yoritilganlik darajasi kamida 5 1x boʻlishi kerak.
Zaharli va portlash-yongʻin xavfi boʻlgan mahsulotlarni quyish uchun boshqa yoʻlga oʻtkazish uchun moʻljallangan koʻrsatkichlar yoritilgan boʻlishi kerak.
53. Piyodalarning harakat jadalligi bir smenada 100 kishidan ortiq boʻlganda zavodning ichki avtomobil yoʻllari-transport yoʻllari va kirish yoʻllari boʻylab, piyodalarning harakat jadalligidan qatʼiy nazar barcha holatlarda magistral ishlab chiqarish yoʻllari boʻylab trotuarlar qurilishi kerak.
54. Portlash va yongʻin xavfi boʻlgan sexlar va qurilmalarning hududiga avtomashinalar, traktorlar, koʻtarish-tashish va qurilish mexanizmlarining kirishiga, ularning turish joylari, harakatlanishi va xavfsizlik choralari koʻrsatilgan holda, ushbu sexlar, qurilmalar rahbarlarining ijozati bilan ruxsat etiladi.
55. Korxona hududining yonuvchan bugʻlar yoki gazlar toʻplanishi mumkin boʻlgan uchastkalariga uchqun tutgichlarsiz avtomobillar, traktorlar, mototsikllar va boshqa transport vositalarining kirishi taqiqlanadi.
IV bob. Texnologik qism
§ 1. Organik ishlab chiqarishlardan foydalanish xavfsizligi talablari
56. Organik ishlab chiqarish sexlari (boʻlinmalari, uchastkalari)da ishlarning xavfsizligini taʼminlovchi asosiy shartlarga quyidagilar kiradi:
a) texnologik reglament, ishlab chiqarish yoʻriqnomalari va xavfsizlik texnikasi boʻyicha yoʻriqnomalarga qatʼiy rioya qilinishi;
b) har bir apparatning sozligi va uning ishlash koʻrsatkichlarining normal texnologik rejim va xavfsizlik texnikasi boʻyicha yoʻriqnomalarga muvofiqligi;
v) ishga faqat mutaxassisligi boʻyicha nazariy va ishlab chiqarish oʻquvida boʻlgan, ish joyi va xavfsizlik texnikasi boʻyicha yoʻriqnomalarni oʻrgangan hamda ish joyi va xavfsizlik texnikasi boʻyicha imtihon topshirgan shaxslarni qoʻyish.
57. Uskunalar, quvurlar va boshqa kommunikatsiyalarni joylashtirayotganda ularga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash xavfsizligi va qulayligi taʼminlanishi lozim. Buning uchun quyidagi talablarga rioya qilinishi lozim:
a) uskunaning eng koʻp chiqib turadigan qismlari oʻrtasidagi oʻtish joylarining front boʻylab kengligi unga bir tomondan xizmat koʻrsatilganda kamida 1,5 m, ikkala tomonidan xizmat koʻrsatilganda esa kamida 2 m boʻlishi kerak;
b) kichik gabaritli (kengligi va balandligi 0,8 m gacha) uskunalar uchun oʻtish joylarining kengligi kamida 1 m boʻlishi kerak;
v) apparatlar oʻrtasidagi hamda apparatlar va xona devorlari oʻrtasidagi masofa, ularga aylanib xizmat koʻrsatilganda, shuningdek uskunaga vaqti-vaqti bilan xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan oʻtish joylarining kengligi kamida 0,8 m boʻlishi kerak;
g) asosiy oʻtish joylarining minimal balandligi kamida 2,2 m, boshqa barcha oʻtish joylariniki esa kamida 2 m boʻlishi kerak;
d) uskunaga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan maydonchalarning kengligi va uzunligi 1 m dan kam boʻlmasligi kerak.
Bunday maydonchalarga olib boruvchi zinalarning nishabligi koʻpi bilan 45° boʻlishi kerak. Borish qiyin va kam xizmat koʻrsatiladigan joylarda, istisno tariqasida, nishabligi 45° dan ortiq boʻlgan, shuningdek vertikal zinalarni oʻrnatish ruxsat etiladi. Barcha hollarda zinalarning kengligi kamida 0,7 m boʻlishi kerak;
e) uskunalar tabiiy yorugʻlikni va derazalar orqali xonaga tashqaridan havo kirishini toʻsib qoʻymasdan joylashtirilishi kerak;
j) koʻp qavatli binolarda 15 m dan ortiq boʻlmagan balandlikda joylashgan uskunalarga xizmat koʻrsatish uchun yuk-yoʻlovchi liftlari koʻzda tutilgan boʻlishi kerak;
z) birinchi qavatdan yuqorida joylashgan uskunalarni montaj va demontaj qilishni taʼminlash uchun barcha tomonlari boʻyicha tashilayotgan uskunalarning maksimal gabarit oʻlchamlaridan kamida 0,2 m ga katta boʻlgan montaj tuynuklari koʻzda tutilishi kerak.
58. Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va mexanizatsiyalashtirish ishlab chiqarish jarayonlari xavfsizligini va texnologik jarayonni asosan markaziy boshqaruv pultidan nazorat qilish va tartibga solish imkoniyatini taʼminlashi kerak.
59. Izolatsiyalangan holda kabinalarda, boʻlmalarda joylashgan apparatlarda texnologik jarayonlar boshqaruvi xavfsiz joydan uzoqdan turib amalga oshirilishi kerak. Bunda kabina (boʻlma)larda havoning siyraklashuvi, bino tomining gumbaz qilib ishlangan qismi darvozalarida (tambur-shlyuzlarda) yoki boshqaruv koridorlarida esa havo bosimi hosil qilinishi kerak.
60. A, B toifali ishlab chiqarish xonalarida va zaharli moddalarni qayta ishlash bilan bogʻliq ishlab chiqarishlar xonalarida bu moddalarning xona havosidagi xavfli konsentratsiyalari toʻgʻrisida xabar beruvchi yorugʻlik va tovush signalizatsiyasi bilan jihozlangan gaz analizatorlari oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
61. Zaharli moddalarning zararli taʼsirini kamaytirish uchun zaharli gaz va bugʻ ajratib chiqaruvchi barcha apparatlar xonadan tashqarida yoki havo almashinuvi kuchaytirilgan maxsus kameralarda joylashtirilishi kerak.
62. Ishchi xonalarga portlash-yongʻin xavfi boʻlgan va zaharli moddalar, apparatlarga esa yonuvchi gaz va suyuqliklar bilan birga havo kirishini oldini olish uchun barcha apparatlar va quvurlar puxta germetiklanishini lozim.
63. Sexlarda oʻtkaziladigan analitik nazoratdan tashqari korxonaning sanitariya laboratoriyasi kuchlari yordamida ishlab chiqarish xonalarida korxonaning texnik rahbari tomonidan tasdiqlangan grafiklar boʻyicha “Portlash-yongʻin xavfi boʻlgan ishlab chiqarishlarda havo muhiti holatini nazorat qilishni tashkil etish toʻgʻrisida nizom”ga muvofiq muntazam ravishda havo muhiti holatining nazorati oʻtkazilishi kerak.
64. Tozalash inshootlarida oqova suvlarni texnologik reglamentda koʻrsatilgan parametrlargacha tozalash ustidan uzluksiz nazorat koʻzda tutilishi kerak.
65. Uskunadan namuna olish ish hududiga portlash xavfi boʻlgan va zaharli gazlar, bugʻlar va suyuq mahsulotlar ajralib chiqishiga yoʻl qoʻymaydigan xavfsiz usullar yordamida amalga oshirilishi kerak.
Namunalar uchun moʻljallangan idishlar germetiklangan boʻlishi kerak.
66. Idishlar tez alangalanadigan suyuqliklar va siqilgan gazlar bilan quyish quvurlari orqali toʻldirilishi kerak. Quyish quvurining uchidan idish tubigacha boʻlgan masofa 200 mm dan oshmasligi kerak; agar buning imkoni boʻlmasa, oqim idish devori boʻylab yoʻnaltirilishi kerak.
67. Atrofdagi havo (yopiq xonalarda va ochiq maydonchalarda) haroratida qotadigan mahsulotlar uchun moʻljallangan idish apparatlari va quvurlar bugʻ yoki suv yordamida isitadigan yoʻldosh moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
68. Avariya vaziyatida apparatlardan yonuvchan va zaharli suyuqliklarni toʻkib olish uchun loyihada avariyaviy idishlar koʻzda tutilishi kerak. Avariyaviy idishlar boʻlmagan hollarda suyuqlikni drenaj idishlarga quyish ruxsat etiladi.
Ichidagi mahsulot avariyaviy idishlarga quyiladigan apparatlarda avariya sodir boʻlganda mahsulotlardan boʻshatish uchun tegishli moslamalar boʻlishi kerak.
69. Mahsulotlarning qaynab toʻkilishini (oksidlash sexi) oldini olish uchun avariyaviy rezervuar yonmaydigan toʻsiq bilan oʻralishi yoki undagi mahsulot sigʻadigan kotlovanga joylashtirilishi kerak.
70. Qurilmani avariyaviy idish bilan bogʻlovchi avariyaviy quvurlar avariyaviy idish tomonga yoʻnalgan minimal miqdordagi shaxobcha va burilishli bir tomonlama doimiy nishablikka ega boʻlishi kerak. Avariyaviy quvurlarning butun uzunligi boʻylab qulf armatura (surma klapanlar, ventillar, kranlar) boʻlmasligi kerak.
71. Yonuvchan suyuqliklar uchun moʻljallangan sarflash rezervuarlari (merniklar, baklar va h.) avariyaviy rezervuarga ulanmasligi mumkin. Lekin ular sarflash rezervuarlaridan suyuqlik oʻz oqimi bilan oqib keladigan asosiy rezurvuarlarga quvurlar bilan bogʻlanishi lozim.
Ulovchi avariyaviy quvurlar olovni toʻsuvchi qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
Avariyaviy rezervuarning sigʻimi barcha apparatlarni jami hajmining kamida 30% ni tashkil etishi, lekin eng katta apparat (rezervuar) sigʻimidan kam boʻlmasligi kerak.
72. Zaharli, yonuvchan moddalar va tez alangalanadigan suyuqliklarni haydash uchun zaharli, portlash va yongʻin xavfi boʻlgan suyuqliklarni haydovchi turli xildagi nasoslarga doir meʼyoriy hujjatlarga muvofiq tayyorlangan nasoslar qoʻllanilishi kerak.
73. Suyuq ammiak va boshqa past haroratda qaynaydigan moddalarni ularning oʻz bugʻlari bosimi ostida haydash lozim.
74. Tez alangalanadigan suyuqliklarni quvurlar boʻylab ortiqcha bosim bilan haydash siqilgan inert gaz (azot) yordamida amalga oshirilishi kerak. Bunday maqsadlarda siqilgan havodan foydalanish taqiqlanadi.
75. Normal foydalanish jarayonida texnologik uskunalar va kommunikatsiyalardan doim chiqib turadigan va texnologik maqsadlar uchun yoki yoqilgʻi sifatida ishlatib boʻlmaydigan yonuvchan va yonuvchan-zaharli gazlar va bugʻlar yoqib yuborish (mashʼal) uchun yoʻnaltirilishi kerak.
Shuningdek, texnologik uskunani ishga tushirish, uskunani taʼmirlash uchun toʻxtatish, texnologik tartibni rostlash (havo bilan tozalash) davrida va avariya vaziyatlarida ham yonuvchan va yonuvchan-zaharli gazlar va bugʻlar yoqib yuborish (mashʼal) uchun yoʻnaltirilishi kerak.
76. Ochiq olovda xavf tugʻdiruvchi tez alangalanadigan va yonuvchan suyuqliklar solingan idishlarda GOST 15548 “Sanoat korxonalari uchun signal ranglari va xavfsizlik belgilari” ga muvofiq taqiqlovchi belgilar, ichida xavfli zararli moddalar (zaharli, boʻgʻuvchi, kimyoviy va termik kuyishni keltirib chiqaradigan) boʻlgan yuqori bosim ostidagi yoki past vakuumli idishlarda, va uskunaning ehtiyotsizlik bilan foydalanilganda insonlarning sogʻligʻi va hayoti uchun xavfli boʻlgan elementlarida ogohlantiruvchi xavfsizlik belgilari oʻrnatilishi lozim.
77. Zaharli, yongʻin, portlash xavfi boʻlgan va boshqa oʻta xavfli moddalarni tashish uchun moʻljallangan quvurlari GOST 14202 “Sanoat korxonalarining quvurlari. Tanitish rangi, ogohlantiruvchi belgilar va tamgʻalash shitlari” ga muvofiq tanitish rangida boʻlishi kerak.
78. Organik suyuq muhitlar (dielektriklar) uchun moʻljallangan quvurlarning diametrlarini belgilashda “Kimyo, neft-kimyo va neftni qayta ishlash sanoati ishlab chiqarishlarida statik elektr tokidan himoya qilish qoidalari” ga rioya qilinishi lozim.
§ 2. Uskunalar va saqlovchi qurilmalar
79. Bosim ostida ishlaydigan barcha apparatlar va quvurlarda, shuningdek texnologik tartibning buzilishi oqibatida bosim oshishi mumkin boʻlgan apparatlarda chiqayotgan gazlar uchun shaxobchalari boʻlgan saqlovchi klapanlar oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
80. Yonuvchi gazlarni havoga chiqarish liniyalari olovdan toʻsuvchi moslamalar (yonuvchi gazlar tarkibida toʻsuvchi moslamalarda tiqilib qolishi mumkin boʻlgan smolali yoki haydovchi moddalar boʻlgan holatlardan tashqari) yoki gidroizolyatorlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Saqlovchi klapanlardan keyin gazlarni chiqarish liniyalariga inert gaz (azot) quvuri ulanishi kerak.
81. Yonuvchan suyuqlik bugʻlari havo bilan qoʻshilib portlash xavfi boʻlgan aralashmalar hosil qilishini oldini olish uchun ular azotning uncha katta boʻlmagan ortiqcha bosimi ostida saqlanishi kerak.
82. Idishlarda havoni uzib qoʻyish uchun gaz quvurlariga payvandlangan gidravlik zatvorlar boʻlishi kerak. Rezbali va flanetsli ulanmalar ruxsat etilmaydi.
83. Nam gaz haydaladigan barcha gaz quvurlarida kondensatni yigʻish va tushirish uchun qurilmalar boʻlishi kerak.
84. Gidrozatvorlarda ulardagi suyuqlik sathini nazorat qilish va ularni tozalash uchun qurilmalar koʻzda tutilishi lozim.
85. Saqlovchi klapanlarni oʻrnatayotganda muhit hisobga olinishi va uning xususiyatlari va parametrlariga qarab bir yoki bir nechta saqlovchi klapan oʻrnatilishi lozim. Klapanlarning oʻtkazish qobiliyati hisob-kitoblar yordamida tasdiqlangan boʻlishi kerak. Oʻzaro hech qanday qulf armaturasisiz quvurlar bilan bogʻlangan bitta texnologik tizim apparatlarida bunday apparatlarning butun guruhi uchun bitta saqlovchi klapan oʻrnatish ruxsat etiladi.
86. Siqilgan uglevodorod gazlari, agressiv muhitlar yoki 250° S dan yuqori haroratli noagressiv muhitlar solinadigan idishlarda kamida ikkita saqlovchi klapan oʻrnatilishi, ularning har qaysisi toʻliq oʻtkazish qobiliyatini taʼminlashi kerak.
87. Portlash xavfi boʻlgan va zaharli muhitlar solinadigan idishlarda “Portlash-yongʻin xavfi boʻlgan kimyo, neft-kimyo va neftni qayta ishlash ishlab chiqarishlari uchun umumiy portlash xavfsizligi qoidalari” shartlariga rioya qilgan holda saqlovchi klapanlar oʻrnatish tavsiya etiladi.
88. Idish va saqlovchi klapan oʻrtasida qulflash qurilmasi boʻlmasligi kerak. Saqlovchi qurilmalar va bosim ostida ishlash uchun moʻljallangan zaharli, yonuvchan yoki portlash xavfi boʻlgan gaz idishlari oʻrtasida uzib qoʻyuvchi qurilma oʻrnatish ruxsat etiladi, lekin bunda uzib qoʻyuvchi qurilma idishni ikkita saqlovchi qurilma bilan bogʻlovchi quvurga oʻrnatilishi, va uzib qoʻyuvchi qurilma klapanlarining har qanday holatida ham ikkala saqlovchi qurilma yoki ulardan biri idishga ulanishi shart.
Bunda har qaysi saqlovchi klapan idish (apparat)da bosim ostida ishlaydigan idishlar uchun qoidalarda koʻrsatilgan miqdordan ortiq bosim hosil boʻlmasligiga moʻljallangan boʻlishi kerak.
89. Texnologik apparatda uzib qoʻyuvchi qurilmali ikkita saqlovchi klapan oʻrnatilayotganda har qaychi klapan toʻliq oʻtkazish qobiliyatiga moʻljallangan boʻlishi kerak. Klapanlarning bekitib qoʻyish xususiyati yuqori boʻlgan muhitda ishlaganda uzib qoʻyuvchi qurilma texnologik apparatni klapanlardan biri bilan bogʻlashi kerak, ikkinchi klapan esa bu vaqtda zaxira hisoblanadi.
90. Yigʻgichlar va merniklarda quyish quvurlari va suyuqlik sathini oʻlchash qurilmalari boʻlishi kerak.
Quyish quvurlari boʻlmagan hollarda suyuqlik uzatilishini avtomatik tarzda uzib qoʻyish moslamasi va maksimal sathga etganligini bildiruvchi tegishli signalizatsiya koʻzda tutilishi lozim.
91. Apparatlardagi saqlovchi klapanlardan chiqqan zaharli bugʻ va gaz chiqindilari foydalanish uchun ishlab chiqarishga yoki yutuvchi tizim orqali atmosferaga yoʻnaltirilishi lozim.
92. Yutuvchi tizim (havo yoʻllari)dan chiqayotgan zararli bugʻlar yoki gazlar atmosferaga chiqarilishidan oldin havoning ifloslanishiga yoʻl qoʻymaydigan darajada tozalanishi shart. Chiqindi bugʻ va gazlarni havo yoʻllaridan ishlab chiqarish xonalariga chiqishi yoʻl qoʻyilmaydi.
93. Ishchi xonaga konveksion va nurli issiqlik ajralib chiqishini oldini olish uchun oʻzidan issiqlik chiqaradigan apparat va quvurlar puxta germetiklanishi va issiqlik izolatsiyasi bilan qoplanishi yoki ekranlashtirilishi lozim; ish hududidagi issiqlik izolatsiyasi yoki ekranlovchi qurilmalar yuzasining harorati doim ishchilar boʻladigan joylarda 45° S dan oshmasligi kerak.
94. Apparat va mexanizmlarning harakatlanadigan va aylanadigan qismlari ishonchli toʻsiqlar bilan himoyalangan boʻlishi kerak.
Montaj tuynuklari va xizmat koʻrsatiladigan maydonchalar atrofida balandligi kamida 1 m boʻlgan panjaralar oʻrnatilishi lozim.
95. Tomyopmalarda agressiv suyuqlikda ishlaydigan apparatlarni oʻrnatayotganda tomyopmalarning barcha tuynuklari atrofida balandligi kamida 0,15 m boʻlgan yaxlit bortlar va toʻkilgan suyuqlikni yigʻgichga chiqarish uchun moʻljallangan maxsus qurilmalar oʻrnatilishi lozim.
96. Kuchli zanglaganni keltirib chiqaradigan sharoitlarda ishlaydigan apparatlar holati ustidan korxonada oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan yoʻriqnomalarga muvofiq maxsus nazorat yoʻlga qoʻyilgan boʻlishi kerak.
97. Tez alangalanadigan, yonuvchan, zaharli suyuqlik va siqilgan gazli idishlar va apparatlarda oʻlchov shishalarini oʻrnatish ruxsat etilmaydi.
Izoh: Oʻlchov shishalarini ishlab chiqarishni ishga tushirish va rostlash davrida faqat nazorat vositasi sifatida oʻrnatish ruxsat etiladi, bunda ular uzib qoʻyuvchi armatura, shisha singanda yopiladigan avtomatik klapanlar va boshqa saqlovchi moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
§ 3. Quvurlar va armatura
98. Quvurlarning, shu jumladan yonuvchan, portlash xavfi boʻlgan va zaharli mahsulotlar uchun moʻljallangan quvurlarning, tuzilishi, joylashishi va ularni oʻtkazish usullariga qoʻyiladigan talablar Gaz quvurlarining tuzilishi qoidalari (GQTQ), QMQ 2.04.10-97, QMQ 2.04.13 va h. k. boʻyicha belgilanadi.
99. Tashilayotgan moddalarning doimiy fizik-kimyoviy xususiyatlari, shartli bosim, ishchi harorat qabul qilingan har bir quvur uchastkasi uchun 102-bandda koʻrsatilgan meʼyoriy-texnik hujjatlar boʻyicha aniqlanadigan toifa va guruh belgilanadi.
100. Texnologik quvurlarning materiali va turi har qaysi alohida holatda muhitning xususiyatlari va parametrlari (bosimi, harorati) ga, shuningdek quvur sifatiga qoʻyiladigan talablarga qarab tegishli davlat standarti boʻyicha tanlanadi.
101. Zaharli, tez qotadigan, yongʻin xavfi boʻlgan suyuqliklarni tashish uchun moʻljallangan quvurlarda bugʻ bilan isitish va suyuqlik berilishi toʻxtaganda uni rezervuarlarga oqib tushishi uchun nishablik koʻzda tutilishi kerak.
102. Asosiy texnologik quvurlarni montaj qilishda ularni suyuqlikdan toʻliq boʻshatilishi koʻzda tutilishi kerak.
103. Suyuq zaharli moddalar, kislota, ishqor va h. k. lar tashiladigan bosimli quvurlarning barcha flanetsli ulanmalarida himoya qurilmalari (kojuxlar) koʻzda tutilishi kerak.
104. Quvurlar, odatda, payvandlash yoʻli bilan ulanishi kerak. Flanetsli va rezbali ulanmalar faqat uskunaga, armaturaga, nazorat-oʻlchov asboblariga ulanish joylarida va payvandlash noqulay boʻlgan joylarda montaj ulanmalarini bajarish uchun ruxsat etiladi
105. Portlash xavfi boʻlgan va yonuvchan mahsulotlar tashiladigan quvurlarni koʻmilmaydigan kanallarda; ochiq va yarim kovlangan tunnellarda; portlash xavfi boʻlgan gazlar va gaz-havo aralashmalari toʻplanishi ehtimoli boʻlgan podval xonalarida; gaz isteʼmoli bilan bogʻliq boʻlmagan sexlar va inshootlar orqali; maishiy, maʼmuriy va yordamchi xonalar orqali; omborxonalar joylashgan hudud boʻylab, shuningdek elektr kommunikatsiyalari, aloqa liniyalari va h. lar birgalikda binolarning ustidan va ostidan oʻtkazish taqiqlanadi.
Quvurlarni oʻtkazishda ularni koʻzdan kechirish va taʼmirlash qulayligi koʻzda tutilishi lozim.
106. Agressiv muhitlar taʼsiri ostida boʻladigan quvurlar va armatura zanglagandan himoyalangan boʻlishi kerak. Himoyalash imkoni boʻlmagan, shuningdek tashilayotgan muhitning tuz qatlamlari va chiqindilari bilan tez ifloslanadigan quvurlar, agar ularning ishdan chiqishi avariya holatiga olib kelsa, ikkinchi quvur bilan taʼminlanishi kerak.
107. Tashish chogʻida statik elektr toki zaryadlari hosil boʻlishi va xavfli miqdorda toʻplanishi mumkin boʻlgan moddalar uchun moʻljallangan quvurlar izolatsiyasining metall kojuxlari yerga ulanishi kerak.
108. Yonuvchan gaz quvurlari bino ichida devor yoki kolonnalar boʻylab alohida kronshteynlarda oʻtkazilishi kerak. Devordan quvurning tashqi yuzasigacha masofa oddiy quvurlar kamida 60 mm, kislota va ishqorlar uchun moʻljallangan quvurlar uchun esa kamida 120 mm boʻlishi kerak.
109. Texnologik korpusga yongʻin-portlash xavfi boʻlgan moddalar tashiladigan quvurlarning kirish joylarida, binoning tashqi devoridan yoki tashqaridagi eng yaqin joylashgan apparatdan kamida 3 m va koʻpi bilan 50 m masofada, qulflash qurilmalari (surma klapanlar, ventillar) oʻrnatilishi kerak.
Uzoqdan turib boshqariladigan qulflash qurilmalari (elektrik, gidravlik, pnevmatik) oʻrnatilganda ularning boshqaruvi markaziy punktda joylashtirilishi va ishlab chiqarish xonasining qulay va xavfsiz joyida surma klapanlarning ikkinchi boshqaruvi koʻzda tutilishi kerak.
110. Yongʻin-portlash xavfi boʻlgan va zaharli moddalar tashiladigan quvurlarda choʻyan armaturani quyidagilarni hisobga olgan holda oʻrnatish ruxsat etiladi:
a) kul rang choʻyan — havo harorati — 10 dan +100 °S gacha oraliqda muhitning bosimi 6 kgf/cm2 dan ortiq boʻlmaganda, bunda shartli bosim armatura uchun 10 kgf/cm2 dan past boʻlmasligi kerak;
b) bolgʻalanuvchan choʻyan — havo harorati — 30 dan +150 °S gacha oraliqda muhitning bosimi 16 kgf/cm2 dan ortiq boʻlmaganda. Bunda muhitning 10 kgf/cm2 gacha boʻlgan ishchi bosimlari uchun kamida 16 kgf/cm2 shartli bosimga moʻljallangan armatura, muhitning 16 kgf/cm2 gacha boʻlgan ishchi bosimlari uchun esa kamida 25 kgf/cm2 shartli bosimga moʻljallangan armatura ishlatilishi kerak.
111. Tebranish taʼsir koʻrsatadigan quvurlarda, tebranishlar amplitudasi va tezligidan qatʼiy nazar, choʻyan armatura oʻrnatish ruxsat etilmaydi.
112. Vodorod va ammiak tashiladigan barcha quvurlarning sexga kirish joylarida saqlovchi membranalar bilan jihozlangan olovni toʻsuvchi qurilmalar oʻrnatilishi kerak.
113. Quvur armaturasi xizmat koʻrsatish uchun qulay joyda turgan holda xona polidan, maxsus maydonchalardan yoki koʻchma narvonlar yordamida vaqti-vaqti bilan koʻzdan kechirilishi lozim. Vertikal gaz quvurlarida surma klapanlar poldan koʻpi bilan 1,6 m balandlikda oʻrnatilishi kerak.
114. Omborxonalardagi quvur kommunikatsiyalari mahsulotlarni bir idishdan ikkinchisiga va avariya idishiga quyish imkoniyatini taʼminlagan holda oʻrnatilishi kerak.
115. Foydalanish va taʼmirlash paytida havo bilan tozalanadigan quvurlarda bugʻ va azotni ulash uchun tegishli shtutserlar va qulflash moslamalariga ega havo purkash svechalari, shuningdek ularni havoga chiqarish moslamalari koʻzda tutilgan boʻlishi kerak.
116. Barcha drenaj qurilmalari (drenaj quvurlari va gidravlik zatvorlar) qish paytida muzlab qolishdan himoyalanishi lozim. Bunday holat yuz berishi mumkin boʻlgan uchastkalarda drenaj qurilmalarini sovuqdan himoyalash va isitish koʻzda tutilishi lozim.
117. Yonuvchan gazlar, tez alangalanadigan va yonuvchan suyuqliklar, shuningdek zaharli moddalarni tashish uchun shisha va boshqa moʻrt materiallardan, shuningdek yonadigan va qiyin yonadigan (ftoroplast, polietilen, viniplast va h. k.) materiallardan tayyorlangan quvurlardan foydalanish ruxsat etilmaydi. Yuqorida koʻrsatilgan materiallardan tayyorlangan bronlangan quvurlardan, shuningdek bunday materiallar bilan futerovkalangan metall quvurlardan foydalanish ruxsat etiladi. Texnologik estakadalarda portlash-yongʻin xavfi boʻlgan muhitlar tashiladigan quvurlarni yonadigan va qiyin yonadigan materiallardan tayyorlangan quvurlar bilan birga oʻtkazish ruxsat etilmaydi.
118. Portlash-yongʻin xavfi boʻlgan texnologik tizimlarda, odatda, yonuvchan siqilgan gaz, bugʻ-gaz holatidagi moddalar, tez alangalanadigan va yonuvchan suyuqliklarni tashish uchun statsionar quvur sifatida elastik shlanglardan foydalanish taqiqlanadi. Texnologik zaruriyat tufayli talab etiladigan (tebranishini oldini olish uchun va h. k.) holatlar bundan istisno. Bunday holatlarda maxsus elastik metall shlanglar ishlatilishi kerak.
Tez alangalanadigan va yonuvchan suyuqliklarni temir yoʻl sisternalariga va boshqa nostatsionar uskunalarga quyish va ulardan toʻkib olish operatsiyalarini bajarish, shuningdek yordamchi operatsiyalar (quvur uchastkalarini, nasoslarni havo bilan tozalash, havo bilan tozalashda ishlatilgan bugʻ va gazlarni chetga chiqarish, quvurlarni yonuvchan mahsulotlardan boʻshatish va h.) ni bajarish uchun elastik shlanglardan foydalanish ruxsat etiladi. Yordamchi operatsiyalarni bajarish uchun elastik shlanglarni ulash faqat bunday ishlar bajariladigan davrda ruxsat etiladi. Shlanglar quvurlar bilan standart ajratgichlar yordamida ulanadi.
Shlanglar tashiladigan mahsulotning xususiyatlari va bajariladigan jarayon parametrlarini hisobga olgan holda tanlanadi, shlanglarning xizmat muddati amaldagi texnik shartlar boʻyicha belgilanadi.
119. Barcha quvurlar foydalanishga tushirishdan oldin va foydalanish jarayonida tashqi koʻrikdan hamda mustahkamlik va zichlik boʻyicha sinovdan oʻtkazilishi lozim.
Sinov bosimi kattaligi qabul qilingan meʼyorlarga muvofiq har qaysi quvur uchun individual tarzda belgilanadi.
120. Sexlarning ichida va orasida yotqizilgan quvurlar ularning tashqi tomonini boʻyash orqali zanglagandan himoyalanishi kerak. Turli gaz va suyuqlik quvurlarining boʻyogʻi belgilangan rangga muvofiq boʻlishi kerak.
121. Uskunani himoya boʻyogʻi bilan boʻyash va izolatsiyalash u texnik koʻrik va sinovdan oʻtkazilgandan keyingina amalga oshirilishi kerak.
122. Quvurlar mavjud boʻlgan ishlab chiqarish xonalarida, koʻrinadigan joylarda quvurlarning shartli ranglar bilan chizilgan sxemasi, shuningdek quvurlarga xizmat koʻrsatish yoʻriqnomalari osib qoʻyilishi kerak.
Yopish ventillari va surma klapanlarda maxovikchaning aylanish yoʻnalishi va muhitning harakat yoʻnalishini koʻrsatuvchi aniq koʻrinib turadigan koʻrsatkichlar qoʻyilishi kerak.
V bob. Isitish va ventilatsiya
123. Xonalarning isitish va ventilatsiya tizimlari uskunalarini tanlash va hisoblashga, ularning konstruktiv tuzilishi va joylashishiga, xavfsizlikni taʼminlashga qoʻyiladigan talablar QMQ 2.04.05 “Isitish, ventilatsiya va konditsiyalash” boʻyicha belgilanadi.
124. Ventilatsiyani oʻrnatish bilan bir vaqtda ish hududi havosiga chang ajralishi va zararli moddalar chiqishini kamayishiga yordam beruvchi tadbirlar amalga oshirilishi kerak.
125. A va B toifali ishlab chiqarish xonalarida uzluksiz ishlaydigan mexanik, havo yuborish-tortish, tabiiy va aralash ventilatsiya koʻzda tutilishi lozim.
126. Ventilatsiyaning havo yuborish tizimlari uchun havo ishlab chiqarishning barcha ish tartiblarida ventilatsiya tizimiga portlash xavfi boʻlgan bugʻ va gazlarning tushishiga yoʻl qoʻymaydigan joylardan olinishi koʻzda tutilishi kerak.
127. Mahalliy soʻrgichlarning portlash-yongʻin xavfi boʻlgan chang va gazlarni chiqarib yuboradigan ventilatsiya tizimlari, odatda, ular bilan konstruktiv bogʻliq texnologik uskunalarni ventilatsiya agregatlarini qoʻshmasdan ishga tushishi va ishlashiga yoʻl qoʻymaydigan blokirovkalar bilan jihozlanishi lozim.
128. A, B va V toifali xonalar uchun yongʻin sodir boʻlganda bino tomining gumbaz qilib ishlangan qismi darvozaga (tambur-shlyuzga) havo yuborish uchun moʻljallangan tizimlardan tashqari barcha ventilatsiya tizimlarini uzoqdan turib oʻchirish uchun moʻljallangan markaziy qurilma koʻzda tutilishi lozim.
129. Turli toifali ishlab chiqarishlar joylashgan xonalarning ventilatsiyasi alohida ventilatsiya tizimlari yordamida barpo etilishi kerak. A va B toifali xonalarga xizmat koʻrsatadigan havo yuborish ventilatsiya tizimi agregatlari ventilatsiya kameralarida joylashgan boʻlishi kerak. Ventilatsiya kameralarining toʻsiq konstruksiyalari va eshiklar yonmaydigan materialdan tayyorlanib olovga chidamlilik chegarasi 0,6 soat boʻlishi kerak. Isitish-ventilatsiya agregatlarini havoni tashqaridan olgan holda devor toʻsiq konstruksiyalarida oʻrnatish ruxsat etiladi.
130. A va B toifali xonalarga xizmat koʻrsatadigan havo yuborish ventilatsiya kameralarining chiqish tuynuklari bevosita tashqarida, zina xonalarida yoki zina xonalariga olib boradigan koridorda koʻzda tutilishi kerak.
A va B toifali xonalarga xizmat koʻrsatadigan havo yuborish ventilatsiya kameralarining chiqish tuynuklarini V, G, D toifali xonalarga, agar bunday xonalarda zararli moddalar boʻlmasa, chiqarish ruxsat etiladi. Portlash xavfi boʻlgan xonalarga xizmat koʻrsatadigan havoni tortish kameralarining chiqish tuynuklari bevosita tashqarida yoki tambur-shlyuz orqali zina xonasi va koridorda koʻzda tutilishi kerak.
131. A va B toifali xonalarning havoni tortish ventilatsiya tizimlaridagi uskunalar, havo yoʻllari, ochib-yopuvchi va tartibga soluvchi klapanlar, toʻsiqlar va surma klapanlar hamda havo yuborish tizimlaridagi teskari klapanlar uchqun hosil boʻlishiga yoʻl qoʻymaydigan materiallardan va konstruksiyalarda tayyorlangan boʻlishi kerak.
132. Havo yoʻllarini pol osti kanallardan oʻtkazish, agar ularni ochiq holda oʻtkazish imkoni boʻlmasa, faqat texnologik elektr dvigatellarni havo bilan tozalash tizimlari uchun ruxsat etiladi. Bunday holatlarda havo yoʻli payvandlash yoʻli bilan, germetiklangan holda, koʻmilgan kanalda oʻtkazilishi; havo yuborish kamerasi chegarasida havo yoʻlida oʻzi yopiladigan avtomatik teskari klapan oʻrnatilishi lozim.
133. Aspiratsiya tizimlarining havo yoʻllari, havoning chang oʻtirib qolishiga yoʻl qoʻymaydigan hisobiy tezligini taʼminlagan holda, vertikal yoki qiya holatda joylashtirilishi, va ularni tozalash uchun moʻljallangan lyuklar yoki boshqa qurilmalar bilan jihozlanishi kerak.
134. Portlash xavfi boʻlgan, shuningdek xavflilik boʻyicha birinchi va ikkinchi sinf zararli moddalar ajralib chiqadigan sexlardagi avariyaga qarshi tizimlar hamda transformator podstansiyalari va taqsimlash punktlarida havoni taʼminlovchi, elektr taʼminotining ishonchlilik toifasi birinchidan past boʻlishi mumkin boʻlmagan havo yuborish tizimlaridan tashqari, ventilatsiya tizimlarining elektr priyomniklari ishonchlilik toifasi boʻyicha, odatda, shu sexning asosiy texnologik uskunalari uchun qabul qilingan elektr taʼminoti toifasiga kiritilishi lozim.
135. Bir-biri bilan blokirovka qilingan ishchi va zaxira ventilyatorlarning elektr dvigatellari transformator podstansiyasi yoki taqsimlash punktidagi boshqaruv stansiyasi shitining turli seksiyalaridan tok bilan taʼminlanishi koʻzda tutilishi lozim.
136. Oʻzi ishga tushadigan elektr dvigatellariga xizmat koʻrsatadigan ventilatsiya tizimlari uchun qisqa muddatli elektr energiyasi uzilishidan keyin ventilyatorning elektr dvigatellari oʻzi ishga tushib ketishi koʻzda tutilishi lozim.
137. Ventilatsiya tizimlarida havo yoʻllari orqali bir xonadan ikkinchisiga portlash-yongʻin xavfi boʻlgan muhitlarning oʻtishiga yoʻl qoʻymaydigan chora-tadbirlar (olovni tutib qoluvchi qurilmalar, teskari klapanlar va h. k.) koʻzda tutilishi kerak.
138. Ventilatsiya tizimlarining havo yoʻllari, ularning oʻzaro va ventilyatorlar bilan ulanadigan joylari germetiklangan boʻlishi va havo yuborish ventilatsiya tizimiga tarkibida portlash xavfi boʻlgan chang, bugʻ va gazlar boʻlgan havoning tushishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
139. Ventilatsiya (havo yuborish va havoni tortish) tizimlarining metall havo yoʻllari va uskunalari “Kimyo, neft-kimyo va neftni qayta sanoati ishlash ishlab chiqarishlarida statik elektr tokidan himoyalanish qoidalari” va Elektr qurilmalarining tuzilishi qoidalari talablariga muvofiq yerga ulanishi lozim.
140. Ventilyatorlar “Portlashdan himoyalangan ventilyatorlarning tuzilishi, ularni montaj qilish va foydalanish xavfsizligi qoidalari” (PHVTMFQ) talablariga javob berishi kerak.
141. Isitish (suv, bugʻ bilan) tizimining tuzilishi, ishlatiladigan elementlar va armatura, elektr xonalari hamda NOʻA va A xonalari ustidan oʻtkazilgan tizimning joylashishi ularning barcha foydalanish va xizmat koʻrsatish rejimlarida bu xonalarga namlik tushishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
142. Yongʻin xavfi darajasi boʻyicha A va B toifalarga kiritilgan sexlarda faqat past bosimli havo yoki suv bilan isitish ruxsat etiladi. Bunda suvning harorati 95° S dan oshmasligi, qizdirish asboblarining sirti silliq boʻlishi kerak. Bunday maqsadlar uchun qobirgʻali quvurlar oʻrnatish taqiqlanadi.
143. G va D toifalarga kiritilgan sexlarda, shuningdek barcha yordamchi xonalarda barcha markaziy isitish tizimi turlari ruxsat etiladi.
144. Issiqlikni tashuvchi muhitning harorati 100° S dan yuqori boʻlganda qizdirish asboblari, kaloriferlar va issiqlik quvurlari binoning yonadigan elementlaridan kamida 100 mm masofadan oʻtkazilishi kerak.
145. Isitish qurilmalari doim soz va foydalanish uchun yaroqli holda boʻlishi, muntazam koʻzdan kechirib turilishi va tozalanishi, shikastlanganda zudlik bilan taʼmirlanishi kerak.
146. Havo yoʻllari va uskuna (ventilyator)larining ichki yuzasida qattiq yoki suyuq mahsulotlar (choʻkindi, kondensatsiya) oʻtirib qolishi ehtimoli boʻlgan havoni tortish ventilatsiya tizimlari uchun zarur hollarda statsionar oʻt oʻchirish tizimlar koʻzda tutilishi lozim. Tizimlar korxonaning ventilatsiya uskunalaridan foydalanish boʻyicha zavod tomonidan ishlab chiqilgan yoʻriqnomalar boʻyicha bunday mahsulotlardan muntazam tozalab turilishi koʻzda tutilishi kerak.
147. Ish jarayonida chang ajratadigan mahsulotlar bilan ishlanganda ularni tashish va toʻkish joylarida aspiratsiya koʻzda tutilishi lozim.
VI bob. Vodoprovod va kanalizatsiya
148. Tashqi vodoprovod va kanalizatsiya tarmoqlari va inshootlarining sxemalarini tanlash va hisoblashga qoʻyiladigan talablar QMQ 2.04.01 “Binolarning ichki vodoprovodi va kanalizatsiyasi”, QMQ 2.04.02 “Suv taʼminoti. Tashqi tarmoqlar va inshootlar” va QMQ 2.04.03 “Kanalizatsiya. Tashqi tarmoqlar va inshootlar”, GOST 12.3.006-75 “Vodoprovod va kanalizatsiya inshootlari va tarmoqlari” boʻyicha belgilanadi.
Xoʻjalik-ichimlik ehtiyojlari uchun berilayotgan suvning sifati O'zDSt 950 “Ichimlik suvi” talablariga javob berishi kerak.
149. Texnologik obyektlarning suv taʼminoti har qaysi konkret holatda texnologik jarayonning oʻziga xos jihatlari hamda avariyalarning sodir boʻlishi va portlash-yongʻin xavfi boʻlgan va zaharli mahsulotlarni atrof-muhitga chiqishiga yoʻl qoʻymaslikni hisobga olgan holda koʻzda tutilishi lozim.
150. Xavfli kimyo-texnologik obyektlarning suv taʼminoti yopiq suv aylanish tizimidan foydalangan holda koʻzda tutilishi lozim. Issiqlikni tushirish boʻyicha kuchaytirilgan talablar qoʻyiladigan texnologik obyektlar (ekzotermik jarayonlar kechadigan apparatlar va h.) uchun aylanma suv taʼminoti issiqlik almashinuvi samaradorligining pasayishiga va issiqlik almashinuv apparatlarining tiqilib qolishiga yoʻl qoʻymaydigan suvni tayyorlash tizimlaridan foydalangan holda koʻzda tutilishi lozim. Bunday obyektlar uchun suv aylanish sikllarining elektr taʼminoti I ishonchlilik toifasi boʻyicha taʼminlanishi kerak.
151. Ishlab chiqarish xonalarining tashqi oʻt oʻchirish tizimi uchun suv sarfi ularning olovga chidamlilik darajasi, ishlab chiqarishning yongʻin xavfsizligi boʻyicha toifasi va binoning hajmiga qarab QMQ 2.04.02 ning 7 va 8-jadvallari boʻyicha aniqlanadi.
Boshqa ehtiyojlar uchun eng koʻp suv sarflanganda ham oʻt oʻchirish uchun hisobiy suv sarfi taʼminlanishi kerak.
152. Ichki sovuq va issiq suv taʼminoti tizimlari, kanalizatsiya va suv yoʻllariga qoʻyiladigan talablar QMQ 2.04.01 boʻyicha belgilanadi.
153. xoʻjalik-ichimlik yoki ishlab chiqarish maqsadlari uchun moʻljallangan vodoprovod tizimlariga ega bino (inshoot) larda yongʻinga qarshi vodoprovod tizimi, odatda, ulardan biriga ulanishi lozim.
154. Maʼmuriy-maishiy binolarda yongʻinga qarshi ichki vodoprovod tizimini qurish zaruriyati, shuningdek oʻt oʻchirish uchun minimal suv sarflari binolarning olovga chidamlilik darajasi, ularning yongʻin xavfsizligi boʻyicha toifalari va hajmlariga qarab QMQ 2.04.01 ning 2-jadvali boʻyicha aniqlanadi.
155. Suvdan foydalanish portlash, yongʻin, olovning tarqalishiga olib kelishi mumkin boʻlgan ishlab chiqarish binolarida yongʻinga qarshi ichki vodoprovod koʻzda tutilmasligi lozim. Olovga chidamlilik boʻyicha 1 va 2 darajali G va D toifadagi ishlab chiqarish binolarida, shuningdek xoʻjalik-ichimlik yoki ishlab chiqarish maqsadlari uchun moʻljallangan vodoprovod bilan jihozlanmagan, yongʻinni idishlar (suv havzalari)dan olinadigan suv yordamida oʻchirish koʻzda tutilgan ishlab chiqarish va yordamchi binolarda ham ular koʻzda tutilmasligi lozim.
156. Organik ishlab chiqarishlarda quyidagi kanalizatsiya tizimlari boʻlishi kerak:
ishlab chiqarish kanalizatsiyasi — ifloslangan suvlar uchun;
fekal kanalizatsiya — maishiy oqimlar uchun;
yogʻin-sochin kanalizatsiyasi — yogʻin-sochin suvlari uchun.
157. Sanoat maydonchalaridagi barcha oqova suv kanalizatsiya tizimlari yopiq holda oʻtkazilishi kerak. Ochiq qurilmalarda jala (yomgʻir) va oqova suvlarni chetga chiqarish uchun novlar qurilishi ruxsat etiladi.
158. Ifloslangan oqova suvlar ulardan qimmatli mahsulotlarni ajratib olish, regeneratsiyalash va utilizatsiya qilish, kislota va ishqorlarni neytrallash, ushbu suvlarni biologik va boshqa tozalash inshootlariga chiqarish uchun yoʻl qoʻyiladigan konsentratsiyasiga etgunga qadar yongʻin va portlash xavfi boʻlgan va boshqa moddalarni ajratib olish uchun lokal qurilmalarda dastlabki tozalashdan oʻtkazilishi kerak.
159. Kanalizatsiya tarmoqlarida yongʻin va portlash xavfi boʻlgan aralashmalar hosil boʻlishini oldini olish maqsadida tarkibida suvda eruvchanlik darajasi yuqori organik mahsulotlar boʻlgan texnologik oqova suvlar estakadalarda oʻrnatilgan quvurlar orqali oʻtkazilishi lozim.
160. Kanalizatsiya tarmoqlariga zaharli, portlash va yongʻin xavfi boʻlgan mahsulotlarni, shu jumladan avariya vaziyatlarida ham, chiqarish taqiqlanadi. Bunday mahsulotlar utilizatsiya qilish yoki zararsizlantirish uchun maxsus texnologik idishlarga joʻnatilishi kerak.
161. Ishlab chiqarish oqova suvlarini kimyoviy ifloslangan oqimlarning oʻzioqar kanalizatsiya tarmogʻiga chiqarishda quyidagi shartlar bajarilishi kerak:
a) apparatlardan kanalizatsiyaga suyuqlik chiqariladigan joylardagi quvurda gidravlik zatvorlar va apparatlar taʼmirlash uchun toʻxtatilganda tiqinlar oʻrnatish uchun ajratma flanetslar boʻlishi kerak;
b) apparatlardan ishlab chiqarish oqova suvlarini chiqarish uchun moʻljallangan barcha quvurlar tashqi kanalizatsiya tarmogʻiga chiqariladigan suv oqimlaridan namuna olish uchun kranlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
162. Maishiy oqova suvlar kanalizatsiyasining boshqa kanalizatsiya tizimlari bilan aloqasi boʻlmasligi kerak.
Maishiy oqova suvlarni kimyoviy ifloslangan oqova suvlar tarmogʻiga haydashga nasos stansiyasida portlash xavfi boʻlgan gazlarning tarqalishiga yoʻl qoʻymaydigan chora-tadbirlar qabul qilingandagina ruxsat etiladi.
163. Suvga portlash-yongʻin xavfi boʻlgan va zaharli bugʻ va gazlar tushishi mumkin boʻlgan texnologik obyektlarning aylanma suv taʼminoti tizimlari uchun texnologik apparatlarning suv chiqadigan joyida suvning tarkibi nazorati va signalizatsiya, shuningdek bunday suv aylanish tizimlaridan foydalanishda xavfsizlik chora-tadbirlari koʻzda tutilgan boʻlishi kerak.
164. Apparat va quvurlarni yuvish, suv toshishi natijasida hosil boʻlgan kimyoviy ifloslangan suv oqimlari drenaj yigʻgichlarda yigʻilishi kerak. Kimyoviy ifloslangan suvlar drenaj yigʻgichlardan biologik tozalash inshootlariga yuborilishidan oldin suvlarni tozalash (zararsizlantirish) qurilmasiga qaytarilishi kerak. Apparatlar va texnologik quvurlar yuvishdan oldin ishlab chiqarish mahsulotlaridan toʻliq tozalanishi kerak.
165. Barcha vodoprovod va kanalizatsiya tizimlari uchun tarmoqlar va inshootlarning toʻliq tavsiflarini oʻz ichiga olgan ijro sxemalar boʻlishi kerak.
VII bob. Ishlab chiqarishni nazorat qilish va avtomatlashtirish
166. Texnologik jarayonlarni nazorat qilish, avtomatik va uzoqdan turib boshqarish tizimlari (boshqaruv tizimlari), avariyaga qarshi avtomatik himoya tizimlari (AQAH tizimlari), shuningdek aloqa va avariya vaziyatlari toʻgʻrisida xabar berish tizimlari (aloqa va xabar berish tizimlari) “Portlash-yongʻin xavfi boʻlgan kimyo, neft-kimyo va neftni qayta ishlash sanoati ishlab chiqarishlari uchun portlash xavfsizligi umumiy Qoidalari”, amaldagi meʼyoriy-texnik hujjatlar, loyihalar, reglamentlar talablariga javob berishi va texnologik parametrlarning belgilangan aniqligini, organik ishlar chiqarishlardagi texnologik jarayonlarning ishonchliligi va xavfsizligini taʼminlashi kerak.
167. Nazorat, boshqaruv va AQAH, shuningdek aloqa va xabar berish tizimlari ishonchlilik, ishlash tezligi, oʻlchov tizimlarining yoʻl qoʻyiladigan joizligi va boshqa texnik tavsiflar boʻyicha texnologik jarayonning oʻziga xos jihatlarini hisobga olgan holda va texnologik obyektning portlash xavfi boʻyicha toifasiga qarab tanlanadi.
168. Loyihalash va foydalanishda texnologik jarayon reglamentida belgilangan parametrlarni, ular buzilganda esa — signalizatsiya va oʻzaro bogʻlangan asosiy texnologik va energetik potoklarni avtomatik blokirovka qilish tizimini taʼminlovchi apparatlarda parametrlarni avtomatik tartibga solish tizimlari koʻzda tutilishi kerak.
169. Optimal texnologik tartibni yanada aniqroq taʼminlanishi, ishlab chiqarishni boshqarishni soddalashtirish, xizmat koʻrsatuvchi xodimlar sonini kamaytirish, shuningdek mehnat sharoitlarini yaxshilash va sogʻlomlashtirish uchun organik ishlab chiqarishlarning barcha texnologik jarayonlari boshqaruvi izolatsiyalangan markaziy boshqaruv punktlaridan amalga oshirilishi kerak.
170. Agregatlarni uzoqdan turib ishga tushirish, ularni qisqa muddatga toʻxtatilgandan soʻng ishga tushirish, agregatlarni avariyaviy toʻxtatish, uzoqdan turib boshqarish tizimidan avtomatik boshqaruvga va avtomatik boshqaruvdan uzoqdan turib boshqarish tizimiga oʻtish, shuningdek jarayonlarning borishi ustidan nazorat markaziy boshqaruv pultlaridan amalga oshirilishi kerak.
Agregatlarni ishga tushirish va toʻxtatish bilan bogʻliq baʼzi operatsiyalar (havo bilan tozalash, tiqinlar oʻrnatish, uzib qoʻyuvchi qulf armaturani ochish va yopish, nasoslar va boshqa mashinalarni ishga tushirish) uskuna joylashgan joyda bajarilishi kerak.
171. Yongʻin-portlash xavfi boʻlgan sexlarning markaziy boshqaruv punktlari izolatsiyalangan xonalarda joylashtirilishi kerak. Xavfsizlik maqsadlarida nazorat-oʻlchov asboblari xonalaridan chiqish joylari bevosita tashqarida boʻlishi kerak.
172. Ishlab chiqarish markaziy boshqaruv punkti va ishlab chiqarish boʻlinmalari oʻrtasida aloqani taʼminlovchi dispetcherlik telefon aloqa tizimi bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Tashqi qurilmalar uchun telefon aloqasidan tashqari ovoz kuchaytirgich aloqa vositasi ham koʻzda tutilishi lozim.
173. Ishlab chiqarish va omborxonalardan izolatsiyalangan barcha nazorat-oʻlchov xonalari xavfsiz xonalar toifasiga kiradi. Shuning uchun, nazorat-oʻlchov xonalarida nazorat va avtomatlashtirish asboblari va apparatlari (har qanday tuzilishdagi)dan tashqari, elektr uskunalari (elektr taʼminoti shitlari, transformatorlar va h. k.)ni joylashtirish ruxsat etiladi.
174. Manometr, difmanometrlar uchun impuls naychalari hamda ichidan sim oʻtgan himoya quvurlarining nazorat-oʻlchov xonalariga kirish va chiqish joylarini tashqi devorlar orqali yoki tambur va koridor devori orqali oʻtkazish ruxsat etiladi. Bunday naychalar nazorat-oʻlchov xonalariga yongʻin-portlash xavfi boʻlgan qoʻshni ishlab chiqarish xonalaridan kiritilganda yonmaydigan devorlarda ishlab chiqarish va nazorat-oʻlchov xonalari tomonidan impuls va himoya quvurlariga germetik holda ulash uchun quvur boʻlagi (payvandlangan muftalarda) payvandlab ulangan metall plitalar oʻrnatilishi kerak.
175. Yonuvchan gazlar, bugʻlar va suyuqliklarning holatini oʻlchaydigan hamda ortiqcha bosim ostidagi texnologik apparatlar va quvurlarni nazorat-oʻlchov asboblari xonasidagi asbob va apparatlar bilan bogʻlaydigan impuls liniyalarini nazorat-oʻlchov asboblari xonasiga kiritish ruxsat etilmaydi.
176. Yongʻin-portlash xavfi boʻlgan xonalardan himoya quvurlari orqali oʻtkazilgan elektr simlarining nazorat-oʻlchov asboblari xonasiga kirish joyida gaz oʻtmasligini toʻliq taʼminlash uchun germetiklovchi massa quyilgan ajratuvchi muftalar (elektr fitinglar) oʻrnatilishi kerak. Elektr asboblari va apparatlari uchun simlar elektr texnik qoidalar va meʼyorlarga muvofiq oʻtkazilishi kerak.
177. Markaziy boshqaruv punktlarida sarf va bosim datchiklari, gaz analizatorlari va zichlik oʻlchagichlarni oʻrnatish ruxsat etilmaydi. Bunday asboblar oʻlchash joylarida yoki izolatsiyalangan maxsus xonalarda joylashtirilishi kerak.
178. Koʻrsatkichlarning aniqligini taʼminlash uchun nazorat-oʻlchov asboblari oʻrnatilgan shitlarni ortiqcha tebranish hosil qiladigan mashinalar (markazdan qochirma qurilmalari, kompressorlar, ventilatsiya qurilmalari va h. k.) bilan bitta poydevorda oʻrnatish ruxsat etilmaydi. Barcha holatlarda shitlar qimirlamaydigan asoslarda oʻrnatilishi va mahkamlanishi kerak. Asosda tebranish boʻlgan hollarda shitlar tebranishni soʻndiruvchi qurilmalar bilan jihozlanishi kerak.
179. Tarkibida yongʻin-portlash xavfi boʻlgan blokli obyektlar boʻlgan organik ishlab chiqarishlarning texnologik jarayonlari elektron nazorat vositalari va avtomatika, shu jumladan hisoblash texnik vositalari asosida avtomatik va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari bilan jihozlanadi.
180. Yongʻin-portlash xavfi boʻlgan xonalarda xonaning muhitiga toʻgʻri kelmaydigan normal yoki portlashdan himoyalangan tarzda ishlab chiqarilgan telefon apparatlari va nazorat-oʻlchov asboblarini muntazam ishlaydigan va havo tarkibida kamida 25 mm N2O ni taʼminlaydigan maxsus havo yuborish ventilatsiyasi yordamida havo purkab turiladigan germetik kojuxlarda yoki shitlarda oʻrnatish ruxsat etiladi.
181. Boshqaruv markaziy punktdan amalga oshiriladigan sharoitlarda avtomatik boshqaruvdan qoʻl boshqaruviga ikkilamchi qayd qilish va koʻrsatish asboblari yaqinida oʻrnatiladigan dastaklar yordamida ohista oʻtilishi (avtomatik tizimda nosozliklar sodir boʻlganda) koʻzda tutilishi lozim.
182. Barcha nazorat-oʻlchov va tartibga solish asboblarining shkalasida ularning belgilangan vazifasi toʻgʻrisida yozuvlar boʻlishi kerak. Nazorat-oʻlchov asboblarining shkalalarida, agar bu texnologik tartib boʻyicha talab etilsa, oʻlchanayotgan kattaliklarning chegaraviy yoʻl qoʻyiladigan qiymatlari qizil chiziq bilan belgilangan boʻlishi kerak.
Barcha asboblarda ularning davlat tekshiruvidan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi plomblar boʻlishi kerak.
183. Nazorat-oʻlchov asboblari, majburiy davlat tekshiruvlaridan tashqari, korxonaning bosh muhandisi tomonidan tasdiqlangan maxsus reja-grafikda belgilangan muddatlarda zavodda davriy tekshiruvdan oʻtkazilishi lozim.
184. Elektr texnik qurilmalarning tuzilishi qoidalariga muvofiq asboblar va shitlarning elektr toki oʻtishi mumkin boʻlgan metall qismlari yerga ishonchli ulangan boʻlishi kerak.
185. Nazorat-oʻlchov asboblari va avtomatik moslamalarni tekshirish, rostlash va taʼmirlash nazorat-oʻlchov asboblari sexi xodimlari tomonidan “Oʻlchovlar va oʻlchov asboblarini nazorat qilish toʻgʻrisida nizom”ga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
186. Oʻlchanadigan muhit impuls havo bilan kontaktda boʻladigan pyezometrik oʻlchov usulida oʻlchanadigan muhit havo bilan qoʻshilib portlovchi aralashma hosil qilishi mumkin boʻlgan barcha holatlarda siqilgan havo siqilgan azot bilan almashtirilishi kerak.
187. Portlash-yongʻin xavfi boʻlgan va zararli moddalar hosil boʻlishi mumkin boʻlgan sexlar yetarli miqdorda texnologik jarayonning normal kechishini taʼminlaydigan nazorat-oʻlchov asboblari, signalizatsiya va blokirovkalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Chetga chiqilganda texnologik tartibning buzilishi va yongʻinlar, portlash, zaharlanish va h. k. larga olib kelishi mumkin boʻlgan barcha parametrlar doimiy nazorat qilinishi va avtomatik tarzda tartibga solinishi kerak.
188. Quyidagilar majburiy nazorat qilinishi va avtomatik tarzda tartibga solinishi kerak:
a) yuqori haroratlarda ishlaydigan apparatlarda kechadigan jarayonlar harorati;
b) ortiqcha bosimda ishlaydigan apparatlardagi bosim;
v) bosim ostida ishlaydigan va quyilish naylari boʻlmagan apparatlardagi suyuqliklarning sathi;
g) ishlab chiqarish xonalari havosidagi yongʻin-portlash xavfi boʻlgan moddalarning miqdori.
189. Avariyasiz ishlashni taʼminlash uchun markaziy boshqaruv shitida asosiy nazorat-oʻlchov asboblari va avtomatik rostlagichlardan tashqari elektr surma klapanlar va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni normal texnologik jarayondan chetga chiqilganligi (suv, bugʻ, havo, vodorod, azot bosimining tushishi, qabul qiluvchi merniklardagi mahsulotlar sathining pasayishi, ekzotermik reaksiyalar haroratining oshishi, asosiy mashinalar va nasoslarning bexosdan toʻxtab qolishi va h. k.) toʻgʻrisida xabar beradigan signal armaturani boshqarish tugmachalari oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
190. Tez bekitish talab etiladigan liniyalarda (uzoqda yoki noqulay va borish qiyin joylarda joylashgan) markaziy boshqaruv punkti va ishlab chiqarish xonalaridan turib uzoqdan boshqarish imkoniyatini taʼminlaydigan elektr simli surma klapanlar oʻrnatilishi lozim.
191. Asboblar va avtomatizatsiya vositalarini elektr toki bilan taʼminlaydigan taqsimlash shiti ikkita mustaqil elektr manbaiga ulanishi va zaxira liniyaga avtomatik tarzda ulash qurilmasi bilan jihozlanishi kerak.
192. Asboblar va rostlovchi qurilmalar xizmat koʻrsatish uchun qulay va borish mumkin boʻlgan joylarda joylashtirilishi lozim. Asboblar katta balandlikda joylashtirilganda ularga yaqinlashish va xizmat koʻrsatish uchun maydonchalar va panjarali zinalar koʻzda tutilishi lozim. Asboblarga xizmat koʻrsatish qulayligini taʼminlash uchun ular imkon qadar bir nuqtada joylashtirilishi va bitta joyda toʻplanishi kerak.
VIII bob. Elektr uskunalari
193. Elektr tarmoqlari, elektr simlari va elektr qurilmalarining tanlangan tuzilishi, ularni montaj qilish va foydalanish usullari, shuningdek azot ishlab chiqarish sanoatining organik ishlab chiqarishlari uchun korxonalarning elektr taʼminotiga qoʻyiladigan talablar amaldagi “Elektr qurilmalarining tuzilishi qoidalari” (EQTQ), “Isteʼmolchilarning elektr uskunalaridan texnik foydalanish qoidalari” (TFQ), “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda xavfsizlik texnikasi qoidalari” (XTQ), qurilish meʼyorlari va qoidalari, davlat standartlari va “Portlash-yongʻin xavfi boʻlgan kimyo, neft-kimyo va neftni qayta ishlash ishlab chiqarishlari uchun umumiy portlash xavfsizligi qoidalari” talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
194. Elektr qabul qilgichlarning ishonchlilik boʻyicha toifalari, texnologik jarayonlarning oʻziga xos jihatlarini hisobga olgan holda, ularning elektr taʼminotidagi uzilishlar vaqtining yoʻl qoʻyiladigan maksimal kattaligiga qarab belgilanadi.
Elektr taʼminotidagi uzilishlar jarayon parametrlarining xavfli qiymatlar zonasiga chiqishiga, qimmatli uskunalarning shikastlanishiga, ularning germetikligining buzilishiga, portlashga, yongʻinlarga, insonlar hayoti uchun xavf tugʻilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan xavfli ishlab chiqarishlarning elektr qabul qilgichlari, odatda, ishonchlilik boʻyicha I toifaga mansub elektr energiyasi bilan taʼminlanishi kerak.
195. I toifali elektr qabul qilgichlar tarkibidan ishlab chiqarishning barcha faoliyat rejimlarida texnologik jarayonni xavfsiz holatga avariyasiz oʻtkazish imkonini taʼminlash uchun uzluksiz ishlashi zarur boʻlgan alohida elektr qabul qilgichlar guruhi ajratiladi.
196. Yongʻin xavfi boʻlgan va zaharli moddalar omborxonalaridagi elektr qabul qilgichlar, agar ularning elektr taʼminotidagi uzilishlar ushbu moddalarni saqlash texnologik parametrlarining oʻzgarishiga olib kelmasa, uchinchi ishonchlilik toifasiga kiritilishi mumkin.
197. Elektr qurilmalarni portlash va yongʻin xavfi boʻlgan zonalarda joylashtirish va konstruktiv jihozlash, ular uchun elektr uskunalarni tanlash va butlash Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalarini 7.3 va 7.4-boblari talablari boʻyicha belgilanadi.
Portlash xavfi boʻlgan zonalarda joylashtiriladigan elektr uskunalari, elektr apparatlari va ularning alohida qismlarining portlashdan himoyalanish darajasi portlash xavfi boʻlgan zona sinfi, portlash xavfi boʻlgan aralashmalar toifasi va guruhiga muvofiq yoki ulardan yuqori boʻlishi kerak.
Portlash xavfi boʻlgan zonalarda talab etiladigan portlashdan himoyalanish darajasiga toʻgʻri kelmaydigan tarzda tayyorlangan elektr uskunalaridan foydalanish imkoniyati Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalarini 7.3-bobida koʻrsatilgan shartlar boʻyicha belgilanadi.
198. Elektr taʼminoti ishonchliligi boʻyicha birinchi toifaga mansub, zaxira manbaini avtomatik ulash (ZMAU) oddiy sxemalari ishlab turganda tok uzilishlariga yoʻl qoʻyadigan elektr qabul qilgichlarning alohida guruhi uchun mustaqil uchinchi tok manbai sifatida dizel-generatorlar yoki ikkita asosiy tok manbaiga bogʻliq boʻlmagan tuman tarmoq uzellaridan foydalanish mumkin.
Elektr taʼminotini tez uzib-ulash talab etiladigan holatlarda loyihalarda maxsus uzluksiz elektr taʼminoti agregatlari (UETA)ni oʻrnatish, toʻgʻrilagich qurilmalari, akkumulyator batareyalari, invertorlar, tirristor tez ulab-qoʻshgichlar va h. lar bilan jihozlash koʻzda tutilishi lozim.
199. Elektr yoritish tizimining elektr taʼminoti uzilganda, B-I va V-Ia sinfli portlash xavfi boʻlgan zonalarda joylashgan texnologik jarayonlar, shuningdek B xavflilik toifasiga mansub bloklarni oʻz ichiga olgan jarayonlarning avariyasiz toʻxtatishni taʼminlovchi operatsiyalarni qoʻlda bajarish zaruriyati tugʻilganda, ishlab chiqarish xonalaridan odamlarni evakuatsiya qilish uchun avariyaviy yoritish tizimi ushbu sex yoki ishlab chiqarishni tok bilan taʼminlovchi asosiy ikki tok manbaiga bogʻliq boʻlmagan manbadan, boshqa portlash-yongʻin xavfi boʻlgan ishlab chiqarishlar uchun esa ikkinchi mustaqil (ishchi yoritish tizimi bilan bogʻliq boʻlmagan) manbadan oʻzgaruvchan yoki oʻzgarmas tok bilan taʼminlanishi koʻzda tutilishi lozim.
200. Portlash xavfi boʻlgan xonalarda joylashtiriladigan elektr qabul qilgichlarning elektr taʼminoti uchun tashqi yuzasi ularning portlashdan himoyalangan uskunalarga kirish joylarini zich germetiklanishiga yoʻl qoʻymaydigan yassi yoki dumaloq shaklda boʻlmagan kabellardan foydalanish ruxsat etilmaydi.
201. Har qanday sinfli portlash xavfi boʻlgan zonalarda izolatsiyalanmagan tok oʻtkazish vositalaridan, shu jumladan kranlarga, tallarga va h. larga ulanadigan elektr simlaridan foydalanish taqiqlanadi.
202. Har qanday sinfli portlash xavfi boʻlgan zonalarda ochiq holda (konstruksiyalarda, devorlarda, kanallarda, tunnellarda va h.) oʻtkaziladigan kabellarda yonuvchan materiallar (jut, bitum, ip toʻqima va h. k.)dan tayyorlangan tashqi qoplama boʻlmasligi kerak.
203. Har qanday sinfli portlash xavfi boʻlgan zonalarda oʻtkaziladigan kuchlanishi 1 kV dan yuqori boʻlgan kabellarning uzunligi imkon qadar cheklanishi lozim.
204. Mazkur texnologik jarayonga taalluqli boʻlmagan har qanday kuchlanishdagi tranzit elektr simlari va kabel liniyalari qoʻshimcha himoya chora-tadbirlari bajarilganda, masalan, quvurlarda, yopiq qutilarda, pollarda oʻtkazilganda, har qanday sinfli portlash xavfi boʻlgan zonalardan gorizontal va vertikal boʻyicha kamida 5 m masofada oʻtkazilishi ruxsat etiladi.
205. Elektr qurilmalarining tuzilishi qoidalarida belgilangan yongʻinga qarshi talablar bajarilganda, kabel estakadalari yonuvchan gaz va tez alangalanadigan suyuqlik quvurlari estakadasini, gaz va bugʻlarning havoga nisbatan zichligidan qatʼiy nazar, ostidan yoki ustidan kesib oʻtishi mumkin.
206. Elektr xonalarini yonuvchan yengil gazlar va tez alangalanadigan suyuqliklar mavjud V-Ia va B-I6 sinfli, shuningdek V-P va V II sinfli portlash xavfi boʻlgan zonali xonalardan ajratuvchi devorlarda elektr xonasiga kabellarni va sim oʻtkaziladigan quvurlarni kiritish uchun teshiklar ochish ruxsat etiladi. Bunday toʻsiqlar yonmaydigan materiallar bilan zich bekitilishi kerak.
Ogʻir va siqilgan yonuvchan gazlar mavjud V-Ia va B-I6 sinfli portlash xavfi boʻlgan zonali xonalardan elektr xonasiga kabellarni va sim oʻtkaziladigan quvurlarni tashqi devorlar orqali kiritish lozim.
207. Elektr zaryadlari toʻplanishi mumkin boʻlgan dielektrik (solishtirma elektr qarshiligi 10 Ω/m va undan ortiq) hisoblanadigan suyuqliklar, bugʻlar, gazlar va sochiluvchan moddalarni qabul qilish, qayta ishlash va tashish bilan bogʻliq rezervuarlar, texnologik uskunalar, quvurlar, quyish-toʻkish qurilmalari va boshqa uskunalar uchun statik elektr tokidan himoya koʻzda tutilgan boʻlishi kerak.
208. Binolar, inshootlar yoki ularning qismlarini yashindan va ikkilamchi yashin taʼsiridan himoyalashga qoʻyiladigan talablar bino va inshootlarning belgilangan vazifasi, ular joylashgan hududdagi yashinlar jadalligi, shuningdek bir yil ichida kutilayotgan yashin urishi soniga qarab, yashindan himoyalash qurilmasi toifalari va himoya zonasining turiga muvofiq RH 34.21.122 “Bino va inshootlarni yashindan himoyalash boʻyicha yoʻriqnoma” da belgilanadi.
IX bob. Foydalanish talablari
§ 1. Hudud va ishchi xonalarni saqlash
209. Barcha ishlab chiqarish va yordamchi xonalar doim toza va meʼyoriy-texnik hujjatlar hamda “Kimyo sanoati korxonalari uchun yongʻin xavfsizligi qoidalari” talablariga muvofiq tartibda saqlanishi kerak.
210. Apparatlar, quvurlar va asboblarning ulangan qismlarida aniqlangan barcha nosozliklar va hatto uncha katta boʻlmagan mahsulot chiqishi holatlari ham zudlik bilan bartaraf etilishi kerak.
Toʻkilgan ishlab chiqarish mahsulotlari va moylar zudlik bilan tozalab olinishi kerak. Bunda yonuvchan suyuqliklar ustiga qum sepiladi va keyin maxsus ajratilgan joyga chiqarib tashlanadi.
Toʻkilgan va sochilgan zaharli moddalar zudlik bilan zararsizlantirilishi va tegishli yoʻriqnomalarda koʻzda tutilgan tartibda tozalab olinishi kerak.
211. Uncha koʻp boʻlmagan miqdorda toʻkilgan tsianli tuz eritmalari temir kuporosi eritmasi yordamida degazatsiya qilinishi lozim.
Koʻp miqdorda toʻkilgan tsianli tuz eritmalari zudlik bilan neytrallanishi va zararsizlantirish stansiyasiga yuborish uchun suv bilan maxsus kanalizatsiyaga yuvib tushirilishi lozim.
Xonalarni tozalashda ishlatilgan suv ham zararsizlantirish stansiyasiga yuboriladi.
212. Toʻkilgan kislota va oleumni tozalashdan oldin ular boʻr yoki ohak yordamida neytrallanishi shart. Oleum va sulfat kislotani suv bilan yuvib tozalash ruxsat etilmaydi.
213. Metall maydonchalar, zinalar, metall plitalardan qurilgan pollar va h. larni artish uchun kerosindan foydalanish taqiqlanadi.
214. Sexlarda va oraliq omborxonalarda saqlanayotgan xomashyo, oraliq mahsulotlar, moylash va yoqilgʻi materiallari miqdori sexning sutkalik ehtiyojidan oshmasligi kerak.
215. Moylarni saqlash uchun moʻljallangan baklar oʻlchov qurilmalari va moyni chiqish qulayligini taʼminlovchi moslamalar (kranlar, qulay tagliklar va h. k.) bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
Ishlatilgan artish materiallari (latta, qogʻoz va h. k. lar) qopqoqli metall yashiklarda saqlanishi kerak. Yashiklar har kuni tozalanishi, artish materiallari ularga ishlov berish yoki yoʻq qilish uchun moʻljallangan joyga chiqarib tashlanishi kerak.
216. Ventilatsiya kameralarida biror begona material yoki predmetlarni saqlash ruxsat etilmaydi.
§ 2. Uskunalarni saqlash, taʼmirlash va tozalash
217. Barcha turdagi (joriy, kapital) taʼmirlash ishlari “Korxonalarning texnologik uskunalariga texnik xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash tizimi” asosida tuzilgan grafikka muvofiq bajarilishi kerak.
218. Portlash va portlash-yongʻin xavfi boʻlgan ishlab chiqarishlar hududida va xonalarida ochiq olov bilan bajariladigan taʼmirlash ishlari “Korxonalarning portlash va portlash-yongʻin xavfi boʻlgan obyektlarida olov bilan bajariladigan ishlarni bexatar oʻtkazilishini tashkil etish boʻyicha namunaviy yoʻriqnoma”ga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
219. Apparatlarning ichida bajariladigan ishlarda “Gaz xavfi boʻlgan ishlarni bexatar oʻtkazilishini tashkil etish boʻyicha namunaviy yoʻriqnoma” ga, shuningdek korxona tomonidan konkret ishlab chiqarish sharoitlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan instruksiyaga rioya qilinishi lozim.
220. Naryad-ruxsatnomasiz uskunani taʼmirlashga kirishish taqiqlanadi.
221. Gaz xavfi boʻlgan joylarda ishlarni tashkil etish va olib borish “Korxonalarda gaz xavfi boʻlgan ishlarni bexatar oʻtkazilishini tashkil etish boʻyicha namunaviy yoʻriqnoma” ga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
222. Taʼmirlash ishlari bajarish chogʻida portlash xavfi boʻlgan va zaharli bugʻ va gazlar ajralib chiqishi mumkin boʻlgan ishlab chiqarish operatsiyalarini amalga oshirish taqiqlanadi. Taʼmirlash ishlarini boshlashdan oldin va ularni bajarish paytida taʼmirlash ishlari oʻtkazilayotgan xonadagi havo muhiti tahlil qilinishi kerak. Yoʻl qoʻyiladigan meʼyordan ortiq zaharli yoki portlash xavfi boʻlgan gazlar hosil boʻlganda taʼmirlash ishlari zudlik bilan toʻxtatilishi va ishchilar xavfli zonadan olib chiqilishi kerak.
223. Taʼmirlash ishlari oʻtkazilayotgan xonadagi havo muhitini tahlil qilish davriyligi naryad-ruxsatnomada koʻrsatilishi kerak.
224. Ventilatsiya qurilmalarini tashqi koʻzdan kechirish, saqlash, taʼmirlash sinovdan oʻtkazish, sozlash va ulardan foydalanish “Ventilatsiya tizimlaridan xavfsiz foydalanish boʻyicha namunaviy yoʻriqnoma” talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
225. Taʼmirlash ishlarini bajarish paytida toʻsiq, armatura, quvurlar, mufta kojuxlari va texnologik kommunikatsiyalarning boshqa uzellari ustida turish taqiqlanadi.
Odamlarning oʻtishi yoki uskuna va ehtiyot qismlarni olib oʻtish uchun moʻljallangan oʻtish joylari va konstruksiyalari hoʻl, muzlagan yoki sirpanchiq boʻlmasligi kerak.
226. Barcha oʻtish joylari, oʻrachalar, ishchi va xizmat koʻrsatish maydonchalari, zinalar va zina maydonchalari, idishlarning tomlari kamida 0,14 m balandlikdagi toʻsiq bortli 1,0 m balandlikdagi panjara bilan jihozlanadi.
Toʻsiqlar oʻrnatish imkoniyati boʻlmagan sharoitlarda 1,8 m va undan ortiq balandlikda ishlayotgan ishchilar saqlovchi belbogʻlar va himoya arqonlari bilan taʼminlanishi kerak.
227. Takelaj ishlarida qoʻllaniladigan uskunalar “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasining yuk koʻtarish inshootlari nazorati boʻyicha tarmoq inspeksiyasi qoidalari talablariga javob berishi kerak.
228. Ishlab chiqarish uskunalarining ishlashi, ularni yuklash meʼyorlari va jarayonlarning asosiy parametrlari belgilangan texnologik tartib talablariga va pasport maʼlumotlariga muvofiq boʻlishi kerak.
229. Har qaysi sexda, uchastkada apparat va quvurlarning shartli ranglarda ishlangan joylashish va bogʻlanish sxemalari boʻlishi kerak.
Sxemalarda qulflash moslamalari raqamlangan, mahsulotlarning harakatlanish yoʻnalishi koʻrsatkichlar bilan koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Sxemadagi qulflash moslamasining raqami va boshqa belgilar agregatlarga xizmat koʻrsatish boʻyicha ishchi yoʻriqnomaga muvofiq boʻlishi kerak.
230. Agressiv, yongʻin va portlash xavfi boʻlgan muhitlarni ishlatish va tashish bilan bogʻliq uskuna va quvurlardan foydalanish jarayonida apparat va quvurlar devorlarining qalinligi tekshirilishi (ichki koʻzdan kechirish, ultratovush va radiatsion defektoskopiya va h.) kerak.
231. Apparat va quvurlarning qulf armaturasi, gidravlik zarblarga yoʻl qoʻymaslik uchun, sekin va bir tekis ochilishi kerak.
232. Apparat yoki quvurda bosim mavjud boʻlganda bolt va shpilkalarni tortish taqiqlanadi.
233. Tiqinlar muhitning ishchi parametrlari va konkret foydalanish sharoitlariga qarab tanlanishi kerak. Barcha tiqinlar raqamlangan boʻlishi kerak. Tiqinning raqami va u moʻljallangan bosim uning orqasiga oʻyib tushirilgan boʻlishi kerak.
234. Taʼmirlash, ichki koʻzdan kechirish paytida va shunga oʻxshash boshqa holatlarda agregat, alohida apparat va kommunikatsiyalarni uzib qoʻyish uchun tiqin oʻrnatish gaz xavfi boʻlgan ish hisoblanadi va masʼul shaxs ishtirokida oʻtkazilishi kerak.
235. Nasoslar uchun ularni taʼmirlashning agregat-uzel usuli va buning uchun zarur koʻtarish-transport qurilmalari koʻzda tutilishi kerak.
236. Barcha bosim ostida ishlaydigan zaharli, yongʻin xavfi boʻlgan gaz yoki suyuqlik idishlari apparat va kommunikatsiyalarni qismlarga ajratish bilan bogʻliq taʼmirlash ishlari oʻtkazilgandan keyin, shuningdek yoʻriqnomada koʻrsatilgan boshqa holatlarda, idishning ishchi bosimiga teng bosim ostida havo yoki inert gaz yordamida, yoki oʻxshash xavfsiz nazorat usuli yordamida germetikligi boʻyicha sinovdan oʻtkazilishi kerak.
237. Ishlab turgan sexlarda, shuningdek ishlayotgan gaz quvurlari yotqizilgan estakada va kanallarda gaz quvurlarini mustahkamlik boʻyicha pnevmatik sinovdan oʻtkazish ruxsat etilmaydi.
238. Yangi montaj qilingan va taʼmirlangan uskuna va quvurlarda “Sanoakontexnazorat” Davlat inspeksiyasining amaldagi qoidalari va yoʻriqnomalariga muvofiq inert muhitlar yordamida sinov oʻtkaziladi.
X bob. Yongʻinga qarshi talablar
239. Organik ishlab chiqarishlarda yongʻinga qarshi xavfsizlik qoidalariga rioya qilinishi kerak. Xonalar oʻt oʻchirish vositalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
2391. Omborxonalarda koʻrinadigan joylarda GOST 12.4.026 boʻyicha xavfsizlik belgilari (“Olov xavfi”, “Portlash xavfi”, “Zaharli moddalar”, “Chekish taqiqlanadi” va h. k.) osib qoʻyilishi kerak.
240. Boʻlinmalarning rahbarlari quyidagilarni bajarishi shart:
barcha ishchi va muhandis-texnik xodimlar tomonidan yongʻin xavfsizligi qoidalarini oʻrganish va ularning bajarilishini tashkil etish;
ishlab chiqarishda yongʻin va portlash xavfini kamaytirishga qaratilgan qarorlarni ishlab chiqish va tatbiq etilishini taʼminlash;
barcha boʻlinmalarda yongʻinga qarshi tartib oʻrnatish (chekish joylarini belgilash va jihozlash, bir vaqtning oʻzida xomashyo va tayyor mahsulotlarni saqlash joylari va yoʻl qoʻyiladigan miqdorini belgilash, olov bilan bajariladigan ishlarni oʻtkazish, ish tugagandan keyin xonalarni koʻzdan kechirish va yopishning aniq tartibini belgilash) va uning bajarilishini muntazam nazorat qilish;
yongʻin xavfsizligini taʼminlash uchun masʼul shaxslarni tayinlash;
yongʻinga qarshi instruktaj va yongʻin-texnik minimum boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazishni tashkil etish.
241. Organik ishlab chiqarishlarda ishlovchi xodimlar:
yongʻin xavfsizligi qoidalarini bilishi va bajarishi, qoʻllaniladigan muhitlarning yongʻin-portlash xavfi boʻlgan va zaharli xususiyatlarini bilishi;
oʻt oʻchirish vositalari joylashgan joylarni bilishi, ularning mavjudligi va sozligidan xabardor boʻlishi, ulardan foydalanishni bilishi;
yongʻinga olib kelishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymasligi kerak.
242. Oʻt oʻchirish, yongʻin aloqasi va signalizatsiya vositalari tarmoq “Yongʻin xavfsizligi qoidalari”ga muvofiq boʻlishi kerak.
243. Oʻt oʻchirish uskunalari, gidrantlar, suv havzalari, basseynlarga boriladigan yoʻllar doim ochiq boʻlishi kerak. Oʻt oʻchirish gidrantlari va suv havzalari yaqinida koʻrsatkich yozuvlar osib qoʻyilgan boʻlishi kerak.
244. Oʻt oʻchirish vositalari (suv, koʻpik, inert gazlar yoki kukun) va qurilma turi (sprinkler yoki drencher) ni tanlash texnologik talablar, modda va materiallarning zaharliligi va yongʻin xavfi, xonada odamlarning boʻlishi tartibi va amaldagi yongʻin xavfsizligi talablari, meʼyorlar va koʻrsatmalarni hisobga olgan xolda loyiha tashkilotlari tomonidan belgilanadi.
245. Barcha ishlab chiqarish, omborxona, yordamchi va maʼmuriy binolar, shuningdek alohida qurilma va inshootlar birlamchi oʻt oʻchirish vositalari bilan taʼminlanishi kerak.
246. Har qaysi ishlab chiqarish xonasida portlash yoki yongʻin xavfi sinfi koʻrsatilgan yozuv boʻlishi kerak.
247. Karbonat kislota va boshqa siqilgan gazlar toʻldirilgan ballonlarni, shuningdek oʻt oʻchirgichlarni ular qizishi mumkin boʻlgan joylarda (pech zallarida, quritish xonalarida, isitish asboblari yaqinida va +5° S dan past haroratda) joylashtirish ruxsat etilmaydi.
248. Ichida gaz boʻlgan apparatlarda va gaz kommunikatsiyalarida yongʻin sodir boʻlganda gaz bilan ifloslanish va portlashga yoʻl qoʻymaslik uchun ularni uzmasdan olovni oʻchirish taqiqlanadi.
249. Bugʻlari havo bilan qoʻshilib portlash xavfi boʻlgan aralashma hosil qilishi mumkin boʻlgan tez alangalanadigan va yonuvchan suyuqliklar solingan idishlar azot ostida saqlanishi kerak.
250. Kompressiya binosida, kompressor moy xoʻjaligi hududini kamida 0,25 m balandlikdagi bortlar bilan toʻsgan holda, moyning avariyaviy toʻkilishi mumkin boʻlgan maydonni kamaytirish chora-tadbirlari qabul qilinishi lozim. Bunday hududlar statsionar koʻpikli oʻt oʻchirish qurilmalari bilan himoyalanishi, kompressiya xonalarida doimiy ish joylari boʻlmagan hollarda ularning boshqaruvi avtomatik tarzda amalga oshirilishi lozim.
251. Portlash-yongʻin xavfi boʻyicha A, B va V toifalarga mansub ishlab chiqarish va omborxonalar, agar ularning maydoni 100 m2 va undan ortiq boʻlsa, va ular joylashgan xonalarda avtomatik oʻt oʻchirish tizimlari avtomatik yongʻin signalizatsiyasi bilan jihozlanishi kerak.
252. Tashqi qurilmalar va portlash-yongʻin xavfi boʻlgan jarayonlar kechadigan omborxonalar hududida elektr yongʻin signalizatsiyasining qoʻlda ishga tushiriladigan xabar berish moslamalari oʻrnatilishi kerak. Xabar berish moslamalar oʻrtasidagi masofa koʻpi bilan 150 m boʻlishi kerak.
Omborxonalar va tashqi qurilmalar yaqinida, agar ulardan koʻpi bilan 150 m masofada joylashgan binolarda telefon yoki qoʻl xabar berish moslamalari mavjud boʻlsa, qoʻl yongʻindan xabar berish moslamalari oʻrnatilmasligi mumkin.
253. Avtomatik yongʻin oʻchirish tizimlari va avtomatik yongʻin signalizatsiyasi, shu jumladan yongʻindan xabar berish tizimlari, portlash-yongʻin xavfi boʻlgan ishlab chiqarish binolarida tarmoq avtomatik yongʻin oʻchirish, avtomatik yongʻin signalizatsiyasi va yongʻindan xabar berish qurilmalari bilan jihozlanishi kerak boʻlgan bino va xonalar roʻyxatini hisobga olgan holda, ishlab chiqarish texnologik jarayonining xususiyati va ularni oʻrnatishning texnik-iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligidan kelib chiqib, ShNK 2.04.09 ga muvofiq koʻzda tutilishi kerak.
254. Ishlab chiqarish sexlarida chekish ruxsat etilmaydi. Chekish uchun tegishli tarzda jihozlangan maxsus ajratilgan xavfsiz joylar koʻzda tutilishi lozim.
255. Har qaysi telefon apparati yonida korxonaning yongʻin oʻchirish qismi, gaz-qutqaruv va tibbiy xizmatlarining telefon raqamlari koʻrsatilgan maxsus tablichkalar yoki yozuvlar osilgan boʻlishi kerak.
XI bob. Ishlovchilarning yakka tartibda himoyalanish va gigiyena vositalari
256. Zararli moddalar qoʻllaniladigan ishlab chiqarishlarda ishlovchilar “Kimyo ishlab chiqarishlari xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy meʼyorlari”ga muvofiq maxsus kiyim, maxsus poyabzal va yakka tartibda himoyalanish vositalari bilan taʼminlanishi kerak.
257. Zaharli moddalar qoʻllaniladigan ishlarga protivogaz, maxsus kiyim va mazkur ishlab chiqarish uchun moʻljallangan himoya moslamalarisiz qoʻyish ruxsat etilmaydi.
258. Ishchilarni shovqinning zararli taʼsiridan muhofaza uchun ular yakka tartibda himoyalanish vositalari (shovqinga qarshi naushniklar, berushlar va h. k.) bilan taʼminlanishi kerak.
259. Har qaysi sexda quyidagi avariyaviy himoyalanish vositalari toʻplami boʻlishi kerak:
a) maxsus shkaflarda saqlanadigan protivogazlar (filtrlovchi, izolatsiyalovchi va shlangli), rezina kostyumlar, etiklar, qoʻlqoplar.
Shkaflarning joylashishi, protivogaz va boshqa himoyalanish vositalarning soni va turi, ularni saqlash, tekshirish va foydalanish tartibi korxonaning gaz-qutqaruv xizmati bilan kelishilgan holda belgilanadi.
b) dori-darmonlar toʻplami solingan aptechkalar (korxona tibbiy xizmati bilan kelishilgan) (2-ilova, 1-jadval).
260. Chang chiqaradigan mahsulotlar bilan bogʻliq uchastkalarda band boʻlgan ishchilar respiratorlar bilan taʼminlanishi va ularda vkladishlarning doimiy zaxirasi boʻlishi kerak.
261. Ishchi xonalarda oziq-ovqatlarni saqlash va ovqatlanish taʼqiqlanadi. Ovqatlanish uchun maxsus xonalar ajratiladi. Suvni faqat ichimlik suvi fontanchalari yoki gazlangan suv avtomatidan ichish ruxsat etiladi.
262. Yakka tartibda tarqatiladigan himoyalanish vositalari ish paytida ishchi xodimlarda turishi kerak.
263. Har qaysi ish joyida himoyalanish vositalaridan konkret sharoitlarda foydalanish boʻyicha yoʻriqnomalar boʻlishi kerak.
264. Filtrlovchi protivogazlar, kislorodli izolatsiya asboblari va shlangli protivogazlarning avariya zaxirasi asosan sexga kirish joyida joylashgan plombalangan maxsus shkaflarda saqlanishi kerak. Protivogazlarning yuz qismida ularning oʻlchami aniq koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
265. Korxona maʼmuriyati protivogaz tarqatilishini hisobga olish va ularning xizmat muddatlariga rioya qilinishi ustidan nazoratni tashkil etishi, shuningdek ularni saqlashning sanitariya sharoitlarini, protivogazlarning yuz qismini dezinfeksiyalashni, qutilarning sozligi, saqlovchi (qutqaruv) belbogʻlari va h. k. larning ishonchliligini tekshirishni taʼminlashi kerak.
266. Sexlarning xodimlari protivogazlardan foydalanish va ularni saqlash qoidalari boʻyicha maxsus oʻquvdan oʻtishlari hamda muntazam ravishda ishlovchilarni protivogaz kiyish va undan foydalanish, shuningdek jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish va sunʼiy nafas oldirish usullari boʻyicha amaliy koʻnikmalarga oʻrgatishni oʻz ichiga olgan takroriy instruktajlardan oʻtishlari kerak. Vaqti-vaqti bilan trenirovka mashgʻulotlari oʻtkazilishi kerak. Izolatsiyalovchi (kislorodli) protivogazlardan faqat bunga tibbiy xulosasi boʻlgan shaxslar foydalanishi mumkin.
267. Saqlovchi vositalar roʻyxati va birinchi tibbiy yordam koʻrsatish usullari korxonada belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ishlab chiqarish yoʻriqnomalari va xavfsizlik texnikasi boʻyicha yoʻriqnomalarga kiritilishi kerak.
268. Ximikatlarni qoʻlda ishlatish va ishlov berish bilan bogʻliq ishlarda band boʻlgan ishchilar terini ifloslantiradigan va qichitadigan moddalardan himoya qilish uchun maxsus pastalar, kremlar, mazlar yoki qoʻlqoplar bilan taʼminlanishi kerak.
269. Avariya paytida ishlovchilarga tekkan kimyoviy moddalarni yuvib tashlash uchun suv uchun metall baklari boʻlgan oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatiladigan rakovinali avariya dushlari yoki oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatiladigan vannali rakovina koʻzda tutilishi kerak.
270. Oʻrtacha ogʻirlikdagi ish toifalari (Pa va Ib) uchun moʻljallangan ishlab chiqarish xonalarining ishchi zonasida harorat, nisbiy namlik, havoning harakatlanish tezligi, shovqin va vibratsiyaning yoʻl qoʻyiladigan meʼyorlari:
271. Organik ishlab chiqarish xonalarining yoritilishiga qoʻyiladigan talablar (meʼyorlangan yoritilganlik, koʻzni qamashtirish koʻrsatkichlarining yoʻl qoʻyiladigan birliklari va yoritilishning pulsatsiya koeffitsiyentlari) bajariladigan koʻruv ishlarining xususiyatlariga qarab QMQ 2.01.05 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” boʻyicha qabul qilinishi lozim.
XII bob. Sanitariya-maishiy xizmat koʻrsatish
272. Sanitariya-maishiy xonalar tarkibiga quyidagilar kiradi: garderoblar, dushlar, ichimlik suv taʼminoti oʻrnatilgan joylar, yuvinish, kiyinish, isinish xonalari, shuningdek maxsus kiyimlarni saqlash va tarqatish xonalari. Maishiy xonalarning tarkibi, maydoni, soni QMQ 2.09.04 “Korxonalarning maʼmuriy va maishiy binolari” (3-ilova, 2-jadval)ga muvofiq ishlovchilar soni, ishlarning ogʻirlik boʻyicha toifasi va tananing ifloslanish darajasiga qarab loyihada belgilanadi.
273. Kiyinish xonalari, chekish joylari, isinish xonalari, dushlar, ichimlik suv taʼminoti qurilmalarigacha masofa ishlab chiqarish binolaridagi ish joylaridan koʻpi bilan 75 m, ishlab chiqarish maydonchasidagi ish joylaridan esa koʻpi bilan 150 m boʻlishi kerak.
274. Garderob, dush va dusholdi xonalari, yuvinish, kiyinish, maxsus kiyimlarni quritish va changdan tozalash xonalari devor va toʻsiqlarining balandligi kamida 2 m boʻlishi va ular yuvish vositalari yordamida qaynoq suv bilan yuvish imkoni boʻlgan materiallardan qurilishi kerak. Yuqorida koʻrsatilgan xonalarning balandligi 2 m dan ortiq boʻlgan devor va toʻsiqlari, shuningdek shiplari suvga chidamli qoplama bilan qoplanishi kerak.
275. Barcha sanitariya-maishiy xonalar toza holda saqlanishi kerak. Bu muntazam va toʻgʻri tashkil etilgan tozalash ishlari va oʻz vaqtida oʻtkaziladigan taʼmirlash ishlari yordamida taʼminlanadi.
276. Xonalar nam usul yordamida tozalanishi kerak. Buning uchun xonalar qaynoq va sovuq suvli kranlar, iflos suv toʻkiladigan qurilmalar bilan taʼminlanishi kerak. Oynalar, yoritish armaturasi yogʻoch yoki metall shtoklarga mahkamlangan choʻtka yoki rezina valiklar hamda yuvish vositalari qoʻshilgan sovunli eritmalar yordamida tozalanadi.
277. Devorlar va yakka tartibdagi shkaflar ham tozalanishi lozim. Dushlarning poli dezinfeksiya vositalari yordamida yuvilishi kerak.
278. Shuningdek, zamburugʻli kasalliklarning tarqalishini oldini olish uchun rezina gilamchalarga ham dezinfeksiya vositalari bilan ishlov berilishi lozim.
279. Maishiy xonalar har ish smenasidan keyin tozalanishi lozim. Maishiy xonalarning talab etiladigan sanitariya holatida saqlanishi ishlovchilar tomonidan ish qobiliyatini tiklash, sogʻliqni saqlash va shaxsiy gigiyena maqsadlarida ulardan koʻproq foydalanish imkonini taʼminlaydi.
XIII bob. Atrof-muhit muhofazasi
280. Ishlab turgan organik ishlab chiqarishlardan foydalanishda atrof-muhitning ifloslanishini oldini olish chora-tadbirlari Oʻzbekiston Respublikasining tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchiligida oʻz aksini topgan.
281. Tabiiy resurslarni muhofaza qilishning asosiy vazifalaridan biri atmosfera havosini sanoat korxonalari chiqindilaridan ifloslanishidan muhofaza qilish hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasining “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq atmosfera havosi tabiiy resurslarning tarkibiy qismi boʻlib, u umummilliy boylik hisoblanadi va davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Korxonalarni oʻrab turadigan yoki ularning yaqinida joylashgan aholi punktlarining atmosfera havosidagi ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasi amaldagi sanitariya meʼyorlari, qoidalari va gigiyena normativlarida belgilangan miqdorlardan oshmasligi kerak.
282. Atmosfera havosini sanoat korxonalari chiqindilaridan, shu jumladan organik tarkibli, ifloslanishini oldini olishning asosiy chora-tadbirlariga chiqindisiz ishlab chiqarish texnologiyalarini tadbiq etish, ishlab chiqarishda texnologik jarayonlarni germetiklash, zararli chiqindilarni yoʻq qilish va h. kiradi. Rejalashtirish tadbirlarini oʻtkazish, gazni tozalash va changni tutib qolish, baland quvurlar oʻrnatish yoʻli bilan zaharli moddalarni atmosferaga tarqatib yuborish, ishlab chiqarish jarayonida zararli moddalarni zararsiz moddalar bilan almashtirish, xomashyolarga ishlov berishning quruq usullari oʻrniga nam usullardan foydalanish tavsiya etiladi.
283. Qator korxonalarda mashʼala gazlardan binolarni isitishda foydalanish, ortiqchasini esa issiqlik tsentraliga yoʻnaltirish lozim.
284. Oʻgʻit ishlab chiqarishda gazlar retsirkulatsiya qilinadigan texnologik sxemalar tadbiq etilishi lozim. Korxonalar turar joylar joylashgan hududga nisbatan shamolga teskari tomonda qurilishi, ularning oʻrtasida himoyalovchi yashil zonalar koʻzda tutilishi kerak.
285. Sanoat chiqindilari tarkibidagi organik moddalar, ayniqsa ular nam holatda boʻlsa, yuqori konsentratsiyalarda katalitik yoki termik kuydirish, kichik konsentratsiyalarda esa adsorbsiya va kuydirish usuli yordamida ajratib olinadi. Adsorbent sifatida faol koʻmir, faol koks, faol alyuminiy oksidi va h. lar qoʻllaniladi.
286. Zararli moddalarni atmosferaga tarqatib yuborishning tabiiy imkoniyatlari quyidagi qator kritik holatlarda qoʻllaniladi: chiqindisiz ishlab chiqarish usullari va ishlab chiqarish jarayonida zararli moddalarni toʻliq yoki koʻp miqdorda yoʻq qilish imkoniyati boʻlmaganda, zararli moddalarni zarur darajada ajratib olishning texnik jihatdan imkoniyati boʻlmaganda yoki bu qimmatga tushganda; ishlab chiqarishni toʻliq germetiklash imkoniyati boʻlmaganda; chiqindi manbalarini turar joy hududidan olib chiqish imkoniyati boʻlmaganda. Zararli moddalarni atmosferaga tarqatib yuborishni yaxshilash maqsadida kuchli ifloslantirish manbalari uchun baland (300-350 m gacha) quvurlar qurish tavsiya etiladi. Bunday chora-tadbirlar chiqindi manbasiga yaqin masofalarda zararli chiqindilar konsentratsiyasini kamaytirsada, lekin atrof-muhitni ifloslanishdan himoya qila olmaydi.
287. Chiqindilarni baland quvurlar yordamida atmosferaga tarqatish emas, balki ularni atmosferaga tushmasdan oldin yoʻq qilish atmosferani ifloslanishdan muhofaza qilishning radikal usuli hisoblanadi.
288. Ifloslanganlik darajasi normativlarda belgilangan miqdordan ortiq boʻlgan hududlarda atmosferani ifloslantirish manbai boʻlgan korxonalardan foydalanish taʼqiqlanadi. Bunday hududlarda ishlab turgan obyektlarni rekonstruksiya qilish, kengaytirish va texnik qayta jihozlash istiqboldagi rivojlanishni hisobga olgan holda ulardagi atmosferaga chiqariladigan chiqindilarni chegaraviy yoʻl qoʻyiladigan chiqindilar (ChYQCh) gacha qisqartirish sharti bilan ruxsat etiladi.
289. Faoliyati atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarish bilan bogʻliq boʻlgan korxonalar, ishlab chiqarishlarning rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasining “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq quyidagilarni bajarishga majburdirlar:
Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va sanitariya nazorati organlari bilan kelishilgan holda ifloslantiruvchi moddalar chiqarishni kamaytirish, chiqindilarni tozalash inshootlari, uskunalari va apparatlarining uzluksiz samarali ishlashini taʼminlash, ularni soz holatda saqlash va ularning ustidan nazorat qilishga qaratilgan tashkiliy-texnik va boshqa tadbirlar rejalarini ishlab chiqish;
atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori va tarkibini hisobga olish va muntazam nazorat qilish;
atmosferani ifloslantiruvchi moddalarning chegaraviy yoʻl qoʻyiladigan chiqindilari (ChYQCh)ni ishlab chiqish va ularni oʻz vaqtida oʻrnatilgan tartibda kelishishni taʼminlash;
aholi yashaydigan hududlar atmosfera havosining ifloslanishi ustidan nazoratni taʼminlash. Ifloslantiruvchi moddalar roʻyxati, namuna olish davriyligi va nuqtalari Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi organlari va sanitariya-epidemiologiya xizmati bilan kelishilishi kerak; atmosfera havosi va boshqa atrof-muhit obyektlarining holati ustidan kuzatuvlar, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, faoliyati atmosfera havosining holatining yomonlashishiga olib kelishi mumkin boʻlgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar tomonidan amalga oshiriladi;
texnologik jarayon yoki uskunalardagi barcha oʻzgartirishlar (ishlab chiqarish quvvatini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlarini jadallashtirish va boshqa tasdiqlangan loyihadan chetga chiqishlar)ni Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi organlari va sanitariya-epidemiologiya xizmati bilan kelishish;
atmosfera havosiga zararli aralashmalarning birvarakayiga chiqishi holatlari toʻgʻrisida Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va sanitariya nazorati organlariga xabar berish, shunga oʻxshash vaziyatlarning oldini olishga doir tadbirlar ishlab chiqish.
290. Bir vaqtning oʻzida gaz-chang tutib qoluvchi qurilmalarni rekonstruksiya qilmasdan turib, chiqadigan gazlar yoki ularning tarkibidagi zararli moddalar konsentratsiyalari hajmining oshishi bilan bogʻliq texnologik agregatlar unumdorligini oshirish taʼqiqlanadi.
291. Zamonaviy vositalar yordamida chiqindilarning chegaraviy yoʻl qoʻyiladigan miqdorlariga erishish imkoniyati boʻlmagan hollarda texnologik jarayonni oʻzgartirish yoki ishlab chiqarish quvvatini qisqartirish yoʻli bilan bunday chiqindilarni kamaytirish yoki batamom yoʻq qilish chora-tadbirlari va ularni bajarishning aniq muddatlari koʻzda tutilishi kerak.
292. Atmosfera havosini ifloslantirish xavfi boʻlgan barcha manbalardan chiqayotgan sanoat chiqindilari ustidan doimiy nazorat, Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va sanitariya nazorati organlaridan tashqari, korxonalarning oʻz kuchi va mablagʻlari bilan ham amalga oshiriladi. Shu maqsadda korxonada zamonaviy kimyoviy va fizik-kimyoviy tahlil vositalari bilan jihozlangan maxsus laboratoriyalar boʻlishi kerak.
Namuna olish nuqtalari va davriyligi xavfsizlik texnikasi boʻlimi tomonidan rejalashtirilishi, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati organlari bilan kelishilishi va korxonaning bosh muhandisi tomonidan tasdiqlanishi kerak.
293. Tashqi muhitni muhofaza qilish zaruriy omil sifatida suv havzalarini, tuproqni, gruntlarni muhofaza qilishni oʻz ichiga oladi.
294. Kimyo korxonalarining faoliyati natijasida suv havzalariga koʻp miqdorda turli tarkibli va xususiyatdagi, shu jumladan oldin tabiatda mavjud boʻlmagan organik birikmalar tushadi. Bunday moddalarning bir qismi biologik jihatdan oʻta faol boʻlib, ularga biologik tozalash jarayonlari, fizik reagentlar taʼsir qilmaydi, yaʼni suv oqimlaridan ajratish juda qiyin.
Sanoat oqova suvlarini zararsizlantirish barcha korxonalar uchun majburiy hisoblanadi. Sanitariya-maishiy maqsadlarda foydalanish uchun moʻljallangan suv havzalari suvlaridagi zararli moddalar konsentratsiyasi amaldagi sanitariya meʼyorlari va qoidalarida koʻrsatilgan miqdorlardan oshmasligi kerak.
295. Suv obyektlari va joy relyefiga quyidagilarni chiqarish taʼqiqlanadi: tarkibida chegaraviy yoʻl qoʻyiladigan konsentratsiyalari (ChYQK) yoki taxminiy yoʻl qoʻyiladigan darajasi (TYKD) belgilanmagan moddalar yoki moddalarning suvda transformatsiyalanishi mahsulotlari, shuningdek analitik nazorat usullari mavjud boʻlmagan moddalar boʻlgan oqova suvlar;
suv chiqarmaydigan ishlab chiqarishlarni tashkil etish, ratsional texnologiyalarni tadbiq qilish, aylanma va takroriy suv taʼminoti tizimlarida maksimal ishlatish, tegishli tarzda tozalangandan va zararsizlantirilgandan keyin sanoatda, shahar xoʻjaligida foydalanish yoʻli bilan bartaraf etilishi mumkin boʻlgan oqova suvlar;
tozalanmagan va yetarlicha tozalanmagan ishlab chiqarish, xoʻjalik-maishiy oqova suvlari, sanoat maydonchalari va aholi yashaydigan joylardan chiqadigan yuza suv oqimlari.
296. Oqova suvlarni suv obyektlari va joy relyefiga chiqarish suvdan maxsus foydalanish uchun oʻrnatilgan tartibda beriladigan ruxsatnoma va Chegaraviy yoʻl qoʻyiladigan oqizish (ChYQO) asosida amalga oshiriladi.
297. ChYQO meʼyorlari loyihasi oqova suvlarning atrof-muhitga taʼsirini baholash uchun Davlat ekspertizasiga taqdim etiladi.
298. ChYQO meʼyorlari loyihasini kelishish (tasdiqlash)da ekspertiza xulosasining boʻlishi majburiy hisoblanadi.
299. ChYQO meʼyorlari loyihasini ekspertizadan oʻtkazish va Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi organlari bilan kelishish tasdiqlangan suvdan foydalanish obyektlari-suvdan foydalanuvchilar roʻyxatiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasida tasdiqlanadigan Chegaraviy yoʻl qoʻyiladigan oqizish (ChYQO) va suvdan maxsus foydalanish (SMF) qarorlariga asosan amalga oshiriladi.
Suvdan foydalanuvchilar:
tozalash inshootlarining uzluksiz ishlashini taʼminlovchi texnologik, sanitariya-texnik va tashkiliy-xoʻjalik tadbirlarini oʻtkazishlari;
texnologik jarayon yoki uskunalardagi barcha oʻzgartirishlarni, ishlab chiqarish quvvatining oshirilishini, jarayonlarning jadallashishini Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi organlari bilan kelishishlari shart.
300. Bir vaqtning oʻzida mavjud oqova suvlarni tozalash inshootlari quvvatini oshirmasdan turib, oqova suvlar yoki ularning tarkibidagi chiqindilar konsentratsiyalari hajmining oshishi bilan bogʻliq texnologik agregatlar unumdorligini oshirish taʼqiqlanadi.
301. Suvdan foydalanuvchilar oqova suvlarning muntazam hisobga olinishini va tozalash inshootlarining ishlashi, suv havzasidagi suvning yoki oqova suvlar tushadigan joydan yuqoriroqda va eng yaqin aholi suvdan foydalanish punktlarida suv oqimining sifati ustidan laboratoriya nazoratini taʼminlashi shart.
302. Suvdan foydalanuvchilar tomonidan oʻtkaziladigan monitoring tartibi (kuzatuv punktlarini tanlash), tahlil qilinadigan koʻrsatkichlar roʻyxati, tekshiruvlarni qaytarish tezligi va h. k. lar suv obyektidagi mahalliy sharoitlar va suvdan foydalanish turiga qarab tabiatni muhofaza qilish organlari bilan kelishiladi.
303. Tuproqning sanitariya muhofazasiga doir tadbirlarda chiqindilarni nafaqat atmosferada yoʻq qilish, balki zararli moddalarning oqib, toshib chiqishini kamaytirish va hududning ifloslanishiga olib keladigan boshqa omillarning oldini olish maqsadida ishlab chiqarish madaniyatini oshirish ham koʻzda tutilishi kerak.
Tarkibida zararli moddalar boʻlgan ishlab chiqarish chiqindilarini toʻplash va saqlash joylarida tuproq, yer osti suvlari va atmosfera havosining ifloslanishiga toʻliq yoʻl qoʻymaydigan qurilmalar boʻlishi kerak. Bunday joylar begonalarning kirishidan izolatsiyalangan boʻlishi kerak.
304. Sanoat chiqindilari, shu jumladan zaharli chiqindilarning atrof-muhitga koʻrsatadigan zararli taʼsirini bartaraf etishda asosiy yoʻnalish — bu ulardan ishlab chiqarish sikllarida foydalanish, yaʼni kam chiqindili ishlab chiqarishlarni tashkil etish hisoblanadi.
305. Qattiq sanoat chiqindilarining baʼzi turlari ularning zaharliligi tufayli maxsus inshootlarda zararsizlantirilishi lozim. Bunday inshootlar zaharli chiqindilar chiqaradigan korxona tarkibida va uning hududida joylashgan boʻlishi mumkin. Zaharli sanoat chiqindilari, shuningdek, markazlashtirilgan holda poligonlarda va qayta ishlash va neytrallash stansiyalarida joylashtirilishi, qayta ishlanishi va neytrallanishi mumkin. Maxsus poligonlar ikki turda boʻladi: bir turdagi chiqindilarni faqat koʻmib tashlash yoki kimyoviy usul yordamida zararsizlantirish uchun, shuningdek kompleks poligonlar.
Sanoat chiqindilarini koʻmib tashlash 10 — 12 m gacha chuqurlikdagi kotlovanlarda maxsus taralarga va temirbeton rezervuarlarga (oʻta xavfli chiqindilar) solib amalga oshiriladi. Kotlovanlar suv oʻtkazmaydigan gruntlarda qaziladi.
306. Chiqindilarni olov yordamida yoʻq qilish usuli poligon uchastkalari maydonini qisqartirish imkonini beradi. Avval mexanik suvsizlantirish bosqichi (vakuum-filtrlar, markazdan qochirma qurilmalar yoki filtr-presslar)dan oʻtgan qoldiqlarni yoqib yuborish maqsadga muvofiq.
XIV bob. Javobgarlik
307. Ushbu qoidalarni buzganlikda aybdor topilgan korxonalar, tashkilotlarning mansabdor shaxslari, shuningdek loyihalash va konstruktorlik institutlari va tashkilotlarining muhandis-texnik xodimlari, bunday qoidabuzarlik avariya yoki baxtsiz hodisaga olib kelgan-kelmaganligidan qatʼiy nazar, shaxsan javobgarlikka tortiladilar. Shuningdek, ular qoʻl ostidagilari tomonidan yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarliklar uchun ham javobgardirlar.
308. Barcha aybdor shaxslar yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarliklarning xususiyati va ularning oqibatlariga qarab intizomiy, maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
309. Kasblari boʻyicha xavfsiz ish usullariga doir yoʻriqnomalarda koʻrsatilgan xavfsizlik talablarini bajarmagan ishchilar qoidabuzarlikning xususiyatiga qarab Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
XV bob. Yakuniy qoidalar
Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi yoqilgʻi-energetika kompleksi, kimyo sanoati va geologiya xodimlari kasaba uyushmalarining Markaziy kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi IIV Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi va “Oʻzkimyosanoat” Davlat aksionerlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri v.b. XAITOV A.A.
Oʻzbekiston yoqilgʻi-energetika kompleksi, kimyo sanoati va geologiya xodimlari kasaba uyushmalarining Markaziy kengashi raisi, GULYAMOV A.X.
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri NAZIROV F.G.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi XANOV N.M.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatini muhofaza qilish qoʻmitasi raisi ALIXANOV B.B.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi boshligʻi ISLAMOV A.I.
“Oʻzkimyosanoat” DAK boshqaruv raisi IBRAGIMOV G.I.
Azot ishlab chiqarish sanoatida organik ishlab chiqarishlar uchun xavfsizlik qoidalariga 1-ILOVA
AZOT IShLAB ChIQARISh SANOATI IShLAB ChIQARIShLARIDA AMAL QILINADIGAN QARORLAR, QOIDALAR VA MEʼYoRLAR, KOʻRSATMALAR, STANDARTLAR, TEXNIK ShARTLAR VA YOʻRIQNOMALAR ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 6-maydagi “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
2. Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 9-dekabrdagi “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
3. Oʻzbekiston Respublikasining “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
4. Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 6-maydagi “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
5. Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 5-apreldagi “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Qonuni.
6. “Oʻzbekiston Respublikasida Davlat ekologiya ekspertizasi toʻgʻrisida nizom”, 2001-yil 31-dekabr.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, 1995-yil 21-dekabrda tasdiqlangan.
8. “Oʻzkimyosanoat” DAK korxona va tashkilotlaridagi yoʻriqnomalar toʻgʻrisida nizom, RH-002-06.
9. “Oʻzkimyosanoat” DAK korxona va tashkilotlarida ishlovchilar uchun xavfsizlik texnikasi boʻyicha instruktajlar, oʻquvlar va bilimlarni tekshirishni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom, RH-003-06.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 2000-yil 6-iyundagi 300-sonli “Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisida nizom”.
12. “Bosim ostida ishlaydigan idishlarning tuzilishi va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalari”, 1997-yil 10-dekabr.
13. “Portlashdan himoyalangan ventilyatorlarning tuzilishi, ularni montaj qilish va foydalanish xavfsizligi qoidalari (PHVTMFXQ-94)”, 1994-yil 30-sentabr.
14. “Portlash-yongʻin xavfi boʻlgan kimyo, neft-kimyo va neftni qayta ishlash ishlab chiqarishlari uchun umumiy portlash xavfsizligi qoidalari”, 1998-yil 13-fevral.
15. “Statsionar kompressor qurilmalari, havo yoʻllari va gaz quvurlarining tuzilishi va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalari” RH 06-24-27, 1996-yil 6-may.
16. “Yonuvchan, zaharli va siqilgan gazlar uchun moʻljallangan quvurlarning tuzilishi va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalari (GQTQ-69)”.
17. “Xona va binolarning portlash-yongʻin va yongʻin xavfi boʻyicha toifalarini aniqlash ONTP 24-86”, 1986-yil 27-fevral.
18. “Elektr qurilmalarining tuzilishi qoidalari (EQTQ)”, 2004-yil 14-fevral.
19. “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (TFQ)”, 2004-yil 21 may.
20. “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda xavfsizlik texnikasi qoidalari (XTQ)”, 2004-yil 2-avgust.
21. “Bino va inshootlarni yashindan himoyalash boʻyicha yoʻriqnoma” RH 34.21.122-87.
22. “Korxonalarda taʼmirlash ishlarini bexatar olib borish tartibi toʻgʻrisida namunaviy yoʻriqnoma” NY-RR-94.
23. “Korxonalarda gaz xavfi boʻlgan ishlarni bexatar olib borish tartibi toʻgʻrisida namunaviy yoʻriqnoma” NY-GR-94.
24. “Korxonalarda olov bilan bajariladigan ishlarni bexatar tashkil etish boʻyicha namunaviy yoʻriqnoma” NY-OR-94.
25. “Korxonalarda ventilatsiya tizimlaridan xavfsiz foydalanish boʻyicha namunaviy yoʻriqnoma” NY SV -94.
26. “Sanoatda zararli moddalar” maʼlumotnomasi, 1 — 3 tomlar.
27. Kimyo ishlab chiqarishlarida ishlarning xavfsizligi, 1980-yil.
28. Kimyo va neftni qayta ishlash korxonalarida uskunalardan foydalanish va ularni taʼmirlashda mehnatni muhofaza qilish. S.A. Faramazov, 1985-yil.
29. “Kimyo sanoati korxonalari uchun yongʻin xavfsizligi qoidalari”, 1995-yil.
30. “Korxonalarning xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning tarmoq namunaviy meʼyorlari”, 1999-yil 30-oktabr.
31. QMQ 2.01.05 -98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish”.
32. QMQ 2.03.11 -96 “Qurilish konstruksiyalarini korroziyadan himoyalash”.
33. QMQ 2.03.13 -97 “Pollar”.
34. QMQ 2.04.01 -98 “Binolarning ichki vodoprovodi va kanalizatsiyasi”.
35. QMQ 2.04.02 -97 “Suv taʼminoti. Tashqi tarmoqlar va inshootlar”.
36. QMQ 2.04.03 -97 “Kanalizatsiya. Tashqi tarmoqlar va inshootlar”.
37. QMQ 2.04.05 -97 “Isitish, ventilatsiya va konditsiyalash tizimlari”.
38. QMQ 2.04.10-97 “Pv 10 MPa bosimli texnologik poʻlat quvurlarni loyihalash boʻyicha yoʻriqnoma”
39. QMQ 2.04.13-99 “Qozon qurilmalari”.
40. QMQ 2.09.03 -02 “Sanoat korxonalari inshootlari”.
41. QMQ 2.09.04 -98 “Korxonalarning maʼmuriy va maishiy binolari”.
42. QMQ 2.09.12 -98 “Ombor binolari”.
43. QMQ 3.01.05-99 “Ishlarni bajarish va qabul qilish qoidalari. Hududni obodonlashtirish”.
44. QMQ 3.05.07-97 “Avtomatlashtirish tizimlari”.
45. ShNK 2.01.02-04 “Bino va inshootlarning yongʻin xavfsizligi”.
46. ShNK 2.04.09-07 “Bino va inshootlarning yongʻin avtomatikasi”.
47. ShNK 3.01.04-01 “Qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish. Asosiy qoidalar”.
48. SNiP P-89-80 “Sanoat korxonalarining bosh rejalari”.
49. SNiP 2.05.07-91 “Sanoat transporti”.
50. SNiP 2.09.02-85 “Ishlab chiqarish binolari”.
51. O'z DSt 950- 2000 “Ichimlik suvi”.
52. GOST 12.1.005-88 “Ish hududi havosiga qoʻyiladigan umumiy sanitariya va gigiyena talablari”.
53. GOST 12.1.007-76 “Zararli moddalar. Tasnif va umumiy xavfsizlik talablari”.
54. GOST 12.1.011-78 “Portlash xavfi boʻlgan aralashmalar. Tasnif va sinov usullari”.
55. GOST 12.2.003-91 “Ishlab chiqarish uskunalari. Umumiy xavfsizlik talablari”.
56. GOST 12.2.020-76 “Portlashdan himoyalangan elektr uskunalari”.
57. GOST 12.2.062-81 “Ishlab chiqarish uskunalari. Himoya toʻsiqlari”.
58. GOST 12.2.063-81 “Sanoat quvur armaturasi. Umumiy xavfsizlik talablari”.
59. GOST 12.3.002-75 “Ishlab chiqarish jarayonlari. Umumiy xavfsizlik talablari”.
60. GOST 12.3.006-75 “Vodoprovod va kanalizatsiya inshootlari va tarmoqlaridan foydalanish”.
61. GOST 14202-69 “Sanoat korxonalari quvurlari. Tanitish rangi, ogohlantiruvchi belgilar va tamgʻalash shitlari”
62. GOST 15110 -79 “Kimyo ishlab chiqarishlari uchun markazdan qochirma nasoslar”.
63. GOST 15548- “Sanoat korxonalari uchun signal ranglar va xavfsizlik belgilari”.
64. SanPiN 0120-01 “Ish joylarida yoʻl qoʻyiladigan shovqin darajalarining sanitariya meʼyorlari”.
65. SanPin 0122-01 “Ish joylarida umumiy va lokal vibratsiyaning sanitariya meʼyorlari”.
66. SanPiN 0141-03 “Mehnat sharoitlarining ishlab chiqarish muhiti omillarining zararlilik va xavflilik, mehnat jarayonining ogʻirlik va keskinlik koʻrsatkichlari boʻyicha gigiyenik tasnifi”.
67. SanPiN RUz 0172-04 “Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuza suvlarni muhofaza qilishga qoʻyiladigan gigiyena talablari”.
68. SanPiN 179-04 “Gigiyena normativlari. Oʻzbekiston Respublikasi hududida aholi yashash joylari havosidagi ifloslantiruvchi moddalarning chegaraviy yoʻl qoʻyiladigan konsentratsiyalari roʻyxati”.
69. SanPiN 0203-06 “Ishlab chiqarish xonalari mikroiqlimining sanitariya meʼyorlari”.
Azot ishlab chiqarish sanoatida organik ishlab chiqarishlar uchun xavfsizlik qoidalariga 2-ILOVA
Birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun moʻljallangan dori-darmon va moslamalar toʻplami boʻlgan
SEX APTEChKASI
Izoh:
1. Birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun moʻljallangan toʻplamlar aptechkasida jadvalda koʻrsatilgan dori-darmonlar va moslamalar boʻlishi kerak.
2. Zaharli gazlar va zararli moddalardan zaharlanish va shikastlanish ehtimoli boʻlgan sexlar va laboratoriyalarda aptechka tarkibiga tegishli qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
3. Aptechkaning ichki eshikchasida turli shikastlanishlarda qaysi dorilar qoʻllanilishi aniq koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
4. Oʻz vaqtida va samarali birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun ishlar bajariladigan joylarda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun moʻljallangan dori-darmon va moslamalar toʻplami solingan aptechka (yoki sumka) boʻlishi kerak. Sumkalar aptechkalar uchun koʻrsatilgan toʻplamlarning 50% miqdorida toʻldiriladi.
5. Aptechkalar va korxona hududidagi tibbiy punktlarni topishni yengillashtirish uchun sexlarda koʻrsatkichlar va belgilar, shuningdek birinchi tibbiy yordam koʻrsatish qoidalari toʻgʻrisida plakatlar.
Sanitariya-maishiy xonalar maydonining hisobiy koʻrsatkichlari
1Toza va ifloslangan kiyimlar uchun alohida xonalar koʻzda tutilishi kerak.
2 Ishlab chiqarish jarayonlarining 1 v, 2 v, 2 g, 3 b guruhlari uchun.
3 Suratdagi koʻrsatkich erkaklar uchun, maxrajda ayollar uchun.
Izoh: 1. Sanitariya-maishiy maqsadlar uchun moʻljallangan xonalarning maydonlari, koʻcha kiyimini saqlash uchun alohida garderoblar, shuningdek maxsus kiyimlarni tarqatish, ularni quritish, changsizlantirish va zararsizlantirish xonalari ajratish zaruriyati QMQ 2.09.04 ga muvofiq loyihaning texnologik qismida loyihalash uchun topshiriqda belgilanadi.
